shubhasiz, o’zbek xalqi milliy o’zligini anglash, madaniy merosga to’g’ri munosabatda bo’lish,
pirovard natijada, jamiyatda yuksak sog’lom ma‘naviy muhitni shakllantirish bilan bog’liq edi.
Shuning uchun ham bu borada respublikaning barcha hududlarida katta hajmdagi tadbirlar
o’tkazila boshlandi. 2013 yilda respublika bo’ylab Boy meros va boqiy qadriyat shiori ostida
haftaliklar o’tkazildi. Surxondaryo viloyatida O’zbekiston umumiy uyimiz deb nomlangan
Respublika do’stlik va madaniyat festivali uyushtirildi. O’zbekiston Badiiy akademiyasi
ko’rgazmalar zalida Qadr-qimmatim, tayanchim va iftixorimsan, mustaqil O’zbekiston shiori
ostida ko’rgazma tashkil etildi.
Mamlakatimizda o’zbek tilining xalq davlat turmushidagi asosiy ahamiyati va o‘rni qayta
tiklandi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining IV sessiyasi 1995-yil 21-dekabrda yangi
tahrirda Davlat tili to’g’risida”gi Qonunni qabul qildi. Qonunda o’zbek tili o’zbek xalqining
ma‘naviy mulki ekanligi, uning ravnaqi, qo’llanilishi va muhofazasi davlat tomonidan
ta‘minlanishi belgilab qo’yilgan. O‘zbekistonda Oliy davlat hokimiyati, mahalliy hokimiyat va
boshqaruv organlarining faoliyati, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning hisob kitobi,
statistika va moliya ishlari o’zbek tilida yuritilmoqda. Respublikaning ma‘muriy-hududiy
birliklari, maydonlari, ko’chalari, geografik o’rinlarining nomlariga yagona milliy shakl berildi va
o’zbek tilida yozib qo’yildi. Natijada o’zbek xalqining milliy qadr-qimmati, mustaqil
davlatimizning qadr-qimmati qayta tiklandi va mustahkamlandi. Shuningdek, O‘zbekistonda
istiqomat qilayotgan barcha millatlarning tillari, qadr-qimmati o’z o’rniga qo’yildi.
1993-yil sentabrda O’zbekiston Respublikasining Lotin yozuviga asoslangan o’zbek
alifbosini joriy etish to’g’risida Qonuni, 1995-yil may oyida esa O’zbekiston Respublikasining
Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risidagi Qonunga o’zgartirishlar
kiritish haqida Qonuni qabul qilindi. Bu qonunlar o’zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyini
yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini to’la
joriy etish bosqichma-bosqich amalga oshirilib borilmoqda.
2019 yil 21 oktabr kuni poytaxtimizda Prezidentimiz SH.Mirziyoyev ishtirokida O’zbek
tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosim bo’lib o’tdi.
Shu kuni O’zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari
to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni (PF-5850) e‘lon qilindi. Farmonga
ko’ra Vazirlar Mahkamasi huzurida 9 ta mutaxassisdan iborat Davlat tilini rivojlantirish
departamenti tashkil etildi.
2017 yil 18 aprelda Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy bog’i hududida Adiblar
xiyobonini barpo etish to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori (PQ-2894)
e‘lon qilindi.
2017 yil 6 noyabrda Sharof Rashidovning 100 yillik yubileyi munosabati bilan Jizzax
shahrida ushbu davlat arbobi haykalining ochilish marosimi bo’lib o’tdi.
2017 yil 9 avgust kuni O’zbekiston ijodkorlarini qo’llab-quvvatlash Ilhom jamoat fondini
tashkil etish to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori (PQ-3184) e‘lon qilindi.
Yoshlar orasida, umuman jamiyat a‘zolarida kitobxonlik madaniyatini keng targ’ib etish
maqsadida 2017 yil 13 sentabrda Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini
rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ’ib qilish bo’yicha
kompleks chora-tadbirlar dasturi to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori
(PQ3271) qabul qilindi.
Xullas, mustaqillikning ilk kunlaridan urf-odat, milliy qadriyatlar, marosimlar, umuman,
madaniy merosni tiklash yo’lida ijtimoiy madaniy vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirila
boshladi. Sovet mustabid tuzumi davrida toptalgan qadriyatlar tiklana bordi. Bu pirovard natijada
mamlakat va jamiyat ma‘naviy qiyofasini o’zgartirdi, xalqimizda milliy o’zlikni anglash
jarayonini yanada chuqurlashtirdi.
Dostları ilə paylaş: