O’rta Osiyodagi iqtisodiy g’oyalar. O’rta Osiyo Evropani Osiyo bilan bog’lovchi yirik moddiy-madaniy va savdo markaziga aylandi. Bu jarayonlar bir-biridan minglab chaqirim uzoqlikdagi davlatlar, xalqlar o’rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni shakllantirdi. Axir, Osiyodagi va Evropadagi tovarlarga bo’lgan talab va taklifni (bozorning asosiy unsurlarini) yaxshi bilmay turib, uzoq va xatarli yo’lga chiqish mumkinmidi, katta karvonlarni tog’u toshlardan , qum cho’llardan olib o’tish osonmidi, buning uchun ma’lum qoidalarga, amallarga tayanib ish ko’rish kerak bo’ldi. Evropaga qancha va qaysi tovarlarni olib borish, u erdan nima olib qaytish, karvon yo’lidagi davlatlar, xalqlar talab-etiyojini yaxshi bilish talab etilgan. Oqibatda turli bilim sohalari, matematika (al-jabr), geometriya (xandasa), astronomiya (falakiyot ) va boshqa ko’pgina fanlar rivojlandi. Bu davrda butun dunyoga tanilgan Xorazmiy , Farg’oniy, Ibn Sino, Ibn Ro’shd, Yusuf Xos Hojib, Nizomulmulk va boshqa ko’plab mutafikkirlar yashab, ijod qilishdi. Ularning asarlarida muhim iqtisodiy g’oyalar ham o’z aksini topgan. Sharq uyg’onishi davridagi olimlar shu davrdagi tijorat, mulkdorlik sirlarini bayon etganlar. Ularning ko’plari hozirgi kunda ham o’z ahamiyatini saqlab kelmoqda. A.Forobiyning iqtisodiy fikrlari. O’rta asr davrida ilg’or iqtisodiy fikrlarni ilgari surgan buyuk mutafakkirlardan biri, Aristotelning izdoshi, uning asarlarini tahlil qilgan «ikkinchi muallim» Abu Nasr Farobiy (870–950) hisoblanadi. U ko’p qirrali olim bo’lib, o’z bilimini oshirish yo’lida tinmay mehnat qilgan, qaysi yurtda mashhur olim borligini eshitishi bilan, suhbatlashib undan saboq olish uchun yo’lga chiqqan. Forobiy bir asarni bir marta o’qib tushunolmasa, uni qayta-qayta o’qirdi. Aristotelning «Jon haqida» asarining Forobiy o’qigan nusxasi topilgan bo’lib, kitob chetiga uning tomonidan «Men bu kitobni yuz marta o’qidim», boshqa bir kitobda esa «Bu kitobni qirq marta o’qidim, lekin yana o’qishim kerak», deb yozilgan. Forobiy Aristotel asarlarini o’qib o’rganish bilan birga, ularga sharhlar ham yozgan. Buyuk alloma Ibn Sino Aristotelning «Metafizika» asarini Forobiy yozgan sharhlar yordami bilangina to’liq tushunganligi haqida yozgan. Farobiy bugungi kunda ham o’z ahamiyatini yo’qotmagan moddiy ehtiyojlar to’g’risida ta’limot yaratdi. Uning fikricha, odamlarning ehtiyoji jamiyat shakllanishining asosiy sababidir. «Tabiatan har bir odam shunday yaralganki, u yashashi va kamol topishi uchun ko’p narsalarga ehtiyoj sezadi. Ularni u bir o’zi topa olmaydi va ularga erishish uchun kishilar jamoasiga muhtoj bo’ladiki, uning har biri u ehtiyoj sezayotgan narsalardan biron-birini beradi. Bunda har bir odam boshqalarga nisbatan xuddi shunday holatda bo’ladi». Jamiyat shakllanishi uchun moddiy ehtiyojlar to’g’risida bunday tushuncha o’sha davrdagi ilg’or fikrlardan hisoblanadi. Shu bilan birga, moddiy boylik yaratishdagi mehnat va mehnat qurollarining ahamiyatini, har xil hunar turlarini uqtirib o’tgach, qullikka keskin qarshi chiqdi. Forobiy Platonga o’xshab ideal tuzum to’g’risida fikr yuritdi. U kelajak haqida o’ylab, baxtga erishishning zarur va birlamchi shartini tashkil etuvchi o’zaro yordam va do’stlik tufayli bo’ladigan shaharni ideal shahar deb hisoblagan; Abu Nasr Farobiy (870–950) 48 er yuzida barcha xalqlarning o’zaro yordami asosida bir butun yagona jamiyat qurish mumkinligi to’g’risida, mahsulotlarni adolatli taqsimlash haqida fikrlar bildirgan. Ammo Forobiy mazkur o’zaro yordamning iqtisodiy asosi – mehnat mahsulotlarini ayirboshlashning zarurligini