BILISHNING MAVMUNI VA MOHIYATI (Gnoseologiya)
Ma’ruza rejasi:
1. Bilishning mazmuni, bilishning asosiy turlari va shakllari.
2. Bilishda ob’ekt va sub’ektning o’zaro aloqasi.
3. Hissiy, empiric, nazariy, mantiqiy va intuitive bilish darajalarining o’zaro aloqasi va farqi.
4. Haqiqatning asosiy shakllari va konsepsiyalari.
5. Haqiqatga erishishda tushunish va tushuntirish dialektikasi.
Bilish nazariyasining predmeti. Gnoseologiyaning mohiyati va mazmuni.
«Gnoseologiya» - sof falsafiy kategoriya. Uning nomi yunoncha gnosis – bilim, ilm va logos –
ta'limot, fan so‘zlaridan kelib chiqqan. So‘zma-so‘z ma'nosi - «bilish haqidagi ta'limot (fan)», «ong
haqidagi ta'limot (fan)». Falsafiy adabiyotlarda, shu jumladan falsafiy qomuslar va lug‘atlarda
«gnoseologiya» atamasi «bilish nazariyasi» deb tarjima qilingan. Shu bilan bir qatorda, ayni shu
mazmunni ifodalash uchun falsafiy adabiyotlarda «epistemologiya» so‘zi ham qo‘llaniladi.
Shuni ta'kidlash lozimki, gnoseologiyaga tatbiqan bilish nazariyasi va epistemologiya
nomlarining qo‘llanilishini o‘rinli deb bo‘lmaydi. Zotan, «episteme» so‘zi «pistis» - e'tiqod so‘zi
bilan uzviy bog‘liq. Biroq, biz biladigan (gnosio) va biz ishonadigan (pistio), mavjudligiga e'tiroz
bildirmaydigan narsalar – falsafiy va ilmiy bilimlarning hozirgi
darajasida mazmunan har xil
tushunchalardir. Shu bois G‘arbiy yevropa falsafasida epistemologiyaning mazmuni ikki xil,
ba'zan esa – uch xil talqin qilinadi.
Umuman olganda, hozirgi zamon falsafasida gnoseologiya bilish jarayonining umumiy,
aniqroq aytganda – falsafiy mohiyati hamda umumiy muammolariga e'tiborni qaratadi.
Epistemologiya esa, bizning muayyan narsalar haqidagi bilimlarimiz va (yoki) e'tiqodlarimizning
ishonchlilik darajasini o‘rganadi.
Demak, epistemologiya gnoseologiyaning tarkibiy qismi yoki uning amaliy ifodasidir.
Tom ma'nodagi epistemologiya
hozirgi kunda ilmiy, haqiqiy bilimning mazmunini, shuningdek
diniy e'tiqodlarning gnoseologik mohiyatini o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Bunda esa bilish
(ong)ning mohiyati to‘g‘risida bahs yurituvchi falsafiy ta'limot ma'nosidagi «gnoseologiya»
atamasidan foydalaniladi. Shu bilan biz avval gnoseologiya muammolari doirasini aniqlab olishga
harakat qilamiz.
Gnoseologiya yoki bilish nazariyasi falsafiy bilimlar (falsafa fani) bo‘limi bo‘lib, unda
1)insonning dunyoni bilish imkoniyati; 2) insonning o‘zlikni anglash jarayoni;
3)bilishning bilmaslikdan bilim sari yuksalishi,
4)bilimlar tabiati va ularning mazkur bilimlarda aks etuvchi narsalar bilan o‘zaro nisbati
o‘rganiladi.
Shunday qilib,
umuman olganda,
gnoseologiya ong, bilish, bilimni o‘rganish bilan
shug‘ullanadi.
Shaxsiy va ijtimoiy tajribada biz ongning mavjudligini aniq sezamiz, ongning o‘z-o‘ziga,
boshqa odamlarga va umuman jamiyatga ta'siri natijalarini fiziologik darajada his qilamiz va
ko‘ramiz. Biroq bu jarayonda ongning o‘zi ko‘rinmaydi. Moddiy dunyo hodisalaridan farqli
o‘laroq, ongni kuzatish mumkin emas. U go‘yo vaqt va makon chegaralaridan tashqarida turadi.
