Intuitiv tiplar. Bu shunday toifali kishilarki, ularda ko‘pincha xissiyotlar mantikdan ustun keladi va miya faoliyati buyicha ham uning yarim sharlar faoliyati chapnikidan ustunrok bo‘ladi. Ko’rib, his qilib, erkin emotsional munosabat shaklantirilmaguncha, bunday odamlar biror xususda fikrlarini bayon eta olmaydilar.
Fikrlovchi tiplar. Bunday kishilarda doimo mantik, mulohaza hissiyotlardan ustun bo‘ladi va miyasining chap tomoni ungiga nisbatan dominanta (ustun) xisoblanadi. Bundaylar gapira boshlashsa, ko‘pincha, «Faylasuf bo‘lib ket-e», deb ham qo’yishadi. CHunki ular o‘zlarigacha bo‘lgan bilimlar, mantiqiy fikrlash borasidagi yutuqlarga tayanib, doimo to’g’ri gapirishga, doimo fikrlarini mantiqan asoslash – argumentatsiya qilishga harakat qiladilar.
Odamning mustaqil fikr yuritishi quyidagi bosqichlardan tashkil topgan bo‘lishi mumkin:
1. Muammoning shaxs idrok maydonida paydo bo‘lishi.
2. Kishi tomonidan masala, muammo, topshiriq mohiyatini anglash
3. Ularga o‘xshash ma’lumotlar ski obrazlarning vujudga kelishi
4. Tasavvur va xotira materiallarining kamayishi, taxminlar (farazlar)ning uzluksiz tuzilishi.
5. Taxminlarni bosqichma-bosqich tekshirish yoki ularning haqqoniyligini tasdiqlash.
6. Yangi taxmin(faraz)ning yuzaga kelishi va takomillashuvi.
7. Farazlarni ikkilamchi tekshirish (ikkinchi marta tasdiqlash).
8. Masala, topshiriq, muammo yechimini topishi (hal qilishi).
9. Ixtiyorsiz aqliy hatti-harakatlarning davom etishi fikrlarning nisbiy davomiyligi va hokazo.
Mustaqil fikr yuritish o‘zining samaradorligi, dolzarbligi, universalligi bilan kasbiy tayyorgarlik mahorat sari talabalarni yetaqlaydi, jamiyat va tabiat hodisalarini anglash uchun puxta negiz hozirlaydi. Ijtimoiy munosabatlardan odamlarning bir-birlari bilan doimiy aloqa qilish zarurati kelib chiqadi. Bu munosabat, albatta, nutq vositasida amalga oshiriladi. Nutq ham odam ongi singari mexnat maxsulidir. Nutq boshqa kishilar bilan aloqada bo’lish ehtiyojidan va buning qatiy zarurligidan kelib chiqqandir. Biz nutq orqali o`z fikrmizni, bilimimizni, tajribamizni boshqalarga yetkazamiz va boshqa kishilarning fikrini bilib olamiz, o’zimizning ruhiy holatimizni, kechirayotgan tuyg’u-hissiyotimizni ham ifoda qilamiz. Biz nutq yordamida bir-birimizga ta’sir qilamiz. Nutq gapirayotgan kishining ongida va qalbida bo‘lgan fikr va maqsadini ifoda qiladi. Biz nutq yordamida bir-birimizga ta’sir qilamiz. Nutq gapirayotgan kishining ongida va qalbida bo‘lgan fikr maqsadini ifoda qiladi. Biz nutq vositasi bilan birovni xursand qilamiz yoki unga tassalli berishimiz mumkin. Nutqning kuchi haqida har bir xalqda alohida maqollarni bo’lishi ham bejiz emas. Bu maqollar nutqning kishi ruhiga qanday ta’sir qilish kuchiga ega ekanligini yaqqol ko`rsatadi. Masalan, «Yaxshi so’z-jon ozig’i», «Sevdirgan ham til, bezdirgan ham til» va hokazo.
Kishilar bir-birlari bilan muomala, munosabatda bular ekanlar, ular u yoki bu tildagi (o’zbek rus, fransuz, nemis, va k.) grammatik qoidaga asoslangan so’zlardan foydalanadilar. Insonlarning til vositasida bir -birlari bilan muomala qiladilar.
Demak nutq til yordamida bir-birlari bilan aloqa qilish vositasidir.
«Nutq» va «til» terminlarining ma’nosini ko‘pincha bir-biriga aralashtirib yuboradilar. Nutq bilan til bir narsa emas. Til so’z belgilari sistemasidan iborat bo‘lib, u aloqa quroli bo‘lsa, nutq aloqa protsessining o’zidir. Lekin ularni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Ular birgalikda mavjuddir. Har bir til tarixiy taraqqiyot davomida odamlarning nutq yordamida aloqa bog‘lash protsessida vujudga kelgan, rivojlangan va takomillashib borgan. Har qanday tilning mavjud bo’lishi, takomillashib borishi kishilarning o’sha tilda doimiy gaplashib turishga bog‘liq. Agar kishilar u yoki bu tilni nutq orqali biladigan muomalada ishlatmay qo’ysalar u til inqirozga uchraydi, «o’lik til»ga aylanib qoladi. Nutq faqat kishilar o’rtasidagi aloqa vositasigina bo‘lib qolmasdan, balki tafakkur qilishning zaruriy vositasi, tafakkur qurolidir. CHunki biz fikr qilish uchun suzdan foydalanamiz, fikrimizni so’z bilan ifoda qilamiz va boshqalarning fikrini bilib olamiz. Odatda biz ovoz chiqarib yoki ovoz chiqarmasdan, o’z ichimizdan tilning grammatika qoidalarga xos holda aytiladigan so’zlar orqali fikr yuritamiz. Tafakkur bilan nutq turli hodisa bo‘lsa ham, lekin ular bir-biri bilan uzviy ravishda bog‘lanib ketgan. Har bir kishidagi tafakkurning o’sishi shu kishi nutqining rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lganidek, kishi nutqining rivojlanishi ham undagi tafakkurning o’sishiga bog‘liqdir.
Biroq keyingi yillarda fiziologik va psixologik olimlar (P.K. Anoxin, A.R.Luriya, A.N.Leontev, D.N.Uznadze va boshqalar) tomonidan amalga oshirilgan qator ilmiy tadqiqot ishlaridan ma’lum bo’lishicha, nutq faoliyatining fiziologiya asosini yuqorida ko’rsatilganidek talqin etish yetarli emas. Balki bosh miya pustining boshqa markazlari kabi, nutq markazlarining ham qatiy chegaralari yo’q va bir-biridan ajralgan holda harakat qilmaydi.
P.K.Anoxin tadqiqtlarida hosil qilingan ma’lumotlar nuqtai nazaridan olganda, nutq faoliyatining fiziologik asosini bir necha funksional sistemalarning murakkab uyushmasi tashkil etadi, bu funksional sistemalardan ayrimlari nutq uchun ixtisoslashgan sistema bo‘lsa, boshqalari o’zga faoliyatlar uchun ham xizmat qila beradi.
