O.D. Baklanov — SSSR Mudofaa Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari, V.A. Kryuchkov —SSSR Davlat xavfsizligi qo‘mitasining raisi, V.S. Pavlov — SSSR Bosh vaziri, B.K. Pugo — ichki ishlar vaziri, V.A. Starodubsev — SSSR dehqonlar uyushmasi raisi, I. Tizyakov — SSSR sanoat, qurilish, transport va aloqa davlat korxonalari hamda inshootlari uyushmasining Prezidenti, D.T. Yazov — SSSR mudofaa vaziri, G.I. Yanayev — SSSR Prezidenti vazifasini bajaruvchi. Shu tariqa fitnachilar M.S.Gorbachyovni noqonuniy yo‘l bilan hokimiyatdan chetlashtirib, o‘zlari hokimiyatni egallab oldilar.
Mazkur qo‘mita sovet rahbariyatining Bayonoti, sovet xalqiga murojaatnoma, davlatlar va hukumatlarning boshliqlariga hamda BMT Bosh kotibiga murojaat va boshqa qarorlarni e’lon qildi. Butunittifoq doirasida mo‘rtlashib qolgan ijtimoiy-siyosiy vaziyat yanada taranglashdi. Mamlakatdagi siyosiy kuchlar vaziyatga turlicha munosabat bildirdilar.
Qaltis vaziyatda 1991-yil 19-avgustda O‘zbekiston Prezidenti I.A. Karimov Hindistonga qilgan rasmiy tashrifidan qaytib keldi va Toshkent shahri faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Prezident O‘zbekistonning nuqtayi nazarini bildirib, respublikamizda favqulodda holat joriy etishga hojat yo‘qligi, O‘zbekistonda vaziyat barqarorligi, qonunga xilof ko‘rsatmalar bajarilmasligini qat’iy ta’kidladi.
1991-yil 20-avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi rayosati va O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar rahbarlari ishtirokidagi qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis mamlakatda vujudga kelgan vaziyatni muhokama qilib Bayonot qabul qildi. Bayonotda O‘zbekiston Respublikasi tinch vaqtda kuch, avvalo, harbiy kuch ishlatishga qarshi ekanligi ta’kidlandi.
Unda tinchlik, osoyishtalikni saqlash va mustahkamlash, har qanday ig‘vogarona harakatlarning oldini olish, hamma joyda qattiq intizom va tartibni saqlash, mish-mishlar va ehtiroslarga berilmaslik vazifalari ilgari surildi. Bayonotda O‘zbekiston davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Deklaratsiya qoidalarini og‘ishmay va izchil amalga oshirish yo‘lidan boraveradi, deb ko‘rsatildi.