2. Umumiy qoidalar Tezkor xizmat ko‘rsatish va ishlarni bajarish tartibi



Yüklə 168,5 Kb.
tarix29.04.2023
ölçüsü168,5 Kb.
#104729
2. Umumiy qoidalar Tezkor xizmat ko‘rsatish va ishlarni bajarish


Elektrodvigatellarni eksplatatsiya qilishda texnik talablar
va xavfsizlik
Reja:
1.Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi
qoidalari
2. Umumiy qoidalar
3. Tezkor xizmat ko‘rsatish va ishlarni bajarish tartibi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 19-maydagi PF-5997-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:


1. Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi elektr energetika obyektlarida elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i hamda O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S.Sultanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 9-oktabr,
638-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-oktabrdagi 638-son qaroriga
ILOVA
Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda texnika xavfsizligi qoidalarini belgilaydi.
2. Ushbu Qoidalar elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda — elektr stansiyalar) hamda elektr energiyasining uzatilishini, taqsimlanishini amalga oshiruvchi tashkilotlar, shuningdek, ushbu tashkilotlarga taalluqli ishlarni bajaruvchi ilmiy-tadqiqot, loyiha, qurilish-montaj, ta’mirlash tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
3. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
balandlikda bajariladigan ishlar — montaj moslamalaridan yoki bevosita konstruksiyalar, uskunalar, mashina va mexanizmlardan turib yer, bostirma yoki ishchi to‘shama yuzasidan 3 metr va undan yuqori balandlikda bajariladigan ishlar. Bunda ish jarayonining barcha bosqichida va joydan-joyga o‘tishda ishchini balandlikdan yiqilishdan asraydigan yagona vosita bo‘lib himoya kamari xizmat qiladi;
brigada (naryad yoki farmoyish bo‘yicha) — tarkibida ish bajaruvchi yoki kuzatuvchi bilan birga ikki va undan ortiq a’zosi bo‘lgan brigada;
buzilmagan elektr maydonining kuchlanganligi — ish jarayonida odam bo‘lishi mumkin bo‘lgan zonada aniqlanadigan, odamning qatnashishida buzilmaydigan elektr maydonining kuchlanganligi;
ikkilamchi (yordamchi) zanjir — elektr stansiyalardagi (podstansiyalardagi) asboblar va boshqaruv, avtomatika, o‘lchov, himoya va signalizatsiya tuzilmalarini bir-biriga bog‘lovchi simlar va qisqichlar qatorining majmui;
“ijozat beriladi”, “mumkin” — Qoidalarning ushbu talablari, istisno tariqasida (mahalliy sharoitlarga qarab) majburan qo‘llanilishini bildiradi;
ilashgan kuchlanish ostidagi havo liniyasi — 110 kV va undan yuqori kuchlanishli boshqa elektr uzatish havo liniyasining (keyingi o‘rinlarda — HL) o‘q chizig‘idan:
110 kV kuchlanishli HL uchun — 100 m;
220 kV kuchlanishli HL uchun — 150 m;
500 kV kuchlanishli HL uchun — 200 m gacha masofada, uzunligi bo‘yicha yoki ayrim uchastkalar bo‘ylab umumiy uzunligi 2 km dan kam bo‘lmagan masofada o‘tadigan HL va aloqa havo liniyasi (keyingi o‘rinlarda — AHL);
ish joyi — xodimlar ishlarni bajarish uchun ishga qo‘yiladigan elektr qurilmaning uchastkasi. Faqat naryad yoki farmoyish bo‘yicha ishlar ko‘zda tutilgan ish joyiga taalluqli;
ish joyini tayyorlash — ish xavfsiz bajarilishini ta’minlash uchun ish joyida bajariladigan texnik tadbirlar;
ishlab turgan elektr qurilma — kuchlanish ostida bo‘lgan yoki kommutatsiya apparatlarini ulash bilan kuchlanish berilishi mumkin bo‘lgan elektr qurilmasi yoki uning qismi;
kommutatsiya apparati — elektr zanjirlarini kommutatsiya qilish va tok o‘tkazish uchun mo‘ljallangan elektr apparati (o‘chirgich, yuklama o‘chirgichi, bo‘lgich, ajratgich, avtomat, rubilnik, paketli o‘chirgich, saqlagich va hokazolar);