Kishi nutq orqali boshqalar bilan munosabatda bo’lar ekan, buni albatta ikkinchi signal sistemasi orqali amalga oshiradi. Shuning uchun ham vaqtli bog‘lanishlar vujudga keladi. Bu esa o’zining qator xususiyatlariga ega bo‘ladi. Eshitilgan so’zlarning hammasi esda saqlanib qolavermaydi. Ikkinchi signal sistemasi tanlab esda olib qoladi. Nutq o’zining xususiyatiga va bajaradigan vazifalariga qarab asosan, uch turga bo’linadi: og’zaki, yozma va ichki nutq kabi. Ogzaki nutq odatda kishilar bir-birlari bilan muomala va munosabatda bo‘lganlarida o‘zlarining fikrlarini ovoz chiqarish, gapirish bilan amalga oshiradilar. Gapiruvchi shaxs uz fikrini ovoz, his-tuyg’ularini faqat so’z bilan emas, balki imo-ishora, mimika va intonatsiyalarida ham ifoda qiladi. Gapiruvchi nutqi aniq ravon, emotsional bo’lishi kerak. Tinglovchilar esa o’z diqqatini jalb etib, ma’ruzachining nutqini tinglaganidagina, uning ma’nosiga yaxshi tushunib oladilar. Kishilar o’rtasidagi amalga oshirilayotgan munosabatlarning xarakteri yoki xususiyatlariga qarab og’zaki nutq dialogik va monologik tarzda bo’lishi mumkin. Dialogik nutq ikki yoki undan ortiq kishilarning bir-birlari bilan suhbatlashish protsessidir. Bunda suhbatdoshlar faollik ko’rsatishlari kerak. Dialogik nutq orqali suhbat qilayotgan kishilar bir-birlarining fikrlarini tez tushunib olgani holda, suhbatdoshining aytgan gaplarini tasdiqlashi yoki unga e’tiroz bildirishi mumkin. Bu xil nutqning yana bir xususiyati bor, bunda suhbatdoshlarga ma’lum bo‘lgan ayrim so’zlar tushirib qoldirilishi ham mumkin. Ba’zi hollarda dialogik nutq; ixtiyorsiz ham bo‘ladi, cHunki suhbat davomida yangi-yangi fikrlar kelib chiqaveradi. Lekin bu nutq izchil va to’la bo‘lmasligi ham mumkin. Bu sharoit bilan bog‘liq. O’qituvchining o’qituvchi savoliga beradigan javobi izchil, mantiqiy jihatdan puxta bo’lishi talab etiladi. O’qituvchining o‘quvchiga beradigan savoli ham aniq tushunarli bo’lishi shart. Monologik nutq esa diologik nutqdan farq qilib, bitta odamning boshqalarga qarata nutq so’zlashidir. Masalan, dokladchi nutqi, lektorning auditoriyadagi o‘quvchi, talabalarga qarata ma’ruza o‘qishi kabilar monologik nutqdir. Monologik nutqning ham o’ziga xos xususiyatlari mavjud. Bu xususiyatlar eng avallo shundan iboratki, ko’pchilik oldida so’zlayotgan notiq fikrining mantiqiy jihatdan izchilligiga, burroligi, talaffuzning aniqligiga va nihoyat, fikrning ta’sirchanligiga e’tibor berish lozim. Ma’ruzachi tinglovchilarning o’zi aytayotgan gaplariga munosabatini hisobga olib borsa yaxshi bo‘ladi. Monologik nutq faqat boshqalarga qaratilgan bo‘lib qolmasdan, kishi o’zi yozgan konspektini yoki ma’ruzasini o’zicha ovoz chiqarib o‘qishi ham mumkin, bu ham monologik nutqqa kiradi.
Yozma belgilardan foydalangan holda nutq tuzish mumkin.
Bu yozma nutq bo‘ladi. Yozma nutq monologik nutqning turlaridan biri bo‘lib, ko‘pincha boshqalar uchun tayinlangan nutqdir.
Yozma nutqning o’ziga xos xususiyatlari bor. Avvalo, yozma nutqning murakkab va mukammal tuzilib ifoda qilinadigan nutq turlaridan ekanligini qayd qilish kerak. CHunki u masofa va zamon e’tibori bilan uzoqda bo‘lgan kishilarga atalgan bo‘ladi. Shuning uchun ham yoziladigan xat, maqola, kitob va boshqa yozma asarlardagi gaplarning hamma bo’laklari grammatik qoidaga muvofiq o’z joyida ishlatilishi lozim. Bunda gapning egasi, kesimi yoki boshqa bo’laklari tushib qolar ekan, uning mazmuniga tushunmaslik mumkin. Bu yana shuning uchun zarurki, bizning bilim va tajribalarimiz kelgusi avlodlarga tushunarli bo’lishi kerak.
Nutqning alohida xili ham bo‘lib, uni ichki nutq deb yuritamiz. Ichki nutq kishining o’ziga qaratilgan bo‘lib, o’z ichidan, o’ylab jim o’tirgan vaqtidagi nutqidir. Odatda, u ovozsiz o’tadi. Ba’zi hollarda esa u shivirlab aytiladi yoki ovoz bilan gapiriladi. Bunday hodisa kishi bir narsadan juda qattiq ta’sirlangan, hayajonlangan yoki bir narsadan pushaymon bo‘lgan yoki o’zi yolg‘iz o’tirgan vaqtlarida ro’y beradi. Kishi o’zi sezmasdan baland ovoz bilan gapira boshlaydi yoki ayrim so’zlarni ovoz chiqarib gapirib ham qo’yadi. Ko’p hollarda ichidan o’ylanib o’tirgan kishi yuz ifodasini o’zgartirib, boshini qimirlatib, qoshini chimirib, qo’llarini silkitib qo’yadi. Bu ichki nutqning harakat bilan ifoda qilinishidir. Bunday hodisa, ayniqsa, kichkina bolalarda ko’p uchraydi. Bola o’ynar ekan, uning og’zi ham jim turmaydi. U o’z-o’zidan gapirib o’ynaydi. Ya’ni, o’z ichidan nima o’ylayotgan bo‘lsa, shuni ovoz chiqarib gapiraveradi. Ichki nutq bo‘lmasligi, ko‘pincha qismlardan tuzilgan bo’lishi ham mumkin. Masalan, kishi portfelini axtarar ekan, «uyda esdan chiqib qolibdi-ku» yoki «olmabman», deb shivirlab qo’yadi va nima olishni unutganligini o’zi biladi. Ichki nutqi tafakkurga tabiiy ravishda bog‘langandir.
Muloqot va shaxslararo munosabatlar ijtimoiy psixologiyaning mavzuidir.
Muloqot odamlar amalga oshiradigan faoliyatlar ichida yetakchi o‘rinni egallab, u insondagi eng muhim ehtiyojni — jamiyatda yashash va o‘zini shaxs deb hisoblash bilan bog‘liq ehtiyojini qondiradi. Shuning uchun ham uning har bir inson uchun ahamiyati kattadir.
Muloqot - odamlarning birgalikdagi faoliyatlari ehtiyojlaridan kelib chiqadigan turli faolliklari mobaynida bir-birlari bilan o‘zaro munosabatlarga kirishish jarayonidir. Ya’ni, har bir shaxsning jamiyatda bajaradigan faoliyatlari (mehnat, o‘qish, o‘yin, ijod qilish va boshqalar) o‘zaro munosabat va o‘zaro ta’sir shakllarini o‘z ichiga oladi. CHunki har qanday ish odamlarning bir-birlari bilan til topishishni, bir-birlariga turli xil ma’lumotlarni uzatishni, fikrlar almashinuvi kabi murakkab hamkorlikni talab qiladi. Shuning uchun ham har bir shaxsning jamiyatda tutgan o‘rni, ishlarining muvaffaqiyati, obro‘si uning muloqotga kirisha olish qobiliyati bilan bevosita bog‘liqdir.
