2-mavzu inson psixikasining ontogenezda rivojlanishi reja
Hayvonlar xatti-harakatlarining formalari. Taraqqiyot davomida psixikaning ejng sodda ko‘rinishidan inson ongigacha bo‘lgan taraqqiyot bir qancha bosqichlardan iborat bo‘lgan. Tirik organizmlarda uzluksiz o‘zgarib turuvchi hayot sharoitiga muvofiqlashuvini taxminlaydigan harakat formmalari, harakatning instinktitv shakli, harakatning individual shakli va harakatning intellektual shakli maydonga keldi.
Harakatning instinktiv shakli deganda biz hayvonlarda tug‘ma yo‘l bilan tayyor holda beriladigan va ularning tashqi olamga muvofiqlashuvini ta’minlaydigan harakatlar shaklini tushunamiz. Bu tushunchani mashhur rus fiziologik akademik I.P.Pavlov tomonidan tushuntirib berilgan. Hayvonlarning instinktiv harakat shakllari nihoyatda mustahkamlangan, nisbatan juda sekin o‘zgaradigan harakatlardir.
Harakatning individual shakllari xuddi harakatningn instinktiv shakllari kabi hayvonlarning doimo o‘zgarib turuvchi tashqi muhitga muvofiqlashuvini ta’minlovchi mehanizmlardandir.
Emotsional taraqqiyotning yuksak bosqichidagi ayrim hayvonlarda harakatning intellektual shakli paydo bo‘ladi. Bu yuksak taraqqiyotga erishgan maymunlar, delfinlar va itlardagi odam ongiga o‘xshash farosat bilan bog‘liq bo‘lgan hatti-harakat shakllaridir.
Instinktlar hayvonlarning o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun qiladigan murakkab tug‘ma harakatlaridir.
Ovqatlanish instinkti. Bu instinkt hayvonning o‘zi uchun zarur ovqat qidirib topish, ovqat g‘amlash va shu kabi harakatlarida zohir bo‘ladi.
Saqlanish instinkti. Bu instinkt hayvonlarning dushmandan saqlanish tug‘ma usullarida va dushmanga hujum qilish qobiliyatida zuhur etadi.
Nasl qoldirish instinkti. Bu instinkt jumladan, ota-onalik instinkti sifatida yaqqolroq ko‘rinadi. Hayvonlar o‘z bolalarini parvarish qilish tug‘ma mahoratiga ega bo‘lib, u naslining kelajagi haqida g‘amxo‘rlik qiladi.
Poda (to‘da) bo‘lib yurish instinkti. Bu instinkt hayvonlarning turli usullar bilan o‘zaro aloqa qilishida va xilma-xil shaklda birgalashib yashashida zohir bo‘ladi.
Instinktlar mash qilish yoki o‘rganish yo‘li bilan hosil bo‘lmaydi – ular ota-onadan naslga biologik irsiyat sifatida o‘tadi. Instinktlarning nerv-fiziologik asosi – shartsiz reflekslardjir. I.P.Pavlov ta’limotiga ko‘ra, instinktlar shartsiz reflekslarning o‘zi-yu, lekin ancha murakkab turidir. I.P.Pavlov bunday deydi: “Hozirgi vaqtda instinktlarning ham reflekslardan iborat ekanligi, faqat biroz murakkabroq reflekslar ekanligi yetarli aniqlangan deb hisoblash mumkin”.
Instinktlar - bir qancha shartsiz reflekslardan iborat bo‘lgan reflekslar zanjirdir. Bu reflekslardan har birining harakatga kelan payti navbatdagi refleks uchun qo‘zg‘ovchi bo‘ladi.
Ko‘nikma – hayvonlarning individual hayoti davomida paydo qiladigan harakatlaridir. Ko‘nikma hosil qilish hayvonda shartli reflekslarning birinchi yoki butun bir sistemasini hosil qilish demakdir. Hayvonlar ko‘nikmalar hosil qilish tufayli, tashqi muhitning o‘zgaruvchi sharoitiga chaqqonroq va yaxshiroq moslashadigan bo‘lib qoladi.
