“Refleksiya – o‘z–o‘zini tahlil qilish bo‘lib, o‘z–o‘zicha belgilangan maqsadga erishish emas, balki bilim olish, tajriba orttirish usuli, ijodga, kasbiy jihatdan takomillashishga nisbatan rag‘batlantirishdir”. Ilmiy adabiyotlar tahlili, shuningdek o‘qituvchi faoliyatida pedagogik tajriba o‘qituvchilar pedagogik mahoratini oshirishning diagnostik metodikalaridan foydalanish va olingan natijalar tahlili pedagogik tashxislashni o‘qituvchining kasbiy refleksiyasi rivojlanishini ta’minlaydigan usullardan biri sifatida baholashga imkoniyat beradi.
Zero, o‘qituvchi ilg‘or pedagogik tajribalarni o‘rganishda “tajriba o‘rganishdan maqsad va uning vazifalarini rejalashtirish, dolzarb mavzuni aniqlash, maktab amaliyotida mohir o‘qituvchilarning yutuqlarini o‘rganish, materiallarni to‘plash, tahlil qilish, xulosa chiqarish” kabi vositalardan foydalanadilar.
Shuningdek, ta’kidlamoqchimizki, pedagogik tashxislash qayd qiluvchi emas, balki maqsad hosil qilishni belgilovchi (prognostik) xarakterga ega bo‘lganligida samarali bo‘ladi, bu o‘qituvchining kasbiy refleksiyasi rivojlanishi asosida amalga oshiriladi. Ayni paytda aynan ta’lim–tarbiya jarayonida maqsad hosil qiluvchi tashxislash uning rivojlanish qobiliyatini ta’minlaydi.
Xulosa qilib aytilganda, o‘qituvchi tomonidan o‘z kasbiy faoliyati natijalarini anglab yetishi uning pedagogik faoliyatni amalga oshirishini yanada takomillashgan usullarini izlash va ularni o‘zlashtirish zaruriyatini ta’minlaydi. Faoliyatni o‘zgartirish esa, ma’lumki, faoliyat sub’ektining o‘zgarishiga olib keladi. O‘qituvchining analitik (tahlil qilish) qobiliyatlari rivojlanishi jarayonida uning kasbiy refleksiyasi ham rivojlanadi, bu o‘z navbatida, o‘qituvchining o‘z–o‘zini rivojlantirish jarayonini ma’lum bir yo‘nalishga solib, uning shaxsiy ijodiy faolligini oshiradi.