Bir qarashda osongina tuyulgan shaxslararo muloqot aslida juda murakkab jarayon bo‘lib, unga odam hayoti mobaynida o‘rganib boradi. Muloqotning psixologik jihatdan murakkab ekanligi haqida B.F. Parigin shunday yozadi: «Muloqot shunchalik ko‘p qirrali jarayonki, unga bir vaqtning o‘zida quyidagilar kiradi:
a) individlarning o‘zaro ta’sir jarayoni;
b) individlar o‘rtasidagi axborot almashinuvi jarayoni;
v) bir shaxsning boshqa shaxsga munosabati jarayoni;
g) bir kishining boshqalarga ta’sir ko‘rsatish jarayoni;
d) bir-birlariga hamdardlik bildirish imkoniyati;
ye) shaxslarning bir-birlarini tushunishi jarayoni».
Aslida har bir insonning ijtimoiy tajribasi, uning insoniy qiyofasi, fazilatlari, hattoki, nuqsonlari ham muloqot jarayonlarining mahsulidir. Jamiyatdan ajralgan, muloqotda bo‘lish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan odam o‘zida individ sifatlarini saqlab qolishi mumkin, lekin u shaxs bo‘lolmaydi. Shuning uchun muloqotning shaxs taraqqiyotidagi ahamiyatini tasavvur qilish uchun uning funkqiyalarini tahlil qilamiz.
Har qanday muloqotning eng elementar funksiyasi - suhbatdoshlarning o‘zaro bir - birini tushunishlarini ta’minlashdir. Bu o‘zbeklarda samimiy salom - alik, ochiq yuz bilan kutib olishdan boshlanadi. O‘zbek xalqining eng nodir va buyuk hislatlaridan biri ham shuki, uyiga birov kirib kelsa, albatta ochiq yuz bilan kutib oladi, ko‘rishadi, so‘rashadi, hol - ahvol so‘raydi. Shunisi xarakterliki, ta’ziyaga borgan chog‘da ham ana shunday samimiyatli qabulni his qilamiz.
Uning ikkinchi muhim funksiyasi ijtimoiy tajribaga asos solishdir. Odam bolasi faqat odamlar davrasida ijtimoiylashadi, o‘ziga zarur insoniy xususiyatlarni shakllantiradi. Odam bolasining yirtqich hayvonlar tomonidan o‘g‘rilanib ketilishi, so‘ng ma’lum muddatdan keyin yana odamlar orasida paydo bo‘lishi faktlari shuni ko‘rsatganki, «mauglilar» biologik mavjudot sifatida rivojlanaveradi, lekin ijtimoiylashuvda ortda qolib ketadi. Bundan tashqari, bunday holat boladagi bilish qobiliyatlarini ham cheklashi ko‘plab psixologik eksperimentlarda o‘z isbotini topdi.
Muloqotning yana bir muhim vazifasi - u odamni u yoki bu faoliyatga hozirlaydi, ruhlantiradi. Odamlar guruhidan uzoqlashgan, ular nazaridan qolgan odamning qo‘li ishga ham bormaydi, borsa ham jamiyatga emas, balki faqat o‘zigagina manfaat keltiradigan ishlarni qilishi mumkin. Masalan, ko‘plab tadqiqotlarda izolyatsiya, ya’ni odamni yolg‘izlatib qo‘yishning uning ruhiyatiga ta’siri o‘rganilgan. Masalan, uzoq vaqt termokamerada bo‘lgan odamda idrok, tafakkur, xotira, hissiy holatlarning buzilishi qayd etilgan. Lekin ataylab emas, taqdir taqozosi bilan yolg‘izlikka mahkum etilgan odamlarning maqsadli faoliyatlar bilan o‘zlarini band etishlari u qadar katta salbiy o‘zgarishlarga olib kelmasligini ham olimlar o‘rganishgan. Lekin baribir har qanday yolg‘izlik va muloqotning yetishmasligi odamda muvozanatsizlik, hissiyotga beriluvchanlik, hadiksirash, xavotirlanish, o‘ziga ishonchsizlik, qayg‘u, tashvish hislarini keltirib chiqaradi. Shunisi qiziqki, yolg‘izlikka mahkum bo‘lganlar ma’lum vaqt o‘tgach ovoz chiqarib, gapira boshlasharkan. Bu avval biror ko‘rgan yoki his qilayotgan narsasi xususidagi gaplar bo‘lsa, keyinchalik nimagadir qarab gapiraverish ehtiyoji paydo bo‘lar ekan. Shaxsning muloqotga bo‘lgan ehtiyojining to‘la qondirilishi uning ish faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Odamlar, ularning borligi, shu muhitda o‘zaro gaplashish imkoniyatining mavjudligi fakti ko‘pincha odamni ishlash qobiliyatini ham oshirarkan, ayniqsa, gaplashib o‘tirib qilinadigan ishlar, birgalikda yonma - yon turib bajariladigan operatsiyalarda odamlar o‘z oldida to‘rgan hamkasbiga qarab ko‘proq, tezroq ishlashga kuch va qo‘shimcha iroda topadi. To‘g‘ri, bu hamkorlikda o‘sha yonidagi odam unga yoqsa, ular o‘rtasida o‘zaro simpatiya hissi bo‘lsa, unda odam ishga «bayramga kelganday» keladigan bo‘lib qoladi. Shuning uchun ham amerikalik sotsiolog hamda psixolog Jon Moreno asrimiz boshidayoq ana shu omilning unumdorlikka bevosita ta’sirini o‘rganib, sotsiometrik texnologiyani, ya’ni so‘rovnoma asosida bir - birini yoqtirgan va bir - birini inkor qiluvchilarni aniqlagan va sotsiometriya metodikasiga asos solgan edi.
Shunday qilib, muloqot odamlarning jamiyatda o‘zaro hamkorlikdagi faoliyatlarining ichki psixologik mexanizmini tashkil etadi. Qolaversa, hozirgi yangi demokratik munosabatlar sharoitida turli ishlab chiqarish qarorlarini yakka tartibda emas, balki kollegial - birgalikda chiqarish ehtiyoji paydo bo‘lganligini hisobga olsak, odamlarning muomala madaniyati va muloqat texnikasi mehnat unumdorligi hamda samaradorlikning muhim omillaridandir.
Muloqot jarayoni o‘ziga xos ravishda murakkab bo‘lib, bunda uch xil bosqich mavjud.
Dastlabki bosqich — odamning o‘z-o‘zi bilan muloqotidir. T. Shibutani “Ijtimoiy psixologiya" darsligida: «Agar odam ozgina bo‘lsa ham o‘zini anglasa, demak, u o‘z-o‘ziga ko‘rsatmalar bera oladi»— deb to‘g‘ri yozgan edi. Odamning o‘z-o‘zi bilan muloqoti aslida uning boshqalar bilan muloqotining harakterini va hajmini belgilaydi. Agar odam o‘z-o‘zi bilan muloqot qilishni odat qilib olib, doimo jamiyatdan o‘zini chetga tortib, tortinib yursa, demak u boshqalar bilan suhbatlashishda, til topishishda jiddiy qiyinchiliklarni boshdan kechiradi, deyish mumkin. Demak boshqalar bilan muloqot— muloqotning ikkinchi bosqichidir.