ko’rsatib bera olmadi. Shu narsani qayd qilib o’tish kerakki, Forobiy iqtisodiy savollarni ikkinchi o’ringa surib qo’ydi. Bu, ayniqsa, uning davlat to’g’risidagi talqinida ko’rinadi, unda adolat o’rnatish, ommani ma’rifatli qilish uning asosiy funktsiyalaridan deb e’tirof etiladi. Forobiyning mulkchilik to’g’risidagi qarashlari. Abu Nasr Forobiy mulkchilik haqida fikr yuritib, mulkka egalik qilish, undan maqsadga muvofiq foydalanish, o’ziga to’q yashash to’g’risidagi ilg’or fikrlarni ilgari suradi. U odamlarga, avlodlarga zarar keltirmaydigan mol-mulk orttirish foydali ish ekanligi, boshqalar uchun zarar keltiradigan boylik to’plash, mol-mulk orttirish esa yomon odat ekanligini aytib o’tadi. Forobiy kishilarni mulkiy qonunlar asosida tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor beradi. Uningcha, ma’rifatli, qonun asosida ish yuritadigan, huquqiy madaniyatli kishilar jamiyat taraqqiyotida muhim rol o’ynaydilar va aksincha “...shahar aholisi ma’rifatsiz, tajribasiz odamlar va bolalardan iborat bo’lsa, u holda ular qonun o’rnatgan tartib va boshqaruv usulini qabul qilmaydilar”. Ko’rinib turibdiki, qonun-qoidalar asosida ish yuritishga alohida e’tibor qaratilgan. Huquqiy tarbiya, madaniyat mulkni to’g’ri tasarruf etish, undan unumli foydalanish va mulkni ko’paytirishga undaydi. Forobiyning ta’kidlashicha, “Mulk orttirishda unchalik xavf yo’q... Mulkni ehtiyot qilib saqlab, o’z ehtiyoji uchun ishlatsa, bu yomon hisoblanmaydi”. Forobiyning mulkchilik to’g’risidagi iqtisodiy fikrlarining to’g’ri ekanligini hayotning o’zi ko’rsatib berdi. Mamlakatimizda mulkdorlar sinfining shakllanib, ularning soni ko’payib, iqtisodiyotni rivojlantirishda roli ortib borayotgan hozirgi davrda Forobiyning mulk va unga egalik qilish haqidagi g’oyalari yana ham faollashib bormoqda. Forobiyning taqsimotga bo’lgan iqtisodiy qarashlari. Taqsimot Forobiyning iqtisodiy qarashlarida o’ziga xos usulda talqin etiladi. Uningcha, jamiyat va kishilar qo’lidagi mol-mulkini, noz-ne’matlarni to’g’ri taqsimlash davlat miqyosidagi asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Taqsimot maqsadga muvofiq amalga oshirilmas ekan, ko’pchilik kishilar bachkanalashib ketadi, odamlar faqir ahvolga tushib qoladi. Shu narsa ayonki, mavjud narsalar taqsimlanadi. Shu bois maqsadga muvofiq taqsimotni amalga oshirish maqsadida Forobiy mavjud bo’lgan barcha boyliklarni to’g’ri hisobga olishni nazrda tutadi. U shunday yozadi: “Avvalo er va joylarning miqdori, keyin ularning egalari va tutgan o’rinlari, so’ngra nihoyatda zarur narsalar bo’lgan oziq-ovqatlar, ekiladigan erlar, saroy va shaxsiy uylar miqdori hisobga olinishi zarur”. Forobiy Platonning: “Taqsimot juda qiyin ish, lekin juda zarur ishdir”, – degan fikrini alohida ko’rsatib o’tadi. Biz bundan Forobiy taqsimot muammosining qiyinligini, uni to’g’ri hal etish jamiyat hayotida muhim ahamiyatga ega ekanligini yaxshi tushunganligini ko’ramiz. Abu Rayhon Beruniy Muhammad ibn Ahmad - XI asr qomusiy olim Beruniy juda yoshligidan ilm va fanga qiziqadi. U sevgan fanlar - astronomiya, matematika, geodeziya, geografiya va mineralogiya bo’lgan. Beruniyning matematikaga va fanning boshqa sohalariga qo’shgan hissasini yozib qoldirgan 100 dan ortiq asaridan ham ko’rish mumkin. Ulardan eng yiriklari “Hindiston”, “Yodgorliklar”, “Qonuni Mas’udiy”, “Geodeziya”, “Mineralogiya” va “Astronomiya”. Qolganlarini quyidagicha taqsimlash mumkin: matematikaga doirlari - 22 ta; astronomik asboblar haqida -10 ta; astrologiklari -21 ta; turli fanlar (fizika, mineralogiya, adabiyot, tarix va boshqalar) -38 ta; turli tillardan tarjima asarlar -21 ta. Beruniyning bu asarlaridan atigi 30 ga yaqini bizning kunlargacha etib kelgan. 