Davlat boshqaruvi tizimi. Buxoro amirligida XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab mang’itlar sulolasining vakillari hukmronlik qiladilar. Sulola hukmronligining asoschisi Rahimbiy ibn Hakimbiy biroz muddat (1747 yildan keyin) Abdulfayzxonning o’g’illariga otaliq bo’lgan bo’lib, 1756 yilda sayidlar, xo’jalar va ruhoniylar tomonidan Buxoro taxtiga o’tqaziladi. Rahimbiy xon unvonini olmasdan o’zini “noib ulhukumat” (“hokim o’rinbosari”) deb bilgan. Doniyolbiy otaliq ham xonlikka da’vo qilmay avval Fozilto’rani, keyin esa Abdulg’oziyni(1758- 1784 yy.) xon deb e’lon qilib, o’zi ularga noib hisoblangan. Shohmurod 1785 yilda Buxoroda “amir” unvoni bilan taxtga o’tiradi. Buxoro amirligining siyosiy tizimi, idora etish tartib-qoidalari, davlat ramzlari, unvon va mansablar haqida ko’pgina olimlar tadqiqot ishlari olib borganlar. Ushbu tadqiqotlarning tahlillari shuni ko’rsatadiki, mang’itlar hukumronligi davrida davlat tizmida jiddiy o’zgarishlar amalga oshirilmagan. Bu davrda oliy hukumdor garchi amir unvoni bilan hokimiyatni boshqargan bo’lsa-da, Buxoro amirligi ham o’z tizimi, qonun-qoidalari, boshqaruv tartiblari va butun mohiyati bilan, o’rta asrlar Movarounnahrdagi musulmon davlatlari, xususan, shayboniylar va ashtarxoniylar davlat tizmidan deyarli farq qilmagan. Buxoro amiri Sayyid Olimxon o’zining “Buxoro xalqining hasrati tarixi” asarida Buxoro amirligining siyosiy va idoraviy tashkilotlari hamda davlat boshqaruvi haqida ma’lumotlar berib, jumladan quyidagilarni yozadi: “Buxoro amirlari hukm yuritishlarida – shariat usul va odatlariga rioya qilar edilar. Buxoroning islom ulamolari amirni payg’ambar xalifasi-o’rinbosari, usul va shariat himoyachisi deb bilar edi. Amirning tirikchiligi butunlay shariatga mos bo’lardi, uni buzish mumkin emas edi. Buxoro xonlari butunlay mang’itlarning o’zbek toifasidan bo’lgan.
Buxoro podshohlarini o’zbek odatlariga ko’ra, to’shakcha ustiga tabarrukona o’tqazib, sayyidlar, xo’jalar va mullolar uni yerdan ko’taradilar. Buxoro mamlakati 28 ta viloyat (bog’ot)ga bo’linar edi. Eng katta viloyatlarga amirning o’zi hokimlarni tayinlar edi. Bu viloyatlarga Nurota, Qorako’l, Boysun, Hisor, Dehnov, Qo’rg’on, Boljuvon, Ko’lob, Qubodiyon, Darvoz, Ro’shon, Samarqand, Miyonqol, Farob, Urmeton va Maschohlar kirar edi. Valiahdga qarashli mulk Qarshi hisoblanar edi.” Buxoro amirligida davlat mutlaq qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatga ega bo’lgan amir tomonidan boshqarilar edi. Davlat ahmiyatiga molik bo’lgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy,diniy va boshqa masalalar Buxorodagi bosh qarorgoh – Arkda ko’rib chiqilgan hamda hal etilgan. Bosh qarorgoh hisoblangan Arkda amir va uning oilasidan tashqari qo’shbegi, shig’ovul, to’pchiboshi, mirzaboshi kabi saroy amaldorlari o’z oilalari va xizmatkorlari bilan yashagan. Zaruratga qarab mamlakat poytaxtida amir boshchiligida Davlat Kengashi chaqirilib turilgan.
An’anaga ko’ra, lavozimlariga qarab 5 tadan 20 tagacha amaldorlar a’zo bo’lgan ushbu kengashda mamlakat hayotiga doir eng muhim masalalar ko’rib chiqilgan. Ilgarigi davrlarda bo’lagani kabi mang’itlar davrida ham davlat boshqaruvi tizimi ikki bo’g’in – markaziy va mahalliy boshqaruv tizimidan iborat bo’lgan. Bu tizimlar musulmon davlatlariga xos bo’lgan murakkab boshqaruv tarmoqlariga ega bo’lgan hamda asosan amir, saroy amladorlari, o’zbek urug’lari va qabila boshliqlari, ulamolar, harbiy boshliqlardan tashkil topgan. Amirlikdagi markaziy hokmiyat amir boshchiligidagi saroy a’yonlari qo’lida bo’lsa, mahalliy boshqaruv viloyat noiblari qo’lida edi. Viloyat beklari amir tomonidan asosan mang’it urug’i vakillaridan tayinlangan. Amirlikning poytaxti Buxoro va uning atrofidagi tumanlar amir tomonidan boshqarilgan. Viloyat beklari nisbatan kichik hududiy bo’linmalar amlok mulklar hisoblanib, ularning boshqaruvchilari amaldor deb atalgan. Amirlikning ma’muriy tuzilishidagi eng quyi bo’g’in qishloq jamoalari bo’lib, ularni oqsoqollar boshqargan. Xullas, Buxoro amirligi rus istilosiga qadar hozirgi O’zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston respublikalarining katta qismini o’z ichiga olgan O’rta Osiyodagi yirik davlat edi.
