Quruq nitraginni ajratib olish texnologiyasi. Nitragin Rhizobium avlodiga mansub bo‘lgan tuganak bakteriyalarning hayotiy faoliyati asosida tayyorlanadigan bakterial o‘g‘it hisoblanadi va no‘xat, loviya, soya, yem-oziqa dukkaklilari, yo‘ng‘ichka kabi dukkakli o‘simliklarini hosildorligini oshirishda qo‘llaniladi.
Rhizobium avlodi bakteriyalari dukkakli o‘simliklar bilan simbioz yashab atmosferadagi erkin azotni o‘simlik tomonidan yengil o‘zlashtiriladigan birikmaga aylantiradi. Bu bakteriyalar qat’iy ravishda aerob bakteriyalar hisoblanadi. Bu avlod vakillari orasida faol, kam faol va nofaol xillari mavjud. Atmosfera azotini fiksatsiyalash faqat dukkakli o‘simliklarning ildiz tizimi tuganaklarida yuz berishi mumkin. Tuganaklarning hosil bo‘lishi dukkakli o‘simliklarning ildiz tizimini Rhizobium avlodi vakillari tomonidan infisirlanishi tufayli sodir bo‘ladi. Ildiz tizimini zararlanishi faqat yosh ildiz tuklari orqali bo‘lib o‘tadi, bakteriya unga kirib olganidan keyin uning o‘zagigacha infeksion ip tarzida cho‘ziladi. Cho‘zilgan ipchalar epidermis devorlari orqali ildizning po‘stigacha etib borib tarmoqlanadi va po‘st hujayralari bo‘ylab taqsimlanadi. Bunda xo‘jayinning hujayralarini bo‘linishi va to‘qimalarning o‘sishi indusirlanadi. Xo‘jayin-o‘simlikning ildizini bakteriyalar lokalizasiyalangan joyida tuganaklar hosil bo‘ladi, u yerda ular juda tez ko‘payadi va alohida-alohida tarzda yoki guruh-guruh bo‘lib o‘simlik hujayrasini protoplazmasida joylashadi. Bakterial hujayralarning o‘zlari hajm jihatidan 10-12 marta kattalashadi va shaklini o‘zgartiradi. Agar bu xildagi tuganaklar tarkibida legoglobin pigmenti (hayvonlarning qonini gemoglobinini analogi) ning mavjudligi tufayli qizg‘ich yoki gulobi rangli bo‘lsa, ular molekulyar azotni fiksatsiyalash qobiliyatiga ega bo‘ladi. Bo‘yalmagan («puch») yoki yashilroq bo‘yoqli tuganaklar azotni fiksatsiyalay olmaydi. Tuganak ichida joylashgan bakteriyalar nitrogenaza faolligiga ega bo‘lgan ferment tizimini sintezlaydi, u molekulyar azotni ammiakgacha qaytarish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Ammiak asosan qator fermentativ almashinuvlar yo‘li bilan keyinchalik oqsillar biosintezi uchun sarflanadigan glutamin va glutamin kislotaga assimilyatsiyalanadi. Tuganakli bakteriyalarni tavsiflashda ularning faolligidan tashqari virulentlik ko‘rsatkichini ham e’tiborga olinadi. Bu narsa mikroorganizmning dukkakli o‘simlik bilan simbioz munosabatga kirishishi, ya’ni ildizning tuklari ichiga kirib olib, tuganak hosil qilishini tavsiflaydi. Bu xilda bakteriyaning ildiz tuklari ichiga kirib borishining tezligi muhim ahamiyatga ega. O‘simlik Rhizobium ning o‘zaro bir-biriga simbiotik yaqinligi simbiotik kompleksning unumliligini bildiradi. O‘simlik bakteriyalarni kerakli oziqa moddalari bilan ta’minlaydi va ularni yashashi uchun optimal sharoit yaratadi. Bakteriyalar esa, tuganak ichida joylashib o‘simlikni azotli oziqlanishini ta’minlaydi. O‘simlik ham, bakteriya ham o‘z-o‘zidan azotni fiksatsiyalay olmaydi. Virulentlik deganda mikroorganizmning muayyan o‘simlik turiga nisbatan tanlov qobiliyati tushiniladi. Shuning uchun Rhizobium avlodini zamonaviy tasniflashda o‘simlik-xo‘jayinni e’tiborga olish lozim bo‘ladi, xususan: Rh. phaseoli-loviya uchun; Rh. vigna-mais, yer-yong‘oq uchun; Rh.lupini-lyupin (bo‘rilukkak) uchun maxsus bo‘lgan bakteriyalar turlari hisoblanadi. Bakterial o‘g‘itlar tayyorlash ishlab chiqarishini tashkil qilishda asosiy vazifa - tuganakli bakteriyalar negizida hayotiy ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan, texnologik jarayonning barcha bosqichlarida hayotiy ko‘rsatkichlarini saqlaydigan, uzoq muddat davomida faolligini yo‘qotmaydigan bakteriya turlarini ko‘paytirish hisoblanadi. Ikki xil nitraginni ajratib olish yo‘lga qo‘yilgan, ular: tuproq va quruq nitragenlaridir. Tuproq nitrogeni - bu sterilizatsiyalangan tuproqda o‘stirilgan tuganakli bakteriyalar hisoblanadi. Bu preparatning 1 g da 0,3 mlrd. hayotchan bakteriya hujayralari bo‘ladi. Uni ajratib olish texnologiyasi murakkab va ancha qiyin amalga oshiriladigan jarayon hisoblanadi. Quruq nitragin unga qo‘shimcha (bentonit, kaolin, bo‘r) qo‘shilgan holda oq-kulrang yoki jigarrang kukun bo‘lib, uning 1 g ni tarkibida 9 mlrd dan ziyod hayotchan bakteriya hujayralari bo‘ladi. Kukun tarkibidagi namlikning miqdori 5-7 % dan oshmaydi.