Hayvonlar psixikasining paydo bo‘lishi va o‘sib taraqqiy qilinishi yuksak darajada taraqqiy etgan psixikaning, ya’ni faqat insonga xos bo‘lgan ongning ilk tarixi arafasi desa bo‘ladi.
Umumiy psixologiya fanida shaxsning shakllanishi va rivojlanishi qonuniyatlari hamda ularning mexanizmlari tadqiq etiladi.
Odam insonshunoslik fanlari tomonidan har tomonlama o‘rganilib kelinmoqda. Psixologiyada odam biologik evolyutsiya maxsuli sifatida, jamiyat ishlab chiqarishining asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida, ishlab chiqarish va boshqa ijtimoiy munosabatlarning sub’ekti sifatida o‘rganiladi. Odamning boshqa shaxslar bilan, tashqi olam bilan bo‘lgan munosabatlari xilma-xil bo‘lganligi uchunga unga xos bo‘lgan psixologik sifatlar va fazilatlar ham nihoyatda xilma-xildir.
Bu borada psixologlar tomonidan shaxsga nisbatan turlicha ta’rif berilgan va uning tuzilishini o‘ziga xos tarzda tasavvur qilishgan. Quyida mualliflarning ayrimlariga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
A. G. Kovalevning fikricha, shaxs - bu ijtimoiy munosabatlarning ham ob’ekti, ham sub’ektidir. A.N.Leontev ushbu masalaga boshqacharoq yondashib, unga shunday ta’rif beradi: shaxs - bu faoliyat sub’ektidir. K.K.Platonovning talqiniga binoan: jamiyatda o‘z rolini anglovchi, ishga layoqatli, yaroqli a’zosi shaxs deyiladi. Bu muammo mohiyatini chuqurroq ochishga harakat qilgan S.L.Rubinshteyn ta’rificha, shaxs bu tashqi ta’sirlar yo‘nalishini o‘zgartiruvchi ichki shart-sharoitlar majmuasidir.
Psixologiya fanida bir-biriga yaqin, lekin ayniyat bo‘lmagan tushunchalar qo‘llanilib kelinadi, chunonchi: odam, shaxs, individuallik. Ularning mohiyatini aniqroq izohlab berish uchun har birining psixologik tabiatini tahlil qilish maqsadga muvofiq.
1. Odam: sut emizuvchilar sinfiga daxldorlik, biologik jonzod ekanligi odamning o‘ziga xos xususiyatidir. Tik yurishlik, qo‘llarning mehnat faoliyatiga moslashganligi, yuksak taraqqiy etgan miyaga egaligi, sut emizuvchilar tasnifiga kirishi uning o‘ziga xos tomonlarini aks ettiradi. Ijtimoiy jonzod sifatida odam ong bilan qurollanganligi tufayli borliqni ongli aks ettirish qobiliyatidan tashqari o‘z qiziqishlari va ehtiyojlariga mutanosib tarzda uni o‘zgartirish imkoniyatiga ham egadir.
2. Shaxs. Mehnat tufayli hayvonot olamidan ajralib chiqqan va jamiyatda rivojlanuvchi, til yordami bilan, boshqa kishilar bilan muloqot (muomala)ga kirishuvchi odam shaxsga aylanadi. Ijtimoiy mohiyati shaxsning asosiy tavsifi hisoblanadi.
3. Individuallik. Har qaysi inson betakror o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Shaxsning o‘ziga xos qirralarining mujassamlashuvi individuallikni vujudga keltiradi. Individual shaxsning intellektual, emotsional va irodaviy sohalarida namoyon bo‘ladi.
Sobiq sovet psixologiyasida eng ko‘p tarqalgan shaxsning tuzilishiga oid materiallar bilan qisqacha tanishib o‘tamiz. S.L.Rubinshteyn bo‘yicha shaxs quyidagi tuzilishga ega:
1. Yo‘nalganlik - extiyojlar, qiziqishlar, ideallar, e’tiqodlar, faoliyat va xulqning ustuvor motivlari hamda dunyoqarashlarda ifodalanadi.