995-yilgacha u astronomiya, geografiya, geodeziya amaliy masalalarini hal etish bilan birga er va osmon globusini yasadi hamda astronomiyaga oid bir necha kitoblar yozdi. Olimning ana shunday asarlaridan biri “Geodeziya“ 1025-yilda yozib tugatilgan. Bu asar “Shaharlar orasidagi masofalarni aniqlash uchun Abu Rayhon Beruniy Muhammad ibn Ahmad 50 joylarning chegaralarini belgilash“ga doirdir. Kitobning 4-bobi oxirida Beruniy er aylanasining kattaligini o’lchash haqida fikr yuritgan. Qadimdan insonlar erning shakli va kattaligini bilishga qiziqqanlar va turli xalqlar er shaklini turlicha tasavvur qilishgan. Miloddan avval o’tgan Pifagor, Arastu, Arximed kabi buyuk olimlar er dumaloq va shar shaklida degan fikrni aytganlar. Bag’dodda tashkil topgan “Donishmandlik uyi” nomli o’sha davrning fanlar akademiyasida O’rta Osiyolik olimlardan Xorazmiy, Farg’oniy, Habash Xasib, Marvaridiy kabi olimlar turli sohalarda ish olib borganlar. Beruniy ham shu “Donishmandlik uyi”ning a’zosi bo’lib, u erda 7 yil ishlagan. Olimning muhim asarlaridan biri “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“ uning Jo’rjon saroyida xizmat qilgan davrida yaratiladi. 1000-yili tugallagan bu asar muallifning ko’p qirrali olim ekanini namoyish etdi va unga katta shuhrat keltirdi. Muallifning ilmiy adabiyotlarda qisqacha “Geodeziya”deb yuritiladigan “Turar joylar orasidagi masofani tekshirish uchun joylarning oxirgi chegaralarni aniqlash” nomli astronomiya va geografiyaga bag’ishlangan asari 1025-yilda yozib tugatildi. Beruniyning “Munajjimlik san’atidan boshlang’ich tushunchalar” asari ham 1029-yilda G’aznada yoziladi. Oradan bir yil o’tgandan so’ng u o’zining “Hindiston” nomi bilan tanilgan “Hindlarning aqlga sig’adigan va sig’maydigan ta’limotlarini aniqlash” kitobini yakunlaydi. Bunda Beruniy hozirgi Amerika qit’asini mavjudligini Kolumbdan bir necha asr avval ilmiy asoslab bergan. Olim yashagan davrdagi munosabatlar, ishlab chiqarishning yuksalganligi, savdosotiqning rivojlanishi, sug’orish inshooatlarining ishga tushirilishi ana shu davr uchun xos edi. Shu asosda Beruniyda kishilik ehtiyojlarining paydo bo’lishi va uni qondirish asoslari, mehnat va hunarga munosabatlari uyg’unlashib ketadi. Uning fikriga ko’ra, kishilar o’z zaruriy ehtiyojlarini qondirish uchun uyushgan holda yashash va ishlashga majburdirlar. Ehtiyojlar turli-tuman va ko’p bo’lganligi uchun insonlar birlashgan holda turar joy va shaharlar yaratishga intiladilar, deb hisoblaydi. Shuningdek, u davlatning paydo bo’lishini ham ehtiyoj tufayli deb o’ylagan. eng muhim g’oya shuki, barcha qimmatli narsalar inson mehnati bilan yaratiladi va insonning qadr-qimmati uning avlod-ajdodlarining kim bo’lganligi 51 emas, balki uning mehnati, aqliy va jismoniy mahorati bilan belgilanadi. Har bir davrning urf-odatlari o’ziga xos bo’ladi va inson ahli ularga rioya qilmog’i darkordir, aks holda nizom va bir xillik yo’qolsa, tartib ham yo’q bo’ladi, deb uqtiradi buyuk donishmand. Olimning fikrlariga tayanib shunday muhim qisqacha xulosalar chiqarish mumkinki, inson erdagi bunyodkor va yaratuvchi kuchdir. Inson avvalo halol mehnati bilan ulug’lanadi, kishilik jamiyatining asl ibtidosi ham mehnatdandir. Beruniy qayd etishicha, bilimlarni egallamoq va hunar o’rganmoq uchun mehnat qilish zarur, bu esa doim davom etadigan va takomillashib boradigan jarayondir. U mehnatni turlarga ajratib, ularning har qaysisi alohida talab va ehtiyojlar asosida vujudga kelishini ko’rsatib berdi. Binokor, ko’mir