Syurrealizm fransuzcha surrealisme so‘z bo‘lib, “yuksak realizm”, “realizmdan ham yuksak” degan ma'noni anglatadi. Bu oqim XX asr 10–20-yillarida dastlab Fransiyada shakllangan. Ayni shu davrda ijod qilgan ayrim shoirlar, yozuvchilar, rassomlar, haykaltaroshlar, dramaturglar, rejissyorlar asarlarida hayot va inson dunyosi mavjud an'analardan boshqacharoq talqin qilingan. Ular voqyea-hodisalarning tashqi ko‘rinishini tasvirlash bilan cheklanmasdan, ularning mohiyatidagi ma'nolarni, hodisalar ichki olamini kutilmagan obrazlarda, murakkab ramz va shakllarda ko‘rsatishga intilishgan. Pol Verlen (1844–1896), Pol Elyuar (1895–1952), Emil Verxarn (1855–1916), Oskar Uayld (1854–1900), O.Mandelshtam (1891–1938), A.Axmatova (1889–1966), M.Svetaeva (1892–1941), A.Blok (1880–1924), V.Bryusov (1873–1924), A.Beliy (1880–1934) kabi shoir, yozuvchilarning asarlari ayni shu jihatlari bilan avvalgi davr adabiyoti namunalaridan ajralib turadi.
Abstraksionizm lotincha abstrastio so‘z bo‘lib, “uzoqlashish”, “mavhumlik” degan ma'noni anglatadi. Abstraksionistlar yaratgan asarlar ko‘nikib kelingan asarlardan tamomila farq qiladi. Abstraksionizm nazariyasiga ko‘ra, san'at borliqni aks ettirmaydi, balki ijodkorning his-tuyg‘ularini ifodalaydi. Bu oqim namoyandalari fikricha, har qanday shakl muayyan mazmunga ega bo‘ladi. Abstraksionizm vakillarining bu qarashlarini ham inkor etib bo‘lmaydi. Chunki har qanday san'at asarida ijodkorning his-tuyg‘ulari o‘z ifodasini topadi, har qanday shakl o‘ziga xos mazmunni ifoda qiladi. Shaklni mazmundan ajratib bo‘lmaydi. Mazmunsiz shakl yo‘q.
Abstraksionizm rassomlik, haykaltaroshlik, teatr, kino, arxitekturada, ayniqsa, keng tarqalgan. Pikasso, Renatto Guttuzo, Salvador Dali kabi musavvirlarning asarlarida borliq hodisalari turli shakl, chizmalar vositasida ramziy ifoda qilingan.
Futurizm lotincha futurum so‘z bo‘lib, “kelajak” demakdir. Bu yo‘nalish nazariyasiga ko‘ra, badiiy ijod borliqni akslantirish vositasi emas, balki uning bevosita davomi bo‘lishi lozim. U shunda inson erkining ijodkorligiga tayanib, yangi dunyoni yaratadi. Futurizm namoyandalari adabiy-badiiy asarlari ifoda uslubining g‘alatiligi, murakkab kompozitsion qurilishi, jumlalarining odatdagidan tamomila boshqachaligi, fojia va kulgili holatlarni yonma-yon gavdalantirishi kabi xususiyatlari bilan o‘ziga xoslik kasb etadi. V.Xlebnikov (1885–1922), B.Pasternak (1890–1960), N.Aseev (1889–1963), V.Mayakovskiy (1893–1930) kabi ijodkorlarning asarlarida futurizm ko‘rinadi.
Emil Zolya (1840–1902), Flober (1821–1880), Mopassan (1850–1893) kabi adiblar naturalizm oqimi namoyandalari deyiladi. Ularning asarlarida qahramonlar hayot tarzi barcha tafsilotlari bilan bayon etiladi. Naturalizm oqimi vakillari asarlari davr kishilari hayoti haqida aniq ma'lumotnoma bo‘la oladi. Mazkur yo‘nalish nazariyasiga ko‘ra, badiiy asar inson haqida ma'lumot beruvchi hujjat singari aniq tafsilotli bo‘lishi lozim. Naturalizm asli lotincha natura so‘z bo‘lib, “tabiat” degan ma'noni bildiradi.
Shunday asarlar borki, ularning qahramoni qismati kishini achintirib yuboradi. Xo‘rlangan, haqoratlangan kishilarning achinarli ahvoli gavdalantirilgan bu asarlarni o‘qigan o‘quvchi o‘z-o‘zidan mahzun bo‘lib qoladi. Uning qalbini bechora qahramonga achinish his-tuyg‘ulari qamrab oladi. Inson qismati fojeliklari gavdalantirilgan bu xil asarlar sentimental asarlar deyiladi. F.Dostoevskiy (1821–1881)ning “Xo‘rlanganlar va haqoratlanganlar”, A.Chexov (1860–1904)ning “Kashtanka”, “Uyqu istagi”, I.Karamzin (1766–1826)ning “Bechora Liza” asarlari qahramonlari qismati o‘quvchi hissiyotlariga qattiq ta'sir qilib, kuchli achinish, iztirob uyg‘otadi. Sentimentalizm fransuzcha sentiment so‘z bo‘lib, “his, his qilish” degan ma'noni bildiradi.
Insonga achinish uni ardoqlash, e'zozlash, qadrlash, sevishga olib keladi. Qahramonlar qismati, fojeasiga achinish uyg‘otadigan asarlar kishilar qalbida insonparvarlik, insonga muhabbat tuyg‘ularini ulg‘aytiradi. Ular mana shu xususiyati bilan adabiyotning insonparvarlik mohiyatini yorqin namoyon etadi.
Umuman, ijodiy metod, ijodiy yo‘nalish, ijodiy oqim tushunchalari o‘rtasida qarama-qarshilik, jiddiy tafovut yo‘q. Ijodiy metod o‘rnida “badiiy metod” iborasi ham qo‘llanilishi mumkin.
Ijodiy metodlar bir-biridan o‘z xususiyatlariga ko‘ra farqlanadi. Biroq ular bir-biriga tamoman teskari hodisa hisoblanmaydi. Barcha metod, yo‘nalish, oqimlar yagona bir maqsad — hayot hodisalari va inson dunyosini ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Muhokama uchun savollar:
1.She’rda lirik qahramonning o’rni qay darajada ahamiyatli?
2.Lirikada shoir shaxsi qanday rol o’ynaydi?
3.Lirik tur janrlarini yana qaysi jihatiga ko’ra tasniflash mumkin?