Nitraginni sanoat miqyosida ishlab chiqarilishi mikrobiologik korxonaning aseptik sxemasi asosida amalga oshiriladi. Tirik hujayra shtammlarini ishlab chiqarishning eng «tor» jihati, uni quritish muammosini hal qilish bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli, har gal foydalaniladigan shtammlarni baholashda, ularning mahsuldorligini inobatga olish bilan birga, haroratli ta’sirga nisbatan chidamliligini ham hisobga olish talab qilinadi. Ekish materialini olish uchun tuganakli bakteriyani dastlabki namunasini oldin tarkibida, masalan, dukkakli o‘simliklarning urug‘ini qaynatmasi, 2 % agar va 1 % saxaroza bo‘lgan agarlashtirilgan muhitda o‘stiriladi, keyin hosil bo‘lgan mikrobli aralashmani kolbada suyuq oziqa muhitida 1-2 kun davomida 28-30 0C va pH 6,5-7,5 bo‘lgan sharoitda ko‘paytiriladi. Sanoat ishlab chiqarishini hamma bosqichlarida bir xil tarkibli oziqa muhitidan foydalaniladi, uning tarkibida: qand lavlagisi qoldiqlari, makkajo‘xori ekstrakti, ammoniy va magniy sulfatlar, natriy xlorid, ikki almashingan kaliy fosfat bo‘ladi. Tayyor bo‘lgan ekish materialini 1 ml ni tarkibida 10 mlrd hujayra bo‘lib, undan oziqa muhitini 3-5 % hajmida ekish apparatiga ko‘chiriladi va yuqorida keltirilgan haroratda, doimo aralashtirish hamda aeratsiyalash (1 minutda 1 hajm muhitga 1 hajm havo yuborish) sharoitida o‘stirib ko‘paytirishni davom ettiriladi. Agar 1 kun o‘tgandan keyin ekish materialining titri 1ml hisobiga 2 mlrd ga etsa, o‘stirishni to‘xtatiladi, hosil bo‘lgan ekish materialini muhit hajmiga nisbatan 3-5 % hajmda fermentyorga o‘tkaziladi. Asosiy fermentatsiyani 2-3 kun o‘sha harorat, o‘sha muhitning pH ko‘rsatkichida, lekin havo oqimining biroz yuqori ko‘rsatkichida (1 minutda 1 hajm muhitga 1,3 hajm havo yuborish) amalga oshiriladi. Jarayonning oxirida hujayralarning titri 1 ml muhitda 10 mlrd ga yetadi. Tayyor mikrobli aralashmani separatsiyalanadi, bunda pastasimon biomassa hosil bo‘ladi, uning namligi 70-80 % ni tashkil qiladi. Biomassaga tarkibi qand lavlagisi qoldiqlari va tiomochevina (20:1 nisbatda) dan iborat bo‘lgan himoya muhiti qo‘shib aralashtiriladi va quritish uchun yo‘naltiriladi. Quritish jarayoni vakuum-quritkichda 30-35 0C da amalga oshiriladi. Quritilgan biomassa maydalanadi, unda shtamm hujayralari titri 1 g hisobiga 10 mlrd ni tashkil qiladi. Nitraginning quruq preparatlarini 0,2-1 kg hisobida polietilen xaltachalarga qadoqlanadi va germentizatsiyalanadi, 15 0C da 6 oygacha saqlanadi. Nitragin preparatini fosforli-kaliyli va organik o‘g‘itlar fonida qo‘llaniladi, chunki bunda tuganakli bakteriyalarning faolligi oshadi. Nitragin dukkakli o‘simliklarning hosildorligini 15-25 % ga oshiradi, bu ekinlar birinchi bor ekiladigan xududlarda esa 100 % ga oshiradi. Nitraginni ekishdan oldin urug‘larga preparatning quruq kukunini sepib keyin ekiladi.
Dostları ilə paylaş: |