kuchlanish ostidagi ish — kuchlanish ostida bo‘lgan tok o‘tkazuvchi qismlarga tegib bajariladigan yoki ushbu tok o‘tkazuvchi qismlarga ruxsat etilganidan kam masofaga yaqinlashib bajariladigan ishlar;
ma’muriy-texnik xodimlar — elektr energetika sohasidagi tashkilotlarning rahbarlari, bo‘lim boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, zimmasiga ma’muriy vazifalar yuklatilgan muhandislar, texniklar va ustalar;
mahalliy navbatchi xodimlarsiz elektr qurilma — tezkor chiqish brigadalari (keyingi o‘rinlarda — TChB) yoki tezkor ta’mirlash xodimlari tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan elektr qurilma, HL va elektr uzatish kabel liniyasi (keyingi o‘rinlarda — KL);
mexanizmlar — gidravlik ko‘targichlar, teleskopik minoralar, ekskavatorlar, traktorlar, avtoyuklagichlar, burg‘ulash-kran mashinalari, mexanik uzatma yordamida uzaytirish yoki qisqartirish mumkin bo‘lgan narvonlar va hokazolar;
mexanik qulf — kalit, olinadigan dastak va hokazolar bilan berkitiladigan qulf;
navbatchi xodimlar (navbatchi) — smenada navbatchilik qilayotgan va tezkor boshqaruv yoki tezkor almashlab-ulashga ruxsat etilgan xodimlar: dispetchyerlar, navbatchi muhandislar, texniklar, smena boshliqlari, uyda navbatchilik qiluvchilar va boshqaruv shchitlari navbatchilari, TChB a’zolari;
naryad-ijozat — ishning mazmuni, joyi, uni boshlash va tamomlash vaqtlarini, zarur xavfsizlik choralarini, brigada tarkibini hamda ishni xavfsiz bajarish uchun javobgar shaxslarni belgilovchi ishni xavfsiz bajarish uchun maxsus blankada tuzilgan topshiriq;
ta’mirlovchi xodimlar — elektr stansiyalar, podstansiyalar, havo liniyasi, kabel liniyasi, AHL, aloqa kabel liniyasi (keyingi o‘rinlarda — AKL), rele himoyasi, avtomatika, o‘lchash vositalari, izolatsiya va yashindan himoya vositalari, dispetcherlik va texnologik boshqaruv vositalarida ekspluatatsion ta’mirlash va sozlash ishlari bilan shug‘ullanuvchi muhandislar, texniklar, ustalar, ishchilar, elektr laboratoriyalar xodimlari;
tezkor ta’mirlovchi xodimlar — o‘ziga tasdiqlangan hajmda biriktirilgan elektr qurilmalariga tezkor xizmat ko‘rsatish maqsadida tayyorlangan, maxsus o‘rgatilgan, ta’mirlovchi xodimlar toifasiga kiruvchi xizmatchilar;
tok o‘tkazmaydigan qism — ishning avariya rejimlarida kuchlanish ostida bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan elektr qurilmaning qismi, masalan, elektr mashina korpusi;
tok o‘tkazuvchi qism — elektr qurilmaning normal holatda kuchlanish ostida bo‘ladigan qismi;
ulanish — elektr stansiya, podstansiya va hokazolar chegarasida joylashgan va taqsimlovchi qurilma (keyingi o‘rinlarda — TQ), generator, shchit, yig‘malarning shinalariga ulangan, kuchlanishi, nomi va maqsadi bir bo‘lgan elektr zanjiri (uskuna va shinalar). Bitta kuch transformatorining (o‘ramlarining sonidan qat’i nazar), ikkita tezlikda ishlovchi elektr dvigatelning har xil kuchlanishli elektr zanjirlari bir ulanish hisoblanadi. Ko‘p burchakli, bir yarimtalik va shunga o‘xshash sxemalarda liniya, transformator ulanishsiga ushbu liniya yoki transformator TQga bevosita ulangan barcha kommutatsion apparatlar va shinalar tegishli bo‘ladi;
farmoyish — ishni xavfsiz bajarish uchun uning mazmunini, ish joyini, vaqtini, xavfsizlik choralarini (kerak bo‘lgan taqdirda) bajarish topshirilgan shaxslarni belgilovchi og‘zaki topshiriq;
xavfli ta’sir — biror-bir narsaning qandaydir obyektga (organizmga, uskunaga) salbiy ta’siri xavfi;
“shart”, “zarur”, “kerak” — Qoidalarning ushbu talablarini bajarish majburiyligini bildiradi;
ekranlash zonasi — elektr maydoni kuchlanganligi 5 kV/m dan ortmaydigan, elektr maydonida bo‘lgan bino va inshootlar, shuningdek, yerga ulangan metall konstruksiyalar, uskuna poydevorlari, transformatorlar va yirik gabaritli obyektlar yaqinidagi fazo;
elektr maydonining ta’sir zonasi — elektr maydonining kuchlanganligi 5 kV/m dan ortiq bo‘lgan ochiq fazo;
