Muammoni hal etishning birinchi yo‘nalishi quyidagicha mazmunga ega: Mustaqil-ijodiy fikrlash sifatlarini faollashtirishda boshlang‘ich ta’lim muhim o‘rin tutadi, chunki xuddi shu davrda shaxs, uning qiziqishlari, moyilliklari shakllanishi uchun poydevor yaratila boshlaydi. Jamiyat uchun mustaqil, tanqidiy fikrlaydigan, harakat qila oladigan ijodkor shaxslar juda asqotayotgan hozirgi kunda o‘quvchilar ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish pedagogikaning dolzarb muammosi bo‘lib turibdi.
O‘quvchilarning ijodiy faoliyati tajribalarini o‘zlashtirishlari uchun talim jarayonida faol aqliy izlanishni talab qiladigan muammoli vaziyatlarni vujudga keltirish zarur. Ijodiy faoliyat tajribalarini o‘qituvchini tayyor axboroti orqali hosil qilish mumkin emas, chunki o‘qituvchi muammolarni o‘zi hal qilsa, o‘quvchilardagi qiziqish, muammolarni hal qilishga bo‘lgan intilish, so‘nadi, o‘z bilimlarini yangi kutilmagan vaziyatlarda qo‘llash imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.
Noan’anaviy ta’lim o‘quvchilarni faqat bilim, ko‘nikma, malakalar bilan qurollantirishni ko‘zda tutmasdan, balki darsda vujudga keltiradigan muammoli vaziyatlarni o‘quvchilar avval o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikma, malakalarni kutilmagan vaziyatlarda ijodiy qo‘llashlari orqali ijodiy faoliyat tajribalari, o‘quvchilarning mustaqilligi, o‘quv-bilish motivlarini, mantiqiy fikrlashni rivojlantirishga, mustaqil izlanish yo‘lini o‘zlashtirishga imkon beradigan murakkab jarayondir.
O‘quvchilar mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishi noan’anaviy ta’lim jarayonida muvaffaqiyat bilan qo‘llanib kelayotgan ta’lim prinsiplari: ilmiylik, tushunarlilik, sistemalilik, o‘quvchilarning ongligi va faolligi, ko‘rgazmalilik, o‘quvchilarni puxta bilim, ko‘nikma va malakalar bilan qurollantirish, uzviylik, ketma-ketlik, o‘quvchilarning ijodiy mustaqil ishlari prinsipi, o‘quvchilarga individual va tabaqalashtirilgan yondoshuv prinsipi, o‘quv ishlarini insonparvarlashtirish prinsiplaridan foydalanishni taqozo etadi.
Umumiy o‘rta ta’limda yuqori sinf o‘quvchilarining ijtimoiy hodisalarni mustaqil va ijodiy tahlil qilishga tayyorlik darajasiga oid bilim va ko‘nikmalarini o‘rganishda an’anaviy metodlar bilan birgalikda interfaol metodlar ham katta yordam berishi mumkin. Bir tomonlama muloqotni ko‘zda tutuvchi savol-javob usulidan farqli ravishda faol ta’lim metodlari yoshlarning o‘zlashtiriladigan bilimlarga munosabati to‘g‘risida ham xulosa chiqarishga imkon beradi. Natijada o‘quvchilarning turli ijtimoiy-siyosiy hodisalarni qanday tushunayotganliklarini ham aniqlab olish mumkin. SHu bilan birga ularning yangi vaziyatlarni, vaqt va hodisalarni baholash uchun mazkur bilimlardan foydalanishga qay darajada tayyor ekanliklari to‘g‘risida ham ma’lumot imkoniyati yaratiladi.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limida qaralayotgan muammoni hal qilish uchun axborotning tarbiyaviy samarasini oshirish bilan birga izlanish, bahs-munozaralari, o‘zaro bilim almashish kabi faol shakl va uslublaridan ham foydalanish maqsadga muvofiqdir. Ular o‘quvchilarni yangi bilim va tushunchalarni mustaqil topishiga, o‘z qarashlari va g‘oyalarini himoya qilishga, dunyoqarashi va tasavurlarini o‘rtoqlari bilan almashinishga o‘rgatadi. Bunda ijodiy fikrlash, tasavvurlarni rivojlantirish, fikrlar tafovuti va xilma-xilligi, kuzatuvchanlik, xotirani mustahkamlash, topqirlik, idroklilik, zukkolik va zehnni tarbiyalash talab etiladi.