qazuvchi, hunarmand, fan sohiblari mehnatini og’ir mehnat deb biladi. Ilm, ma’rifat zag’matkashlari mehnatiga ta’rif berish, ilm olish, o’qish eng kerakli mehnat ekanligini isbotlaydi. Shunga ko’ra olimlarning mehnatini qadrlash turli ilmlar ko’payishiga olib keladi. Olim jamiyatning asosini moddiy ne’matlar uchun bo’lgan harakatlarda, mehnatda deb biladi. Mehnatkashlarning xohish-irodasiga qarshi, ularni majburlab ishlatishga qarshi bo’lgan, chunki bunday mehnat samarasi pastdir. Meros bo’lib avloddan avlodga o’tib keladigan hunarlar yuqori baholangan. Beruniy og’ir jismoniy mehnat qiluvchilar, ya’ni konda ishlovchilar, er ostida gavhar qidiruvchilar, dehqonlar to’g’risida, ularga berilishi kerak bo’lgan imtiyozlar va ish haqi haqida «Minerologiya» asarida keng mulohaza yuritadi. Ayniqsa ochiq va er ostidagi kon ishlariga alohida e’tibor beriladi, er osti konlarini mustahkamlash (falokat oldini olish uchun), er osti suvlarini chiqarib tashlash, olingan rudani yuqoriga olib chiqish uchun maxsus moslamalardan foydalanish tavsiya etiladi. Kon atrofida konchilar qishlog’ini barpo etish zarurligi ko’rsatiladi. Er osti boyliklarini qazib olish ishlari katta jismoniy mehnat, ixtirochilik, aqliy mehnat va bilim sarflashni talab etadi. Bu murakkab va og’ir ishlarni bajarish maxsus maktab, ularda ta’lim-tarbiya berish asosida yo’lga qo’yilmog’i kerak, deydi olim. Xuddi shu o’rinda Beruniy ilm ahllari, olimlar, tarbiyachilarning 52 mehnati jamiyat uchun naqadar kerakli va zarurligini alohida uqtiradi. Beruniy ustalarning ahvoli, shogirdlarning faoliyati, ish haqlari borasida ham qimmatli g’oyalarni ilgari suradi, ish haqi miqdori samaradorlik bilan bevosita bog’lanadi. Olimning yozishicha: «Basrada billurdan idish-tovoq va boshqa narsalar yasaydilar. Ish joyida belgilab-o’lchab beruvchi usta bo’lib, uning oldida billurning mayda va katta bo’lakchalari to’plangan. U ana shulardan chiroyli va keraklisini olib, undan eng chiroyli va yaxshi buyum yasashni o’ylab o’lchab belgilab chiqadi. Shundan keyin uni yasovchi hunarmandga beradi, bu birinchi usta aytganidek qilib buyumlarni yasay boshlaydi. Olim shu erda mehnat taqsimoti va uning ahamiyatini ko’rsatadi. Olim va mutaxassislar mehnatini mamlakat boshqaruvchilari tomonidan rag’banlantirib turish foydali ekanligi alohida ta’kidlanadi. Bu aslini olganda manfaatdorlik tamoyilining xuddi o’zidir. Uningcha, ayniqsa, erga ishlov berib, rizq-ro’z yaratuvchilarga mehribon bo’lish kerakligi ko’rsatiladi. Ana shu g’amxo’rlik oqibatida erga yaxshi ishlov beriladi va er hosildor bo’ladi, moddiy ne’matlar yaratiladi, ishlovchi va jamiyat manfaatlari bab-baravar himoya qilinadi (bu fikr XVIII asrda Adam Smit tomonidan to’laroq isbotlab berilgan). Moddiy ne’matlar esa tiriklik asosi. Ana shunday qilinganda hokimiyat ham mustahkam bo’ladi, deydi olim (bu erda davlatning iqtisodiyot bilan munosabati masalasi ko’tariladi). Agar kishilar to’q bo’lsa, davlat ham kuchlidir. Hukmdorlarning vazifasi yuqori tabaqalar bilan quyi tabaqalar o’rtasida haqiqatni, kuchli bilan kuchsiz o’rtasida tenglikni o’rnatishdan iboratdir, deb uqtiradi olim. Mehnatning ixtiyoriyligi, ozodligi, erkinligi kishilar o’rtasida hulq-atvor, hurmat-e’tibor uchun muhim va zarurdir. Bozor iqtisodiyotining eng zarur tamoyillaridan biri- bu tanlash va tadbirkorlik erkinligi masalasi ilgari surilgan. Beruniy o’gitlaridan: Har bir yangi narsada lazzat bor. Ne’matning qadri u yo’qolgandagina bilinadi. Asalarilar ham o’z jinsidan bo’laturib ishlamay, uyadagi asalni bekorga yeb yotadiganlarini o’ldirib tashlaydilar. 