16.1. Dala qirqbo‘g‘imi Dala qirqbo‘g‘imi ildizpoyali ko‘p yillik o‘t bo‘lib, daryo, kanal va ariqlar bo‘yidagi sernam yerlarda, zovurlar yoqasida, buloqlar atrofida, marzalarda o‘sadi. Uning poyasi, shoxlari serqirra va bo‘g‘imlarga bo‘lingan. Shuning uchun ham unga qirqbo‘g‘im deb nom berilgan. Bo‘g‘im oraliqlarining ichi kovak. Uning shoxlari faqat poya bo‘g‘imlaridan chiqadi va bo‘g‘imlarda halqa hosil qilib joylashadi. Barglari mayda bo‘lib, poya va shoxlardagi bo‘g‘imlarda halqa hosil qilib o‘rnashgan.
Dala qirqbo‘g‘im poyasi va shoxlarining uchida spora beruvchi boshoq hosil bo‘ladi. Ularda (shakli o‘zgargan barg) halqa hosil qilib o‘rnashadi. Sporafillarning ostki tomonida 6-8 ta sporangiy joylashgan, Sporafillar spora beruvchi organ, ya’ni ko‘payish organi vazifasini bajaradi (…-rasm). (repetitor kitobida 20-rasm).
Erta bahorda dala qirqbo‘g‘imining ildizpoyasidagi kurtaklardan poya o‘sib chiqadi. Bu poya qo‘ng‘ir rangli, shoxlanmagan bo‘lib, uchida spora beruvchi bitta boshoq yetishadi.
Spora beruvchi boshoqlarda yetishgan sporalar tashqariga chiqqach suv yoki shamol yordamida tarqaladi. O‘sish uchun qulay sharoitga tushgan sporalarning ayrimlaridan erkak o‘simta, ayrimlaridan esa urg‘ochi o‘simta unib chiqadi. Erkak o‘simta kichkina, chetlari bo‘lingan. Undagi anteridiyda ko‘p xivchinli spermatozoidlar yetishadi. Urg‘ochi o‘simta esa erkak o‘simtadan biroz kattaroq bo‘lib, undagi arxegoniy ichida tuxum hujayra hosil bo‘ladi.
Spermatozoidning tuxum hujayrasiga kelib qo‘shilishi (urug‘lanish) qirqbo‘g‘imlarda faqat suvda amalga oshadi. Urug‘langan tuxum hujayradan hosil bo‘lgan murtak o‘sib yangi o‘simlik – sporafitni hosil qiladi.
Yozning boshlarida dala qirqbo‘g‘imining ildizpoyasidan yozgi poya o‘sib chiqadi. Bu poya nozik, yashil va shoxlangan bo‘ladi. U organik moddalar tayyorlash va uni ildizpoyada to‘plash uchun xizmat qiladi.
Qirqbo‘g‘imlar sporalari orqali ko‘payishdan tashqari ildizpoyalari orqali vegetativ yo‘l bilan ham ko‘payadi.
O‘zbekistonda qirqbo‘g‘imning sershox qirqbo‘g‘im deb nomlanadigan ikkinchi turi ham o‘sadi. Bu tur dala qirqbo‘g‘imidan bahorgi poyasining yo‘qligi, spora beruvchi boshoqlari shoxli poyalar uchida hosil bo‘lishi bilan farq qiladi.
Qirqbo‘g‘imlar qimmatli dorivor o‘simliklardir. Ularning poya va shoxlaridan tayyorlangan qaynatma va damlama siydik haydovchi dori sifatida ishlatiladi.
17-DARS:QIRQQULOQLAR (QIRQQULOQTOIFA) BO‘LIMI Yer yuzida qirqquloqlarning 10 000 ga yaqin turi tarqalgan. O‘rta Osiyoda qirqquloqdoshlar oilasiga mansub 32 tur o‘sadi. Shulardan 10 turkumga kiruvchi 15 turi O‘zbekiston hududida tarqalgan. Qirqquloqlarga ildizpoyali ko‘p yillik o‘tlar kiradi.
Faqat tropik va subtropik mintaqalardagina ularning daraxtsimon vakillari uchraydi. Yer betiga qirqquloqlarning bir to‘p patsimon qirqilgan uzun barglari o‘sib chiqadi. Yosh barglarning uchi o‘ralgan bo‘lib, barg o‘sgan sari yozila boradi.