Muloqotning hayotimizdagi shakl va ko‘rinishlariga kelsak uning har bir shaxsning hayotiy vaziyatlarga mos keladigan, o‘sha vaziyatlardan kelib chiqadigan ko‘rinishlari va turlari haqida gapirish mumkin. Lekin umumiy holda har qanday muloqot yo rasmiy yoki norasmiy tusda bo‘ladi. Agar rasmiy muloqot odamlarning jamiyatda bajaradigan rasmiy vazifalari va xulq-atvor normalaridan kelib chiqsa, masalan, rahbarning o‘z qo‘l ostida ishlayotgan hodimlar bilan muloqoti, professorning talaba bilan muloqoti va hokazo, norasmiy muloqot — bu odamning shaxsiy munosabatlariga tayanadi va uning mazmuni o‘sha suhbatdoshlarnnng fikr-o‘ylari, niyat-maqsadlari va emotsional munosabatlari bilan belgilanadi. Masalan, do‘stlar suhbatdoshi, poezdda uzoq safarga chiqqan yo‘lovchilar suhbati, tanaffus vaqtida talabalarning sport, moda, shaxsiy munosabatlar borasidagi munozaralari. Odamlarning asl tabiatlariga mos bo‘lgani uchun ham norasmiy muloqot doimo odamlarning hayotida ko‘proq vaqtini oladi va bunda ular charchamaydilar. Lekin shuni ta’kidlash kerakki, odamda ana shunday muloqotga ham qobiliyatlar kerak, ya’ni uning qanchalik sergapligi, ochiq ko‘ngilligi, suhbatlashish yo‘llarini bilish, til topishish qobiliyati, o‘zgalarni tushunishi va boshqa shaxsiy sifatlari kundalik muloqotning samarasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun hamma odam ham rahbar bo‘lolmaydi, ayniqsa, pedagogik ishga hamma ham qo‘l uravermaydi, cHunki buning uchun undan ham rasmiy, ham norasmiy muloqot texnikasidan xabardorlik talab qilinadi.
Muloqot mavzui va yo‘nalishiga ko‘ra, uning:
ijtimoiy yo‘naltirilgan (keng jamoatchilikka qaratilgan va jamiyat manfaatlaridan kelib chiqadigan muloqot);
guruhdagi predmetga yo‘naltirilgan (o‘zaro hamkorlikdagi faoliyatni amalga oshirish mobaynidagi muloqot — mehnat, ta’lim jarayonidagi yoki konkret topshiriqni bajarish jarayonida guruh a’zolarining muloqoti);
shaxsiy muloqot (bir shaxsning boshqa shaxs bilan o‘z muammolarini ochish maqsadida o‘rnatgan munosabatlari); pedagogik muloqot (pedagogik jarayonda ishtirok etuvchilar o‘rtasida amalga oshiriladigan murakkab o‘zaro ta’sir jarayoni) turlari farqlanadi.
Muloqotning turi va shakllari turlichadir. Masalan, bu faoliyat bevosita «yuzma - yuz» bo‘lishi yoki u yoki bu texnik vositalar (telefon, telegraf va shunga o‘xshash) orqali amalga oshiriladigan; biror professional faoliyat jarayonidagi amaliy yoki do‘stona bo‘lishi; sub’ekt - sub’ekt tipli (dialogik, sheriklik) yoki sub’ekt - ob’ektli (monologik) bo‘lishi mumkin.
Har bir muloqot turining o‘z qonun-qoidalari, ta’sir usullari va yo‘l-yo‘riqlari borki, ularni bilish har bir kishining, ayniqsa odamlar bilan doimo muloqotda bo‘ladiganlarning burchidir.
Muloqot jarayonining murakkab psixologik tabiatini bilish, turli sharoitlarda samarali munosabatlar o‘rnatish malakasini oshirish uchun uning tarkibiga kiruvchi har bir element yoki bo‘laqlar bilan alohida tanishib chiqamiz.
Muloqotning kommunikativ tomoni deyilganda, uning shaxslararo axborotlar, bilimlar, g‘oyalar, fikrlar almashinuvi jarayoni sifatidagi vazifalari nazarda tutiladi. Bu jarayonning asosiy vositasi bo‘lib til xizmat qiladi. Til shaxslar o‘rtasida aloqa vositasi bo‘lib, uning yordamida kishilar bilgan ma’lumotlari va hokazolarni bir-birlariga yetkazadilar. Ma’lumki, aloqa vositasi sifatida nutqning asosan 2 turi farqlanadi: yozma nutq hamda og‘zaki nutq. Og‘zaki nutqning o‘zi dialogik va monologik turlarga bo‘linadi.
Dialogik nuto’ning mazmuni, uning xarakteri, davomiyligi muloqotga kirishgan shaxslarning shaxsiy qarashlariga, qiziqishlariga, bir-birlariga bo‘lgan munosabatlariga, maqsadlariga bevosita bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun ham o‘qituvchi bilan o‘quvchining, hissiy rahbarlarning, diplomatlarning, ko‘chada uchrashib qolgan dugonalarning dialogik suhbatlari bir-biridan farq qiladi.
Monologik nutq esa bir kishining boshqa kishiga yoki kishilar guruhiga nisbatan murojaati bo‘lib, uning psixologik tuzilishi, fikrlarning mantiqan tugal bo‘lishi, gapirayotgan paytda grammatik qonun-qoidalarga rioya qilish keraqligi kabi shartlari mavjud. Masalan, ma’ruzaga tayyorlanayotgan talaba tayyorgarlik paytidan boshlab, ma’ruza qilib bo‘lgunga qadar, qator ichki ruhiy kechinmalarni boshdan kechiradi, unga ko‘p kuch va vaqt sarflaydi. Dialogik nutqqa nisbatan bu nutq turi murakkabroq hisoblanadi. Til vositasida olib boriladigan muloqot verbal, ya’ni so‘zli deyiladi.
Odamlar muloqot jarayonida so‘zlardan tashqari, ya’ni verbal vositalardan tashqari turli xil harakatlardan, qiliqlardan holatlardan, kulgu, ohanglar va boshqalardan ham foydalanadilar. qiliqlar, mimika, ohanglar, to‘xtashlar (pauza), hissiy holatlar, kulgu, yig‘i, ko‘z qarashlar, yuz ifodalari va boshqalar o‘zaro muloqotning nutqsiz vositalari bo‘lib, ular muloqot jarayonini yanada kuchaytirib, uni to‘ldiradi, ba’zan esa nutqli muloqotning o‘rnini bosadi, bunday vositalarni noverbal vositalar deyiladi.
