2 – mavzu O‘zbek tilining ijtimoiy funksiyalarining kengayishi
Xorijiy adabiyotlarda tilning quyidagi ijtimoiy vazifasi ta’kidlangan: “Til jamiyatda quyidagi vazifalarni bajaradi: 1.Til –aloqa vositasi. 2.Til – boshqalarga ta’sir qilish, ta’sir o‘tkazish vositasi. 3.Til – fikrni shakllanitirish va ifodalash vositasi. 4. Til – bilish vositasi. 5. Til – insonga xos xususiyatlardan biri. 6.Til – millat va xalqning asosiy muhim belishlaridan biri. 7.Til – madaniyat, ma’naviyat va ma’rifatni tarannum qilish quroli, vositasi”5.
Tilning paydo bo‘lishi va rivojlanishi kishilik jamiyati bilan mustahkam bog‘liq. Til insoniyat tarixi qadar qadimiydir. Til jamiyat taraqqiyoti bilan birga rivojlanadi, ijtimoiy o‘zgarishlar natijasida tilning grammatik qurilishi takomillasha boradi. Til taraqqiyoti jamiyat taraqqiyoti bilan uzviy bog‘langan. Kishilik tarixidan shu narsa ma’lumki, avval urug‘ tili, keyin qabila tili, elat, xalq va millat tili shakllangan. Shevalarda tilning muayyan taraqqiyot bosqichlariga xos urug‘, qabila, elat tili xususiyatlari o‘z izini qoldirgan.
Umumiy til tushunchasining shevadan farqi bor: til butun bir xalqqa xizmat qiladi, sheva esa xalqning bir guruhigagina taalluqlidir. Til ko‘p vazifali, hamma uchun umumiy bo‘lgan aloqa-munosabat vositasidir; sheva esa vazifa nuqtayi nazaridan chegaralangan bo‘lib, tilning og‘zaki nutqiy ko‘rinishini tashkil etadi. Masalan, o‘zbek tili – ko‘p dialektli til, bu tilga qarluq – chigil – uyg‘ur lahjasi asos bo‘lgan. Bu dialekt Farg‘ona, Toshkent, Samarqand – Buxoro shevalarini o‘z ichiga oladi. Bu hol o‘zbek tilining o‘ziga xos murakkab tarixiy rivojlanish sharoiti va o‘zbek millatining o‘tmishdagi xilma-xil etnik tarkibi bilan izohlanadi.
Dialektlar urug‘chilik davridan boshlab, jamiyat taraqqiyotining keyingi bosqichiga qadar son jihatdan ko‘payib boradi. Bu qabilalarning yashash tarzi bilan bog‘liq. Avval bir qabilaga kirgan tillar markazdan uzoqlashgan sari ulardagi dialektal farq orta boradi va bu dialektal farqlar oxir-oqibatda yangi til paydo bo‘lishi uchun asos bo‘ladi. Dialektlar sonining ko‘payishi va ular asosida yangi-yangi tillarning vujudga kelishi til taraqqiyotining