2-mavzu. Falsafaning metod, qonun va kategoriyalari. Jamiyat fal (1)
Kategoriya tushunchasi va ularning turlari. Fan va falsafa kategoriyalarining tasnifi.Har qanday fan ob’ekti va predmetiga yondoshuvda o‘rganilishi kerak bo‘lgan muammoning tushuntirishda ma’lum tushuncha, me’yor, jihatlar, o‘ziga xos qonunlar va tamoyillari bo‘ladi. Masalan, fizika fani fizik qonunlar, massa, og‘irlik, tezlik, kuch kabi tushunchalar bilan ishlaydi. Aksariyat qonun va tushunchalar bu fan tarixida chuqur iz qoldirgan mashhur olimlarnining nomi bilan bog‘langan. Masalan, fizikada Isaak Nyuton, Albert Eynshteyn, Nikola Tesla va boshqa olimlar fizika sohasida muhim kashfiyotlar qilganlar. Matematikani esa Pifagor, al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy kashfiyotlarisiz, qonunlarisiz tasavvur qilish qiyin. Huddi shunday falsafaning fanlik maqomini belgilaydigan asosiy tamoyillar, qonunlar va kategoriyalar tizimi ham bor. Ularni o‘rganishdan avval, qonun va kategoriya tushunchalarining mazmunini aniqlab olish zarur. Agar qonun falsafiy kategoriya sifatida narsa va hodisalar rivojlanishi jarayonidagi eng muhim, zaruriy, nisbatan barqaror, doimiy takrorlanib turuvchi, ichki o‘zaro bog‘lanishlar, aloqalar, munosabatlarning mantiqiy ifodasi ekanligi bo‘lsa, kategoriyalar «izohlash», «tushuntirish», «ko‘rsatish», degan ma’nolarni anglatadi.Falsafa tarixida ularni birinchi bo‘lib, Arastu ta’riflab bergan. U o‘zining «Kategoriyalar» degan asarida ularni ob’ektiv voqe’likning umumlashgan in’kosi sifatida qarab, turkumlashtirishga harakat qilgan. Xususan, uningcha quyidagi kategoriyalar mavjud: «mohiyat» (substansiya), «miqdor», «sifat», «munosabat», «o‘rin», «vaqt», «holat», «mavqe», «harakat», «azob-uqubat». Bu turkumlashtirish, o‘z vaqtida ilmiy bilishda juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Keyinchalik Arastu «Metafizika» asarida «mohiyat», «holat» va «munosabat» kategoriyalarini ham izohlagan.
Umuman, kategoriyalarni falsafa tarixida ilmiy mavzu sifatida o‘rganishni aynan Arastu boshlab berganligi e’tirof qilinadi. Ma’lumki, ungacha YUnonistonda ko‘proq siyosat va notiqlik san’ati sistemalashgan, ya’ni fan sifatida tizimga tushirilgan edi. CHunki o‘sha davrda qo‘shinni, mamlakatni va odamlarni boshqarish uchun siyosat va nutq madaniyati sirlarini bilish katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Ammo o‘sha davrlarda hali falsafa qonunlari, kategoriyalari va asosiy tayanch tushunchalari muayyan tizimga tushirilmagan, izchil bayon qilingan bilimlar sistemasi sifatida shakllantirilmagan edi. Arastu falsafaning qonun va kategoriyalarini birinchi marta sistemalashtirgan, ta’riflagan va falsafani fan darajasiga ko‘targan. O‘sha davrdan boshlab falsafa o‘z qonunlari, tamoyillari, kategorial tushunchalariga ega bo‘lgan fanga aylangan. SHarqda bu masalaga Forobiy, Beruniy va ibn Sinolar ham katta ahamiyat berganlar. XVIII asrlarga kelib, falsafiy kategoriyalar tahlilida yangi davr vujudga keldi. XVIII-XIX asrga kelib, xususan, I. Kant qarashlarida kategoriyalar «sifat» (reallik, inkor, chegaralash), «miqdor» (birlik, ko‘plik, yaxlitlik), «munosabat» (substansiya va mohiyat, sabab va harakat, o‘zaro ta’sir), «modallik» (imkoniyat va imkoniyatsizlik, voqe’lik va novoqe’lik, zaruriyat va tasodif) tarzida izohlangan. Kantdan farqli ularok, Gegel mantiqiy kategoriyalarni: «borliq» (sifat, miqdor, me’yor), «mohiyat» (asos, hodisa, mavjudlik), «tushuncha» (ob’ektiv, sub’ektiv, absolyut G‘oya) tarzida izohlagan.
Falsafa fanining kategoriyalari haqidagi turli qarashlarni umumlashtirib aytganda, ularning mantiqiy tushunchalar sifatidagi quyidagi tavsiflari bor: 1) ob’ektiv vokelikning in’ikosi; 2) narsa va hodisalarning o‘zaro bog‘lanish va aloqadorligini mantiqiy umumlashtiruvchi bilish usuli; 3) narsa va hodisalarning rivojlanishi bilan o‘zgarib turuvchi mantiqiy tushuncha; 4) borliqning mavjudligidan kelib chiqadigan tarixiy — mantiqiy bilish darajalaridan biri. Ko‘pchilik mutaxassislar kategoriyalar olam, undagi narsa va voqealar, ularning asosiy va takrorlanib turuvchi aloqadorligini ifodalaydigan keng mazmundagi tushunchalardir, degan fikrga qo‘shiladilar. Bu ma’noda borliq, voqe’lik, harakat, makon, zamon, miqdor, sifat va boshqalar falsafaning ana shunday kategoriyalaridir.
Falsafada o‘z xususiyatlariga ko‘ra, «juft kategoriyalar» deb ataladigan; umumiy bog‘lanish va aloqadorlik munosabatlarini ifodalovchi tushunchalar ham bor. Mohiyat va hodisa, mazmun va shakl, miqdor va sifat, sabab va oqibat, zarurat va tasodif, imkoniyat va voqe’lik shular jumlasidandir. Ular narsa va hodisalarning muayyan yo‘nalishdagi eng muhim, zaruriy, nisbatan barqaror, davriy takrorlanib turuvchi bog‘lanish va aloqadorlik munosabatlarini ifodalaydi. Falsafa kategoriyalari mazmunidagi ichki birlik, bog‘lanish, aloqadorlik va munosabatlarning yaxlitligi bilish jarayonining o‘zluksizligini ta’minlaydigan umumiy qonuniyat tarzida vujudga kelgan.