Buyuk rus yozuvchisi L.Tolstoy odamlarda 97 xil kulgu turi hamda 85 xil ko‘z qarashlari turi borligini kuzatgan. G.M.Andreyevaning yozishicha, odam yuz ifodalari, nigohlarning 2000 ga yaqin ko‘rinishlari bor. Ayniqsa, birinchi bor uchrashganda ko‘zlar to‘qnashuvi, nigohlarning roli keyingi muloqotning taqdiriga kuchli ta’sir ko‘rsatishi maxsus tadqiqotlar jarayonida o‘rganilgan. Bularning barchasi muloqotning hissiy tomondan boy, mazmundor bo‘lishini ta’minlab, odamlarning bir-birlarini tushunishlariga yordam beradi. Muloqotning noverbal vositalarining milliy hamda xududiy xususiyatlari borligini ham alohida ta’kidlab o‘tmoq lozim. Masalan, o‘zbek xalqining muloqot jarayoni boy, o‘zaro munosabatlarining bevosita xarakteri unda shunday vositalarning ko‘proq ishlatilishi bilan bog‘liq. Bolalarning o‘z yig‘isi bilan onasiga o‘z his-kechinmalari hamda xohishlarini bildirishlari ham bolalarning yosh xususiyatlariga bog‘liq. Boshqa millatlar madaniyatiga nazar tashlanadigan bo‘lsa, ularda ham ba’zi bir muloqot vositalarining turli millatlarda turli maqsadlarda ishlatilishining guvohi bo‘lish mumkin. Bolgarlar agar biron narsa bo‘yicha fikrni tasdiqlamoqchi bo‘lishsa, boshlarini u yoq-bu yoqqa chayqashar, inkor qilishmoqchi bo‘lsa, aksincha, bosh siltashar ekan. Ma’lumki, o‘zbeklar, ruslar va bir qator boshqa millatlarda buning aksi.
Noverbal muloqotda suhbatdoshlarning fazoviy joylashuvlari ham katta ahamiyatga ega. Masalan, ayollar ko‘proq hissiyotlarga boy bo‘lganliklari sababli, suhbatlashayotganlarida bir-birlariga yaqin turib gaplashadilar, erkaqlar o‘rtasida esa doimo fazoviy masofa bo‘ladi. Olimlarning aniqlashlaricha, bolalarni odatdagiday orqama-ketin o‘tqazib o‘qitgandan ko‘ra, ularni yuzma-yuz o‘tkazib davra qurib o‘qitgan ma’qul emish, cHunki bunday sharoitda o‘quvchilarda ham javobgarlik hissi yuqoriroq bo‘lar ekan hamda emotsiyalar almashinishgani uchun ham guruhdagi psixologik vaziyat ijobiy bo‘lib, bolalarning predmetga va bir-birlariga munosabatlari ancha yaxshi bo‘lar ekan.
Paralingvistik ta’sir - bu nutqning atrofidagi nutqni bezovchi, uni kuchaytiruvchi yoki susaytiruvchi omillar. Bunga nutqning baland yoki past tovushda ifodalanayotganligi, artikulyatsiya, tovushlar, to‘xtashlar, duduqlanish, yo‘tal, til bilan amalga oshiriladigan harakatlar, nidolar kiradi. Shunga qarab, masalan, do‘stimiz bizga biror narsani va’da berayotgan bo‘lsa, biz uning qay darajada samimiyligini bilib olamiz. Kuyib - pishib, ochiq yuz va dadil ovoz bilan «Albatta bajaraman!», desa ishonamiz, albatta.
Demak, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishda muloqotning barcha vositalariga, ayniqsa, nutqqa e’tibor berish kerak. Bolalarni ilk yoshlik chog‘laridanoq nutq madaniyatiga o‘rgatish, nutqlarini o‘stirish choralarini ko‘rish zarur. Pedagog esa shunday nutq madaniyatiga ega bo‘lishi kerakki, u avvalo uning faoliyatini to‘g‘ri tashkil etishni ta’minlasin, qolaversa, bolalarda nutqning o‘sishiga imkoniyat bersin.
Muloqotning bu xususiyati kishilarning muloqot jarayonida birgalikdagi faoliyatda bir-birlariga amaliy jihatdan bevosita ta’sir etishlarinn ta’minlaydi. Shu tufayli odamlar hamkorlikda ishlash, bir-birlariga yordam berish, bir-birlaridan o‘rganish, harakatlar muvofiqligiga erishish kabi qator qobiliyatlarini namoyon etishlari mumkin. Shu tufayli o‘qituvchi bola shaxsiga maqsadga yo‘nalgan holda ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Aslini olganda, har qanday muloqot, agar u bema’ni, maqsadsiz, quruq gaplardan iborat bo‘lmasa, doimo muloqotga kirishuvchilarning xulq-atvorlarini, ularning ustanovkalarini o‘zgartirish imkoniyatiga ega.
Jamiyat miqyosida oladigan bo‘lsak, odamlarning turli sharoitlarda o‘zlarini tutishlari, xulq-atvorlarining boshqarilishi ma’lum psixologik qonuniyatlarga bog‘liqligini ko‘rish mumkin. Bunga sabab jamiyatda qabul qilingan turli normalar, qonun-qoidalardir. CHunki, o‘zaro muloqot va o‘zaro ta’sir jarayonlarida shunday hatti-harakatlar obrazlari kishilar ongiga singib boradiki, ularni har bir kishi norma sifatida qabul qiladi. Masalan, o‘smir bola, umuman yoshlar jamoat joylarida kattalarga o‘rin bo‘shatib berishlari keraqligi ham xulq-atvorning bir normasi. Shu normaga amal qilish yoki qilmaslik ijtimoiy nazorat tizimi orqali boshqariladi. Ya’ni, yuqoridagi sharoitda agar o‘smir bola avtobusda qariyaga joy bo‘shatmasa, jamoatchilik o‘sha zahoti uni ijtimoiy tartibga chaqiradi. Demak, har bir shaxs turli sharoitlarda turlicha rollarni bajaradi, bu rollarning qanday bajarilayotganligi, odamlarning kutishlariga mos kelishligi ijtimoiy nazorat tizimi orqali kuzatib turiladi. Shuning uchun ham muloqotga kirishgan kishilar doimo o‘z xulq-atvorlarini, qolaversa, o‘zgalarning xulq-atvorini nazorat qilib, harakatlarda bir-birlariga moslashadilar. Lekin gohida shaxsdagi rollarning ko‘p bo‘lishi rollarning ziddiyatiga olib kelishi mumkin. Masalan, maktab o‘qituvchisining o‘zi o‘qitayotgan sinfda farzandi bo‘lsa, dars paytida shunday ziddiyatni boshdan kechirishi mumkin, ya’ni bir vaqtning o‘zida ham ota yoki ona, ham o‘qituvchi rolini bajarishga majbur bo‘ladi. Yoki xulqi yomon o‘quvchining uyiga kelgan o‘qituvchi bir vaqtning o‘zida ham o‘qituvchi, ham mehmon rollari o‘rtasida qiynaladi.
Turli rollarni bajarayotgan shaxslarning o‘zaro muloqotlari kutishlar tizimi orqali boshqariladi. Masalan, xohlaydimi yoki xohlamaydimi, o‘qituvchidan ma’lum harakatlarni kutishadiki, ular o‘qituvchi roliga zid bo‘lmasligi kerak. O‘z rollariga mos harakat qilgan, doimo me’yor mezonida ish tutgan kishining harakatlari odobli harakatlar deb ataladi. Masalan, o‘qituvchining odobi, o‘z kasbini ustasi ekanligi, bolalar qalbini tushuna olishi, ularning yosh va individual xususiyatlarini hisobga olgan holda ish tutishi uning odobga ega ekanligining belgisidir. Odobsiz odam esa buning aksidir.
