6 Adabiyot II qism 2017. p65


«YULDUZLI TUNLAR» («BOBUR») ROMANI HAQIDA



Yüklə 1,46 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə56/73
tarix27.05.2022
ölçüsü1,46 Mb.
#59825
1   ...   52   53   54   55   56   57   58   59   ...   73
Adabiyot 2-qism 6-sinf

«YULDUZLI TUNLAR» («BOBUR») ROMANI HAQIDA
Aziz o‘quvchi, bilasizki, adabiyot inson hayotining turli palla-
larini yoritishi mumkin. Bir badiiy asarda hayotga endi kirib
kelayotgan bolajon sarguzashtlaridan, boshqasida esa turmush-
ning achchiq-chuchugini obdan totgan oqsoqol taqdiridan xabar-

Ilik – qo‘l.


1 1 1
dor bo‘lamiz. Xuddi shunga o‘xshab, bir adabiy asar bugungi
kun hodisalaridan hikoya qilsa, yana biri o‘quvchini tarixning
olis manzillari sari yetaklaydi.
Tarixiy mavzuda badiiy asar yozish ijodkordan katta mas’u-
liyatni talab etadi. Zamonaviy, erkin mavzularda qalam tebrata-
yotganda, yozuvchi shaxsiy istagiga, xayoliga istagancha erk
berishi mumkin. U o‘zi o‘ylab topgan hodisani, mo‘ljallagan
maqsadiga ko‘ra, u yoxud bu yo‘nalishda davom ettiraversa bo‘-
ladi. Bunda faqat mantiqqa va badiiy ishontirish san’atiga amal
qilinsa, bas. Fantastik voqealar talqinida esa yozuvchi bundan-da
ko‘proq erkin bo‘ladi.
Tarixiy mavzu haqida esa unday deb bo‘lmaydi. Chunki tarix
aniq bo‘lib o‘tgan, hech bir narsani qo‘shish yoki olib tashlash
mumkin bo‘lmagan voqealar jamlanmasidir. Qolaversa, tarix
muayyan xalqning xotirasi, asrab-avaylaydigan ma’naviy bisoti
hisoblanadi. Bu bisotga kim qanday xohlasa shunday yondashu-
viga o‘zini hurmat qilgan biror xalq yo‘l qo‘yib qo‘ymaydi. Bu
mas’uliyat yirik tarixiy hodisalar boshida turgan shaxslar –
podsholar, qirollar, prezidentlar, atoqli davlat va din arboblari,
katta siyosatchilar haqida asar yozilayotganda yanada ortadi.
O‘tmishning har bir hodisasini yoritishda, uni talqin etishda
xolislik, odillik va halollikka rioya etish lozimki, bu hol ijodkor-
dan juda katta bilimni, fuqarolik mas’uliyatini talab qiladi.
Pirimqul Qodirov, shu ma’noda, Cho‘lpon iborasi bilan ayt-
ganda, «boshini zo‘r ishga berib qo‘ygan» ijodkor hisoblanadi.
Zero, Bobur va boburiylar tarixini yoritish hazilakam ish
bo‘lmay, bu mavzularning yozuvchi hisobga olishi lozim bo‘lgan
minglab qirralari bor edi.
Yozuvchi hayoti va ijodiga bag‘ishlangan darsimizda aytga-
nimizdek, sho‘ro zamoni mafkurachilari «Yulduzli tunlar» roma-
nidan go‘yo turli xil «g‘oyaviy xatolar» topishib, asar va uning
muallifini badnom qilishga urinishdi. Ijodkorning o‘zi aytgani-
dek, «mustabid tuzum tazyiqi ostida roman olti yil chop etilmay
yotdi».


1 1 2
Muammoning yana bir jihati shundan iborat ediki, boburiylar
sulolasi hukm surgan bugungi Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston
singari davlatlarda yashovchi aholining o‘z tarixiga munosabati,
boburiylarga qarashini ham inobatga olish talab qilinardi. Chunki
bu yurtlarda ham hozirga qadar yuzlab ijodkorlar, olimlar, siyo-
satchilar, hatto yirik davlat arboblari bizning vatandoshlarimiz –
boburiylarga o‘z munosabatlarini u yoki bu tarzda bildirganlar.
To‘g‘ri, Pirimqul Qodirov ixtiyorida hazrat Bobur qalamiga
mansub tengsiz asar – «Boburnoma», uning qizi Gulbadanbegim
tomonidan bitilgan «Humoyunnoma» singari ko‘plab tarixiy
hamda badiiy manbalar bor edi. Lekin, shu narsani inobatga
olish kerakki, Pirimqul Qodirov tarixchi sifatida emas, yozuvchi
– ijodkor sifatida maydonga chiqadi. Ijodkordan esa o‘quvchi
kechmishning quruqdan quruq bayoni yoki ilmiy izohini emas,
san’atni talab qiladi. San’atki, xoh tarixiy, xoh to‘qima voqea-
hodisa yoxud insonlar bo‘lsin, ularning faqat tafsiloti, jismi
emas, ruhi ham qayta tirilsin, bugungi kun kishisini o‘z dunyo-
siga «tortib olsin»!
Xo‘sh, Pirimqul Qodirov mana shu g‘oyat qiyin talabni bajara
olganmi?
Keling, bu savolga «Yulduzli tunlar» romanidan olingan
yuqorida o‘qiganingiz mo‘jaz parchadan kelib chiqib javob to-
pishga urinaylik.
Asarning shu qismiga asos bo‘lgan tarixiy voqealar «Bobur-
noma»ning «Vaqoei sanai arbaa va tis’a mia» (To‘qqiz yuz
to‘rtinchi (1498–1499) yil voqealari) deb nomlangan bobidan
o‘rin olgan. Bobokaloni Amir Temur poytaxt etgan Samarqand
taxtida yuz kungina o‘tirgan o‘n olti yoshli Bobur mirzo ota
shahri Andijonni fitnachilar qo‘lidan qutqarmoq uchun ortga
qaytgan. Boburjonning o‘zi endigina og‘ir xastalikdan oyoqqa
turgan. U onasi Qutlug‘ Nigor xonim, onasining onasi Eson
Davlat begim, ustozi Xoja Mavlonoi qozi (Xo‘ja Abdulla)dan
«Samarqand Andijon kuchi bilan olingan edi. Agar Andijon qo‘-
lingizda bo‘lsa, Xudo buyursa, Samarqandni yana qayta olsa
bo‘lar» mazmunidagi xatlar olgach, shu safarga otlangan...


1 1 3
Bu hodisalar o‘zining barcha tafsilotlari bilan «Boburnoma»-
ning olti-yetti sahifasiga joy bo‘lgan, xolos. Yozuvchi ularni
asariga singdirar ekan, «Boburnoma»da bo‘lmagan bir tafsilot
bilan boyitadi. Bu Qutlug‘ Nigor xonim tomonidan o‘g‘liga
noyob sovg‘a – Amir Temurning qilichi va «xotirotlar bitilgan
daftarlari»ning tortiq etilishi voqeasidir.
Muallif romanning 1999-yili «O‘zbekiston» nashriyotida chop
etilgan to‘ldirilgan nashriga yozgan so‘zboshida, jumladan, qu-
yidagilarni ta’kidlaydi: «Bundan ellik yil burun, talabalik yil-
larimda Bobur mirzoga ixlosmandlik menda Amir Temur asos
solgan sulolaga qiziqish tufayli boshlangan edi. Bobur mirzo
temuriylar sulolasini halokatdan qutqarib, asrdan asrga, mamla-
katdan mamlakatga olib o‘tganligi, bu ulug‘ sulola Hind zamini-
da yana uch yuz yildan ortiq davr surganligi o‘sha yillardayoq
dilimda hayrat va iftixor tuyg‘usini uyg‘otgan edi. Keyinchalik
«Temur tuzuklari» bilan tanishganimda Sohibqironning vasiyat-
lariga va ulug‘ bunyodkorlik an’analariga Bobur mirzo astoydil
amal qilgani juda ko‘p tarixiy voqealarda ko‘zga tashlandi...
Ammo sho‘ro davrida bu haqiqatlarni yozish arining uyasiga
cho‘p tiqish bilan barobar edi. Chunki sho‘rolar har gal Amir
Temurga qarshi hujum uyushtirganda nuqul Bobur mirzoni uning
yoniga qo‘yib qoralashardi...»
Yozuvchi e’tirof etganidek, faqat mustaqillik tufayligina mil-
latimiz o‘tmishini, jumladan, buyuk temuriylar tarixini to‘la va
xolis yoritish imkoni tug‘ildi, «Yulduzli tunlar» romani ham biz
guvoh bo‘lgan epizodlar bilan boyidi.
Avvalo, shunga e’tibor beraylikki, biz o‘qigan parchada Bobur
mirzo o‘n olti yoshda – sizdan bor-yo‘g‘i uch yoshgina kattaroq
o‘spirinlik davrida ko‘z oldimizda namoyon bo‘lmoqda. Yozuv-
chi voqealar va qahramonlar talqinida bu jihatni doimo yodida
tutadi. Agar asar matniga shu nuqtayi nazardan qarasak, parcha-
dan oladigan taassurotimiz anchagina boyishi aniq.
Yuqorida aytganimizdek, Boburjon juda qattiq xastalikdan
endigina qutulgan. Yoshi katta odamlar bunday paytda ortiqcha


