Hozirgi kunda hujjat va materiallarning umumiy miqdori va turlari nihoyatda ko’pdir. Shuning uchun ham arxivshunoslik fanini rivojlantirmasdan, hujjatlarni saralash va saqlashning zamonaviy usullarini egallamasdan turib arxiv ishini to’g’ri yo’lga qo’yish amri maholdir. Arxivshunoslik asoslarini yaxshi bilish bo’lajak tarixchi uchun g’oyat muhimdir. Arxiv hujjatlari bilan ishlash uslublarini egallash ilmiy-tadqiqotlar uchun yo’l ochib beradi, bakalavriat va magistraturada tahsil olayotgan talabalarga yuqori ilmiy saviyadagi bitiruv-malakaviy ishlar va magistrlik dissertasiyasi tayyorlash imkonini beradi. Mazkur fanni o’rganish arxivshunos kadrlar tayyorlash nuqtai nazaridan ham zarur. Hozirgi kunda ayrim kasb-hunar kollejlarida “Hujjatshunoslik, arxivshunoslik” mutaxassisligi bo’yicha o’rta maxsus ma’lumotli kadrlar tayyorlashga kirishildi.