elektr uzatish kabel liniyasi — bir yoki bir necha kabellardan tashkil topgan, bevosita yerga, kabel kanallariga, quvurlariga va kabel konstruksiyalariga yotqizilgan elektr uzatish liniyasi;
elektr uzatish kabel liniyalari va aloqa kabel liniyalarining muhofaza zonasi — yer ostida joylashgan KLning eng chetdagi kabelidan ikki tomonga vertikal sirtlar bilan: KL uchun 1 m, AKL uchun 2 m masofada chegaralangan yer uchastkasi. Suv havzasining suv osti KL va AKL bo‘ylab eng chetdagi kabelidan ikki tomonga 100 m masofada vertikal sirtlar bilan chegaralangan suv sirtidan tubigacha bo‘lgan qism;
elektr uzatish havo liniyasi — ochiq havoda joylashgan, izolyator va armaturalar yordamida tayanchlarga yoki muhandislik inshootlari (ko‘priklar, ko‘prik yo‘llari va hokazolar) kronshteynlariga hamda ustunlariga mahkamlangan simlar orqali elektr energiyasini uzatish uchun tuzilma. Elektr uzatish havo liniyasining boshlanishi va oxiri deb liniya portallari yoki TQ, shoshobchalar uchun esa — shoxobchaga ajralgan yerdagi tayanch va liniya portallari yoki taqsimlovchi qurilmaga kiruvchi qismi qabul qilinadi. Bunda HL tomonida liniya portallariga o‘rnatilgan tortuvchi izolatsiyalovchi osmalar hamda HL simlarida mahkamlangan barcha qisqichlar, HLga qarashlidir. Liniya portallari, podstansiya tomonidan tortuvchi izolatsiyalovchi osmalari bilan ushbu portallardagi halqa, HL simlaridan har xil uskunalarga (o‘chirish-yoqish apparatlariga, razryadlagichlarga, aloqa kondensatorlariga va hokazolarga) tushgan simlar hamda yuqori chastotali to‘sgichlar havo elektr uzatish liniyasiga kirmaydi;
elektr uzatish havo liniyalari va aloqa havo liniyalarining muhofaza zonasi — HL bo‘ylab, eng chetda joylashgan simlardan, ularning og‘ishmagan holatida:
1 kVgacha kuchlanishda bo‘lgan HL va AHL uchun — 2 m;
1 — 10 kV HL uchun — 10 m;
35 kV HL uchun — 15 m;
110 kV HL uchun — 20 m;
220 kV HL uchun — 25 m;
500 kV HL uchun — 30 m masofada, liniyaning ikkala tomoni bo‘ylab, vertikal sirtlar bilan chegaralangan yer uchastkasi va havo bo‘shlig‘i ko‘rinishidagi zona.
Kemalar qatnovchi suv havzalari (daryolar, kanallar, ko‘llar va hokazolar) ustidan o‘tgan HL bo‘ylab, eng chetda joylashgan simlardan, ularning og‘ishmagan holatida liniyaning ikkala tomonida vertikal sirtlar bilan 100 m masofada, kemalar qatnamaydigan suv havzalari uchun esa quruqlikdan o‘tadigan HL muhofaza zonasini belgilash uchun nazarda tutilgan masofadagi chegaralangan havo bo‘shlig‘i ko‘rinishidagi zona;
elektr energetika — elektr energiyasini hosil qilish (ishlab chiqarish), uzatish, taqsimlash, sotish va iste’mol qilish sohasi;
elektr qurilmasi — elektr energiyasini ishlab chiqarish, transformatsiya qilish, uzatish, taqsimlash hamda uni energiyaning boshqa turiga aylantirish uchun mo‘ljallangan mashinalar, apparatlar, elektr uzatish liniyalari va yordamchi uskunalar yig‘indisi (ular o‘rnatilgan inshootlar va binolar bilan birgalikda);
elektr himoya vositalari — elektr qurilmalarida ishlayotgan odamlarni elektr tokidan jarohatlanishdan, elektr yoy va elektromagnit maydoni ta’siridan himoya qilish uchun xizmat qiladigan, holda o‘zi bilan va transportda olib yuriladigan vositalar;
yuk ko‘tarish mashinalari — yuk ko‘tarish uchun barcha turdagi kranlar, kran-ekskavatorlar (po‘lat arqonga osilgan ilgaklar yordamida ish bajaradigan ekskavatorlar), tallar va chig‘irlar;
qayta ishga qo‘yish — ushbu naryad bo‘yicha avval bajarilayotgan ishga qayta ishga qo‘yish;
1000 V gacha va undan yuqori kuchlanishli elektr qurilma — 1000 V gacha va undan yuqori kuchlanishli elektr qurilma (amaldagi kuchlanishning qiymatiga qarab). Ushbu Qoidalarning 1000 V gacha elektr qurilmalariga qo‘yiladigan talablari 42 V dan yuqori kuchlanishga tegishlidir.