Demak, o‘zaro muloqot jarayonida bir odam ikkinchi odamga psixologik ta’sir ko‘rsatadi. Bu ta’sir ikkala tomondan ham anglanishi yoki anglanmasligi mumkin. Ya’ni, ba’zan biz nima uchun bir shaxsning bizga naqadar kuchli ta’sirga ega ekanligini, boshqa biri esa, aksincha, hech qanday ta’sir kuchiga ega emasligini tushunib yetmaymiz. Bu esa pedagogikada muhim muammodir. Har bir pedagogning o‘z ta’sir uslublari va ta’sir kuchi bo‘ladi. O‘qituvchi shaxsining bolalarga ta’siri quyidagi eksperimentda juda yaqqol kuzatilgan. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga anchagina o‘yinchoqlar berib, shularning ichida faqat bittasiga, qizil yog‘och o‘yinchoqqa tegmaslik aytilgan. Bolalar yolg‘iz qoldirilib, harakatlari pinxona kuzatilgan. Juda ko‘p bolalar taqiqlangan o‘yinchoqqa baribir tegishgan. Eksperimentning ikkinchi seriyasida esa endi barcha o‘yinchoqqa tegish mumkin-u, faqat qizil qutichaning qopqog‘ini ochish mumkin emas, deb aytilgan. Shu quticha tepasiga esa shu bolalarning o‘qituvchisi surati ilib qo‘yishgan. Bu seriyada birinchisiga qaraganda “ta’qiqni buzuvchilar" soni keskin kamaygan. Demak, bu narsa o‘qituvchi shaxsining bola harakatlariga ta’sirini yaqqol isbotlab turibdi.
Shaxslararo ta’sir haqida gap ketganda, o‘qituvchi obro‘yining roli haqida ham aytish lozim. Chunki, obro‘li odam doimo o‘sha obro‘ qozongan guruhida o‘z mavqeiga va ta’siriga ega bo‘ladi. Shaxs obro‘yi uning boshqa shaxslarga irodaviy va emotsional ta’sir ko‘rsata olish qobiliyatidir. Ma’lumki, obro‘ amal yoki hayotiy tajriba bilangina orttirilmay, uning haqiqiy asosi — shaxsning odamlar bilan to‘g‘ri munosabati, undagi odamiylik xislatlarining, boshqa ijobiy xislatlarining uyg‘unlashuvidadir. Psixologik obro‘ - ta’sir ko‘rsatishning eng muhim mezonidir.
Muloqot jarayonida odamlar bir-birlari bilan ma’lumotlar almashib, o‘zaro ta’sir ko‘rsatibgina qolmay, balki bir-birlarini to‘g‘riroq va aniqroq anglashga, tushunishga va idrok qilishga harakat qiladilar. Bu tomon shaxsiy idrok va tushunish muammosi bilan bog‘liqdir. Birgalikdagi faoliyat jarayonida shaxslarniig bir-birlarini to‘g‘ri tushunishlari na aniq idrok qilishlari muloqotning samarali bo‘lishini ta’minlaydi. Rus psixologi A.A.Bodalev boshchiligidagi laboratoriya bir-birlarini idrok qilish mexanizmlarini aniqlash borasida qator psixologik qonuniyatlarni kuzatgan. Bunday mexanizmlarga:
identifikatsiya;
refleksiya;
stereotipizatsiya kiradi.
Identifikatsiya shunday psixologik hodisaki, bunda suhbatdoshlar bir-birlarini to‘g‘riroq idrok qilish uchun o‘zlarini bir-birlarining o‘rniga qo‘yib ko‘rishga harakat qiladilar. Ya’ni, o‘zidagi bilimlar, tasavvurlar, hislatlar orqali boshqa birovni tushunishga harakat qilish, o‘zini birov bilan solishtirish (ongli yoki ongsiz) identifikatsiyadir. Masalan, birinchi marta uchrashuvga ketayotgan yigitning ichki holatini uning o‘rtog‘i yoki akasi tushunishi mumkin.
Refleksiya muloqot jarayonida suhbatdoshning pozitsiyasidan, holatidan turib, o‘zini tasavvur qilishdir, ya’ni refleksiya, boshqa odamning idrokiga taalluqli bo‘lib o‘ziga birovning ko‘zi bilan qarashga intilishdir. CHunki, busiz odam muloqot jarayonida o‘zini aniq bilmasligi, noto‘g‘ri muloqot formalarini tanlashi mumkin.
Stereotipizatsiya odamlar ongida muloqotlar mobaynida shakllanib o‘rnashib qolgan ko‘nikib qolingan obrazlardan shablon sifatida foydalanish hollaridir. Ijtimoiy stereotiplar har bir shaxsda u yoki bu guruhli kishilar haqida shakllangan obrazlardir. A.A. Bodalev va uning shog‘irdlari bunday stereotiplar ba’zan muloqotni to‘g‘ri yo‘nalganligini ta’minlasa, boshqa hollarda esa undagi xatoliklarning sababi bo‘lishi mumkinligini kuzatishgan. Idrok va tushunish borasidagi bunday xatoliklar kauzal atributsiya (lotinchasiga “kauza" — sabab, “atrebutsio" — bermoq, qo‘shib bermoq ma’nosini bildiradi) deb ataladi. Masalan, o‘qituvchi bilan hamsuhbat bo‘lib qolgan odamda suhbat boshidayoq “hozir odob-ahloqdan dars berishni boshlamasmikan" degan shubha paydo bo‘lishi mumkin. Bu ham stereotip. Bundan tashqari, odamlar birinchi marta ko‘rgan odam to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lish maqsadida uning tashqi qiyofasi bilan xarakteri o‘rtasida bog‘liqliklar o‘rnatishga harakat qilarkan, shunday bog‘liqliklarni aniqlash maqsadida A.A. Bodalev talabalar guruhiga turlicha qiyofali shaxslarning fotosuratlarini ko‘rsatgan. 72 kishidan 9 tasi iyagi katta kishilar kuchli iroda egalari ekanligini, 17 tasi peshonasi keng odamlar aqlli ekanliklarini, 3 kishi sochi qattik odamlarning qaysarroq, qatiy ekanliklarini, 5 kishi kichik bo‘yli odamlar hokimiyatga intilgan, boshqalar ustidan buyruq berishga moyil, chiroyli odamlar yo o‘ta o‘ziga bino qo‘ygan yoki nodon bo‘lishligini aytishgan va hokazo.
Tabiiyki, bunday fikrlar mutlaq to‘g‘ri emas, lekin kishilar ongida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan tasavvurlar shunday obrazlarni shakllantirgan. Notanish odam haqida tushunchaning shakllanishida u haqida berilgan birlamchi ma’lumot katta rol o‘ynaydi. Masalan, talabalarning ikki guruhiga bir xil portret ko‘rsatib, birinchi guruhda bu odam yirik olim, ikkinchisida esa, bu — davlat jinoyatchisi deb, unga ikkala holda ham ijtimoiy-psixologik xarakteristika berishlarini so‘ragan. Ko‘rsatmalar har xil bo‘lganligi sababli berilgan ta’riflar ham har xil bo‘lgan. Birinchi guruhdagi talabalar bu odam mehnatkash, mehribon, shafqatli, g‘amxo‘r, aqlli bo‘lsa kerak, deyishgan bo‘lsa, ikkinchi guruhdagilar uni – beshafqat, makkor, qatiyatli deb ta’riflashgan. Birinchi guruhdagilar portretdagi ko‘zlarni dono, muloyim deyishgan bo‘lsa, boshqalar ularni yovuz, beshafqat deb aytishgan.
