3-mavzu. O’zbekistonda demokratik fuqarolik jamiyati asoslarinin
O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tishning tamoyillari
va xususiyatlari.
O‘zbekistonda mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va
xususiylashtirish maqsadi, yo‘llari va usullari
Iqtisodiy munosabatlar va tashkiliy-boshqaruv tuzilmalarining bir turidan butunlay boshqa yangi turiga o‘tish, iqtisodiy islohotlar strategiyasini ishlab chiqish va uning asosiy yo‘nalishlarini aniqlab olishni taqozo qiladi. Iqtisodiy islohotlar – iqtisodiyotda tub o‘zgarishlarni amalga oshirishga qaratilgan iqtisodiy chora-tadbirlar majmui.
Iqtisodiy islohotlardan ko‘zda tutilgan maqsad mamlakat aholisi uchun yashash va faoliyat qilishning eng yaxshi sharoitlarini yaratish, ularning ma’naviy-axloqiy etukligiga erishish, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlashdan iborat.
Islohotlarni amalga oshirishdan oldin bozor iqtisodiyotiga o‘tishning nazariy modeli yaratildi (bu boradagi ma’lumotlar mazkur bobning 2-bandida bayon etildi).
Bu modelda yangi iqtisodiyotga o‘tishning umumiy tomonlari va milliy xususiyatlari nazarda tutiladi, islohotlarning asosiy yo‘nalishlari belgilanadi.
Respublikada iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- mulkiy munosabatlarni isloh qilish;
- agrar islohotlar;
- moliya-kredit va narx-navo islohoti;
- boshqarish tizimini isloh qilish va bozor infratuzilmasini yaratish;
- tashqi iqtisodiy aloqalar islohoti;
- ijtimoiy islohotlar.
Iqtisodiy islohotlarning bosh bo‘g‘ini mulkchilik munosabatlarini tubdan o‘zgartirishdir, chunki shu orqali ko‘p ukladli iqtisodiyot va raqobatlashish muhiti shakllantiriladi hamda bozor iqtisodiyotiga o‘tishning shart-sharoitlari vujudga keltiriladi. SHu sababli Respublikada mulkiy munosabatlarni isloh qilishdan ko‘zda tutilgan maqsad davlat mulki monopolizmini tugatish va bu mulkni xususiylashtirish hisobiga ko‘p ukladli iqtisodiyotni real shakllantirishdan iborat.
Respublikada iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning dastlabki bosqichidayoq qishloq xo‘jaligini isloh qilishga ustunlik berildi. Bunga quyidagilar sabab bo‘ldi:
- Respublikamiz iqtisodiyotida agrar soha ustunlikka egaligi, aholining ko‘pchiligi qishloq xo‘jaligida bandligi, iqtisodiy o‘sishning ko‘p jihatdan shu tarmoq ahvoliga bog‘liqligi;
- Respublika butun sanoat potensialining yarmiga yaqinini tashkil qiladigan sanoatning ko‘pgina tarmoqlarini (paxta tozalash, to‘qimachilik, engil, oziq-ovqat, kimyo sanoati, qishloq xo‘jalik mashinasozligi va boshqalar) rivojlantirish istiqbollari bevosita qishloq xo‘jaligiga bog‘liqligi;
- qishloq xo‘jalik mahsulotlari (asosan paxta) hozirgi vaqtda valyuta resurslari, respublika uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar, texnika va texnologiya uskunalarini chetdan sotib olishni ta’minlayotgan asosiy manba ekanligi;
- mustaqillik sharoitida qishloq xo‘jaligining oziq-ovqat muammosini hal etishdagi rolining ortib borishi.
Mavjud iqtisodiy tizimning izchillik bilan bozor munosabatlariga o‘sib o‘tishida moliya-kredit sohasini isloh qilish alohida o‘rin tutadi. Moliyaviy munosabatlarda davlat byudjeti taqchilligini kamaytirib borish, byudjetdan beriladigan dotatsiyalar va subsidiyalarni bosqichma-bosqich qisqartirish, birinchi darajali, eng zarur umumdavlat ehtiyojlari uchungina byudjetdan mablag‘ ajratish, iqtisodiyotni rivojlantirishda investitsiya kreditlaridan keng foydalanish islohotlarning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.