1 1 4
harakatdan, urinishdan o‘zini asrashi tayin. Boburjon bo‘lsa,
onasi va opasining, umuman, Andijonda qolgan yaqinlarining
diydoriga tezroq yetish umidida kasallikni ham tamom unutadi.
Shunga ko‘ra, yozuvchi qahramonlarining insoniy tuyg‘ularini
«Ona-bola va egachi-ini otlaridan tushib, quchoqlashib ko‘rishar
ekanlar, goh xonumondan ayrilish alamlarini, goh diydor
ko‘rishish quvonchlarini ichlariga sig‘dirolmay, ko‘zlariga dam-
badam yosh olishar edi» deya g‘oyat tabiiy tasvirlaydi.
Voqealar davomida Boburning jigarbandlariga dil yorib
so‘zlar ekan, ilojsizlikdan ko‘ngli ezilib, ruhi qiynalishi, ko‘zlari-
ga yosh quyilib kelishini ham, bir tomondan uning yoshi bilan,
ikkinchi tomondan esa buyuk millatdoshimizning ko‘ngli naqa-
dar pok, his-tuyg‘ulari qanchalar samimiy bo‘lgani bilan izohla-
shimiz lozim.
Asarda, garchi yosh bo‘lsa-da, Bobur mirzo chinakam temuriy
zot ekani ham alohida badiiy bo‘rttirib ifoda etiladi. Uning qa-
rorlar qabul qilishdagi qat’iyati, qo‘l ostidagilarga muomala va
munosabatda me’yorga amal qilishi, yaxshi va yomonni, zararli
va foydalini ilg‘ash hamda ajratishdagi sinchkovligi shular jum-
lasidandir. Ayniqsa, butun xatti-harakatidan nihoyatda murakkab
odam ekanligi sezilib turgan Ali Do‘stbekni kerak paytda rag‘-
batlantirib, boshqa payt jilovidan tortib turishi Bobur mirzoning
hukmronlik iste’dodi ham tug‘ma ekanidan darak beradi.
Xuddi shu singari endi asarning boshqa qahramonlariga, ki-
chik parchadagi asosiy ishtirokchilarga ham razm solaylik. Bila-
sizki, Boburning onasi Qutlug‘ Nigor xonim Yunusxonning ikkin-
chi qizi, Sulton Mahmudxon va Sulton Ahmadxonning egachisi
bo‘lgan. Yunusxon esa Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoy-
xonning naslidan edi. Demoqchimizki, Qutlug‘ Nigor xonim
o‘zining kim ekanini, shunga ko‘ra o‘zini qayerda qanday tutishi
lozimligini juda yaxshi bilgan. Yozuvchi, avvalo, qahramonining
shu jihatlariga o‘quvchi e’tiborini tortadi. Qutlug‘ Nigor xonim
ko‘z oldimizda bo‘lg‘usi buyuk shaxs va shoh – Bobur mirzoning
oqila, tadbirli, yuksak mavqeli onasi sifatida namoyon bo‘ladi.