Shunday qilib, ijtimoiy persepsiya yoki odamlarning bir-birlarini to‘g‘ri idrok etish va tushunish jarayoni muloqotning muhim muammolaridan biridir. Bu jarayon psixologik jihatdan murakkab bo‘lib, unda muloqotga kirishayotgan tomonlarning har biri alohida ana shu idrokning ham ob’ekti, ham sub’ekti bo‘lib faoliyat ko‘rsatadilar. Idrokning ob’ekti sifatida shaxs qaralganda, unda hosil bo‘ladigan “boshqa odam obrazi" ning barcha sifatlari va qirralari nazarda tutiladi. Bunday obraz paydo bo‘lishiga xizmat qiladigan belgilarga: o‘sha odamning tashqi qiyofasi, uning qiyinishi, o‘zini tutishi, hissiy holati, ovozi, nutqi, qiliqlari, yurishi va hokazolar kiradi. Lekin shularning ichida odamning yuzi muloqot mobaynida suhbatdoshga eng ko‘p ma’lumot beradigan ob’ektdir. Shuning uchun ham telefonda suhbatlashgandan ko‘ra yuzma-yuz suhbatlashish ancha oson va axborotlarga boydir.
Odamlarning bir-birlarini to‘g‘ri idrok etishlari ularning perseptiv, ya’ni hissiy bilish (idrok sezish) sohasiga aloqador bo‘lsa, bir-birlarini tushunishi ularning tafakkur sohalariga bevosita bog‘liq murakkab jarayondir. Boshqa odamni to‘g‘ri tushungan shaxs uning hissiy holatiga kira olgan hisoblanadi, boshqacha qilib aytganda, unda empatiya — birovlarning his kechinmalarini tushuna olish qobiliyati rivojlangan bo‘ladi. Yuksak ongli, madaniyatli, “ko‘pni ko‘rgan" shaxsgina boshqalarni to‘g‘ri tushunishi, ularning mavqeida tura olishi mumkin.
Odamlar bir - birlari bilan muomalaga kirishar ekan, ularning asosiy ko‘zlagan maqsadlaridan biri - o‘zaro bir - birlariga ta’sir ko‘rsatish, ya’ni fikr - g‘oyalariga ko‘ndirish, harakatga chorlash, ustanovkalarni o‘zgartirish va yaxshi taassurot qoldirishdir. Psixologik ta’sir - bu turli vositalar yordamida insonlarning fikrlari, hissiyotlari va hatti - harakatlariga ta’sir ko‘rsata olishdir.
Ijtimoiy psixologiyada psixologik ta’sirning asosan uch vositasi farqlanadi.
Verbal ta’sir - bu so‘z va nutqimiz orqali ko‘rsatadigan ta’sirimizdir. Bundagi asosiy vositalar so‘zlardir. Ma’lumki, nutq - bu so‘zlashuv, o‘zaro muomala jarayoni bo‘lib, uning vositasi - so‘zlar hisoblanadi. Monologik nutqda ham, dialogik nutqda ham odam o‘zidagi barcha so‘zlar zahirasidan foydalanib, eng ta’sirchan so‘zlarni topib, sherigiga ta’sir ko‘rsatishni xohlaydi.
Noverbal ta’sirning ma’nosi «nutqsiz»dir. Bunga suhbatdoshlarning fazoda bir - birlariga nisbatan tutgan o‘rinlari, holatlari (yaqin, o‘zoq, intim), qiliqlari, mimika, pantomimika, qarashlar, bir - birini bevosita his qilishlar, tashqi qiyofa, undan chiqayotgan turli signallar (shovqin, hidlar) kiradi.
Paralingvistik ta’sir - bu nutqning atrofidagi nutqni bezovchi, uni kuchaytiruvchi yoki susaytiruvchi omillar. Bunga nutqning baland yoki past tovushda ifodalanayotganligi, artikulyatsiya, tovushlar, to‘xtashlar, duduqlanish, yo‘tal, til bilan amalga oshiriladigan harakatlar, nidolar kiradi. Ularning barchasi muloqot jarayonini yanada kuchaytirib, suhbatdoshlarning bir - birlarini yaxshiroq bilib olishlariga yordam beradi. Masalan, agar uchrashuvning dastlabki daqiqalarida o‘rtog‘ingiz sizga qaramay, atrofga alanglab, «Ko‘rganimdan biram xursandman», desa, ishonasizmi?
Muloqot jarayonidagi xarakterli narsa shundaki, suhbatdoshlar bir - birlariga ta’sir ko‘rsatmoqchi bo‘lishganda, dastavval nima deyish, qanday so‘zlar vositasida ta’sir etishni o‘ylar ekan. Aslida esa, o‘sha so‘zlar va ular atrofidagi harakatlar muhim rol o‘ynarkan. Masalan, mashhur amerikalik olim Megrabyan formulasiga ko‘ra, birinchi marta ko‘rishib to‘rgan suhbatdoshlardagi taassurotlarning ijobiy bo‘lishiga gapirgan gaplari 7%, paralingvistik omillar 38%, va noverbal harakatlar 58% gacha ta’sir qilarkan. Keyinchalik bu munosabat o‘zgarishi mumkin albatta, lekin xalq ichida yo‘rgan bir maqol to‘g‘ri : «Ust - boshga qarab kutib olishadi, aqlga qarab kuzatishadi».
Muloqotning qanday kechishi va kimning ko‘proq ta’sirga ega bo‘lishi sheriklarning rollariga ham bog‘liq. Ta’sirning tashabbuskori - bu shunday sherikki, unda ataylab ta’sir ko‘rsatish maqsadi bo‘ladi va u bu maqsadni amalga oshirish uchun barcha yuqorida ta’kidlangan vositalardan foydaladi. Agar boshliq ishi tushib, biror hodimni xonasiga taqlif etsa, u o‘rnidan turib kutib oladi, iltifot ko‘rsatadi, xol - ahvolni ham quyuqroq so‘raydi va so‘ngra gapning asosiy qismiga o‘tadi.
Ta’sirning adresati - ta’sir yo‘naltirilgan shaxs. Lekin tashabbuskorning suhbatga tayyorgarligi yaxshi bo‘lmasa, yoki adresat tajribaliroq sherik bo‘lsa, u tashabbusni o‘z qo‘liga olishi va ta’sir kuchini qayta egasiga qaytarishi mumkin bo‘ladi.
Shu o‘rinda odamlarni samarali muloqotga o‘rgatish muammosi haqida keltirmoqchimiz. CHunki bugungi kunda bu muammo ijtimoiy psixologiyaning muhim masalalaridandir.