4. Ushbu Qoidalarga muvofiq elektr qurilmalarida foydalaniladigan himoya vositalarini qo‘llagan holda ishlar bajarilishi, shuningdek, foydalaniladigan himoya vositalari davlat standartlari talablariga muvofiq va sinovdan o‘tgan bo‘lishi shart.
Ishlarni bajarishda qo‘llaniladigan mexanizmlar va yuk ko‘tarish mashinalari, kompressor qurilmalari va havo yig‘gichlar, asboblar va moslamalar belgilangan tartibda sinovdan o‘tgan bo‘lishi lozim. Ular mehnat xavfsizligi standartlari talablariga, O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi) tomonidan sanoat xavfsizligi sohasida qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarga, asbob va moslamalarga qo‘yilgan talablarga rioya etgan holda, shuningdek, ishlab chiqaruvchining yo‘riqnomalariga muvofiq ekspluatatsiya qilinishi shart.
5. Ishlab turgan elektr qurilmalarida qurilish va montaj ishlari qurilish me’yorlari va Qoidalari (keyingi o‘rinlarda — QMQ) talablariga rioya etgan holda amalga oshirilishi shart.
6. Ishchi va xizmatchilar uchun mehnatni muhofaza qilish yo‘riqnomalarida ushbu Qoidalar talablari inobatga olinishi shart.
Har bir xodim, agar u Qoidalar buzilishini bartaraf etish choralarini ko‘ra olmasa, zudlik bilan o‘zidan yuqori turgan rahbariyatga barcha aniqlangan buzilishlar, shuningdek, elektr qurilmalaridagi inson hayoti uchun xavf tug‘diruvchi nosozliklar, ish olib borish jarayonida ishlatiladigan mashinalar, mexanizmlar, asboblar, moslamalar va himoya vositalaridagi buzilishlar haqida xabar berishi shart.
7. Ushbu Qoidalarga zid bo‘lgan farmoyish va topshiriqlarni bajarish taqiqlanadi.
2-bob. Xodimlarga qo‘yiladigan talablar
8. Xodimlarning malakasini oshirish va bilimlarini tekshirish tartibi elektr energetikasi obyektlarida xodimlar bilan ishlashni tashkil qilish talablariga muvofiq amalga oshirilishi shart.
9. Zararli va xavfli mehnat sharoitlarida ishlaydigan ishchilar va muhandis-texnik xodimlar (keyingi o‘rinlarda — MTX) xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi talablariga muvofiq tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart.
10. Elektr qurilmalariga xizmat ko‘rsatayotgan ishchi va xizmatchilar, o‘zlariga yuklatilgan vazifalar doirasida ushbu Qoidalarni bilishlari va ushbu Qoidalarga 1-ilovaga muvofiq elektr xavfsizligi bo‘yicha guruhga mansub bo‘lishlari shart.
Qo‘yilgan talablarga javob beradigan xodimga belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi va xodim guvohnomani ish vaqtida o‘zi bilan olib yurishi shart.
11. Xavfsizlik bo‘yicha qo‘shimcha talablar qo‘yiladigan ishlarni (maxsus ishlarni) bajarish huquqiga ega bo‘lgan xodimlar guvohnomasida bilimlar sinovidan o‘tganligi haqida belgilangan namunadagi yozuv bo‘lishi shart. Bunday ishlarga quyidagilar kiradi:
balandlikda bajariladigan ishlar;
tok o‘tkazuvchi qismlarda, kuchlanish ostida bajariladigan ishlar: izolyatorlarni tozalash, yuvish va almashtirish, simlarni ta’mirlash, izolyatorlarni va biriktiruvchi qisqichlarni o‘lchov shtangasi bilan nazorat qilish, troslarni moylash;
bosim ostida ishlaydigan idishlarga xizmat ko‘rsatish;
uskunalarni yuqori kuchlanish ostida sinash (megaommetr bilan ishlashdan tashqari).
