Ixtiyorsiz xayol deb - odam o’zining oldiga hech qanday maqsad qo’ymasdan, irodani ishga solmasdan, qandaydir o’z-o’ziga obraz va tasavvurlarni yaratishiga aytiladi.
Ixtiyorsiz xayol shu topdagi kuchli ehtiyoj tufayli maydonga keladi. Masalan: odam juda tashna yoki juda och bo’lgan paytida uning xayolida har turli taomlar, daryo va buloq suvlari paydo bo’la boshlaydi. Odamning ayni shu chog’dagi hissiy holati, ya'ni his-tuyg’ulari ham ixtiyorsiz xayolning maydonga kelishiga sabab bo’ladi. Chunonchi, vahima yoki qo’rqinch hissi paytida odamning xayoliga qo’rqinchli narsalarning obrazlari kela boshlaydi.
Odamning tush ko’rishi ham ixtiyorsiz xayol faoliyatlaridan hisoblanadi. Yuqorida aytib o’tganimizdek, odam uxlay boshlagan paytda bosh miya po’stining hamma joylari tormozlanmay, ayrim joylari ishlab turadi. Ana shu ishlab turgan joylaridagi nerv hujayralarida ilgari hosil qilingan obraz va tasavvurlar qayta tiklanib, odam tush ko’ra boshlaydi. Bunda miya po’stining eng asosiy markazlari (ikkinchi signallar tizimi) tormozlangan bo’lgani tufayli hech qanday nazorat bo’lmaydi. Natijada obraz va tasavvurlar bir-biri bilan allaqanday munosabatlarga kirib, odam palapartish tush ko’ra boshlaydi.
Ixtiyoriy xayol jarayonlari betartib ravishda, emas balki muayyan bir jarayonda o’tadi. Bu tartib odamning ehtiyojlari, maqsadlari, hissiyotlari fikr hamda maslaklari bilan belgilanadi.
Ixtiyoriy xayol deb oldindan belgilangan maqsad asosida iroda kuchini ishga solib muayyan obraz va tasavvurlarni yaratishga aytiladi. Demak, ixtiyoriy xayol hamisha ma'lum maqsad va vazifalarni bajarish bilan bog’liq bo’ladi. Bunday maqsad va vazifalar boshqalar tomonidan qo’yilishi mumkin. Masalan, rassom o’zi ishlamoqchi bo’lgan suratning mavzusini o’zi belgilaydi. Yozuvchi yozmoqchi bo’lgan asarning mavzusini o’zi tanlaydi va o’zi badiiy obrazlarni yaratadi. Umuman san'at asarlarining hammasi ixtiyoriy xayol natijasida maydonga keladi.
Biroq shuni ham aytib o’tish kerakki, ixtiyoriy xayol ba'zan ixtiyorsiz xayolga o’tib ketishi mumkin. Shuning uchun ixtiyoriy xayol ixtiyorsiz xayoldan batamom ajralgan holda ro’y bermaydi. Ixtiyoriy xayol jarayoni hamisha beixtiyor qilinadigan xayol daqiqalarini o’z ichiga oladi. Masalan, rassomlar yoki kompozitorlar o’zlarining biror yangi asarlarini ixtiyoriy tarzda yaratayotganlarida ba'zan ixtiyorsiz ravishda ayrim fikrlarga berilib ketishlari mumkin.