Sud hokimiyati. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan "Sudlar to’g’risida" gi qonun asosida sud islohotlari o’tkazildi. Sudlarning mustaqilligi qonunlashtirildi, ularning odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashishga yo’l qo’yilmaydi. Ayblanuvchining himoyalanish huquqi, advokatura tizimining mustaqilligi huquqiy jihatdan ta’minlandi. O’zbekistonda sud hokimiyati qonunning ustunligi, barcha fuqarolarning qonun oldida tengligini ta’minlash yo’lida faoliyat ko’rsatmoqda.
Sud hokimiyati islohotlari. O`zbеkistonda sud hokimiyati tizimi, uning takomillashtirilishi. Sud tizimining libеrallashtirilishi (Fuqarolik ishlari, jismoniy ishlar, xo`jalik sudlari). Davlat hokimiyati tizimiga kiruvchi hokimiyatlardan biri sud hokimiyatidir. Sud hokimiyati boshqa hokimiyatlar kabi xalq manfaatlarini ko‘zlab va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda qabul qilingan qonunlar asosida o‘z vakolatlarini amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi quyidagicha: besh yil muddatga saylanadigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Oliy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiy sudi, shu muddatga tayinlanadigan viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi, tuman, shahar sudlari, viloyat iqtisodiy sudlari, harbiy sudlar.
Mazkur sudlarning huquqiy holati O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunida bayon etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi-fuqarolik, jinoiy va ma’muriy sudlov sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanadi. Shu bilan birga og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan bir guruh shaxslarga; oldin sudlanmaganlarga, biron bir joyda ishlamasdan, mo‘may pul topish yo‘liga o‘tib ketganlarga nisbatan belgilangan jazolarni qonun kuchidan to‘la foydalanilmagan ishlarning jazo qismini yengil deb bekor qilib, og‘irroq jazolashga o‘z ko‘rsatmasini beradi.
Respublika Oliy sudi 1994-yilda 149 kishiga nisbatan quyi sudlar tomonidan tayinlangan jazolar og‘ir deb topilganligi sababli hukmlar o‘zgartirilib, jazolar qisqartirilgan bo‘lsa, 1995-yilda 247 kishiga nisbatan jazolar og‘ir deb topilib, hukmlar o‘zgartirildi, 25 shaxsga nisbatan jinoiy ishlar sudlanganlarning harakatida jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli harakatdan to‘xtatildi.
Og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganligi uchun 1994-yilda quyi sudlar tomonidan 89 kishiga nisbatan belgilangan jazolar yengil deb topilib, hukmlar bekor qilingan bo‘lsa, 1995-yilda 70 kishiga nisbatan quyi sudlar belgilangan jazolar yengil deb, hukmlar bekor qilindi va yangidan sud majlisida ko‘rish uchun yuborildi.
O‘zbekistonda sud tizimini isloh qilish, sud hokimiyatini shakllantirishda ham bir muncha ishlar qilindi. Sud tuzilishi va sudlov ishlarini yurgizishga oid barcha demokratik konstitutsiyaviy tamoyillar yanada rivojlantirildi. 1995-yil 30-avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti -harakatlar va qarorlar ustida sudga shikoyat qilish to‘g‘risida”gi qonun fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini sud orqali himoya qilishning huquqiy asoslarini yaratdi.
Respublika iqtisodiy sudlari istiqlolning so‘nggi yillarida o‘zlarining faoliyatini aniq iqtisodiy vazifalar bilan bog‘lab olib bormoqda. Xususan iqtisodiy sudlari 1995-2000 yillarda jami 128.000 nizolarni ko‘rib chiqqan va 271,4 mlrd. so‘m mablag‘ni da’vogarlarga undirib bergan. Keyingi 6 yil mobaynida iqtisodiy sudlarining qarorlari asosida davlat boji va jarimalar hisobidan respublika byudjetiga 4,3 mlrd. so‘m mablag‘ undirilgan.