Maxsus ishlar ro‘yxati korxona rahbariyati ko‘rsatmasiga binoan, mahalliy sharoitlarni hisobga olgan holda to‘ldirilishi mumkin.
12. O‘n sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qo‘llanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlariga jalb qilinishi taqiqlanadi.
3-bob. Tezkor xizmat ko‘rsatish va ishlarni bajarish tartibi
1-§. Tezkor xizmat ko‘rsatish tartibi
13. 1000 V dan yuqori kuchlanishli elektr qurilmalariga bir o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi navbatchi yoki tezkor ta’mirlovchi xodimlar va smena bo‘yicha katta navbatchilar elektr xavfsizligi bo‘yicha IV guruhga mansub, qolganlari esa III guruhga mansub bo‘lishi shart.
1000 V gacha kuchlanishli elektr qurilmalariga bir o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi navbatchi yoki tezkor ta’mirlovchi xodimlar III guruhga mansub bo‘lishi shart.
14. Kuchlanish ostida bo‘lgan elektr qurilmalarining to‘siqsiz tok o‘tkazuvchi qismlariga ushbu Qoidalarga 2-ilovada ko‘rsatilgandan kam masofaga odamlarning, yuk ko‘taruvchi mashinalar va mexanizmlarning yaqinlashishi taqiqlanadi.
15. Elektr stansiya va podstansiya elektr qurilmalarini navbatchi yoki tezkor ta’mirlovchi xodimlardan bo‘lgan elektr xavfsizligi bo‘yicha kamida III guruhga mansub xizmatchi yoki V guruhga mansub ma’muriy-texnik xodim yoxud tashkilot rahbariyati bir o‘zi ko‘rikdan o‘tkazishi mumkin.
Noelektrotexnik xodimlarning elektr stansiya va podstansiyaning elektr qurilmalarini ko‘rib chiqishi va ekskursiyasi korxona rahbariyatining ruxsati bilan bir o‘zi ko‘rib chiqish huquqiga ega bo‘lgan IV guruhga mansub xodim nazorati ostida amalga oshirilishi mumkin.
HLni ko‘rib chiqish ushbu Qoidalarning 367 va 368-bandlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
16. Ushbu elektr qurilmalariga xizmat ko‘rsatmaydigan xodimlar, navbatchi yoki tezkor ta’mirlovchi xodim yoki bir o‘zi ko‘rib chiqish huquqiga ega bo‘lgan xodim hamrohligida elektr qurilmalarga kiritilishi mumkin.
Hamroh xodim elektr qurilmalariga kirishi mumkin bo‘lgan odamlarning xavfsizligini kuzatishi hamda ularni tok o‘tkazuvchi qismlarga yaqinlashmasligi xaqida ogohlantirishi kerak.
17. 1000 V dan yuqori kuchlanishli elektr qurilmalarini ko‘rib chiqishda tok o‘tkazuvchi qismlarga ushbu Qoidalarga 2-ilovada ko‘rsatilgandan kam masofaga yaqinlashishga qarshi qo‘yiladigan to‘siqlar bilan jihozlanmagan xona va kameralarga kirish taqiqlanadi. To‘siqlarning eshigini ochish va to‘siqlar orqasiga o‘tish taqiqlanadi. To‘siqlar elektr qurilmalarining tuzilishi talablariga muvofiq o‘rnatiladi.
1000 V gacha kuchlanishli elektr qurilmalarini ko‘rib chiqishda shchit, yig‘malar, boshqaruv pultlari va boshqa tuzilmalarning eshigini ochishga ruxsat etiladi.
Elektr qurilmalarini ko‘rib chiqish jarayonida biror-bir ishni bajarish taqiqlanadi.
18. 6 — 35 kVli elektr qurilmalarida yerga tutashish sodir bo‘lsa, faqat tezkor almashlab ulashlarni bajarish hamda kuchlanish ta’siriga tushib qolgan odamlarni qutqarish uchun aniqlangan tutashish joyiga yopiq taqsimlovchi qurilmasiga (keyingi o‘rinlarda — YOTQ) 4 m dan, ochiq taqsimlovchi qurilmasiga (keyingi o‘rinlarda — OTQ) va HL da 8 m dan kam masofaga yaqinlashishga ijozat beriladi. Bunda elektr himoya vositalaridan foydalanish shart.
19. 1000 V dan yuqori bo‘lgan qo‘l bilan harakatlantiriladigan uzatmali ajratgich, bo‘lgich va o‘chirgichlarni o‘chirish va yoqishda dielektrik qo‘lqoplardan foydalanish zarur.