Iqtisodiyotni isloh qilishning eng asosiy muammolaridan biri narxlarni erkinlashtirishdir. Narxlarning erkin shakllanishi uchun narxlar tizimini isloh qilish ham zarurdir. Dastlab davlat xarid narxlarining amal qilish doirasi qisqartiriladi va keyin ichki narxlar jahon narxlariga muvofiqlashtirib boriladi. SHuningdek, narxlarni erkinlashtirishda ayrim turdagi xomashyo va mahsulot narxlari bilan aholi va korxonalar daromadlari o‘rtasidagi tenglikka erishishga harakat qilinadi.
Narxlar islohoti boshlangandan 1994 yilgacha hamma turdagi xomashyo va mahsulotlar bo‘yicha erkin narxlarga o‘tildi, barcha iste’mol mollari narxi ustidan davlat nazorati bekor qilindi.
Isloh qilishning dastlabki bosqichida (1992 yil) keng doiradagi ishlab chiqarish-texnik vositasi bo‘lgan mahsulotlar, ayrim turdagi xalq iste’mol mollari, bajarilgan ishlar va xizmatlarning kelishilgan narxlari va tariflarga o‘tildi. Aholini himoyalash maqsadida cheklangan doiradagi oziq-ovqat va sanoat tovarlari narxlarining chegarasi belgilab qo‘yildi.
Narxlar islohotining ikkinchi bosqichida (1993 yil) kelishilgan ulgurji narxlarni davlat tomonidan tartibga solish umuman to‘xtatildi. Narxlarni erkinlashtirishning uchinchi bosqichida (1994 yil oktyabr-noyabr) xalq iste’mol mollari asosiy turlarining narxi erkin qo‘yib yuborildi. SHunday qilib, iqtisodiyotni isloh qilishning birinchi bosqichi narxlarni to‘liq erkinlashtirish bilan tugadi.
Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish boshqarishning tegishli tizimini yaratishni talab qiladi. SHunga asosan respublikada butun iqtisodiyotni, tarmoqlar va hududlarni boshqarishning eng maqbul va hozirgi davrga mos bo‘lgan tuzilmalari ishlab chiqildi.
Ko‘plab markaziy iqtisodiy organlar va vazirliklar tugatildi (Davlat reja qo‘mitasi, Davlat ta’minot qo‘mitasi, Davlat narxlar qo‘mitasi, Davlat agrosanoat qo‘mitasi va boshqa qo‘mita hamda vazirliklar) yoki ularning faoliyati tubdan qayta qurildi. Faoliyati tugatilgan ma’muriy apparatlar o‘rniga bozor iqtisodiyotiga xos yangi boshqarish bo‘g‘inlari tuzildi.
Boshqarishning mahalliy darajasida (viloyat, tuman, shahar) ijroiya-boshqaruv vazifalarini bajarish uchun hokimliklar joriy qilindi. Quyi bo‘g‘in boshqaruvida korxona va tashkilotlarga iqtisodiy erkinlik berilib, ular yangicha ish uslubiga o‘tdi.
Isloh qilish natijasida tarkib topgan boshqaruv tizimi bozor iqtisodiyotiga o‘tib borish bilan yanada takomillashib va rivojlanib boradi.
Bozor islohotlari bozor infratuzilmasini yaratish chora-tadbirlarini ham qamrab oladi. Bunda moliya, bank-kredit tizimi muassasalari, sug‘urta, auditorlik, yuridik va konsalting firmalari hamda kompaniyalarini, birja tizimini yaratish taqozo qilinadi.
Respublikada bozor infratuzilmasini yaratish bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha bordi. Birinchi yo‘nalish bo‘yicha tovar-xomashyo birjasi tizimi rivojlandi. Bu, o‘z navbatida, brokerlik va dilerlik idoralari, savdo uylari, vositachi firmalar paydo bo‘lishiga olib keldi.