Talaba-yoshlarda mustaqil-ijodiy fikr yuritish, ma’lum masalalar bo‘yicha muhokama yuritishning qoida va mezonlarini bilish, o‘z fikrini to‘g‘ri, izchil, asosli bayon eta olish, mushohada yuritish, o‘zi bayon etgan fikridan xulosalar chiqara olishni tarkib toptirish mustaqil-ijodiy fikrlashni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishini tashkil etadi.
Muammoni hal etishning ikkinchi yo‘nalishining mazmuni quyidagicha: Ma’lumki, dars ta’lim muassasalaridagi o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil qilishning asosiy shakli hisoblanadi. Biroq, aksariyat o‘qituvchilar o‘zlari rahbarlik qiladigan dars mashg‘ulotining asosiy va yagona maqsadi sifatida ish rejaga ko‘ra qayd etilgan mavzuga doir bilimlarni «o‘quvchilarga berish»ni tushunadilar. Bunda, hamma vaqt ham ta’lim-tarbiya birligi mezoniga amal qilinmaydi va yanayam ko‘pchilik holatlarda darsda o‘quvchilarning mustaqil-ijodiy fikrlashi uchun sharoit yaratilmaydi. SHu sababli dars mashg‘ulotlarida mavzuga oid bilimlarni o‘quvchi mustaqil-ijodiy fikrlashini faollashtirish bilan omuxtalashgan holda amalga oshirish metodlarini tadqiq qilish alohida dolzarblik kasb etadi.
Darsdan va ta’lim muassasasidan tashqari mashg‘ulotlar asosan individual, guruh hamda ommaviy shakllarda amalga oshiriladi. SHuni ta’kidlab o‘tish kerakki, darsdan tashqari faoliyat o‘quvchilarda dunyoqarashning nafaqat g‘oyaviy asoslarini shakllantiradi, balki uni amaliy harakatiga aylanishini ta’minlaydi. Bunda sust tinglovchi va kuzatuvchi rolida qolib ketmaydi; u bilimlarni mustaqil va erkin egallashga kirishadi, ilmiy va ijtimoiy-siyosiy axborotlarni tushunishga harakat qiladi, o‘zi o‘zlashtirilgan sifatlarning tengdoshlari orasidagi faol targ‘ibotchisiga aylanadi.
O‘quvchilarning mustaqil-ijodiy izlanishlariga yo‘naltirilgan to‘garaklarda, turli birlashmalarda, mazmun va shakli jihatidan turlicha bo‘lgan faoliyat turlari ham estetik ijtimoiy fikrlash bilan birga o‘zaro muvofiqlikni keltirib chiqaradi. Muammoli masalalarni qo‘yish, ularni mustaqil ijodiy hal qilish yoshlarning qo‘shimcha bilimlarga ega bo‘lishiga, dunyoqarashga oid masalalarni rivojlanishiga o‘zlarini fikrlarini isbotli himoya qilish ko‘nikmalari va mahorati shakllanishga yordam beradi.
Muammo echimining taklif etilgan yo‘nalishlar asosida hal etib borilishi o‘quvchi va talaba yoshlar tayyorgarligining davlat ta’lim standarti talablariga javob berish darajasining ortishi, yuksak darajada shakllangan, faol mustaqil-ijodkorlik sifatlariga ega shaxs sifatida yuqori akademik harakatchanlik darajasiga erishishi uchun nazariy-metodologik asoslarning yaratilishiga asos bo‘ladi. SHuningdek, bu boradagi vazifalarni samarali hal etish uchun mustaqil fikrlovchi ijodkor shaxs to‘g‘risidagi tushunchalarni umumlashtirish hamda uning yagona strukturasini ishlab chiqish jarayonini boshqarishning axborot ta’minoti texnologiyasini ishlab chiqish talab etiladi.