1 1 5
Ahmad Tanbalday zulmkor, johil kimsaning qo‘lidan omon
chiqqani, chiqqanda ham o‘z obro‘si va darajasiga zarracha putur
yetkazmay qutulgani Qutlug‘ Nigor xonimning yuksak e’tiqodli,
o‘zini anglagan ayol bo‘lganidan yaqqol darakdir. Yozuvchi
Pirimqul Qodirov «Men Yunusxonning qizimen, inim Mahmud-
xon Toshkent tojdoridir, agar Ahmadbek bizga ziyon yetkazsa,
xonlar oldida javob berur!» deydigan ayolgina Bobur mirzodek
tarixiy shaxsni dunyoga bera olishi mumkin ekaniga bizni
ishontiradi. Qolaversa, Qutlug‘ Nigor xonimning har bir harakati,
gap-so‘zi, nigohi yolg‘iz o‘g‘li Boburjonni har turli balolardan
asrashga qaratilgan. O‘quvchi uni kuzatar ekan, o‘zbek onasi
qalbida kechadigan farzandga muhabbat, jonfidolik, mehr-u
shafqat tuyg‘ularini yaqindan his qiladi.
Barcha iste’dodli yozuvchilar singari Pirimqul Qodirov ham
o‘z qahramonlari tabiati, ijobiy yoki salbiy jihatlari to‘g‘risida
maxsus ta’riflar berish yo‘lidan bormaydi. Qahramonning kim,
qanday odam ekanini biz uning gap-so‘zi, harakatlaridan bilib
boramiz. Masalan, Qutlug‘ Nigor xonimning o‘g‘liga aytayotgan
quyidagi gaplariga e’tibor beraylik:
«Xudo rahmati Abusaid bobongiz vafot etganlaridan so‘ng
qolgan meroslari o‘g‘illari orasida taqsim etilur. Katta o‘g‘illar
oltin-u javohir to‘la sandiqlarni talashib olurlar. Ammo sizning
jannatmakon otangiz mana shu sandiqdagi qilich bilan xotirotlar
bitilgan daftarlarni afzal ko‘rurlar. Chunki bu xotirotlarda Amir
Temur hazratlarining ko‘rgan-kechirganlari bitilmishdir...»
Mana shu qisqagina gapda Qutlug‘ Nigor xonimning ma’na-
viy dunyosi ma’lum darajada aks etayotganini sezyapsizmi?
E’tibor bering: u «Temur tuzuklari» asari mazmunini, temuriylar
oilasi tarixini juda yaxshi biladi. Erining akalari tabiatidan ham
yaqindan xabardor. Bobur mirzoning otasi, o‘zining turmush
o‘rtog‘i, bundan to‘rt yil avval bevaqt vafot etgan Umarshayx
mirzoga bo‘lgan ixlosi va sadoqati esa cheksiz. Bundan tashqari,
gapining ohangidan Qutlug‘ Nigor xonimning ko‘zi to‘q,


