Ruhiyat bilan bog‘liq yana bir omil avj olayotir. Axborot oqimi shiddati ortgani sayin odamlarda individuallashuvga moyillik kuchaymoqda. Deylik, oiladagi ota-ona va uch farzandning har biri o‘zi istagan teleko‘rsatuvni tomosha qiladi, o‘zi yoqtirgan radioeshittirishni tinglaydi, ularning har birida alohida kompyuter, internet, mobil telefon. Ota o‘qiyotgan gazetaning o‘g‘ilga umuman qizig‘i yo‘q, qizi qo‘ldan qo‘ymaydigan suratli jurnalni ona varaqlab ham ko‘rmaydi. Shubhasiz, bu holni axborot oqimi hamda vositalari ta’sirida odamlarning yakkalanishi, deb ta’riflash mumkin. Ko‘plashib, oila davrasida emas, xonaga qamalib olib, yakka holda kompyuter ekraniga termulgancha hordiq chiqarish, bo‘sh vaqtni o‘tkazish odati ommalashmoqda.
Bunday yangiliklarmilliy oila tutumlari, odob-axloq me’yorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin emas. Aytib o‘tilgan axborot vositalarining har biri mo‘jiza, inson aql-idrokining mahsuli, ularning har biri bilimni oshirish, dunyoqarashni kengaytirishga xizmat qiladi, ularning ta’rifiga til ojiz. Biroq ularning barchasiga milliy-axloqiy qadriyatlarimiz, tafakkur va qalb tarbiyasi, qisqacha aytganda, komil inson tarbiyasi mezonlaridan kelib chiqqan holda yondashilsa, bu borada ko‘p savollar yuzaga keladi. Teletomosha hamda radio tinglash madaniyati, internet, ayniqsa, mobil telefondan foydalanish madaniyati — barchasini umumlashtirib aytganda, axborot madaniyati asri odamlarni chin ma’noda shoshirib qo‘ymoqda. Zamonaviy axborot ilmi asoschilaridan bo‘lgan mashhur Marshall Maklyuen (Kanada) o‘tgan asrning 70-yillarida “Har bir yangi axborot vositasi o‘sha zamon kishilarini imtihondan, sinovdan o‘tkazadi”, deganida, hali kompyuter, internet, mobil telefon odamzod xayoliga kelmagan edi. Lekin ushbu dono bashorat naqadar to‘g‘riligini bugungi hayot, turmush tarzi har qadam, har lahzada ko‘rsatmoqda, isbotlamoqda. Taraqqiy topgan davlatlardaaxborot madaniyati (infoetika, mediaetika, mediata’lim va hokazo) alohida fan, alohida muammo, alohida pedagogika, alohida siyosat darajasiga chiqdi. Ilmiy markazlar, olimu mutaxassislar ushbu muammolar tevaragida ixtisoslashgan holda, yuz berayotgan holatni o‘rganishmoqda, tahliliy asarlar yaratishyapti. Bu bejiz emas. -Amerikalik olim E. Toffler“Uchinchi to‘lqin” asarida “Insoniyat ortda qoldirgan yo‘l uch bosqichdan iborat”, degan fikrni ilgari suradi. Ya’ni: