Telekommunikatsiyalarning rivojlanishida yuridik shaxslar va raqobatga ko’proq tayanilmoqda. Axborotga ishlov berish ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan davlatlarda iqtisodiyotning barcha sohalarida katta ahamiyatga ega bo’lmoqda. Ma’lumotlarni hajmini siqishning yangi vositalari ishlab chiqildi. Shisha tolali va simsiz aloqa texnologiyalari yangilanib bormoqda. Bog’lanish xizmatlari narxi tez tushib bormoqda. Yaqin 20 yil ichida axborot almashinuvi deyarli tekin bo’lishi mumkin. Raqamli aloqa texnologiyalariga o’tish ma’lumotlarni uzatish, axborotni tarqatish va boshqa axborot xizmatlarini yaqinlashtirishga olib keladi va global tarmoqlarning yangi imkoniyatlarini ochadi. Yangi texnologiyalar rivojlanish yo’lidagi turli to’siqlarni bosib o’tish imkoniyatini yaratadi. Masalan, masofaviy ta’lim tizimi uning an’anaviy usullariga hayotiy qo’shimcha bo’lishi mumkin.
Axborot industriyasi rivojlangan davlatlar axborot jamiyatiga o’tishga eng yaqin turganlar hisoblanadi. Bularga AQSh, Yaponiya, Angliya, Germaniya va G‘arbiy Yevropa davlatlarini kiritish mumkin. Bu davlatlarda davlat siyosatining yo’nalishlaridan biri, axborot industriyasida innovatsiyalarni qo’llab-quvvatlash va investitsiyalash bilan bog’liq bo’lgan kompyuter tizimlari va telekommunikatsiyani rivojlantirish hisoblanadi.
So’nggi informatsion inqilob yangi yo’nalishni olg’a suradi – yangi bilimlarni ishlab chiqish uchun texnik vositalar, usullar, texnologiyalar ishlab chiqish bilan bog’liq bo’lgan axborot industriyasi. Axborot industriyasining asosiy tarkibiy qismi barcha turdagi axborot texnologiyalari, ayniqsa telekommunikatsiya bo’lib, bunda kompyuter texnikasi va aloqa vositalari sohasidagi so’nggi yutuqlarga tayanadi. Axborot texnologiyalarining jamiyat tomonidan o’zlashtirilishi har bir inson hayot tarzining o’sishiga olib kelishi lozim. Axborot jamiyati – insoniyat rivojining navbatdagi bosqichi bo’lib, insonlarning yangi, axborot texnologiyalariga tayanuvchi yashash muhiti yuzaga keladi.