3. Oktabr to‘ntarishi. Turkistonda mustabid sovet rejimining o‘rnatilishi. 1917 yil kuzida davom etayotgan urush natijasida mamlakatda ocharchilik, ishsizlik avj oldi. Bu o‘z navbatida mehnatkash ommaning noroziligini kuchaytirdi, joylarda hokimiyatning inqiroziga olib keldi. Bunday vaziyatdan foydalangan Toshkent ishchi va soldat deputatlari Sovetiga kirgan bolsheviklar “Butun hokimiyat sovetlarga” degan shiorni ko‘tarib chiqdilar. 1917 yil 10 sentabrda Toshkentda Butunturkiston musulmonlarining 2-qurultoyi ochildi. “Sho‘roi Islom” tashabbusi bilan chaqirilgan ushbu qurultoy hokimiyatni ishchi, soldat va dehqon deputatlari sovetlariga berishga qarshi chiqdi. Qurultoyda faqat Milliy markaz – Turkiston musulmonlari Markaziy Kengashi mintaqadagi tub yerli aholi manfaatlarini himoya qilishi mumkin degan fikr qat’iy qilib qo‘yildi. 1917 yil 20 sentabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiston va Qozog‘iston musulmonlarining qurultoyi “ulamochilar” bilan “sho‘roi islomchilar” o‘rtasidagi bahslarga qaramay o‘zaro murosaga keldi. Qurultoyda “Sho‘roi islom”, “Sho‘roi Ulamo”, “Turon” va boshqa siyosiy tashkilotlarni birlashtirish yo‘li bilan butun Turkiston mintaqasi uchun umumiy bo‘lgan “Ittifoqi muslimin” degan siyosiy partiya tuzishga qaror qilindi. Qurultoy ishidagi asosiy masala o‘lkaning bo‘lajak siyosiy tuzumini belgilash edi. Qurultoy Turkiston Muhtoriyatini tashkil etish haqida qaror chiqaradi. Qurultoy muhtoriyatga “Turkiston Federativ Respublikasi” degan nomni qo‘yib, parlament respublikasi asosida tuzilajak bo‘lg‘usi davlat tuzumining bosh tamoyil va me’yorlarni belgilab berdi. Shu tarzda Turkistonda muxtoriyat hukumati yuzaga kelmasdan ancha oldin uning poydevorini yaratishga zamin xozirlangan edi. Shunday qilib, 1917 yilning oktabr oyiga kelib Turkistonda hokimiyat masalasida ikki muqobil yo‘nalish yuzaga keldi. Birinchisi – milliy demokratlarning o‘lkadagi boshqa yerlik bo‘lmagan millatlar vakillari ishtirokida demokratik ruhdagi Turkiston Muhtoriyatini tashkil etishga bo‘lgan intilishlari, ikkinchisi esa – bolsheviklar tomonidan muhtoriyatchilarning bu intilishlarini inkor etib zo‘rlik bilan hokimiyani egallab, unga mutlaq hukmron bo‘lish edi. 3. 1917 yil 25 oktabrda qurol kuchiga tayangan Lenin boshchiligidagi bolsheviklar Petrogradda Muvaqqat hukumatni ag‘darib tashlab, hokimiyatni zo‘rlik bilan egalladi. Rossiya markazida yuz bergan voqealarning aks-sadosi ko‘p o‘tmay Turkistonga ham yetib keldi. 28 oktabrda Toshkentning yangi shaharida yevropalik ishchilar va soldatlar bolsheviklar qutqusi bilan qurolli to‘qnashuvlarni boshlab yubordilar. Shaharning tub yerli aholisi bo‘layotgan voqealarga aralashmasdan betaraf pozitsiyada turdi. Qo‘zg‘olonchilar Muvaqqat hukumatning general Korovichenko boshchiligidagi harbiy qismlaridan ustun keldi. 1 noyabrda Korovichenko va Muvaqqat hukumatning Turkiston komiteti qamoqqa olindi. ko‘cha janglari vaqtida faqat Sovetlar tarafdorlaridan 80 ga yaqin kishi halok bo‘ldi. Shunday qilib, Toshkent bolsheviklari va so‘l eserlari shaharda bo‘lib o‘tgan qurolli qo‘zg‘olon kunlarida begunoh halok bo‘lganlar qoni evaziga hokimiyat tepasiga keldilar. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1917 yilning kuzida Turkistonning turli uezd va shaharlarida hokimiyatning sovetlar qo‘liga o‘tishi haqidagi faol talablar sodir bo‘lmagan. Aksincha, aholining aksariyati muvaqqat hukumatni qo‘llab-quvvatlagan holda, mamlakat taqdirini hal qiladigan ta’sis Majlisini chaqirish g‘oyasini ilgari surganlar.Qurolli qo‘zg‘olon natijasida Muvaqqat hukumatning Turkiston qo‘mitasi ag‘darildi, yangi hokimiyatning o‘lka organi darhol tuzilmadi. Uning vazifasini dastlabki vaqtda Toshkent kengashi bajarib turdi. Hokimiyatning sovetlarga o‘tishini o‘lkadagi taniqli musulmon jamoat arboblari qattiq qoraladilar. Mahalliy aholi bolsheviklar ilgari surgan sinfiy kurash, proletar inqilobi va proletar diktaturasi, boylardan yer va boshqa mol-mulklarni tortib olish kabi g‘oyalardan juda uzoq edi.
