Mulyaj - tabiiy obyektlarning aniq nusxasi (kopiya). Unda obyektning fazodagi shakli, tusi hamda katta kichikligi aynan o‘z ifodasini topadi.
«Mulyaj» hajmli quyma nusxa ma’nosini bildiradi. Avvallari mulyaj tayyorlashda qog‘ozli gips yoki qog‘ozli bo‘r massasi material sifatida ishlatilgan. Keyinchalik, asta-sekin plastmassadan foydalanishga o‘tilgan. Ayrim mulyajlarni tayyorlashda parafin ham ishlatiladi.
Model - asosan obyektning shakli va tusini taxminan ifodalaydi, shunga ko‘ra u sxematik xarakterga ega. Modelda eng muhim belgilargina aks ettiriladi. Obyektning tabiiy tusi esa ko‘pchilik hollarda ancha yorqin bo‘yoqlar bilan almashtirilgan bo‘ladi.
Modellarning ham qismlarga ajratiladigan xillari bo‘ladi. Odam ko‘zi va qulog‘ining modellari ana shular jumlasidandir. Bular tabiiy ko‘z va quloqdan ko‘p marta kattadir.
Topshiriq. Ixtiyoriy mavzu tanlang. Tanlab olingan mavzu bo‘yicha o‘qituvchi uchun o‘quvchi uchun, dars o‘tkazish uchun ta’lim vositalari va ko‘rgazmali qurollar tanlang.
Savollar.
1. Ta’lim vositalari tushunchasiga ta’rif bering.
2. Ta’lim vositalari va ko‘rgazmali qurollarni tayyorlashga qo‘yiladigan talablarni aytib bering.