Gnoseologiyaning vazifasi bu ko‘rinmas
ongni idrok etish, uning moddiy narsa va hodisalar
dunyosi bilan o‘zaro aloqalarini aniqlash, uni o‘z muhokama
va tadqiqot predmetiga
aylantirishdan iborat.
Gnoseologiyaning asosiy muammosi bizning barcha bilimlarimiz tajribada sinalganmi?
degan «oddiy» masalani yechishdan iborat: Bu savolga javob izlash va masalaning yechimini
topishda gnoseologiyada ikki muxolif an'ana: bilimlarimiz tajribada sinalganini qayd etuvchi
empirizm va buni inkor etuvchi ratsionalizm to‘qnashadi.
Ratsionalizm (ratsionalistlar)
insonda tug‘ma g‘oyalar, adolat, insoniylik, uyg‘unlik
g‘oyalari va tajribadan olinishi mumkin bo‘lmagan boshqa g‘oyalar mavjudligidan kelib chiqadi.
Zotan, tajriba to‘la adolat, yalpi insoniylik mavjud emasligini, bizni qurshagan dunyoda uyg‘unlik
ustidan xaos hukm surishini ko‘rsatadi. Bunda ayrim ashaddiy ratsionalistlar (masalan, Platon,
Avgustin va ularning hamfikrlari) ko‘rsatib o‘tganidek g‘oyalar inson aqliga xos tug‘ma g‘oyalar
bo‘lib, ularni inson faqat o‘z aqlidan olishini qayd etadilar; boshqa, mo‘tadil ratsionalistlar
(masalan,
Leybnits, Volf, Baumgarten) esa, g‘oyalar aqlga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud
bo‘lsa-da, biroq ular faqat aqlda tafakkur va falsafiy mushohada yuritish jarayonida tug‘ilishini
ta'kidlaydilar.
Empirizm (empiristlar, F. Bekon, J. Lokk, T. Gobbs, D. Yum, L. Feyerbax), aksincha,
inson, insoniyat shaxsiy yoki ijtimoiy tajribaga ega bo‘lgunga qadar biron-bir g‘oya mavjud
bo‘lishini inkor etadilar. Ular barcha g‘oyalar inson ongi zamirida yo shaxsiy tajriba, yo boshqalar
tajribasi, butun insoniyat tajribasini umumlashtirish orqali tug‘ilishini qayd etadilar va bu tezisni
isbotlashga harakat qiladilar. Ularning fikriga ko‘ra, tajriba inson ongida uning sezgilari va o‘zini
qurshagan dunyoni idrok etishi orqali aks etadi. Falsafada idrok etishni persepsiya (lotincha
«perception» - idrok etish) deb atash odat tusini olgan.
Persepsiya o‘zini qurshagan dunyodagi
narsalar va hodisalarni sezgilar orqali idrok etishga aytiladi,
appersepsiya borliqni aql bilan
anglash, bilish, ularni g‘oyalarda ifodalashdir.
Gnoseologiya inson bilimi va bilishga doir juda ko‘p muammolar bilan shug‘ullanadi. U
bizning bilimlarimiz qay darajada e'tiqod, qay darajada ko‘r-ko‘rona ishonch va qay darajada real
borliqning haqiqiy in'ikosi ekanligini aniqlashga harakat qiladi. So‘nggi o‘n yilliklarda
gnoseologiyada bilimlar o‘rtasidagi farq, «nimani bilaman», «qanday bilaman», «shaxsiy
tajribamdan bilaman», «dalilga ko‘ra bilaman» kabi iboralar mazmunining o‘zaro
nisbati
masalalari muhokama qilinmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, gnoseologiya borliqni to‘liq qamrab
olib, unda biron-bir tafsilotni nazardan qochirmaslikka harakat qiladi. Demak gnoseologiya
falsafaning eng muhim omilidir.