42-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qo‘riqlash hamda nazorat qilish Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar qamoqda saqlash joylarida qo‘riqlanadi hamda nazorat ostida bo‘ladi va mazkur joylar hududida sog‘chi nazorati ostida yoki qamoqda saqlash joylari xodimlarining kuzatuvida yuradi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar shaxsiy tintuv qilinadi, ularning barmoq izlari hamda fotosurati olinadi. Ular joylashtirilgan xonalar tintuv qilinadi, ularning yonidagi ashyolari hamda nomiga kelgan posilkalar, yo‘qlovlar va banderollar esa ko‘zdan kechiriladi.
Qamoqqa olinganlardan olib qo‘yilgan pullar ularning shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkaziladi, qimmatli qog‘ozlar va boshqa qimmatliklar esa saqlash uchun topshiriladi. Ushlab turilganlardan olib qo‘yilgan pullar qimmatli qog‘ozlar va boshqa qimmatliklar bilan birga saqlash uchun topshiriladi. Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan qamoqda saqlash joyiga kelganida yashirgan, shuningdek u qamoqda saqlash joyida bo‘lgan davrida undan topib olingan pullar, qimmatli qog‘ozlar va boshqa qimmatliklar qamoqda saqlash joyi boshlig‘ining prokuror bilan kelishilgan asoslantirilgan qaroriga ko‘ra davlat daromadiga o‘tkaziladi.
Taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari, narsalar va moddalar saqlash uchun topshiriladi yoki tegishli muassasalarga beriladi yoxud qamoqda saqlash joyi boshlig‘ining asoslantirilgan qaroriga ko‘ra yo‘q qilib tashlanib, bu haqda tegishli dalolatnoma tuziladi.
Sanitariya ishlovidan o‘tkazish chog‘ida ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni nazorat qilish hamda shaxsiy tintuv qilish qamoqda saqlash joyining ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar bilan bir jinsda bo‘lgan xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Shaxslarni taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari, narsalar va moddalarni olib o‘tishga urinishda gumon qilish uchun yetarli asoslar bo‘lsa, qamoqda saqlash joylarining xodimlari bunday joylar hududiga kirish va chiqish joyida shaxslarning ashyolari, kiyim-boshlari hamda poyabzallarini, shuningdek kirib kelayotgan hamda chiqib ketayotgan transport vositalarini ko‘zdan kechirishdan o‘tkazishga, taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari, narsalar va moddalarni olib qo‘yishga haqlidir.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga nisbatan jinoyat ishlarini yuritayotgan shaxslarning, advokatlarning, shuningdek qamoqda saqlash joylarini nazorat qiluvchi va tekshiruvchi mansabdor shaxslarning ashyolari, kiyim-boshlari va poyabzallari ko‘zdan kechirilmaydi. Mazkur shaxslar kelganda, o‘qotar qurol hamda boshqa taqiqlangan vositalar va narsalarni qamoqda saqlash joyining navbatchilik qismiga topshirishi shart.