1 1 6
yuqorida ta’kidlaganimizdek, chinakam xon qizi ekani ham
sezilib, bilinib turibdi.
Xonzoda begim, «Boburnoma»da ta’kidlanganidek, Qutlug‘
Nigor xonimning to‘ng‘ich qizi bo‘lib, Boburjondan besh yosh
katta edi. Uning tug‘ishgan ukasi Boburni jonidan ham aziz
ko‘rgani haqida eshitgan, hech bo‘lmaganda, «Yulduzli tunlar»
videofilmini ko‘rib, bilib olgan bo‘lsangiz kerak. Bu jafokash
ayolning qanchalar yuksak aql, odob, mehr va muruvvat egasi
ekani biz o‘qigan parchada ham ko‘rinib turibdi.
Avvalo, shuni aytish kerakki, Boburdek shijoatli, o‘z maqsa-
didan toymas taxt da’vogarining opasi bo‘lish Xonzoda begimga
aslo oson kechgan emas. Zero, ukasiga qasd qilgan, unga kuchi
yetmaydigan har qanday nokas guldek nafis Xonzoda begimga
tajovuz qilishi, Bobur mirzoni mana shu nozik joyidan ushlashga
urinishi tabiiy hol edi. Agar «Boburnoma»ni astoydil mutolaa
qilsangiz, bunday urinishlar ko‘p bo‘lganini bilib ham olasiz.
Shu doimiy xavf-xatar, shaxsiy hayotini izdan chiqarishi mumkin
bo‘lgan qaltis vaziyatlarga qaramay, Xonzoda begim biror maro-
taba inisiga iddao yoxud minnat qilgan emas. Aksincha, suyukli
ukasi Bobur mirzo har yili tug‘ilavermaydigan noyob inson,
temuriylar orasida ham chinakam voris ekanini ich-ichdan his
qilgan Xonzoda begim unga barcha jabhada madad bo‘lishga
harakat qilgan.
«Boburnoma» asarida, yuqorida aytganimizdek, Boburning
onasi va opasi bilan ko‘rishib suhbatlashishi, unga bobokaloni
Amir Temurdan qolgan meros tortiq qilinishi holatlari Pirimqul
Qodirov romanida tasvirlagandek tarzda uchramaydi. Bular
yozuvchi tomonidan yaratilgan badiiy to‘qima natijasi bo‘lib,
tarixiylikka da’vo qilmaydi ham. Biroq shu narsani tan olish
kerakki, bu va romanda uchraydigan yana ko‘plab badiiy to‘qima
voqea-hodisalar ham, qahramonlar ham tarixiy faktlar bilan
tabiiy birlashib, yaxlitlashib ketgan. Asarni o‘qir ekansiz, biror
o‘rinda tarixiy haqiqatga zid ish tutilgani, noaniqlik yoki
uydirmaga yo‘l qo‘yilganini sezmaysiz. Buning sababini esa,


1 1 7
suhbatimiz boshida aytdik: yozuvchi o‘zi yoritayotgan tarixiy
hodisalar mantiqini, ularni harakatga keltirgan turli omillarni
juda yaxshi o‘rgangan, tarix haqiqatiga to‘liq amal qilgan. Eng
muhimi, o‘zbek adibi, qaysi davr kishisi bo‘lishidan qat’i nazar,
odam bolalari tabiatiga xos o‘zgarmas fazilat va qusurlarni chu-
qur bilgani, his qilgani asaridagi hodisalarning ishonchliligini
ta’minlagan.
Agar badiiy asardagi Xonzoda begim harakatlari, gaplariga
shu nuqtayi nazardan yondashsak, tarixiy shaxs Xonzoda begim
ham ayni holatda xuddi shunday qilishi mumkinligiga shubha
qolmaydi. Buning isboti uchun, xuddi Qutlug‘ Nigor xonim
obrazini o‘rganganimizdek, Xonzoda begimning ham ukasi
Bobur mirzoga qilgan quyidagi murojaatini tahlil qilaylik:
«...Xonzoda begim inisiga mehri toblanib tikildi:
– Sizda ham Sohibqiron bobokaloningizdagi jo‘mardlikdan
bor, amirzodam! – dedi. – O‘shdagi suhbatlarimiz yodingizdami?
Siz meni Ahmad Tanbalning tajovuzidan qutqarganingizni
umrbod unutmagaymen! Bo‘lajak kelinimiz Oyisha begimni siz
Samarqanddan yog‘iy asoratidan xalos qilib, bizga xayrixoh
Toshkentga kuzatib qo‘yibsiz. Bu ham bir jo‘mardlik emasmi?
Yetti oy qamal azobini tortgan samarqandliklarga oshlik tarqa-
tibsiz, urug‘ligi qolmagan dehqonlarga bahorda urug‘lik keltirib
beribsiz. Bu hammasi dilingizda adolat tuyg‘usi kuchli ekanidan
dalolatdir. Belingizdagi qilichga Sohibqiron bobokaloningizning
«Kuch – adolatdadir» degan hikmatlari bejiz bitilmagan. Ahmad
Tanbalning o‘n ming askari bo‘lgani uchun u hozir «Men kuch-
limen!» deb yuribdir. Ammo yolg‘onning umri qisqa! Ahmad
Tanbal Andijonni aldamchilik bilan egalladi, sizni «o‘ldi» deb
ovoza tarqatdi. Siz sog‘-salomat qaytganingizni odamlar hade-
may bilurlar, Tanbalning yolg‘oni fosh bo‘lur. Uning zolimli-
gidan hamma bezor bo‘ladigan kunlar kelur».
Mazkur parchadagi Xonzoda begim hamda Oyisha begim bi-
lan, yetti oylik qamalni boshdan kechirgan samarqandliklar bilan
bog‘liq tafsilotlar «Boburnoma»da asar muallifi tilidan hikoya


1 1 8
qilinadi. Xonzoda begimning Sohibqiron Amir Temurga xos jo‘-
mardlikni ukasi tabiatidan ham topishi esa, tarixiy Xonzoda be-
gim aql-u zakovati, o‘z inisiga bo‘lgan ixlosining ifodasi sifatida
yozuvchi tomonidan qo‘shilgan. Ahmad Tanbalning yolg‘on xa-
bar ortidan hukmronlikka erishuvi vaqtincha ekani, u o‘n ming
askardan ham qudratliroq bo‘lgan adolat kuchi oldida, albatta,
yengilishi to‘g‘risidagi bashorat ham o‘zining tarixiy isbotiga ega.
Bu gaplar aynan Xonzoda begim nutqidan joy olishi aslo
bejiz emas. Ta’kidlanganidek, bu qahramon ham xuddi Qutlug‘
Nigor xonim singari «Temur tuzuklari» kitobining mazmun-
mohiyatini chuqur anglagan, voqea-hodisalarga shu bilim va
tajribadan kelib chiqib baho berish quvvatiga egadir.
Shu o‘rinda e’tiboringizni asardagi yana bir nozik jihatga qara-
ting. Ona va bolalar o‘rtasidagi suhbat davomida Qutlug‘ Nigor
xonim «xotirotlar bitilgan daftarlar» – «Temur tuzuklari» tafsi-
lotlarini Boburjonga aytib berish vazifasini qizi Xonzoda begim-
ga topshiradi. Holbuki, uning o‘zi ham bu daftarlarda bitilgan
haqiqatlardan juda yaxshi xabardor bo‘lgan. Bunga qo‘shimcha,
Umarshayx mirzo boshchiligidagi bu oilada Amir Temur hayoti
va faoliyati to‘g‘risida unutilmas suhbatlar ham kechgani Bo-
burjon xotiralaridan bilinib turibdi. Xo‘sh, nima uchun yozuvchi
Sohibqironning yigitlik paytlarida boshidan kechirgan voqealar
tafsilotini bayon qilishni Qutlug‘ Nigor xonimga emas, yoshi
kichik bo‘lsa-da, Xonzoda begimga ravo ko‘rmoqda?
Barakalla, to‘g‘ri topdingiz: yuqorida aytilganidek, Qutlug‘
Nigor xonimning o‘zi ota tomonidan chingiziylarga borib taqalar,
«Mo‘g‘ulistondan ellik ming qo‘shin bilan kelib, Temurbek taraf-
dorlarini qirg‘in qilgan» chingiziylar haqida uni gapirtirish bu
o‘rinda o‘zini oqlamagan bo‘lur edi. Boshqacha qilib aytganda,
Qutlug‘ Nigor xonimning qizi va o‘g‘li chingiziylar qo‘lidan
yurtni ozod qilgan temuriylar avlodidan edilarki, yozuvchi bu tari-
xiy haqiqatni mana shunday nozik tarzda yana bir marotaba ta’-
kidlaydi.


