Ijtimoiy ta’tillar. Qonun hujjatlarida ish beruvchi zimmasiga xodimlarga mehnat ta’tillaridan tashqari, ijtimoiy ta’tillar ham berish majburiyatini yuklaydi. Mehnat Kodeksining 149-moddasiga muvo- fiq, xodim quyidagi ijtimoiy ta’tillarni olish huquqidan foydalanadi:
-homiladorlik va tugʻish ta’tillari;
-bolalarni parvarishlash ta’tillari;
-oʻqish bila bogʻliq ta’tillar;
-ijodiy ta’tillar.
Homiladorlik va tugʻish ta’tiliniolish huquqiga mehnat shartnomasi boʻyicha ishlovchi barcha ayollar ish staji boʻlishidan qat’i nazar egadirlar. Mehnat kodeksining 233-moddasiga muvofiq, tug`gunga qadar 70 kalendar kun va tuqqandan keyin 56 kalendar kun (tugʻish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tugʻilgan hollarda-70 kalendar kun) muddati bila homiladorlik va tugʻish ta’tili beriladi. Homiladorlik va tugʻish ta’tili davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu davrda ayolga oʻrtacha ish haqining 100 foizi miqdorida nafaqa toʻlanadi.
Mehnat Kodeksining 234-moddasiga muvofiq, homiladorlik va tugʻish ta’tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga koʻra, ish stajidan qat’i nazar, bola ikki yoshga toʻlgunga qadar parvarishlash uchun, ana shu davrda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nafaqa toʻlangan holda, ta’til beriladi. Mazkur ta’tildan bolaning otasi, buvisi, buvasi yoki bolani amalda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlari ham toʻliq yoki uni qismlarga boʻlib foydalanishlari mumkin. Bolani parvarishlash ta’tili vaqti ish stajiga, shu jumladan, mutaxassisligi boʻyicha ish stajiga ham qoʻshiladi. Bolani parvarishlash ta’tili davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi, korxonaning batamom tugatilishi hollari bundan mustasno. Yana shuni nazarda tutish kerakki, bola ikki yoshga toʻlgach ayolning xohishiga koʻra, ish beruvchi unga bola uch yoshga toʻlgunga qadar ish haqi saqlanmagan holda, ta’til berishi shart.
Bolani parvarishlash nafaqasi bolaning onasiga yoki bolani amalda parvarishlayotgan boshqa qarindoshiga tayinlanadi. Nafaqa bola ikki yoshga toʻlgunga qadar har oyda respublikada belgilangan eng kam ish haqining 150 foizi miqdorida, parvarishlanayotgan bolalar soni va nafaqa oluvchi shaxsning mehnat stajidan qat’i nazar toʻlanadi. Bu nafaqani olish huquqidan ishlaydigan onalar ham, ishlamaydigan onalar ham foydalanadilar. Ishlaydigan onalarga nafaqalar homiladorlik va tugʻish ta’tili tugagandan keyin ish joyidan toʻlanadi. Ishlamaydigan onalarga nafaqa bola tugʻilgandan keyingi oydan e’tiboran ijtimoiy ta’minot organlari tomonidan toʻlanadi. Birinchi holda ham, ikkinchi holda ham nafaqa bola ikki yoshga toʻlgan oyga qadar toʻlanadi. Mehnat Kodeksi 234- moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq, ayolning yoki bolani amalda parvarishlayotgan boshqa qarindoshining xohishiga koʻra, ular toʻliq boʻlmagan ish vaqti rejimida yoki ish beruvchi bilan kelishib, uyda ishlashlari mumkin. Bolani parvarishlash nafaqasi tayinlanishi uchun quyidagilarni taqdim etish zarur:
shu nafaqa tayinlanishi soʻralgan ariza;
bola tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning koʻchirma nusxasi.
Oʻquv ta’tillari. Ta’lim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqib, oʻquv rejasini bajarayotgan xodimlar ish joyidan oʻquv ta’tillari olish huquqiga egadirlar. Oʻz maqsadiga koʻra, oʻquv ta’tili kirish, kursdan-kursga oʻtish yoki bitirish imtihonlarini topshirish, laboratoriya-imtihon sessiyasida qatnashish uchun, diplom loyihasini tayyorlash va himoya qilish davrida berilishi mumkin.
Umumta’lim maktablarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqiyotgan xodimlar quyidagi oʻquv ta’tillarini olish huquqiga egadirlar:
bitiruv imtihonlarini topshirish uchun beriladigan ta’til;
sinfdan-sinfga oʻtish imtihonlarini topshirish uchun beriladigan ta’til.
Umumta’lim maktablarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda, oʻqiyotgan xodimlarga oʻn birinchi sinfda bitiruv imtihonlari topshirish davrida 20 kishi kunidan kam boʻlmagan, toʻqqizinchi sinfda esa 8 ish kunidan kam boʻlmagan ta’til beriladi. Bunday ta’tillar vaqtida xodimlarning ish joyi va oʻrtacha ish haqi saqlanadi. Oʻrta-maxsus oʻquv yurtlarining oxirgi kurslarida oʻquvning ham kechki, ham kunduzgi shakllarida oʻqiyotgan xodimlarga diplom loyihasiga materiallar toʻplash uchun 30 kalendar kun muddat bilan
ish haqi saqlanmagan holda, ta’til beriladi.
Oliy oʻquv yurtlarining oxirgi kurslarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim olayotgan xodimlarga diplom loyihasiga materiallar toʻplash uchun ish haqi saqlanmagan holda 30 kalendar kun muddat bilan ta’til beriladi. Bu ta’til davrida talablarga umumiy asoslarda stipendiya tayinlanadi.
Ijodiy ta’tillar. Mehnat Kodeksining 285-moddasiga muvofiq, ishlab chiqarish yoki pedagogik faoliyatni ilmiy ish bilan birga qoʻshib olib borayotgan shaxslarga nomzodlik yoki doktorlik dissertatsiyalarini yakunlash, shuningdek, darsliklar va oʻquv- uslubiy qoʻllanmalar yozish uchun asosiy ish joyida oʻrtacha oylik ish haqi va lavozimi saqlangan holda, ijodiy ta’tillar beriladi.
Quyidagi muddat bilan ijodiy ta’til beriladi:
-nomzodlik dissertatsiyasini va mualliflar darsliklar va oʻquv– uslubiy qoʻllanmalarini yakunlashlari uchun uch oygacha;
-doktorlik dissertatsiyasini yakunlash olti oygacha.
Ilmiy daraja da’vogarlariga ijodiy ta’tilni rasmiylashtirish uchun kafedra Ilmiy kengashga asoslantirilgan iltimosnoma yoʻllaydi. Ilmiy kengashning tavsiyasida dissertatsiyani yakunlash uchun zarur boʻlgan ta’tilni berish vaqti va muddatlari koʻrsatiladi. Ijodiy ta’til olgan shaxslar ta’til tugaganidan keyin qilingan ish toʻgʻrisida hisobot taqdim etadilar. Ish mualliflar jamoalari tomonidan yozilganda ijodiy ta’til mualliflar jamoasining barcha a’zolari tomonidan imzolangan arizaga binoan, mualliflar jamoasining a’zolaridan biriga beriladi. Mualliflar ta’tilni oʻzaro taqsimlashga ham haqlidirlar.