53 Ikkala da’vogar rozi bo’lishibdi-yu, qozi rozi bo’lmabdi. Tenglik hukm surgan joyda sotqin, aldamchi ehtiroslar, g’am-g’ussa bo’lmaydi. Haddan ortiq g’azab vahshiylik keltiradi va bevaqt qilingan lutf obro’ni ketkazadi. Ibn Sinoning iqtisodiy qarashlari. Ulug’ mutafakkir Ibn Sinoning 280 dan ko’p asarlari mavjud bo’lib, ular tibbiyot, matematika, astronomiya, ximiya, falsafa, iqtisodiyot va boshqa sohalarga bag’ishlangan. Ibn Sinoning inson ehtiyojlari to’g’risidagi, mehnat va uning moddiy ishlab chiqarishdagi roli to’g’risidagi fikrlari diqqatga sazovor. Uning fikricha: «Hayvon tabiat ne’matlariga qanoat qiladi, insonga esa tabiat ne’matlari kamlik qiladi, u oziq-ovqat, kiyim-kechak va uy-joyga ehtiyoj sezadi. Hayvonlar tabiat ne’matlarini o’zlashtiradi, inson esa o’z mehnati bilan o’ziga ovqat, kiyim-kechak, uy-joy yaratadi. Shu maqsadda inson dehqonchilik bilan shug’ullanishi kerak. Hayvonlar garchi poda bo’lib yashasalar ham, yolg’iz yashay oladi, odamlar esa yakka holda o’zlari uchun barcha yashash vositalarini topa olmaydilar. Shuning uchun odamlar muloqot va o’zaro yordamga muhtoj bo’ladilar». Ibn Sino feodal jamiyatning asosiy muammolarini tadqiqot qiladi. U jamiyatning amal qilishining asosi hunarmandchilik deb hisobladi. «Odamning o’z quvvatini saqlashga va oziq-ovqatga bo’lgan ehtiyoji, –deb yozadi Ibn Sino, – hammani hunar o’rganishga undaydi». Ibn Sino nafaqat oila doirasidagi, balki shahar va hatto davlat miqyosidagi daromad va xarajatlar balansi to’g’risida ham fikr yuritadi. Uning fikricha, davlat tabiiy ofat yoki urush bo’lish ehtimolini hisobga olib, unga mablag’ ajratgan holda daromad va xarajatlar balansiga erishishi zarur. Ibn Sino (980–1037) Ibn Sino ideal davlat to’g’risida fikr yuritib, uni quyidagicha tavsiflab beradi: 1) hamma o’z foydasini ko’zlab mehnat qilishi kerak; 2) bu davlatda barcha moddiy boyliklar shunday teng taqsimlanishi kerakki, unda juda katta boylik va ashaddiy kambag’allik bo’lmasin; 3) barcha kishilar halol mehnat bilan shug’ullanishi va halol savdo qilishi sababli urushadigan odamlar bo’lmaydi va urushlar tugatiladi, davlatlar o’rtasidagi siyosiy bahslar esa tinch yo’l bilan hal etiladi; 4) ideal davlatda odamlarda hamma narsa muhayyo bo’ladi, shuning uchun ular bir-biriga qarama-qarshi bo’lmaydilar, quvnoq ashula va musiqani yaxshi ko’radilar, uzoq vaqt qarimaydilar. Ibn Sinoning ideal davlat to’g’risidagi qarashlari Platonning «Qonun»larida, Aristotelning «Afina siyosatchilari»da, Forobiyning «Saxovatli shahar yashovchilarining qarashlari to’g’risida traktat»ida aytilgan fikrlariga ko’p jihatdan o’xshab ketadi. Yusuf Xos Hojibning iqtisodiy fikrlari. Atoqli davlat arbobi, ilk turkiy dostonnavis Yusuf Xos Hojib 1020 yili Qoraxoniylarning markaziy shaharlaridan biri Bolasog’unda tug’ildi(olamdan o’tgan yili noma’lum). Bo’lajak mutafakkir o’z davridagi barcha bilimlarni, arab va forsiy tillar hamda undagi adabiyotlarni puxta egallaydi. U 1069-1070 yillar orasida «Qutadg’u bilig» (Qutga, ya’ni baxt saodatga erishtiruvchi bilim)asarini turk tilida yozib, Qoraxoniylar hukmdori Tabg’ochxon Bug’roxonga taqdim etadi. Xon Yusufga «Xos Hojib» (eshik og’asi) degan martabani in’om etadi. Bu falsafiy didaktik asarda markazlashgan davlat tuzish, uni mustahkamlash, nizo va adolatga barham berish kabi ma’muriy-xo’jalik hamda ma’rifat, obodonchilik, moddiy-ma’naviy va boshqa adolatli hukmron, davlatni tadbir bilan boshqarish ishini o’rganish, kasb-hunar egallash, xalq g’amini eyish haqidagi fikrlar ilgari suriladi. Bizgacha donishmandning faqat bir asari etib Yusuf Xos Hojib 1020 yil 55 kelgan, ammo bu asarda