Axborot borasida savodxon inson axborot izlash jarayonini o'z vaqtida to'xtatishni ham biladi. Mavjud barcha ma'lumotlarni to'plab bo'lmaydi. Axborot borasida savodxonlik yetarli darajada ma'lumot to'plangan va hali qayta ishlanmagan ma'lumot manbalari ko'p bo'lishiga qaramasdan, olingan yangi ma'lumot o'zlashtirilmaydigan nuqtaga erishilgan paytni aniqlash imkoniyatini beradi. Har qanday zamonaviy davlatda axborot hamisha jamiyat hayotida sodir bo'layotgan voqea va hodisalarni iste'molchiga xolis yetkazib berish va kishilarning ongi, dunyoqarashi, ijtimoiy-siyosiy hamda huquqiy madaniyatini shakllantirishda asosiy vosita bo'lib xizmat qilib kelmoqda. Ayni paytda shiddat bilan o'zgarib borayotgan globallashuv jarayonida hayotimizning biror bir sohasini OAV siz tasavvur qilib bo'lmaydi. Hozirda internet ham OAVning bir ko'rinishi sifatida talqin qilinmoqda. Internet tarmog'i orqali kun davomida qanchadan-qancha axborotlar qabul qilinadi. Internet (International Network- xalqaro kompyuter tarmog'i) bu -vaqt, makon va geografik chegaralarning mavjudligiga qaramay, kompyuter va kichik tizimlarning o'zaro aloqa bog'lab global axborot infratuzilmasini shakllantiruvchi butunjahon kompyuter tarmog'idir.
Sotsiolog A.Umarov e'tiroficha, «Oldingi an'anaviy jamiyatlarda, shuningdek industrial jamiyatda ham mutolaa madaniyati axborot madaniyatiga nisbatan ustun mavqeda edi. Lekin postindustrial jamiyatning hosilasi bo‘lgan axborotlashgan jamiyatga o‘tilishi bilan axborot jamiyat va inson hayotining hamma sohalarida asosiy resursga aylangach, axborot madaniyatining ko‘lami va mavqei ortgani aniq bo‘lib qoldi. Endi axborot madaniyati tizim yasovchi kategoriya maqomiga ko‘tarildi, mutolaa madaniyati esa shu tizimning ajralmas qismi sifatida jamiyat va inson hayotida o‘rin tuta boshladi».
Bugungi kunda axborot madaniyatini shakllantirish eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi, chunki, axborot oqimining jadal o‘sib borishi, taqdim etilayotgan axborotlar orasidan kerakli, zaruriy va foydalilarini ajratib olish murakkab jarayondir. Buning uchun har bir shaxs mustaqil fikrga ega, dunyoqarashi keng, axborotlar ummonidan o‘zi uchun kerakligini ajratib olish salohiyatiga ega bo‘lishi lozim. Axborot madaniyatini shakllantirishning bir nechta bosqichlari mavjud bo‘lib, ular orasida yuqorida ko‘rib o‘tganimiz «axborot savodxonligi»dan keyin eng muhimi bu kishilarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishdir.
“Axborot madaniyati” atamasi birinchi marta 1970-yillarda rus nashrlarida paydo bo‘lgan. Kutubxona xodimlari tegishli kontseptsiyani ishlab chiqish va ommalashtirish tashabbuskorlari bo‘lishdi. Ushbu atama qo‘llanilgan dastlabki ishlardan biri bibliograflar K.M.Voyxanskaya va B.A.Smirnovalarning maqolalaridir. Kutubxona va kitobshunoslik sohasida paydo bo‘lgan axborot madaniyati tushunchasi o‘zining rivojlanishi davomida bir qator fanlardan: axborot nazariyasi, kibernetika, informatika, semiotika, hujjatshunoslik, falsafa, mantiq, madaniyatshunoslik, tilshunoslikdan bilimlarni o‘zlashtirdi.