20. Saqlagichlarni o‘rnatish va olib qo‘yish kuchlanish olingan holatda amalga oshirilishi lozim.
Sxemasida kuchlanishni oluvchi kommutatsion apparatlar bo‘lmagan elektr ulanishlaridagi saqlagichlarni kuchlanish ostida, lekin yuklama bo‘lmagan holatda olishga va o‘rnatishga ijozat beriladi.
Ikkilamchi zanjirlarda, yoritish tarmoqlarida va kuchlanish transformatorlarida saqlagichlarni kuchlanish va yuklama ostida almashtirishga ijozat beriladi.
21. Saqlagichlarni kuchlanish ostida olib qo‘yish va o‘rnatishda quyidagilardan:
1000 V dan yuqori kuchlanishli elektr qurilmalarida — dielektrik qo‘lqoplar va himoya ko‘zoynaklaridan foydalangan holda izolatsiyalovchi qisqichlardan (shtangadan);
1000 V gacha kuchlanishli elektr qurilmalarida — izolatsiyalovchi qisqichlar yoki dielektrik qo‘lqoplardan va himoya ko‘zoynaklaridan foydalanish zarur.
22. 1000 V gacha kuchlanishli shchitlar va yig‘malarda saqlagichlar vertikal ustma-ust joylashganda (fazalar vertikal joylashganda) va kommutatsion apparatlar bo‘lmaganda yuklama ostida saqlagichlarni o‘rnatish va olib qo‘yishga ijozat beriladi. Bunda ko‘zni himoya qilish vositasi o‘rniga yuzni himoya qilish vositasidan foydalanish tavsiya etiladi.
23. Ish olib borilayotgan kameralardan tashqari qolgan barcha elektr qurilmalari xonalari, kameralari, shchitlari va yig‘malarining eshiklari qulflangan bo‘lishi shart.
24. 1000 V dan yuqori kuchlanishli elektr qurilmalari (YOTQning xonalari va kameralari, komplekt taqsimlovchi qurilmalar, OTQ) hamda 1000 V dan yuqori bo‘lgan elektr qurilmalaridan tashqarida joylashgan 1000 V gacha kuchlanishli taqsimlovchi shchitlar va yig‘malarning kalitlari navbatchi xodim hisobida turishi shart. Mahalliy navbatchi xodimlar bo‘lmagan elektr qurilmalarida kalitlar ma’muriy-texnik xodimlar hisobida turishi mumkin.
Har bir kalit raqamlangan bo‘lishi shart. Kalitlarning bir jamlanmasi zaxirada bo‘lishi shart.
Quyidagi xodimlarga:
bir o‘zi ko‘rib chiqish huquqiga ega bo‘lgan xodimlarga — barcha xonalarning kalitlari;
ishga qo‘yishda tezkor ta’mirlovchi xodimlarni ishga qo‘yuvchiga, ish rahbariga va ish bajaruvchiga, kuzatuvchiga — ish olib boriladigan xonalarning kalitlari tilxat bilan berilishi kerak.
25. Har kuni ko‘rikdan yoki ish tugagandan keyin kalitlar qaytarib topshirilishi shart. Mahalliy navbatchi bo‘lmagan elektr qurilmalarida ish olib borilganda kalitlar ko‘rikdan yoki ish batamom tugagandan so‘ng, uzog‘i bilan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan qaytarilishi shart.
Kalitlarni uzoq muddatga elektr tarmog‘i korxonasining taqsimlovchi elektr qurilmalarida tezkor almashlab ulash huquqiga ega bo‘lgan iste’molchilar xodimiga, shuningdek, navbatchiga, tezkor-ta’mirlash va bir o‘zi ko‘rib chiqish huquqiga ega bo‘lgan ma’muriy-texnik xodimga berish zaruriyati korxona bosh muhandisi tomonidan belgilanadi.
Kalitlarni olish va qaytarish jarayoni ixtiyoriy shakldagi jurnalda yoki tezkor-dispetcherlik jurnalida qayd etilishi shart.
26. Baxtsiz hodisa sodir bo‘lganda jarohatlangan shaxsni elektr toki ta’siridan qutqarish uchun kuchlanish zudlik bilan oldindan ruxsatsiz olinishi shart.
2-§. Ishlarni bajarish tartibi
27. Ishlab turgan elektr qurilmalarida bajariladigan ishlar ushbu Qoidalarga 3-ilovada keltirilgan naryad-ijozat shakli bo‘yicha olib borilishi lozim.