2. Bilimlar, ko‘nikmalar, malakalar, hayot va faoliyat jarayonida egallanadi.
3. Individual tipologik xususiyatlar temperament, xarakter, qobiliyatlarda aks etadi.
K. K. Platonov ta’limotiga ko‘ra, shaxs tuzilishi quyidagi shaklga ega:
I. Yo‘nalganlik osttuzilishi shaxsning axloqiy qiyofasi va munosabatlarini birlashtiradi, Undan harakatchanlik, barqarorlik, jadallik, ko‘lam (hajm) darajalarini farqlash lozim.
II. Ijtimoiy tajriba osttuzilishi - ta’lim vositasida, shaxsiy tajribada egallangan bilimlar, ko‘nikmalar va odatlarni qamrab oladi.
III. Psixologik aks ettirish shakllari osttuzilishi - ijtimoiy turmush jarayonida shakllanuvchi bilish jarayonlarining individual xususiyatlari.
IV. Biologik shartlangan osttuzilish - miya morfologik va fiziologik xususiyatlariga muayyan darajada bog‘liq bo‘lgan patologik o‘zgarishlarni, shaxsning yosh, jins xususiyatlarini va uning tipologik xosiyatlarini birlashtiradi.
A. G. Kovalev talqiniga binoan, shaxs mana bunday tuzilishga ega:
1. Yo‘nalganlik - voqelikka nisbatan inson munosabatini aniqlaydi, unga o‘zaro ta’sir etuvchi har xil xususiyatli g‘oyaviy va amaliy ustanovkalar, qiziqishlar, ehtiyojlar kiradi.
Ustuvor yo‘nalganlik shaxsning barcha psixik faoliyatini belgilaydi.
2. Imkoniyatlar - faoliyatning muvaffaqiyatli amalga oshishini ta’minlovchi tizim. O‘zaro ta’sir etuvchi va o‘zaro bog‘liq bo‘lgan turlicha qobiliyatlar.
3. Xarakter. Ijtimoiy muhitda shaxsning xulq-atvor uslubini aniqlaydi. Odamning ruhiy hayoti shakli va mazmuni unda namoyon bo‘ladi. Xarakter tizimidan irodaviy va ma’naviy sifatlar ajratiladi.
4. Mashqlar tizimi. Hayot va faoliyat, harakat va xulq-atvorni tuzatish (korreksiyalash), o‘zini o‘zi nazorat qilish, o‘zini o‘zi boshqarishni ta’minlaydi.
Jahon psixologiyasi to‘plagan nazariy va amaliy ma’lumotlarga ko‘ra, yosh, jinsiy va individual-tipologik xususiyatlar sensor (subsensor, subseptiv), mnemik (xotira), verbal (so‘z orqali) va mantiq psixofiziologik funksiyalarining dinamikasi hamda organiq ehtiyojlar tuzilishini aniqlaydi. Individning bu xususiyatlarini ikqilamchi deb atab, ularning integratsiyasi temperament xususiyatlarida va tug‘ma mayllarda ifodalanishini ta’kidlab o‘tish maqsadga muvofiq. Chunki yuqoridagi sifatlar ontogenetik evolyutsiya jarayondan iborat bo‘lib, ular filogenetik dasturga asoslanib hukm suradi. Yosh davrga oid va individual o‘zgaruvchanlik insoniyatning ijtimoiy-tarixiy taraqqiyoti ta’siri ostida har xil ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi mumkin. Individning dinamik xususiyatlariga shaxsning ijtimoiy muhitda vujudga kelgan sifatlari ta’sir etib, uning individual o‘zgaruvchiligi omilini yanada kuchytiradi.
Insonning shaxs sifatida tavsiflanishining muhim psixologik lahzasi uning dinamik xususiyatlari hisoblanib, jamiyatdagi statusi (iqtisodiy, siyosiy, xuquqiy, mafkuraviy negizga bog‘liq, ya’ni uning jamiyatda egallagan o‘rni, nufuzi, mavqei bilan belgilanadi) orqali ifodalanadi. Statusning negizida esa hamisha uzluksiz ravishda o‘zaro aloqalar tizimi yotadi. Inson bajarishi lozim bo‘lgan guruhiy faoliyat va yakkahol turmushga, kasb-hunarga aloqador, ya’ni kasabaviy, oiladagi hamda jamoadagi rolning ijtimoiy funksiyasi, uning muayyan maqsadga, qadriyatga, ma’naviyatga yo‘nalganligi shaxsni faollashtiradi, natijada u barcha jabhalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Status, rol, qadriyatga yo‘nalganlik shaxs xususiyatlari, sifatlari, fazilatlari, xosiyatlari va xislatlarining birlamchilarini tashkil etadi, uning tuzilishida asos bo‘lib xizmat qiladi. Shaxsning tavsifi faoliyat, xulq motivatsiyasi xususiyati va ijtimoiy fe’l-atvor (oddiy stereotipdan tortib, to xalq donishmandligi namunalari) tuzilishini belgilab, uning tarkibidan ikqilamchi alomatlar, belgilar sifatida joy egallaydi. Shaxsning birlamchi va ikqilamchi sifatlarining o‘zaro ta’sirini birlashtiruvchi yuksak samara tarzida inson xarakteri va mayllari yuzaga keladi. Insonning shaxs xislatlarini rivojlantiruvchi, ularni takomillashtiruvchi va barqarorlashtiruvchi asosiy shakl uning jamiyatdagi hayot yo‘li, muayyan iz qoldirishi va ijtimoiy tarjimai xoli hisoblanadi. Shaxsning xalqiga qilgan xizmati uning e’zozlanishiga, hattoki milliy ma’naviy boylik, tafakkur gulshani va sarchashmasi darajasiga ko‘tarilishi mumkin.
Insonning faoliyat sub’ekti sifatidagi asosiy tavsiflari qatoriga uning bu sohadagi taraqqiyotning mahsuli ongi (ob’ektiv faoliyatning in’ikosi sifatida (va faoliyati) voqelikning o‘zgartiruvchisi tariqasida) kiradi. Inson amaliy faoliyatning sub’ekti tarzida uning shaxsiy fazilatlari va xislatlarini tavsiflabgina qolmaydi, balki mehnatning texnik vositalari va texnologiyasi, ularning kuchaytiruvchanlik, tezlashtiruvchanlik va yaratuvchanlik funksiyalari sifatida yuzaga keladi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan ilmiy muammolardan birinchisi bir shaxsni boshqa odamlardan ajratib turadigan individual tuzilishiga ega ekanligidir. Ushbu yaqqol psixologik muammoni hal qilish shaxsning mazkur tuzilishining ichki sharoitlarida ifodalanuvchi xulq-atvorni oldindan bashorat qilish imkoniyatini yaratadi. Mazkur masalaning qo‘yilishi dastavval ta’lim va tarbiya ehtiyojlaridan, tashkilotchilikka oid faoliyat sohalari va boshqa ehtiyojlar zamiridan kelib chiqadi. Lekin bu masalani ilmiy asosda hal qilish boshqa muammoni, ya’ni shaxsni toifalarga ajratish (tipologiya), uning eng muhim, mukammal tuzilishini aniqlash bilan bog‘liqdir. Darxaqiqat, shaxs tipologiyasi, shaxsni tipologik tahlil qilishning eng nozik, ibratli jihatlarini cheklab o‘tish, u haqida yetarli darajada to‘la tasavvurga ega bo‘lishni xoxlasak, uning eng umumiy tasvirini umumlashgan tarzda ta’kidlab o‘tish lozim.
Shaxs tuzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan ikkinchi masala esa bunday tuzilishning bir qancha tarkibiy qismlarga ajratishni taqozo etadi, binobarin, ushbu bo‘laklarning yig‘indisi yaxlit inson shaxsini vujudga keltiradi. Jahon psixologiyasi fanida psixologlar shaxsni psixologik tuzilishining tarkibiy qismlarini turli mohiyatiga asoslanib turkumlarga ajratishni (klassifikatsiyalashni) tavsiya etmoqdalar.