shunday durdonalar to’planganki, ularga qoyil qolmay iloj yo’q. Asar 13 ming misra (nasriy va nazmiy muqaddimadan tashqari)-73 bobdan iborat. Unda inson tafakkurining barcha jabhalari bo’yicha so’z yuritiladi va nihoyatda qimmatli fikrlar bayon etilgan. Kitobda berilgan bu g’oyalar o’z davri uchun ham, hozirgi davr uchun ham nihoyatda qadrlidir. Ayniqsa iqtisodiyot masalalari bo’yicha davlat va raiyat munosabatlari sinchiklab o’rganilgan. Asar 18 oy ya’ni bir yarim yilda yozib tugallangan (Bolasog’unda boshlangan va Qashqarda nixoyalangan) bo’lsa ham, uni yaratish uchun juda uzoq vaqt tayyorgarlik ko’rilgan. Donishmand fikricha, ezgu orzularga faqat toat-ibodat bilangina etishib bo’lmaydi. Buning uchun talay ezgu ishlar qilish, foydali faoliyat ko’rsatish kerak, degan fikrni ilgari suradi. Borliq haqidagi bilimlarga to’qnashib, odam bilishi mumkin bo’lmagan narsa, bilim bilan echilmaydigan jumboq yo’q, bilim tufayli osmon sari ham yo’l ochiladi, deydi. Bilish uchun esa tinmasdan o’rganish lozim, deb uqtiradi. Taniqli iqtisodchi Adam Smitning iqtisodiy ta’limotiga ko’ra (XVIII asr), mamlakatni iqtisodiy tanglikdan chiqarish uchun 3 narsa: 1. Tinchlik-osoyishtalik; 2. Me’yoridagi soliqlar; 3. Iqtisodiy erkin faoliyat yuritish imkoni talab etiladi. Ana shu g’oya aslida bizning mutafakkir tomonidan etti asr avval bayon etilgan. Xalq, raiyat (soliq to’lovchilar) mamlakat hukmdoridan uch narsani kutadi, deb uqtiradi Yusuf Xos Hojib, bular: 1) pulning qadrini ko’tarish yoki ushlab turish; 2) xalqqa xususiy mulk huquqini ta’minlovchi qonunlarni joriy etish; 3) yo’llarni o’g’ri-qaroqchilardan muhofaza qilish. Shoh esa fuqarolardan soliqni vaqtida to’lashni (hozirgi kunda ham nihoyatda dolzarb), chiqargan farmon qonunlarini bajarish hamda do’stga- do’st, dushmanga-dushman bo’lishni talab qiladi, deb yozadi. Ko’rinib turibdiki, bunda 56 jamiyat va siyosiy hokimiyat o’zaro mutanosib bo’lishi zarurligi g’oyasi aniq ifoda etiladi. Xususiy mulk huquqini ta’minlash bozor munosabatlarining bosh unsuridir, mulkka egallik hissi taraqqiyot omili sifatida butun jahon rivoji asosida isbotlangan va hozirgi davrda respublikamizda ham jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Davlat, umumxalq mulkiga ommoviy o’tishning salbiy oqibatlarini sobiq sho’rolar davrida boshimizdan kechirganmiz. Yo’llarni o’g’rilardan muhofaza qilish ichki va ayniqsa tashqi savdo (eksport-import)ni ta’minlash va qo’llab-quvvatlashning o’zginasidir. Bu erda savdoning xalq xo’jaligi uchun ustuvor ahamiyati to’g’risida gap yuritiladi. Yusuf Xos Hojib barcha imtiyozlardan mahrum kambag’al tabaqalar ahvoliga achinish hissini izhor qiladi. Donishmand hokimlarni quyi tabaqa vakillarini ularga nisbatan mehr shafqatli, insofli, adolatli, marhamatli bo’lishiga, ayni paytda raiyatni hokimlarga bo’ysunuvchi, sadoqatli bo’lishiga chaqiradi. Mana shunday kelishtirish yo’li bilan osoyishta hayotga erishishga umid bildiriladi (bu esa iqtisodiy rivoj uchun ham zaruriy shartdir). Kitobdagi g’oyalar dunyodagi hamma ishlarda qo’l keladi. Unda mulk tutishning siru-asrorlari, mamlakatni idora qilish tartibi, sharti, shuningdek, molmulk, el-yurtning mangu qolishi, gullab-yashnashi va uning xarob bo’lish belgilari berilgan. Mutafakkir ayniqsa kasb-hunar ahlining faoliyatini yuqori baholaydi. «Bir yigitga qirq hunar oz» bobi xuddi shu masalaga bag’ishlangan. Vazir, qo’mondon, elchi va boshqa hukmdorlarning faoliyat mezonlari diqqatga sazovordir. Masalan, «Vazir ko’zining to’q bo’lishi uni har xil mol-mulk oldida saqlanishdan asraydi. Ko’zi och odam bor olamni esa ham to’ymaydi», deydi olim. Dehqon, savdogar, chorvador, oddiy mehnatkash ahli to’g’risida nodir fikrlar bildiriladi. «Bular bilan yaqin bo’lgin hamisha, to tomoq tashvishin bilmasdan yasha», deb aytiladi. Ayniqsa bilim va aql-idrokka, shu soha sohiblariga katta e’tibor beriladi. «Odamzod naslining ulug’ligi bilimdan. U aql-idrok tufayli ne-ne tugunlarni echishga qodir», deb yozadi alloma. 