Ushbu Qoidalarda ko‘rsatilgan holatlarda ishlarni farmoyish bo‘yicha bajarishga ruxsat beriladi.
28. Ishlarni o‘zboshimchalik bilan bajarish, shuningdek, ish joylarini va topshiriq hajmini naryad yoki farmoyishda belgilanganidan kengaytirish taqiqlanadi.
29. Elektr qurilmalarida, boshqa naryad amal qilayotgan zonada bajariladigan har qanday ishlar, ushbu naryad bo‘yicha ish olib borayotgan shaxs (ish rahbari) yoki ushbu naryadni bergan shaxs bilan kelishgan holda bajarilishi shart.
Kelishuv ish joyini tayyorlashdan oldin naryadning hoshiyasida “Kelishildi” degan so‘z yozilib, kelishgan shaxs imzosi (ushbu Qoidalarga 3-ilova, 2-jadvali) bilan rasmiylashtiriladi.
30. 1000 V dan yuqori kuchlanishli elektr qurilmalarini, shuningdek, kuchlanishidan qat’i nazar HLni mukammal ta’mirlash texnologik xarita yoki ishlarni bajarish loyihasi (keyin o‘rinlarda — IBL) bo‘yicha amalga oshirilishi shart.
31. Elektr stansiya va podstansiyalarning 1000 V gacha kuchlanishli elektr qurilmalari va KLda kuchlanish ostida ishlayotganda quyidagilar bajarilishi shart:
ish joyiga yaqin joylashgan, bexosdan tegish ehtimoli bo‘lgan kuchlanish ostidagi boshqa tok o‘tkazuvchi qismlarni to‘sib qo‘yish;
dielektrik kalishlarda yoki izolatsiyalangan taglikda yoxud dielektrik gilamchada turib ishlash;
dastagi izolatsiyalangan asboblarni (bundan tashqari otvertkalarning o‘zagi ham izolatsiyalangan bo‘lishi kerak) qo‘llash; agar bunday asboblar bo‘lmasa, dielektrik qo‘lqoplardan foydalanish.
Engi kalta yoki shimarilgan kiyimda ishlash, shuningdek, temir arralar, egovlar, metalldan qilingan metrlar va boshqa shunga o‘xshash asboblardan foydalanish taqiqlanadi.
32. Agar elektr qurilmalarida egilib ishlayotgan shaxs qaddini rostlaganda elektr qurilmasining tok o‘tkazuvchi qismlarigacha masofa ushbu Qoidalarga 2-ilovada ko‘rsatilgan masofadan kam bo‘ladigan bo‘lsa, bunday holatda ishlash taqiqlanadi. Elektr stansiya va podstansiyalarning 6 — 110 kV kuchlanishli elektr qurilmalarida to‘siqsiz tok o‘tkazuvchi qismlarida orqa yoki ikki yon tomonda joylashgan holatda ish bajarish taqiqlanadi.
33. Kuchlanish ostida bo‘lgan uskunaning izolyatorlariga elektr himoya vositalarini qo‘llamasdan tegish taqiqlanadi.
34. HL va AHLning elektr bog‘langan uchastkalarini (simlarni, troslarni) ulash yoki uzishdan oldin, ularning potensiallarini tenglashtirish kerak. Uchastkalarning potensiallarini tenglashtirish, ularni sim orqali ulash yoki uzilishi kerak bo‘lgan (uzilishi mo‘ljallangan) joyning ikkala tomoniga yerga ulagichlarni o‘rnatish, so‘ngra ularni bir umumiy yerga ulagichga (erga ulash tuzilmasiga) ulash orqali amalga oshiriladi.
35. Elektr himoya vositalaridan (izolatsiyalovchi shtangalar va ombirlar, elektr o‘lchov shtangalari va ombirlari, kuchlanishni ko‘rsatuvchi asboblar bilan) foydalanib ishlaganda tok o‘tkazuvchi qismlarga odamning yaqinlashishiga — ushbu vositalarning izolatsiyalangan qismi uzunligi bilan belgilanadigan masofaga ijozat beriladi.
36. OTQda va HLning kesishish oraliqlarida kuchlanish ostida bo‘lgan simlardan pastda joylashgan simlar (troslar), ularga taalluqli izolyatorlar va armaturalarni almashtirishda, almashtirish uchun mo‘ljallangan simlarni siltab tortganda yuqorida joylashgan kuchlanish ostida bo‘lgan simlarga tegib ketmaslik uchun ushbu o‘zgartirilayotgan simlar (troslar) ustiga o‘simlik yoki sintetik toladan to‘qilgan arqonlar tashlanadi. Arqonlar kesishgan oraliqda joylashgan simni ikki joydan har tarafga tashlanib, ularning uchlari langarga, konstruksiyalarga yoki boshqa joylarga tortib mahkamlanishi kerak. Simlarni (trosni) ko‘tarish asta-sekin va bir maromda bajarilishi shart.