1 1 9
Eslatilganidek, bu asar qahramonlarining ichki dunyosi, bu
dunyoda yuz berayotgan o‘zgarishlar muallif tomonidan aytib
berilmaydi, balki bevosita ko‘rsatiladi, zehnli o‘quvchiga sezdi-
riladi. Birdaniga ham Samarqand, ham Andijon taxtidan ajralgan,
onasi va opasi bilan ko‘rishgunga qadar ne qilarini bilmay qiy-
nalayotgan o‘n olti yoshli Boburjon ruhiyati tasvirida ham buni
yaqqol sezamiz. Mana o‘sha tasvirning ayrim parchalari:
«Qilich uncha og‘ir emas edi. Bobur uni beliga taqqanda atro-
fidagi hamma narsa ko‘ziga boyagidan boshqacha – allanechuk
sokin va salobatli ko‘rindi.
– Onajon, siz menga yangi bir ruh ato qildingiz!..»
«Onasi in’om qilgan buyuk meros chindan ham Boburning
dilini ravshan qilib yuborgan edi. Ular kelib tushgan bog‘da
o‘riklar oppoq bo‘lib gullagani endi uning ko‘ziga tashlandi.
Daryo bo‘yidagi qalin chakalakzorda bulbullar basma-bas sayra-
yotgani qulog‘iga chalindi. Ayvonga chiqqanda kechki shabada
yuziga ipakday mayin salqinlik berdi».
Agar bu tasvirlarni o‘zigacha bo‘lgan holatlar tasviriga solish-
tirsak, yozuvchi bosh qahramoni ruhiyatidagi qanday o‘zgarish-
larga ishora qilayotganini chuqur anglaymiz.
Romandan mashg‘ulot uchun olingan parchaning umumiy
mazmunidan bir muhim savol qalqib chiqayotganiga e’tibor
bergan bo‘lsangiz kerak. Xo‘sh, nima uchun Ahmad Tanbal o‘n
ming kishilik qo‘shini bilan o‘spirin Bobur mirzodan yengildi?
Umuman, Bobur mirzoning, minglab ahmadlar va tanballardan
farq qilaroq, insoniyat tarixida bu qadar yuksak maqom kasb
etishining siri nimada?
Agar parchadagi hodisalar bayoni, qahramonlar xatti-harakati,
gap-so‘zlariga sinchiklab nazar solsak, bizningcha, yozuvchi bu
sir-sinoatni topishga ham qator ishoralar qilganini sezamiz.
Chunonchi, Ahmad Tanbal va u singari kimsalarning tabiatida
sotqinlik, xiyonat, yovuzlik, ochko‘zlik, zulmga o‘chlik singari,
odam bolasini o‘zidan bezdiradigan salbiy xususiyatlar ustuvorlik
qiladi. Ular zulm-u zo‘rlik, aldov va ayyorliklar bilan muayyan


1 2 0
muddat muvaffaqiyatga erishishlari, vaqtincha o‘z hukmron-
liklarini o‘rnatishlari ham mumkin. Insoniyat tarixi bunday hol-
larni ham ozmi-ko‘pmi ko‘rgan. Biroq, odamzod tabiati baribir
ulardan beziydi, qutulish uchun ming bir chorani izlaydi.
Aksincha, odamlarga nisbatan qilingan insoniy munosabat,
ko‘rsatilgan mehr va e’tibor, ko‘pchilik manfaatini o‘ylab amalga
oshirilgan xayrli ishlar, ertami-kechmi, o‘zining ijobiy samarasini
beradi. Bunga ham qadim va yaqin tarixdan istagancha misol
topish mumkin.
Shu nuqtayi nazardan endi «Yulduzli tunlar» romanidan olin-
gan parchaga diqqat qilaylik. Ahmad Tanbal Bobur mirzoning
Samarqandda ekanidan foydalanib, unga xiyonat qilaroq Andijon,
Marg‘ilon, O‘sh, Axsi qo‘rg‘onlarini egallab olgan. El-ulusning
moligagina emas, balki joni va imoniga ham daxl qilib, hatto
o‘ziga yordam bergan kishilarning oilasiga ham nopok nigohini
tikkan. Uning amaldor-u soliqchilari aholiga zulm va zo‘ravonlik
ko‘rsatib, xalq g‘azabining ortishiga sababchi bo‘lmoqdalar.
Xo‘janddan tortib Axsigacha, Andijondan O‘shgacha – butun el
Ahmad Tanbal zulmidan najot axtaradi. Holbuki, bu joylar
yaqin-yaqinlarda ham – Umarshayx mirzo va uning adolat-
parvarlik ruhida tarbiya qilgan o‘g‘li Bobur mirzo hukmronligi
paytlarida qanchalar ro‘shnoliklarni ko‘rgan, gullab-yashnagan
edi. Shu sababli ham Ahmad Tanbal zulmidan to‘ygan katta-yu
kichik Bobur mirzoning Andijon taxtiga qaytishini, elni bunday
nopoklar qo‘lidan qutqarishni tilaydilar.
E’tibor beraylik, Ahmad Tanbal shuncha hududni talab to‘y-
mayotgan bir pallada Bobur mirzo o‘zining «navkar-u sardorlari
bilan bir joyda uzoq vaqt mehmon bo‘lib turishga yuzi chida-
maydi. Chunki haftalar, oylar davomida yuzlab odamlarga ovqat,
otlarga yemish topib berish mezbonlarga juda og‘ir tushishini
sezadi. Shuning uchun onasi va egachisini Xo‘janddan O‘rate-
paga, xolasi Xub Nigor xonimning uylariga keltirib qo‘ydi. O‘zi
uch yuzga yaqin bek-u navkarlari bilan janubdagi tog‘larga
chiqib ketdi. Ovchi deb ataladigan bir qishloq yaqiniga chodir va