Buxoro amirligining davlat boshqaruvi ikki qismdan iborat bo’lgan.Birinchisi, amir saroyining xizmati bo’lsa, ikkinchisi bevosita davlat boshqaruvi hisoblangan.Saroyda quyidagi aniq vazifalar mavjud bo’lgan:
Udaychi – ularning vazifasiga doim amirning yonida bo’lish, unga ish yuzasidan ma’lumotlar berib turish, shuningdek, Peterburg va Turkiston general-gubernatori qoshidagi elchixonalarda alohida topshiriqlarni bajarish kirgan;
Shig’ovul – shaxsiy adyutantlar;
Mirzo, munshiy – amirning shaxsiy kotiblari;
Mirzo- mushrif – amirning ikkinchi darajali kotiblari;
Mehmonxona amaldori (mehmonxudoy) – amir mehmonxonasi xodimi;
Devonbegi – daromad, xarajat va xo’jalikni boshqaruvchi mansabdor shaxs;
Miroxurboshi – otlar, anjom va harakatlanish qismlarini boshqaruvchi shaxs;
Mirshabboshi – politsiya qismini boshqaruvchi shaxs;
Jamoat – mehmon kutish va yig’ilishlarda ishtirok etuvchi shaxslar;
Yurtchi – amirning chiqishlarida oldinga chiqib yo’l ochib boruvchi shaxs;
Shogird-pesha – amirning maxsus farmonlari bitilgan pochtani yetkazib berish bilan shug’ullanganlar va alohida topshiriqlarni bajarib turganlar;
Sarkarda – qabila boshliqlari, sobiq beklar ham tayinlanganlar, ular Buxoro navkarini boshqarganlar;
Mahramlar – yaqin shaxsiy himoyachilar;
Farroshboshi, sharbatdor, oftobachi (yuvinish asboblarining mutasaddisi), bakovul-oshpaz, shabgard (tungi qorovullar) va boshqalar;
Ma’muriy boshqaruvni maxsus tashkil etilgan quyidagi to’rtta markaziy organ amalga oshirgan: davlat devonxonasi, moliya-soliq organi, diniy sud organi va nazorat organi.
Davlat devonxonasi boshqaruv organi sifatida amaldorlar tarkibini to’ldirish, ularni almashtirish, Rossiya siyosiy agenti va mahalliy (joylardagi) amaldorlar bilan yozishmalar olib borish, chet el mahsulotlaridan soliq yig’ish ishlarini boshqarish bilan shug’ullangan.
Devonxonani mamlakatning bosh vaziri Qo’shbegi boshqargan. Amir mamlakatda bo’lmagan paytlarda davlat boshqaruvi uning qo’lida bo’lgan. Ikkinchi boshqaruv moliya-soliq organi bo’lib, ma’muriy boshqaruv organi hisoblangan va uni Devonbegi boshqargan. Devonbegi lavozimi Qo’shbegidan keyin ikkinchi o’rinda turgan. Bu organ mamlakatda soliq yig’ish, xazinaning daromad va xarajatlarini hisoblash bilan shug’ullangan. Uning qoshida mirzolar, shogirdpeshalar, mehmonxona amaldorlari, zakotchilar, miroxurboshi, sharbatdor, mahramlar, navkarlar (300 nafarga yaqin) va quyi izmatchilar bo’lgan. Barcha amaldorlar Devonbegi tomonidan lavozimiga tayinlangan va amir tomonidan unvon berilgan.
Uchinchi ma’muriy boshqaruv diniy sud organi hisoblanib, uni amirning bosh din peshvosi Qozikalon boshqargan. Bu organ sud ishlari, notarial vazifalar, din veshvolariga bog’liq masalalarni hal qilish va o’quv muassasalarining faoliyatiga rahbarlik qilgan. Uning qoshida mirzolar (ish yurituvchilar), qozilar, mullai azimlar (tergov ishlarida jalb etiladigan vakillar), devonbegi (xo’jalik yurituvchi shaxs), miroxurboshi, mahramlar hamda quyi xizmatchilar faoliyat ko’rsatgan. Mazkur mansabdorlarni Qozikalon tayinlagan va vazifasidan ozod qilgan.
To’rtinchi ma’muriy nazorat organi Rais qaramog’ida bo’lib, uning vakolatiga qonunlarning bajarilishi, axloqiy soflik, diniy e’tiqodni himoya qilish hamda bozorlarda tosh-tarozi va o’lchov birliklarining aniqligi ustidan nazorat qilish kirgan. Uning qoshida mirzalar, raislar (topshiriqlarning bajarilishiga mutasaddi amaldor), mahramlar, devonbegi(xo’jalik boshqaruvchisi), miroxurboshi va quyi xizmat vakillari faoliyat ko’rsatgan. Barcha amaldorlarni Bosh Raisning o’zi tayinlagan. Bosh Rais bevosita amir va Qozi kalon oldida javob bergan.