37. Kuchlanish ostidagi simlardan (troslardan) yuqorida joylashgan simlarda va ularga taalluqli izolyatorlardagi, armaturadagi ishlar korxona rahbariyati tasdiqlagan IBL bo‘yicha olib borilishi kerak. IBLda simlar (troslar) osilib tushib ketmasligi hamda ilashgan kuchlanishdan himoya qilish choralari ko‘zda tutilgan bo‘lishi kerak. Bunday ishlarni bajarishda kesishgan oraliqda joylashgan simlardan kuchlanishni olmasdan turib simlarni (troslarni) almashtirish taqiqlanadi.
38. Xodimlar, agar elektr qurilmasida kuchlanish yo‘qolsa, unga kuchlanish ogohlantirilmasdan yana berilishi mumkinligini yodda tutishlari kerak.
39. Sutkaning qorong‘i paytida ish olib borilayotgan joylar — yo‘lkalar, u yerga borish yo‘llari va ish joylari yoritilgan bo‘lishi shart. Yoritilish darajasi bir maromda bo‘lib, yoritish qurilmalari ishlayotganlarning ko‘zini qamashtirmasligi kerak. Yoritilmagan joylarda ishlash taqiqlanadi.
40. Momoqaldiroq yaqinlashayotganda HL, AHL, OTQ, YOTQning HL chiqarmalari va liniya ajratgichlarida, HL uchastkalariga ulangan KLda, shuningdek, aloqa uzellari xonalarining AHL kirgan qismida va antenna-ustunli inshootlardagi barcha ishlar to‘xtatilishi shart.
41. Elektr stansiyalar va podstansiyalarning ishlab turgan elektr uskunalari (boshqarish, rele va shunga o‘xshash shchitlardan tashqari) joylashgan xonalarda, YOTQ va OTQda, quduqlarda, tunnellarda va transheyalarda bo‘lgan, shuningdek, HLga xizmat ko‘rsatishda va mukammal ta’mirlashda ishtirok beruvchi barcha xodimlar himoya kaskalaridan foydalanishga majburdir.
42. Kompressor qurilmalari va havo yig‘gichlarga, akkumulyator batareyalari hamda zaryadlovchi tuzilmalarga xizmat ko‘rsatuvchi xizmatchilar III guruhga mansub bo‘lishlari shart.
43. Boshqarish shchitlarida, TQda joylashgan hisoblagichlar va boshqa o‘lchov vositalarining ko‘rsatkichlarini navbatchi nazorati ostida korxona yoki boshqa tashkilot xodimidan bo‘lgan xizmatchi yozib olishi mumkin. Mahalliy navbatchi xodim bo‘lmagan taqdirda, ko‘rsatgichlar TChBning katta xodimi nazorati ostida yozib olinishi mumkin.
44. Yer qazish ishlarini bajarishda KMK 3.01.02-00 Qurilishda xavfsizlik texnikasi talablariga rioya qilinishi kerak.
4-bob. Tashkiliy tadbirlar
1-§. Ishlar xavfsiz bajarilishi uchun javobgar shaxslar, ularning huquq va majburiyatlari
45. Ishlar xavfsiz bajarilishi uchun quyidagi tashkiliy tadbirlar amalga oshirilishi shart:
ishlar xavfsiz olib borilishiga javobgar shaxslarni tayinlash;
naryad yoki farmoyish berish;
ish joyini tayyorlashga va ishga qo‘yishga ijozat berish;
ish joyini tayyorlash va ishga qo‘yish;
ish bajarilayotganda nazorat qilish;
boshqa ish joyiga o‘tkazish;
ishdagi tanaffuslarni va ish tugatilganini rasmiylashtirish.
46. Ishlar xavfsiz bajarilishi uchun quyidagi shaxslar javobgardir:
naryad va farmoyish beruvchi;
ish rahbari;
ish joyini tayyorlashga va ishga qo‘yishga ijozat beruvchi shaxs;
ish joyini tayyorlovchi shaxs;
ishga qo‘yuvchi (ish joyini tayyorlovchi va ishga qo‘yuvchi bitta xodim bo‘lishi mumkin);
ish bajaruvchi;
kuzatuvchi;
brigada a’zosi.
Yüklə 168,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin