Moturidiya. Abu Mansur al-Moturidiy o’z ta’sir kuchini asrlar osha saqlab qolgan ash’ariyadan keyingi ikkinchi sunniy kalom maktabining asoschisidir.
Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad al-Moturidiy taxminan 870 yilda yoki undan sal oldin tug’ilgan, degan xulosalar mavjud. U Samarqanddagi Moturid (yoki Moturit) mahallasida tug’ilgan. Al-Moturidiy Abu Bakr Ahmad al-Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad al-Iyodiy kabi fiqh va kalom olimlaridan dars olgan.
Al-Moturidiy uslub jihatidan mukammal kalom ta’limotini yaratdi. Uning fikrlari «Kitob at-tavhid» va «Kitob at-ta’vilot» asarlarida bayon etilib, bizgacha etib keldi.
Uning tafakkuri mavjud turli ta’limotlardan sintez yo’li bilan yangi nazariyani ishlab chiqishning noyob namunasidir. Al-Moturidiy Movarounnahrdagi ilohiyot taraqqiyotida burilish nuqtasini belgilab berdi. U asosan mu’taziliylar va dualistik dinlar vakillariga ѓarshi g’oyat sog’lom va ehtiyotkor tarzda kurashib, o’ziga xos sintez ilohiyotining asosini yaratdi.
Uning shogirdlari – Abu-l-Hasan Ali ibn Sa’id ar-Rustufag’niy, Abu Ahmad al-Iyodiy, Abdulkarim al-Pazdaviy va Abu Isma al-Buxoriylar.
Hanafiya mazhabi ilohiyotini bayon etib bergan al-Moturidiy va uning shogirdlari mazkur sohada ko’plab asarlar yozdilar.
Al-Moturidiy Abu Hanifaning «ar-Risola ilo Usmon al-Battiy», Abu Muti’ al-Balxiyning «al-Fiqh al-absat», Abu Muqotil as-Samarqandiyning «al-Olim va-l-muta’allim» kitoblaridagi ta’limotni an’anaviy ta’riflar yordamida qaytarish va ta’kidlash bilangina cheklanmaydi. U o’zi so’z yuritayotgan masalalarni asoslab berishga intiladi, imkon bor erda, bir fikrni ikkinchisidan keltirib chiqarishga harakat qiladi. U aniq tarkibga ega bo’lgan epistemologiya, ya’ni bilish nazariyasiga ega ediki, uning yordamida olim o’z fikrlarini tahlil etar hamda bilishning turli manbalarini anglab, ular haqida so’z yuritar edi. Uning usuli muhim masalalarda doimo (qarama-qarshi ilohiy qarashlar o’rtasida) oraliq yo’lni tanlashni hamda turli da’volar (vahy va aql, Alloh va inson, Alloh va olam) o’rtasida mantiqiy mutanosiblik mavjud bo’lishini taqozo etadi. Biror diniy hukm chiqarish lozim bo’lgan hollarda al-Moturidiy turli jihatlar mutanosibligi talabini amalga kiritgan.
Al-Moturidiy 333 hijriy/944-45 milodiy yil Samarqandda vafot etgan bo’lib, ulamolar qo’yiladigan CHokardiza qabristoniga dafn etilgan.