Maqsad: Tanlama kuzatish: mohiyati, zarurligi va ahamiyati, tanlama to’plamning reprezentativligi va uni ta’minlash usullari
Zarur adabiyotlar va jihozlar: 1. O’zbekiston Respublikasi «Davlat statistikasi to’g’risida»gi qonun. Xalq so’zi, 2002 yil 26 dekabr.
2. Shodiev X., Statistika (darslik). T.: «Abu Ali ibn Sino», 2004 – 96-110 betlar., Noutbuk va tarqatma materiallar
3. http://library.ziyonet.uz/ru/book/download/35990
Ishning mazmuni:
Statistika ommaviy to’plamlar bilan shug’ullanganligi sababli statistik tadqiqotlar juda ko’p mashaqqatli mehnatni talab qiladigan qimmatli ishlardan hisoblanadi.
Tanlama kuzatish – qisman kuzatish usuli bo’lib, bunda to’plamning hammasi emas, balki ma’lum tanlash qoidalari asosida ajratib olingan va butun to’plamni umumiy holda xarakterlay oladigan uning bir qismidir. Tanlama kuzatishda to’plamning oldindan belgilangan ma’lum qismi, masalan, 1/10, 1/20, 1/50 va h.k. qismi tekshiriladi va tekshirish natijalari butun to’plamga tatbiq etiladi.
Tanlanma kuzatish quyidagi maqsadlarda qo’llaniladi: vaqt va mablag’ni tajashda; kuzatish jarayonida sifati buziladigan yoki qiymatini butunlay yo’qotadigan birliklar miqdorini qisqartirishda; umumiy to’plam haddan tashqari ulkan bo’lib, uni yoppasiga kuzatish imkoniyati bo’lmaganda; kuzatish ob’ektini to’laroq, chuqurroq o’rganishda; yoppasiga kuzatish natijalarini tekshirish va nazorat qilishda.
Tanlama kuzatishni amalga oshirganda, yoppasiga kuzatish o’tqazgandagi aniq ma’lumotlarni olish juda ham qiyin, chunki bunda butun bosh to’plam birliklari emas, balki uning tanlab olingan qismigina tekshiriladi, xolos. Shuning uchun tanlama kuzatish o’tkazilganda, u o’ziga xos bo’lgan ayrim kamchilik va xatoliklardan xoli bo’lmaydi.
Tanlama kuzatishga xos bo’lgan xatolarni reprezentativ xatolar yoki vakolatli xatolar deyiladi. Ular tanlama kuzatish ma’lumotlari bilan bosh to’plam ma’lumotlarining to’g’ri kelmaslik miqdorini xarakterlab beradi. Reprezentativ xatolar tasodifiy va muntazam xatolarga bo’linadi.
Tasodifiy xatolar kuzatish yoppasiga bo’lmaganligi sababli to’plamni etarli darajada aniq ko’rsata olmaganligidan kelib chiqadi. Ularning miqdori katta sonlar qonuni va ehtimollar nazariyasiga asoslangan holda etarli aniqlik bilan aniqlanadi.
Muntazam xatolar kuzatish uchun tanlangan to’plam birligini ajratishda tasodifiylik tamoyilining buzilishi natijasida kelib chiqadi. Masalan, kollejda o’zlashtirishni yuqori darajada ko’rsatish uchun a’lochi talabalar maxsus tanlab olingan.