57 Aql-idrok egalarining nafi har doim ko’pchilikka tegib turadi. Bilim egalari esa elda aziz bo’ladi, hurmat qozonadi. Butun ishlar o’quv-idrok bilan amalga oshadi. Barcha murakkab ishlar bilim bilan hal etiladi. Ko’rinib turibdiki, yurtimizda iqtisodiy rivojlanish bo’yicha tanlangan o’z yo’nalishimizda ham yoshlarning bilim olishiga, jahon xalqlari tajribasini o’rganishga keng imkoniyatlar yaratilayotir. Bu tanlagan yo’limizning to’g’riligidan dalolat beradi. Nizomulmulk (1017, Tus - 1092, Nahovand) — Saljuqiylar davlati arbobi Abu Ali al-Hasan ibn Ali ibn Ishoq at-Tusiyning unvoni, «Nizomulmulk», ya’ni mulkning nizomi, tartibi nomi bilan shuhrat qozongan. Nishopur va Marvda o’qib, voyaga etgach, Balxga borib, Ali ibn Shodon xizmatiga kiradi. Saljuqiylar shohi Alp Arslon saroyida vazirlik mansabigacha ko’tariladi. 1072 yili Alp Arslon o’ldirilgach, uning o’g’li, 17 yoshlik Malikshoh (1072-1092 yillar) saroyida Nizomulmulk vazirlik qilib, qariyb davlatning hamma ishlarini o’zi olib borgan. Nizomulmulk mamlakatda yirik mulkdorlar va qabila boshliqlarining ayirmachilik (separatistik) harakatlariga qarshi kurashib, davlatni boshqarish ishlarini markazlashtirish siyosatini o’tkazgan. 1067 yili Bag’dodda «Nizomiya» aqoid va huquq madrasasini qurdiradi. 1091 yili «Siyosatnoma» («Siyar ulmuluk») asarini yozadi. Unda davlat boshqaruviga aloqador qariyib hamma qoida va qonunlar, usul va vositalar, qozi va qozixona ishlari, qo’shin va sarbozlar, xizmatchi va shaxsiy sarbozlar masalalari, saroydagi soqchilaru posbonlar vazifalari, ularning maoshlari, pochta va ayg’oqchilik (razvedka) ishlari, ularning moddiy jihatlari, hatto shohning oilaviy ishlari, soliq va hiroj, zakot va vaqf masalalari ham o’rin olgan. Asarning asosiy g’oyasi shundan iboratki, vazir Nizomulmulk. shoh va hokimlarni adlu insofga, sulh va muruvvatga, davlatni oqilona boshqarib, qat’iy qoida va tartib o’rnatishga, amaldorarni vijdonli, pok, halol va iymonli bo’lishga, mamlakat obodonligi, uning ahli farovonligi, tinchlik Nizomulmulk (1017, Tus - 1092, Nahovand) 58 va totuvligini ta’minlash uchun harakat qilishga da’vat qiladi. Nizomulmulk Bag’dod safari yo’lida yollangan qotil tig’idan halok bo’ladi. Nizomulmulkning "Siyosatnoma" yoki "Siyar ul-muluk" asari saljuqiylar sulolasining davlat boshqaruvi sohasidagi siyosiy dasturi sifatida e’tiborga sazovor manba bo’lib, u o’zbek milliy davlatchiligi tarixida ham alohida qiymatga egadir. Asar IX-X asrlarda hukm surgan sulolaning siyosiy dasturi bo’lib, unda o’rta asrlarda O’rta Osiyo va Eronda VI asrdan to XI asrgacha sodir bo’lgan muhim siyosiy voqealar bayoni va g’oyaviy-mafkuraviy jarayonlar yuzasidan tarixiy ma’lumotlar keltiriladi. Asarda uchraydigan tarixiy-falsafiy va davlat boshqaruviga oid ma’lumotlarni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin: - siyosiy tarixga oid ma’lumotlar - ijtimoiy-iqtisodiy hayotga doir ma’lumotlar; - ma’naviy hayotga tegishli ma’lumotlar; - islom mazhablari o’rtasidagi kurashlar tarixiga oid ma’lumotlar; - boshqaruvning diniy va dunyoviy tamoyillari; - siyosat falsafasi, o’zini o’zi boshqaruv institutlari. Qonun ustuvorligining siyosiy-amaliy jihatlari qonunlarning podshoh va sultonlar tomonidan