Muloqotning kommunikativ tomoni deyilganda, uning shaxslararo axborotlar, bilimlar, g’oyalar, fikrlar almashinuvi jarayoni sifatidagi vazifalari nazarda tutiladi. Shu jarayonning asosiy vositasi bo’lib til xizmat qiladi. Til shaxslar o’rtasida aloqa vositasi bo’lib uning yordamida kishilar bilgan ma’lumotlari va hokazolarni bir-birlariga yetkazadilar. Ma’lumki, aloqa vositasi sifatida nutqning asosan 2 turi farqlanadi: yozma nutq hamda og’zaki nutq.Og’zaki nutqning o’zi dialogik va monologikturlarga bo’linadi.
Odamlar muloqot jarayonida so’zlardan tashqari turli xil harakatlardan, qiliqlardan, holatlardan, kulgu, ohanglar va boshqalardan ham foydalanadilar. Qiliqlar, mimika, ohanglar, to’xtashlar (pauza), hissiy holatlar, kulgu, yig’i, ko’z qarashlar, yuz ifodalari va boshqalar o’zaro muloqotning nutqsiz vositalari bo’lib, ular muloqot jarayonini yanada kuchaytirib, uni to’ldiradi, ba’zan esa nutqli muloqotning o’rnini bosadi.
Buyuk rus yozuvchisi L.N. Tolstoy odamlarda 97 xil kulgu turi hamda 85 xil ko’z qarashlari turi borligini kuzatgan, G.M. Andreyevaning yozishicha, odam yuz ifodalari, nigohlarining 2000 ga yaqin ko’rinishlari bor. Ayniqsa, birinchi bor uchrashganda ko’zlar tuqnashuvi, nigohlarning roli keyingi muloqotning taqdiriga kuchli ta’sir ko’rsatishi maxsus tadqiqotlar jarayonida o’rganilgan. Bularning barchasi muloqotning hissiy tomondan boy, mazmundor bo’lishini ta’minlab, odamlarning bir-birlarini tushunishlariga yordam beradi. Muloqotning noverbal vositalarining milliy hamda hududiy xususiyatlari borligini ham alohida ta’kidlab o’tmoq lozim. Masalan, o’zbek xalqining muloqot jarayoni boy, o’zaro munosabatlarining bevosita xarakteri unda shunday vositalarning ko’proq ishlatilishi bilan bog’liq. Bolalarning o’z yig’isi bilan onasiga o’z his-kechinmalari hamda xohishlarini bildirishlari ham bolalarning yosh xususiyatlariga bog’liq. Boshqa millatlar madaniyatiga nazar tashlanadigan bo’lsa, ularda ham ba’zi bir muloqot vositalarining turli millatlarda turli maqsadlarda ishlatilishining guvohi bo’lish mumkin. Bolgarlar agar biron narsa bo’yicha fikrni tasdiqlamoqchi bo’lishsa, boshlarini u yoq bu yoqqa chayqashar, inkor qilishmoqchi bo’lsa-chi, aksincha, bosh siltashar ekan. Ma’lumki, o’zbeklar, ruslar va bir qator boshqa millatlarda buniig aksi.
Noverbal muloqotda suhbatdoshlarning fazoviy joylashuvlari ham katta ahamiyatga ega. Masalan, ayollar ko’proq hissiyotlarga boy bo’lganliklari sababli, suhbatlashayotganlarida bir-birlariga yaqin turib gaplashadilar, erkaklar o’rtasida esa doimo fazoviy masofa bo’ladi. Olimlarning aniqlashlaricha, bolalarni odatdagiday orqama-ketin o’tqazib o’qitgandan ko’ra, ularni yuzma-yuz o’tqazib davra qilib o’qitgan ma’qul emish, chunki bunday sharoitda o’quvchilarda ham javobgarlik hissi yuqoriroq bo’lar ekan hamda emosiyalar almashinishgani uchun ham guruhdagi psixologik vaziyat ijobiy bo’lib, bolalarning predmetga va bir-birlariga munosabatlari ancha yaxshi bular ekan.
Demak, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishda muloqotning barcha vositalariga, ayniqsa, nutqqa e’tibor berish kerak. Bolalarni ilk yoshlik chog’laridanoq nutq madaniyatiga o’rgatish, nutqlarini o’stirish choralarini ko’rish zarur. Pedagog esa shunday nutq madaniyatiga ega bo’lishi kerakki, u avvalo uning faoliyatini to’g’ri tashkil etishni ta’minlasin, qolaversa, bolalarda nutqning o’sishiga imkoniyat bersin. Buyuk pedagoglarimizdan V.A.Suxomlinskiy ham o’qituvchining madaniyati to’g’risida gapirib, bu madaniyatning tarkibiy va asosiy qismi nutq madaniyati ekanligini bejnz ta’kidlamagan.