1917 yil 15-22 noyabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan o‘lka ishchi, soldat va dehqon deputatlari Sovetlarining 3-s’ezdida 15 kishidan iborat hukumat – Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Soveti tuzildi. Unda 8 o‘rin so‘l eserlarga, 7 o‘rin bolsheviklar bilan maksimalistlarga berildi. Hukumat faqat yevropaliklardan iborat bo‘ldi. Turkiston XKS raisi lavozimini kasbi chizmakash bo‘lgan bolshevik F.Kolesov egalladi, xarbiy komissar qilib izvoshchi Perfilev, boshqa komissarliklarga ham shunga o‘xshash kishilar tayinlandi. Bolsheviklar hokimiyat masalasini amalda mahalliy millat vakillari ishtirokisiz hal qildilar. Muhimi, hukumat tarkibiga birorta ham mahalliy millat vakillari kiritilmadi. Shuni aytib o‘tish kerakki, se’zddagi ayrim fraksiya vakillari o‘lkaning rahbar organlari tarkibiga mahalliy aholi vakillarini ozroq miqdorda bo‘lsada kiritish haqidagi fikr bildirib, o‘lkadaning yangi organida 18 ta o‘rindan 3 tasini musulmon ishchi vakillariga berishni taklif qildilar. Lekin bu taklif inobatga olinmadi. Se’zd bolsheviklarning tazyiqi bilan o‘lkadagi yangi hokimiyatning rahbar organi tarkibiga ko‘p millionli mahalliy aholining birorta ham vakilini kiritmasdan, bu aholiga nisbatan adolatsizlik qildi. Bundan tashqari bolsheviklar o‘zlarining shovinistik siyosati bilan chorizm zamoniga nisbatan bir qadam orqaga qaytdilar. Chunki chorizm zamonida Turkiston xalqlari vakillari Davlat Dumasiga saylangan edilar va muvaqqat hukumat mavjud bo‘lib turgan qisqa vaqt davomida ular Turkiston qo‘mitasi tarkibiga kirgan edilar.
Ushbu hukumat boshidanoq mohiyatan chorizm mustamlakachilik siyosatiga amal qildi. Turkistonda ham inqilobiy aqidalarga, avvalo sinfiylik tamoyillariga amal qilindi. Mulkdorlar – ekspluatatorlar, ezuvchilar, milliy ziyolilar, o‘qimishli xalq vakillari – milliy burjuaziya korchalonlari va malaylari, islom dini rahnamolari – reaksion oqim deb, ularga qarshi ayovsiz kurash boshlandi. Turkistondagi dastlabki sovet hukumati mintaqada yevropalik aholi hukmronligini mustahkamlashga qaratilgan edi. Yo‘qotilishi intizorlik bilan kutilgan mustamlakachilik yangi ko‘rinishda boshlanib ketdi. Mahalliy millatlarning siyosiy jarayonga aralashtirilmaganligi o‘lka xalqlarining sovet hokimiyatiga bo‘lgan ishonchsizligini yanada kuchaytirdi. Hatto Turkistondagi yevropalik aholining demokratik qatlamlari ham bolsheviklar va so‘l eserlarning bunday makkorona siyosatiga qarshi chiqdi.
Hokimiyat bolsheviklar qo‘liga o‘tishi bilan o‘lkada Muvaqqat hukumatning barcha bo‘g‘inlari tugatilib, o‘rniga avvalo jazo organlari va sovet boshqvaruv tizimi o‘rnatildi. Turkiston XKS 1917 yil 28 noyabrda o‘lkada qizil gvardiya bo‘linmalari tuzish haqida qaror qabul qildi. Bu bo‘linmalar sovet rejimi va bolsheviklarga qarshi ko‘tarilgan dastlabki stixiyali chiqishlarni bostirishda faol ishtirok qildi. Shunday qilib, dastaval Rossiya markazida qaror topgan sovet rejimi Turkiston o‘lkasida ham o‘rnatildi. Zo‘rovonlik va xalqlarni ezishga qaratigan sovet rejimi o‘zining ilk kunlaridan boshlab Turkistondagi tub xalqlarga nisbatan mustamlakachilik siyosatini yuritdi. Chor Rossiyasining mustamlakachilik tizimi sovet rejimi davrida yanada takomillashtirildi.