1. Ildizning birlamchi tuzilishi. Ildizning birlamchi tuzilishini gulsavsar ildizidan tayyorlangan preparatda ko’riladi, uning ildizi tashqi tomondan bir qavat tirik hujayralar bilan o’ralgan. Bu hujayralarning ayrimlari tashqariga bo’rtib o’sadi va ildiz tukini hosil qiladi. Ildizning bu qavatini epiblema deb ataladi. Epiblema ildiz tukchalari yordamida tuproqdan suvni so’rib oladi, shuning uchun so’ruvchi zona ham deb ataladi. Uning ostida o’lik hujayralardan tashkil topgan bir-ikki qavat ekzoderma joylashgan. Bu hujayralar orasida tirik hujayralar ham joylashgan bo’lib, bular orqali ildiz tukchalari so’rib olgan suv va mineral moddalar ichkariga o’tadi. Ekzoderma – tashqi po’st demakdir. Ildizning tukli qavati halok bo’lgandan so’ng ekzoderma qoplovchi vazifasini bajaradi. Ekzodermadan so’ng ildizning asosiy qismini tashkil qilgan birlamchi po’stloq parenximasi joylashgan, buni mezoderma deb ataladi. Mezoderma hujayralari tirik hujayralardan iborat bo’lib, suv va oziqa moddalarni kerakli tomonga o’tkazib turadi qisman o’zida vaqtinchalik to’plab ham turadi. Birlamchi po’stloq parenximasidan so’ng po’stloqning ichki qavati endoderma joylashgan. Endoderma bir qavat doira bo’lib joylashgan taqasimon shakldagi o’lik hujayralardan iborat. Ular o’zidan suv va oziqa moddalarni o’tkazmaydi, lekin endoderma hujayralari orasida tirik hujayralar bo’lib, ular orqali suv va unda erigan moddalar ichkariga o’tadi. Shuning uchun ularni o’tkazuvchi hujayralardeyiladi. Endoderma qavatining ostida bir qavat tirik hujayralar joylashgan bo’lib, uni peresikl deyiladi. Undan Yon ildizlar, qisman kambiy ham hosil bo’ladi. Perisikldan ichkarida o’tkazuvchi hujayralar to’dasi yog’ochlikning o’tkazuvchi naylari joylashgan. Bu o’tkazuvchi naylar ksilema naylari deb ataladi va ksilema naylari orqali suv va mineral moddalar poyaga o’tadi. Ksilema naylari to’p-to’p bo’lib joylashgan. Shu naylar to’plami orasida elaksimon naylar joylashgan. Buni floema naylari deb ataladi. Bu naylar orqali bargda hosil bo’lgan moddalar pastga tushadi. Floema bilan ksilemaning to’plami markaziy silindrni hosil qiladi.