Hozirgi zamon jahon psixologiyasida biologik (tabiiy) va ijtimoiy (sotsial) omil (faktor)ning, voqelikning ta’siri ostida shakllangan inson shaxsida ikkita muhim qism bo‘lganligini tasdiqlovchi nazariya yuksak mavqeni egallab turibdi. Mazkur nazariyaga binoan «ichki psixik» («endopsixik» — yunoncha «endo» ichki degan ma’noni bildiradi) qismlarga ajratiladi, degan g‘oyani ilgari suriladi. Ushbu talqinga ko‘ra «endopsixika» shaxsning psixik tuzilishining ichki qismlari sifatida psixik elementlar va funksiyalarning o‘zaro bog‘liqligi aks ettiriladi. Uning negizida insonning nervpsixologik tuzilishi bilan «endopsixik» aynan bir narsa degan tushunchani tasdiqlash yotadi, go‘yoki, u odam shaxsining ichki mexanizmini yuzaga keltiradi. Psixik tuzilishning «ekzopsixik» qismi bo‘lsa shaxsning tashqi muhitiga nisbatan munosabatini, shaxsga qarama-qarshi bo‘lgan barcha jihatlarini, shaxslararo va ob’ektiv munosabatini belgilaydi. «Endopsixika» o‘z navbatida shaxsning ta’sirlanishi, xotira, tafakkur, hayol kabi bilish jarayonlarining xususiyatlarini, irodaviy zo‘r berish xislatlarini, ixtiyorsiz harakatlarni va shu kabi fazilatlarni aks ettiradi. «Ekzopsixika» esa o‘z tarkibida shaxs munosabatlarining tizimini va uning qiziqishlari, mayllari, ideallari, maslagi, ustunlik qiluvchi, hukmron hissiyotlarini, egallagan bilimlarni, tajribalarni va shu singarilarni qamrab oladi. Tabiiy omilga (asosga) ega bo‘lgan «endopsixika» biologik shart-sharoitlarga bog‘liqdir, aksincha, «ekzopsixika» ijtimoiy voqeliklar ta’siri ostida yuzaga keladi, tarkib topadi va takomillashib boradi.
Psixologiya fanida keskin qayta qurish jadal sur’atlar bilan davom etayotgan bir davrda yuqorida taxlil qilingan qo‘sh (ikki) omillik konsepsiyasiga qanday munosabatda bo‘lish maqsadga muvofiq? Jumladan, dialektik materializm darg‘alarining iborasi bilan aytganda, inson shaxsining mohiyati barcha ijtimoiy munosabatlar yig‘indisidan iborat, bu ifodaga o‘ta keskin e’tiroz bildirishga hojat yo‘q. Chunki shaxs ijtimoiy mavjudod bo‘lganligi (mikromuhit mahsuli ekanligi tan olinmasada) uchun unda tabiiy biologik tuzilish alomatlari saqlanib qolishi tabiiy holdir. Masalan, shaxs tuzilishida biologik va ijtimoiy (sotsial) omillarni birlamchi deb e’tirof qilish muammoning bir tomoni (ularni hisobga olish, albatta zarur), lekin ikkinchi tomoni ularning o‘zaro munosabatlarini qay tarzda tushunishda o‘z ifodasini topadi. Ko‘pgina psixologlarning fikricha, bizning nuqtai nazarimizcha, qo‘sh omillik nazariyaning bahsli jabhasi shundan iboratki, bu nazariya ijtimoiy omil bilan biologik voqelikni, muhit bilan biologik tuzilishni, «ekzopsixika» bilan «endopsixika»ni mexaniq ravishda bir-biriga qarama-qarshi qo‘yadi, o‘zaro ta’sir etish muammosiga loqaydlik bilan munosabatda bo‘ladi. Mazkur konsepsiya vakillari shaxsning shakllanishi va uning tuzilishiga ta’sir qiluvchi tabiiy va ijtimoiy omillar ichki imkoniyatlari mavjud ekanligini hisobga olmaydilar;