qabul qilinishi siyosiy faoliyat bo’lib, ular xalq (raiyat) hayoti bilan bog’liq. Birinchidan, podshoh tomonidan farmonlar yozilib, xalqqa tanishtirib boriladi. Bu oddiy hol bo’lib ko’rinsada, hozirgi siyosatshunoslik uchun ham qo’l keladi. Biroq u jamiyat hayotiga monand tarzda mudom ishlab turishi shart. Ana shunda siyosiy institutlar, shu jumladan, ularning ijrosini ta’minlovchi idoralar ham hayot talablaridan orqada qolmaydi. Ikkinchidan, agarda farmonga salbiy munosabat bildirilsa yoki uning ijrosi cho’zilib ketganligi to’g’risida xabar yetsa, podshoh mas’ul va mutasaddi shaxslar uchun jazo belgilagan (ular o’z yaqinlari bo’lsa ham). Chunki, markazlashgan davlat siyosati shoh farmoniga so’zsiz itoat etishni talab qiladi. Bu o’sha davrning eng oliy siyosati edi, albatta. Uchinchidan, shoh, sulton farmonlari barchaga taalluqlidir, uni hatto hukmdorga yaqin odamlar ham buzishi mumkin emas. Shuning uchun ham Nizomulmulk qonun va siyosat oldida hammani teng, deb qaragan. "Siyosatnoma" asarida davlat boshqaruvi haqida keng fikr yuritilgan, undagi rivoyatlar, hikoyatlar, aforizmlar Nizomulmulkning jamiyat va davlatni boshqarish, falsafa, axloq masalalariga oid javoblaridir. Asarda jamiyat va davlatni boshqarish masalalari falsafiy-axloqiy yondashuv orqali ochib berilgan. Donishmandning siyosiy-falsafiy qarashlarida podshoh (sulton), xalq (raiyat) va shaxs (fuqaro) o’rtasidagi munosabatlarda uyg’unlikni ta’minlash asosiy o’rinda turgan. Nizomulmulk markazlashgan davlat qurish tarafdoridir. To’g’ri, u markazlashgan davlat barpo etish uchun ijtimoiy-siyosiy loyihalar, istiqbolli dasturlarni tavsiya qilmaydi, ammo islohotlar o’tkazishni o’rtaga tashlaydi. Uning mushohadalari podshoh (sulton) bilan xalq (raiyat), amaldor(xizmatchi)lar bilan kishi(fuqaro)lar o’rtasida murosa munosabatlarini qaror toptirishga qaratilgan. Insonparvar podshoh davlatni uzoq boshqaradi, xalq farovonligini o’ylaydi, zo’rlik ishlatmaydi. «Kim insonparvarlikka chindan intilsa, u hech qachon yomon ishlar qilmaydi... Kim insoniylikni sevsa, undan yuqori narsa yo’q deb hisoblaydi», degan g’oyani o’z davrida alloma Konfutsiy ilgari surgan edi. Bunday g’oyalarni Nizomulmulkda ham kuzatish mumkin. Demak, insonparvarlik shaxslararo munosabatlardangina iborat emas, u jamiyat va davlatni boshqarishga ham taalluqli voqelikdir. To’g’ri, ba’zan Nizomulmulk insoniylikni kichiklarning kattalarga hurmat ko’rsatishi, deb ham talqin qiladi. Keyin ushbu talqinni podshoh (sulton) va xalq (raiyat), amaldor (xizmatchi) va fuqaro (inson), davlat va shaxs munosabatlariga ko’chiradi. Qanday bo’lmasin, jamiyat va davlatni boshqarishda insoniylik, insonparvarlik tamoyillariga tayanishga da’vat - Nizomulmulk ijodidagi olijanob jihatdir. Xalq, odamlar, amaldorlarning qanday sifatlarni o’zida shakllantirishi yoki ulug’lashi podshoh (sulton)dagi fazilatlarga bevosita bog’liqdir. Bu o’rinda Sharq xalqlariga xos bo’lgan «aravaning katta g’ildiragi qaerdan yursa, kichik g’ildirak ham shu erdan yuradi», degan maqol esga tushadi. «Xalqni o’z ketidan ergashishga majbur qilish mumkin, lekin u nima uchun majbur 60 qilinayotganini bilmasa, davlat uchun yomondir». «Hukmdor o’z axloqini tuzatmasa, u kichik odam, xalq axloqini ham tuzatolmaydi», "badaxloqlik oxiroqibatda davlatni, boshqaruvni tanazzulga olib keladi..." Bunday siyosiy qarashlar Nizomulmulk asarining maqsadini ifoda qiladi. Muhokama uchun savollari 1. Forobiyning “moddiy ehtiyojlar” to’g’risidagi ta’limotining mohiyatini qanday tushunasiz? 2. Ibn Sinoning ijtimoiy ishlab chiqarish to’g’risidagi g’oya-sining mag’zini chaqing.