Ma’lumki, gaplashayotgan odamlar biri gapiradi, ikkinchisi tinglaydi, eshitadi. Muloqotning samaradorligi ana shu ikki qirraning qanchalik o‘zaro mosligi, bir - birini to‘ldirishiga bog‘liq ekan. Noto‘g‘ri tasavvurlardan biri shuki, odamni muomala yoki muloqotga o‘rgatganda, uni faqat gapirishga, mantiqan asoslangan so‘zlardan foydalanib, ta’sirchan gapirishga o‘rgatishadi. Uning ikkinchi tomoni - tinglash qobiliyatiga deyarli e’tibor berilmaydi. Mashhur amerikalik notiq, psixolog Deyl Karnegi «Yaxshi suhbatdosh - yaxshi gapirishni biladigan emas, balki yaxshi tinglashni biladigan suhbatdoshdir» deganda aynan shu qobiliyatlarning insonlarda rivojlangan bo‘lishini nazarda tutgan edi.
Mutaxassislarning aniqlashlaricha, ishlayotgan odamlar vaqtining 45%i tinglash jarayoniga ketar ekan, odamlar bilan doimiy muloqotda bo‘ladiganlar 35 - 40 % oylik maoshlarini odamlarni «tinglaganlari» uchun olarkanlar. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, kommunikatsiyaning eng qiyin sohalaridan hisoblangan tinglash qobiliyati odamga ko‘proq foyda keltirarkan.
Shuning uchun bo‘lsa kerak, nemis faylasufi A.Shopengauer «Odamlarni o‘zingiz to‘g‘ringizda yaxshi fikrga ega bo‘lishlarini xohlasangiz, ularni tinglang» deb yozgan ekan. Darhaqiqat, agar siz kuyunib gapirsangizu, suhbatdoshingiz sizni tinglamasa, boshqa narsa bilan ovora bo‘laversa, undan ranjiysiz, nafaqat ranjiysiz, balki u bilan aloqani ham uzasiz. O‘qituvchi gapirayotgan paytda uni tinglamaslik odobsizlikning eng keng tarqalgan ko‘rinishi deb baholanishini bilasizmi?
Nima uchun biz ko‘pincha yaxshi gapiruvchi, so‘zlovchi bo‘la olamiz-u, yaxshi tinglovchi bo‘la olmaymiz? Psixologlarning fikricha, asosiy xalaqit beruvchi narsa - bu bizning o‘z fikr - o‘ylarimiz va xohishlarimiz og‘ushida bo‘lib qolishimizdir. Shuning uchun ham ba’zan rasman sherigimizni tinglayotganday bo‘lamiz, lekin aslida hayolimiz boshqa yerda bo‘ladi. Tinglashning ham xuddi gapirishga o‘xshash texnikasi, usullari mavjud. Ularning turi ham ko‘p, lekin asosan biz kundalik hayotda uning ikki usulini qo‘llaymiz : so‘zma - so‘z qaytarish va boshqacha talqin etish. Birinchisi, suhbatdosh so‘zlarining bir qismini yoki yaxliticha qaytarish orqali, sherikni qo‘llab - quvvatlashni bildiradi. Ikkinchi usul esa - sherigimiz so‘zlarini tinglab, undagi asosiy g‘oyani muxtasar, o‘zimizning talqinimizda ifoda etish. Ikkala usul ham sherik uchun muhim, cHunki u sizning tinglayotganingizni, hattoki, undagi g‘oyalarga qarshi emasligingizni bildiradi. Bunday tashqari, biz yaxshi tinglayotgan bo‘lib, «Yo‘q-e?», «Nahotki?», «Qara-ya?», «Yasha!» luqmalari bilan ham suhbatdoshimizni gapirishga, yanayam o‘z fikrlarini oydinlashtirishga chaqirib turamiz.
Demak, aslida bizdagi gapirayotgan shaxs yetakchi, u suhbatning mutloq hokimi, degan tasavvur unchalik to‘g‘ri emas. Yaxshi tinglashda ham shunday kuch borki, u suhbatdoshni Sizga juda yaqinlashtiradi, ishonchni tug‘diradi. CHunki muloqot jarayonidagi eng qimmatli narsa - bu axborotning o‘zi. Tinglayotgan odam ma’nili, yaxshi dialogdan faqat yaxshi, foydali ma’lumot oladi. Gapirgan esa aksincha, o‘zidagi borini berib, gapirmaydigan suhbatdoshdan «teskari aloqani» olib ulgurmay, hech narsasiz qolishi ham mumkin. Shuning uchun muloqotga o‘rgatishning muhim yo‘nalishlaridan biri - odamlarni faol tinglashga, bunda barcha paralingvistik va noverbal omillardan o‘rinli foydalanishga o‘rgatishdir. Bu borada professional tinglash texnikasiga quyidagilar kiradi:
aktiv holat. Bu - agar kreslo yoki divan kabi mebel bo‘lsa, unga bemalol yastanib yoki yotib olmaslik, suhbatdoshning yuzidan tashqari joylariga qaramaslik, mimika, bosh chayqash kabi harakatlar bilan uning har bir so‘ziga qiziqayotganligingizni bildirishni nazarda tutadi;
suhbatdoshga samimiy qiziqish bildirish. Bu nafaqat suhbatdoshni o‘ziga jalb qilib, balki keyin navbat kelganda o‘zining har bir so‘ziga uni ham ko‘ndirishning samarali yo‘lidir.
o‘ychan jimlik. Bu suhbatdosh gapirayotgan paytda yuzda mas’uliyat bilan tinglayotganday tasavvur qoldirish orqali o‘zingizning suhbatdan manfaatdorligingizni bildirish yo‘li.
Agar biz suhbatdoshimizni yaxshi, diqqat bilan tinglasak, bu bilan biz unda o‘z - o‘ziga hurmatni ham tarbiyalaymiz. Demak, tinglash jarayoni ko‘pchilik tasavvur qilgani kabi unchalik passiv jarayon emas ekan. Uning muloqotning samarali bo‘lishidagi ahamiyati nihoyatda katta. CHunki tinglash qobiliyati gapiruvchini ilhomlantiradi, uni ruhlantiradi, yangi fikrlar, g‘oyalarning shakllanishiga sharoit yaratadi. Shuning uchun ma’ruzachi professorning har bir chiqishi va ma’ruzasi agar talabalar tomonidan diqqat bilan tinglansa, bu pedagogik muloqotdan ikkala tomon ham teng yutadi.
Agar muloqot jarayonida ishtirok etuvchi ikki jarayon - gapirish va tinglashning faol o‘zaro ta’sir uchun teng ahamiyatini nazarda tutsak, bu jarayon qatnashchilarining psixologik savodxonligi va muloqot texnikasini egallashining ahamiyatini anglash qiyin bo‘lmaydi. Shuning uchun ham ijtimoiy psixologiyada odamlarni samarali muloqotga ataylab o‘rgatishga juda katta e’tibor beriladi. Bu boradagi fanning o‘z uslubi bo‘lib, uning nomi ijtimoiy psixologik trening (ipt) deb ataladi. Ipt - muloqot jarayoniga odamlarni psixologik jihatdan hozirlash, ularda zarur kommunikativ malakalarni maxsus dasturlar doirasida qisqa fursatda shakllantirishdir. Eng muhimi ipt mobaynida odamlarning muloqot borasidagi bilimdonligi ortadi.
Mustahkamlash uchun savollar Tafakkur haqida tushuncha bering