2-ma’ruza. Til, lison va nutq munosabati. Lisoniy paradigma va u-fayllar.org
Lisoniy munosabat va uning asosiy turlari. Munosabat keng qamrovli tushuncha bo‘lib, bir butunlikning tarkibiy qismlari - birliklari orasidagi o‘zaro aloqa va bog‘lanishlarni anglatadi. Bunday aloqalar turlicha bo‘lishi mumkin. Quyidagi gapga diqqat qilaylik:
Ularning ismlari - Salim va Halim. Bundagi nutqiy birliklar turlicha munosabatlar bilan bog‘langan. Ular so‘zi ism so‘zi, -lar qo‘shimchasi bilan ketma-ket, zanjirsimon bog‘langan. Yoki ism so‘zi uchta tovushning ketma-ketligidan iborat. Bunday chiziqsimon, liniyaviy ketma-ketlik aloqasi, sintagmatik aloqa deyiladi. Sintagmatik aloqa lisonda ham, nutqda ham mavjud bo‘ladi. Masalan, [kitob] leksemasi beshta tovushning birikuvidan iborat nomemaga ega bo‘lib, u lisoniy birlik sanaladi. Shuningdek, yasama so‘z ((suvchi), (ertapishar)), so‘z birikmasi (kitobni o‘qimoq) da ham birikuvchi a’zolar sintagmatik aloqada bo‘ladi.
Sintagmatik aloqani sintaktik aloqadan farqlash lozim. Sintagmatik aloqa barcha til birliklariga xos ketma-ket bog‘lanish bo‘lsa, sintaktik aloqa so‘z va gaplarning hokim-tobelik munosabatidir. Demak, sintagmatik aloqa va sintaktik aloqani butunlay boshqa-boshqa hodisalar ham, shuningdek, ularni bir-biriga aynan tenglashtirish, bir-birini qoplovchi tushunchalar sifatida qarash ham mumkin emas. Sintagmatik va sintaktik aloqa butun-bo‘lak munosabatidadir. Boshqacha aytganda, sintaktik aloqa sintagmatik aloqaning bir ko‘rinishidir. Ko‘pincha sintagmatik aloqani nutqqagina xos deb tushunish hollari ham uchraydi. Bu hodisani biryoqlama, tor tushunish oqibatidir. Yuqoridagi gapda ishtirok etayotgan birliklar orasida pog‘onali munosabat ham mavjuddir. Pog‘onali munosabat deganda birliklarning boshqasi tomonidan qamrab olinishi tushuniladi. Masalan, Salim va Karim so‘zlari erkak kishilarning ismi bo‘lib, ayollarning ismi bo‘lgan Halima so‘ziga qarama qarshi turadi. Lekin ularning barchasini [ism] lekse-masi qamrab oladi. [ism] leksemasi esa, [nom] leksemasi bilan birgalikda, [ot] leksemasi tomonidan qamrab olinadi.
Bu pog‘ona yuqoriga va quyiga qarab yana davom ettirilishi mumkin. Demak, [Salim], [ism], [ot] leksemalari pog‘onali munosabatga kirishgan. Lisoniy birliklarning pog‘onali munosabatlari ikki xildir. Masalan, [daraxt] va [tana], [ildiz], [barg], [shox] birliklarining o‘zaro munosabati [daraxt] va [olma], [o‘rik], [nok], [gilos] leksemalarining o‘zaro munosabatlaridan farq qiladi.
Avvalgi pog‘onali munosabatda [daraxt] butunni va qolganlari qismni ifodalab, keyingisida [daraxt] turni ifodalasa, mevaning muayyan nomlarini ifodalovchi birliklar turning ko‘rinishlari - jinslar sifatida namoyon bo‘ladi. Ikkinchi munosabatdagi birliklar [daraxt] leksemasining xususiy ko‘rinishlari - juziylashishidir. Birinchisida esa bunday munosabat mavjud emas. Shu boisdan «Gilos daraxtdir» tarzidagi hukmni aytish mantiqiydir. Biroq «Ildiz daraxtdir» deyish mumkin emas.
Tilshunoslikda lisoniy birliklarning butun-bo‘lak munosabati