Hadis ko’pincha sunna so’zi bilan ham yonma-yon keladi. Sunna so’zining lug’aviy ma’nosi – «odat», «tariqa», «yo’l» bo’lib, istilohda Payg’ambar odatlari, tutgan yo’li, taqrir (ko’rib qaytarmagan) va buyurgan ishlariga nisbatan ishlatiladi. Boshqacha qilib aytganda, bu istiloh Payg’ambar turmush tarzini anglatadi.
Ayni kunlarda – Vatanimiz istiqlolga erishgandan keyingi davr mobaynida madaniy, ma’naviy va diniy tarix, uni chuqur tadqiq etishga keng yo’l ochildi. Mamlakatimizda hadislarni o’rganish bo’yicha qisqa muddat ichida talay ishlar amalga oshirildi. «Axloq-odobga oid hadis namunalari», «al-Adab al-mufrad», «Ming bir hadis», to’rt jilddan iborat «al-Jomi’ as-sahih»ning tarjimasi nashr etildi. Xususan, t.f.d. Ubaydulla Uvatov, t.f.n. B.I. Eshonjonov, N. Mirmahmudov kabi tadqiqotchi-olimlarimiz tomonidan Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Imom Muslim kabi bir qator muhaddis- ulamolar hayoti, ilmiy faoliyatlari yoritildi. Bu yo’lda ilmiy izlanishlar olib borilib, maqola, risola va kitoblar nashr ettirildi.
Vazirlar Mahkamasi buyuk muhaddis Imom al-Buxoriy ilmiy-diniy merosining xalqimiz ma’naviy-ruhiy hayotidagi beqiyos o’rnini hisobga olib, jamiyatning barkamol kishilarini tarbiyalashda undan oqilona foydalanishga shart-sharoitlar yaratish maqsadida 1997 yil 29 aprelida «1998 yilda Imom al-Buxoriy tavalludining hijriy-qamariy taqvim bo’yicha 1225 yilligini mamlakatimizda keng nishonlanishi haqida» qaror qabul qildi. Bu qaror asosida buyuk muhaddisning yubiley to’yi mamlakatimiz miqyosida nishonlandi.
1998 yili mamlakatimiz 1-Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan «Imom al-Buxoriy» xalqaro jamg’armasi tashkil etildi. Bu jamg’arma qisqa muddat ichida salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, 2000 yildan «Imom al-Buxoriy saboqlari» ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-adabiy jurnali prof. Z.I. Munavvarov muharrirligida muntazam ravishda nashr etilmoqda. Unda Vatanimiz va chet ellik tadqiqotchilar tomonidan buyuk muhaddislar ijodi, hadis ilmi rivoji haqidagi ilmiy maqolalar berib borilmoqda.