Ikkinchisi, mustamlakachilik davri, ya’ni kolonial bosqich (1865–1917 yillar) siyosiylashgan jamiyatlardan iborat edi. Bu jamiyatlar chorizm va mahalliy boshqaruv hukumatining zulmiga qarshi qaratilgan edi. Shuningdek, manfaatlar asosida tuzilgan turli adabiy to‘garaklar (masalan ziyolilar yig‘iladigan bedilxonlik, mashrabxonlik, navoiyxonlik kechalari)dan iborat edi. Bu davrda hattoki, arxeologiya, kuylovchi qushlar ixlosmandlarining mahalliy to‘garaklari, shashmaqomchilar jamiyati va boshqalar tuzildi. Barcha to‘siqlarga qaramasdan, sufiylarning diniy jamoalari ham faoliyat ko‘rsatib kelgan. Tabiyki, mustamlakachilik o‘zga g‘oyaning har qanday ko‘rinishini, milliy uyg‘onish va fuqarolar mustaqil faoliyatini har tomonlama bo‘g‘ishga harakat qildi.
Uchinchisi,mustabid sho‘rolar tuzumi davri (1917–1985 y.). Mazkur bosqich sovet hokimiyati tomonidan «kommunizm qurish ishida xalqning siyosiy faolligini» butun dunyoga ko‘rsatish maqsadida foydalanildi. Bu davrda qator jamoat birlashmalari faoliyat olib borgan bo‘lib, ular asosan, kommunizm mafkurasini madh etish, “sovet kishisi”ni tarbiyalash maqsadidagina tuzulgan edi. Ular, quyidagilardan iborat: ixtirochilar va ratsionalizatorlarning ilmiy-texnik jamiyati, radiohavaskorlar ilmiy-texnik jamiyati, «Bilim» ilmiy-texnik jamiyati; jismoniy tarbiya va sport sohasida «Dinamo» jamiyati, «Spartak» jamiyati; nogironlik bo‘yicha – O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyati; qiziqish bo‘yicha – shaxmatsevarlar jamiyati, ovchilar va baliqchilar jamiyati; professional sohada – O‘zbekiston bastakorlar jamiyati, O‘zbekiston arxitektorlar jamiyati, O‘zbekiston yozuvchilar jamiyati; tashqi-siyosiy targ‘ibot sohasida – tinchlikni saqlash qo‘mitasi, Osiyo va Afrika xalqlari bilan birdamlik qo‘mitasi; madaniy-tarixiy sohada – O‘zbekiston tarixiy va madaniy yodgorliklarni himoya qilish jamiyati; gumanitar sohada – O‘zbekiston Qizil Xoch va Qizil Yarimoy Jamiyati, suv (havzalari) ni qutqarish jamiyati va boshqalar.
Ushbu tashkilotlarning hammasi rasmiy xarakterga ega bo‘lgan – tabiiyki, buni aholidan sir tutish qiyin edi, zero aholi orasida ularga nisbatan ikki tomonlama yondashuv shakllandi: bir tomondan, hamma ularning zarurligini tushunardi, boshqa tomondan esa, ularning foydasiz ekanligini ko‘rishdi (yoki shunga guvoh bo‘lishdi). Sovet hukumati bu birlashmalarning har qanday siyosiylashuviga nihoyatda ehtiyotkorona munosabatda bo‘lgan. Ayniqsa, ushbu
jamoatchilik birlashmalariga ularning deyarli befoyda ekanligini namoyon qilgan a’zolikning «ixtiyoriy-majburiy» xarakteri odamlarning g‘ashiga tegar edi.