2000-yilning 1-yarmida mazkur tizimda 17.000 dan ziyod ish ko‘rib chiqildi. Natijada, 53,4 mlrd. so‘mlik hajmdagi zarar da’vogarlar foydasiga undirib berildi. Mamlakat budjetiga 550 mln. so‘m tushum tushirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov Oliy Majlisning ikkinchi chaqiriq VI sessiyasida (2001-yil 29-avgust) “Adolat qonun ustivorligida” nomli ma’ruzasida sog‘lom jamiyat uchun jinoyatchini jazolashdan ko‘ra, jinoyatning oldini olish muhim ekanligini uqtirib o‘tdi. Ma’ruzada O‘zbekistonning demokratiya va taraqqiyot yo‘lidan mustaqil rivojlantirishning o‘tgan o‘n yil ichida ijtimoiy turmushning barcha sohalarida sodir etilgan tub o‘zgartirishlarning muhimligi ta’kidlanib, sud-huquq tizimini takomillashtirish, jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini insonparvarlik, adolat, huquqiy fuqarolik jamiyati prinsiplariga muvofiq ravishda erkinlashtirish masalasiga alohida e’tibor berildi. Davlatimiz rahbari sudlar faoliyatiga baho berib “Sud bugungi kunda avvalgidek hukmron kommunistik tizimning qatag‘on va jazolash apparati emas, balki u har bir inson va fuqaroning huquq hamda erkinliklarni ishonchli tarzda qo‘riqlash va himoya qilishga qaratilgan chinakam mustaqil davlat institutiga aylanmoqda. Fuqarolarning sudga ishonchi mustahkamlanib bormoqda”,-dedi. Shuningdek, ma’ruzada sud hokimiyati tizimidagi kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tildi. Bu borada Prezident: “...afsuski, sudyalar, prokuratura va tergov organlari xodimlari, bir so‘z bilan aytganda, qabul qilingan yangi qonunlarni hayotga tatbiq etishi lozim bo‘lgan kishilarning dunyoqarashi va tafakkuri ancha qiyinchilik bilan o‘zgarayapti. Eng avvalo jazolashning repressiv, ozodlikdan mahrum qilish hollarini qisqartirish hisobiga qonunchilikning adolat va insoniylik kabi tamoyillarining kuchayishini va amalda qo‘llanishini ta’minlashimiz zarur”-deydi. Ma’ruzada Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga kiritilayotgan o‘zgarishlar, masalan, 110 turdagi uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarning ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga o‘tkazish, 12 turdagi jinoyatni og‘ir toifadan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga, 7 turini esa o‘ta og‘ir jinoyatlar toifasidan og‘ir jinoyatlar toifasiga o‘tkazish haqidagi takliflar bayon qilindi. Shuningdek, iqtisodiy sohada jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan iqtisodiy ta’sir choralarini qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirish zarurligi, butun jahonda muhokama etilayotgan muhim masalalardan biri-o‘lim jazosini jinoiy jazo chorasi sifatida qolayotganligi bilan bog‘liq muammolar, qonunchiligimizda jinoiy jazo turi sifatida mol-mulkni musodara qilish jazosini qo‘llash tartibini qayta ko‘rib chiqish, voyaga yetmaganlar, ayollar va keksalarga nisbatan qo‘llaniladigan jazo tizimini qayta ko‘rib chiqish, jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini erkinlashtirish va demokratlashtirishda ishlarni ko‘rib chiqish tartibini soddalashtirish, jinoiy ishlarni tergov qilish va sudda ko‘rish muddatlarini qisqartirish kabi dolzarb vazifalar va takliflar mohiyati chuqur bayon qilib berildi. Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar jinoiy ishlarga taalluqli qonunlarni erkinlashtirish va demokratlashtirish sari tashlangan muhim hamda ma’suliyatli qadam ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Insoniyat tarixida yangi davr-Inson huquqlari davri boshlandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1995-2005 yillarni yer kurramizda “Inson huquqlari o‘n yilligi” deb e’lon qildi. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning ma’ruzalarida inson huquqlari sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan quyidagi besh strategik yo‘nalish belgilab berilgan:
Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning samarali mexanizmini ta’minlash;
Inson huquqlari bo‘yicha Xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va normalari asosida milliy qonunchilikni takomillashtirish;
Qabul qilingan qonunlarga og‘ishmay amal qilish mexanizmini ishlab chiqish va ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida qonun ustuvorligini ta’minlash;
Aholi ayniqsa yoshlar va mansabdor shaxslar, huquq-tartibot idoralari xodimlari, o‘rtasida huquqiy tarbiya ishlarini tubdan yaxshilash, ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish.
Demokratik jarayonlarni chuqurlashtirishning birdan bir zaruriy sharti sud-huquq organlarining ishlarini isloh qilish va erkinlashtirishni jadallashtirishdan iborat. Sudlar faoliyatiga prokuraturaning aralashmasligi, prokuror va advokatlarni huquqlarini tenglashtirish, sudlarning tarbiyaviy rolini oshirish lozimligini taqqoslab ko‘rsatadi. Birinchi Prezidenti I.A.Karimov Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida (2005y. 28 yanvar).
Xavfsiz jinoyatlarni ma’muriy choralar bilan almashtirish natijasida so‘nggi 2,5 yil davomida 11 milrd. so‘m undirildi. Har yuz ming kishiga hisoblaganda O‘zbekistonda 158 kishi qamoqda muddatini o‘tamoqda. Bu ko‘rsatkich AQShda 715, Rossiyada 584, Ukrainada 416, Qozog‘istonda 386 kishidan iborat.
Jinoyat qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalardan yana bir muhimi – yarashuv institutining qabul etilishi natijasida 2006-yilda 12,605 nafar shaxsga nisbatan 11,503 ta jinoyat ishi tugatilgan bo‘lsa, bu institut amaliyotga joriy qilinganidan bugungi kunga qadar 54 mingdan ortiq shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilib, «sudlangan» degan nomni ko‘tarib yurishdan xalos bo‘lgan.