1 2 1
o‘tovlar tikishib, ancha vaqt ov o‘ljalari bilan ro‘zg‘or tebra-
tishdi». (Mazkur tafsilotlar «Boburnoma»da ham bor!)
Mana, chinakam hukmdor, el suygan rahbar bilan bu marta-
baga chiranib erishmoqdan o‘zga narsani o‘ylamaydigan olchoq-
larning asl farqi, birini biridan ajratib turadigan bosh tafovut!
Shu ma’noda Bobur mirzoning kindik qoni to‘kilgan Andijon eli
bilan qayta diydorlashuvi payti sodiq do‘sti Qosimbek bilan
qilgan mana bu qisqa muloqoti katta ramziy ma’no kasb etadi:
«– El-yurtda adolat bor ekan-a!?
– Ha, mehr-u oqibat ham kuchli ekan. Faqat yuzaga chiqishi
oson bo‘lmas ekan!»
Yozuvchi asaridan olingan nafaqat shu parchada, balki butun
romani davomida bu jiddiy masala talqinini bir zum e’tibordan
chetda qoldirmaydi, ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi mangu ku-
rashni keng ko‘lamda tasvirlashga harakat qiladi. Tarixni badiiy
jonlantirish, uning ishtirokchilari bo‘lmish shaxslarning to‘la-
qonli xarakterlarini qayta yaratish, o‘tmish hodisalarining bu-
gungi kun muammolari bilan tutash o‘rinlarini alohida bo‘rttirib
ko‘rsatish – bularning bari, aslida, xalqimizning ardoqli yozuv-
chisi Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar» («Bobur») ro-
mani, uning mantiqiy davomi bo‘lmish keyingi asarlarining
ham yashovchanligini ta’minlagan muhim fazilatlardir.
1. Yozuvchi Pirimqul Qodirovni tarixiy mavzuga murojaat
qilishga undagan sabablar nimalar edi, deb o‘ylaysiz?
2. Sho‘ro davri rahbariyati «Yulduzli tunlar» («Bobur») roma-
nining chop etilishiga bunchalar qattiq qarshilik ko‘rsat-
ganining bosh sababi nima bo‘lishi mumkin?
3. Mazkur romanni o‘qigan yoki u asosida tayyorlangan video-
filmni ko‘rgan bo‘lsangiz, asarning sizga eng kuchli ta’sir
qilgan joyini sinfdoshlaringizga gapirib bering.
4. Bobur va boburiylar to‘g‘risida nimalarni bilasiz? Ularning
faoliyati Hindiston tarixida qanday iz qoldirgan?

Yüklə 1,46 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   52   53   54   55   56   57   58   59   ...   73




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin