4-SINFDA GEOMETRIK MAZMUNDAGI MASALALARDAN FOYDALANISH METODIKASI
I Bob. Boshlang’ich sinflarda geometrik materialni o’qitishning nazariy asoslari. 1.1. Geometrik materialni o’qitishning maqsad va vazifalari. Geometrik material boshlang’ich sinf matematika dasturida katta o’rinni oladi. Ko’pchilik hollarda bu material arifmetik material bilan uzviy bog’lanadi. Shu bilan birga geometriya elementlarini o’rganishga ilgariga qaraganda ko’proq mustaqillik beriladi va maqsadga yo’naltiriladi.
Boshlang’ich sinflarda geometrik materialni o’rgatishning asosiy maqsadi geometrik figuralar (nuqta, burchak, to'g’ri va egri chiziq, ko'pburchak, aylana va doira) haqida, ularning elementlari haqida, figuralar va ularning elementlari orasidagi munosabatlari haqida, ularning ba'zi xossalari haqidagi tasavvurlarning to’la sistemasini tarkib toptirishdan iborat.
Bunda o’quvchilarda nuqta, to'g’ri chiziq, tog’ri chiziq kesmasi, siniq chiziq kesmasi, siniq chiziq, burchak, ko'pburchak, doira kabi figuralar to’g’risidagi boshlang’ich tushunchalar va tasavvurlarni puxta shakllantiriladi.
Geometrik mazmunli masalalar va mashqlar tizimi hamda ular ustida ishlash metodikasi bolalarda fazoviy tasavvurlarni shakllantirish, taqqoslash, abstraktlash va umumlashtirish uquvlarini rivojlantirishga yordam berishi lozim.
O’qitishning asosiy vazifalaridan biri o’quvchilarda geometrik figuralarni o’lchov va chizma asboblari yordamida va bu asboblarning yordamisiz o’lchash va yasashlarning amaliy malakalarini (ko’zda chamalash, qo'lda chizish va h.k.) tarkib toptirishdir. O'quvchilarning nutq va fikrlashlari shu asosda tarkib rivojlantiriladi.
Geometrik materialni o’rganish vazifalarini nazarda tutib, materialni o’rganayotganda turli ko’rsatma qo’llanmalardan keng foydalaniladi. Bular jumlasiga geometrik figuralarning rangli karta yoki qalin qog’ozdan tayyorlangan sinf ko’rgazmali modellari, figuralar, turli shakldagi jismlar, shuningdek geometrik figuralar tasvirlangan plakatlar, doskadagi chizmalar, diafilmlar kiradi. Bundan tashqari individual ko’rsatma qo’llanmalar bo’lgan qog’oz poloskalar, turli uzunlikdagi cho’plar, qog’ozdan qirqilgan figuralar va ularning bo’laklari kabi tarqatiladigan material talab etiladi. Ayrim mavzularni o’rganishda o’quvchilar bilan birgalikda qo’lda ko’rgazmali qo’llanmalar tayyorlash foydali, bular to’g’ri burchak modeli, ko'pburchaklar modellari (shu jumladan to’g’ri to’rtburchaklar va kvadratlar ham) va boshqa narsalardan iborat. Doskada chizmalarni bajarish uchun chizmachilik o’lchash asboblari majmui: chizg’ich, chizmachilik sirkuli, albatta, sinfda mavjud bo’lishi kerak. Shunday asboblar har bir o’quvchida ham bo’lishi kerak.
O’quvchilarda geometrik tasavvurlarni tarkib toptirish, ularni chizish va albatta o’lchash malakalari bilan qurollantirish, ular tafakkurini rivojlantirish masalalariga geometriya elementlarini o’rganishda qo’llanadigan o’qitish metodlari javob beradi.
Geometriya propedevtik kursini o’qitishning muhim metodlari bu kuzatish metodi, taqqoslash metodidan iboratdir; induktiv xulosa chiqarish bilan bir qatorda deduksiya elementlaridan ham foydalaniladi. Amaliy ishlar metodi geometrik materialni o’rganishning samarali metodlaridan biridir. Amaliy ishlar o’quvchilarning geometrik figuralarning mohiyatini o’zlashtirishlarida ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Bunda qog’ozdan, cho'plardan va simdan figuralarning modelini yasash, chizish, o'lchash va hakozolar hisoblanadi. Shuningdek ob'yektlarning turli-tuman bo’lishini ta'minlash lozim, bu bilan muhim bo’lmagan alomatlarni (rangi, o'lchami, tekislikda joylashishi va h.k.) almashtirib turib, bolalar muhim alomatlardan (predmetlarning shakli, figuralarning xossalari va boshqalarni) ajratishlariga va o’zlashtirishlariga yordam beriladi. Geometrik tasavvurlar va tushunchalarning shakllanishi garchi mustaqil hamda maxsus yo’ldan borsa ham, lekin geometrik materialni darsda mumkin bo’lgan joyda geometrik va algebraik material bilan bog’lanishi kerak.
I-IV sinf o’quvchilariga geometrik materialni ochib berayotib, fazoda predmetlarning shakli, o'lchami va o’zaro joylashishini bolalar maktabgacha davrdan egallashlarini hisobga olish kerak. O'yin jarayonida va amaliy faoliyatlarida ular predmetlar bilan ish olib boradilar, ko'zlari bilan ko’radilar, qo'llari bilan ushlab ko'radilar, chizadilar, yasaydilar va peredmetlarning boshqa xossalari ichidan asta-sekin shaklini ajratadilar. Maktabgacha yoshdagi ko’pchilik bolalar 6-7 yoshlarida shar, kub, doira, kvadrat, uchburchak, to’g’ri to’rtburchak shaklidagi predmetlarni to’g’ri ko’rsata oladi. Biroq bu tushunchalarni umumlashtirish darajasi hali yuqori bo'lmaydi. Kvadratni to’g’ri to’rtburchakka qarama-qarshi qo'yadilar, agar predmetlarning o’zi ularga tanish bo'lmasa, uning tanish shaklini bila olmaydilar. Figuralarning burchaklari yoki tomonlarining bola odatlanganidek bo'lmasligi, figuralarning har vaqtdagidan boshqacha joylashishi va hatto o’lchamlari juda katta yoki juda kichik bo’lishi bolani dovdiratib qo'yadi. Shakllarning nomlarini bolalar ko’pincha predmetlarning nomlari bilan chalkashtiriladi yoki almashtiriladi (masalan uchburchakni “burchak”, "tom", "bayroqcha" va h.k.) deb ataydilar. Predmetlarning fazodagi vaziyatini xarakterlayotganda agar bolaning o’zi "sanoq boshi" (bolaga nisbatan chapda-o'ngda, oldida orqasida, yuqorida-pastda, yaqinda-uzoqda va h.k.) bo'lsa, maktabgacha yoshdagi bolalar fazoviy munosabatlarni ancha erkin anglaydilar. Tekislikdagi yoki fazodagi predmetlarning boshqa predmetga yoki boshqa kishiga nisbatan vaziyatini bola ancha qiyinchilik bilan aniqlaydi. Maktabda o’qitishda bolalarning mavjud tajribalariga tayanish ularning tasavvurlarini aniqlashtirishi va boyitishi zarur.