XX asr boshida har xil maktablar: jumladan, Gusserlning fenomenologik intuitsiya
(reduksiya), Bergsonning intuitivizm, Freydning ong osti intuitsiyasi va boshqa yo‘nalishlar
yuzaga keldi. Bu maktablar intuitsiyani bilishning instinkt, ong osti hodisasi, diniy e'tiqod va
hokazolarni o‘zida uyg‘unlashtirgan irratsional harakati sifatida tushunadi. Bu yo‘nalishlarning
o‘ziga xos xususiyati shundaki, ular dunyoni ilmiy bilishda aqlning, tushunchalar vositasida
tafakkurning rolini kamsitadi. Tafakkur o‘rniga predmetni keraksiz ratsionalistik mulohazalarsiz
«asl holicha» qamrab olish imkonini beruvchi intuitsiya qo‘yiladi.
Bugungi kunda irratsionalizm g‘oyalarini ekzistensializm, neopozitivizm va hozirgi zamon
falsafasining ayrim boshqa yo‘nalishlari rivojlantirmoqda. Masalan, ekzistensialist Xaydegger
fikriga ko‘ra, «ekzistensiya»ni mantiqiy tushunish mumkin emas. Yaspers ijodida e'tiqod, intuitiv
tarzda qaraladigan mistik «vahiy» birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Marsel «abstraksiyalar ruhi»ga qarshi
ayovsiz kurashni targ‘ib qiladi. Inglizlar Ross, Mur, Richard moddiy narsalarni bilishning sezgi
va aql darajalarini chetlab o‘tib, qandaydir mistik intuitsiya yordamida, bevosita bilish
mumkinligini isbotlashga harakat qiladi.
Shunday qilib, o‘tmishda faylasuflar intuitsiya deganda insonning haqiqiy borliqni bilish
qobiliyatini tushungan, ularning ayrimlari (Spinoza) intuitsiyaga aqlning oliy ko‘rinishi sifatida
yondashgan bo‘lsalar, hozirgi intuitivistlar aqlning, tafakkurning rolini kamsitadilar yoki inkor
etadilar, alogizm va mistik irratsionalizmni targ‘ib qiladilar.
Mantiq sifatida tushuniladigan dialektika intuitsiyaning shakllanishi va uning natijalariga
tanqidiy yondashilishiga imkoniyat yaratadi. Garchi intuitsiya deduktiv nazariyaning muhim
bo‘g‘inlarini ko‘rsatib bersa-da, u bizni ularni isbotlash zaruriyatidan xalos etmaydi. Bevosita,
kutilmagan va anglab yetilmagan bilim sifatida intuitsiya quruq joyda emas, balki vazifalarni
yechish, yechimni «intuitiv» topishni belgilaydigan muayyan asoslar mavjud bo‘lgan holda
yuzaga keladi. Biroq intuitsiya natijalarini bilimning tegishli shart-sharoitlar mavjud bo‘lgan
sohalarida tekshirish lozim. Masalan, matematika va fizikada olingan natijalarni faqat tajriba
o‘tkazish yo‘li bilan tekshirish mumkin.
Inson ruhiyati hissiy, oqilona va eydetik bilimning yangi shakllarini yaratish uzluksiz
jarayoni sifatida amal qiladi. Ingliz olimi G.Uolles ma'naviy ijod jarayonlarining tayyorgarlik,
yetilish, anglash va tekshirishning bosqichlarini qayd etgan, jumladan, ijodning muhim bosqichi
– yangilikni intuitiv anglash, tushunib yetish. Intuitsiya – kutilmaganda bevosita olingan bilimdir.
Dostları ilə paylaş: