8-MAVZU: Fransiya sotsiolingvistikasi Reja: 1. Fransiya sotsiolingvistikasining shakllanishi
2. Fransiya tillari
Tayanch so‘z va tushunchalar: ratsionallik, sinfiy qatlam, tilning ijtimoiyligi, sotsiologik yo‘nalish, nutqiy faoliyat, til jamoasi, ichki lingvistika, tashqi lingvistika, differensiatsiya, unifikatsiya, lingvistik sotsiologiya, ijtimoiy institut, jargon, bilingvizm, diglossiya, diskurs, alloglott tillar, minoritar tillar, hududiy tillar, Yevropa Xartiyasi, nohududiy tillar, Frankofoniya, Tubon.
8. 1. Fransiya sotsiolingvistikasining shakllanishi Qator xorijiy sotsiolingvistik adabiyotlarda sotsiolingvistikaning shakllanishi amerikalik tilshunoslarning tadqiqotlari bilan bog‘lanadi. Aslida lingvistika va sotsiologiyaning aloqa manbalarini Yevropa an’analaridan, aniqrog‘i, Fransiyadan izlash maqsadga muvofiqdir. Aynan Fransiyada til ijtimoiy hodisa sifatida belgilangan, bunga fransuz sotsiologlari E. Dyurkgeym, J.I.Levi-Bryul va G.Tardning tadqiqotlari asos bo‘lgan. XIX asrda sotsiologiya alohida fan sifatida ajralib chiqqan va olimlar uning doirasiga til faktlarini o‘rganishni kiritishgan. Biroq Fransiyada tilning ijtimoiy tabiatiga nisbatan bo‘lgan qiziqish anchayin ilgari, xususan, 1549-yilda Ioxim Dyu Bellening “Fransuz tilini himoyalash va uni tanitish” (“La Deffence, et illustration de la langue françoyse”) asari chiqqandan keyin boshlangan. Unda hayotning ijtimoiy shartlariga javob beruvchi til – inson ongining ijodi g‘oyasi ilgari surilgandi[1].
Har bir davlatning sotsiolingvistikasi o‘ziga xos ravishda shakllanadi. Fransiya sotsiolingvistikasini lingvistika va falsafa fanlari kesishgan nuqtada paydo bo‘lgan deyish mumkin. XVII asrda Fransiyada falsafa, xususan, Rene Dekartning ratsional (mantiq)lik g‘oyasi rivojlandi. Ratsional falsafaga ko‘ra, tilni muloqot ehtiyojiga javob sifatida ijod qilgan va uni boshqaradigan inson ongi hisoblanadi. 1660-yilda Parijda K.Lanslo va A.Arnoning “Umumiy va ratsional grammatika” (“Grammaire Générale et Raisonnée”)si bosilib chiqdi. Asarda o‘sha davrda hukmron bo‘lgan til Yaratganning in’omi tasavvuridan chekinilib, til inson ongining ijodi, degan nuqtai nazar ilgari surildi[2]. Aynan shu qarash mazkur grammatikani mashhur qilib yuborgan edi.
M. Fegening “Til” nomli maqolasida til insonlarning muloqot ehtiyoji tufayli shakllangani, shuningdek, til va nutqning farqlanishi belgilangan edi[3]. N. Bozening tilshunoslikka oid maqolalarida til va dialektlarning o‘zaro munosabatini tasvirlash bilan birga, tilga inson fikrlari va ongini, inson jamiyatiga xos bo‘lgan hislarni ifodalovchi vosita, deb qaraldi (Beauzee 1757a, Beauzee 17576).
1894-yilda P. Lafarg (Paul Lafargue) tomonidan “Til va inqilob” asari nashr qilindi. Unda 1789-1791-yillardagi fransuz inqilobidan keyin tilda yuz bergan jarayonlar tadqiq etildi. P. Lafarg mazkur asarida fransuz jamiyatining sinfiy qatlamlarining tilda aks etishini, shuningdek, yangi g‘oya va tushunchalarni ifodalash ehtiyoji bilan tilda paydo bo‘lgan yangi so‘zlar hamda yangi ma’no kasb etgan eski so‘zlar yoritib berildi. P. Lafarg til haqida shunday yozadi: “O‘simlik o‘ziga xos iqlimdan uzoqda o‘solmaganidek, til ham o‘zining ijtimoiy muhitidan uzoqda bo‘lolmaydi” [4].
Fransuz tilshunosligidagi sotsiologik yo‘nalishning keyingi rivoji fransuz tilshunoslik maktabining shakllanishida kuzatiladi. Mazkur maktab til ijtimoiy hodisa va uning taraqqiyoti bevosita jamiyat taraqqiyoti bilan bog‘liq, degan o‘zining nazariy nizomiga ega edi. Maktabning asoschilari sifatida Ferdinand de Sossyur va uning shogirdlari Antuan Meye, Marsel Koenlarni ko‘rsatish mumkin.
XIX asrning mashhur tilshunosi F. de Sossyurning tilshunoslik oldidagi katta xizmati shundaki, u tilni alohida hodisalar yig‘indisi emas, balki o‘zaro aloqa va o‘zaro munosabatdagi butun bir tizim sifatida o‘rganishni taklif etdi. U nutqiy faoliyat (langage)ni ikki qarama-qarshi mohiyat: til (langue) va nutq (parole)qa ajratish bilan tilning ijtimoiy xususiyatini belgilab berdi. F. de Sossyurga ko‘ra, til - ijtimoiy hodisa. U til jamoasi (sotsium)ning barcha a’zolari uchun majburiy belgilar tizimidir. Til kishilik jamiyatida aloqa quroli, fikrni ifodalaydigan vositadir. Nutq esa individual hodisadir. Til ma’lum ma’noda til jamoasi a’zolari tomonidan tuzilgan bitim sifatida mavjud. Til jamoasining bironta a’zosi o‘zicha til ham yarata olmaydi, uni o‘zgartira ham olmaydi. Tilning haqiqiy tasviri lug‘at va grammatikadir. Til – leksik-grammatik tizim, birliklar va qoidalar majmuasi bo‘lib, uning yordamida har bir kishi individual nutq asarlari yarata oladi. Shuningdek, F. de Sossyur ichki va tashqi lingvistikani ajratib, ularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘ydi. Uning fikricha, tilshunoslik fanining asosiy vazifasi ichki – tilning ichki qurilishi (strukturasi)ni o‘rganadigan lingvistika, tashqi lingvistika esa tilning xalq madaniyati tarixi bilan aloqasini o‘rganadigan lingvistika bo‘lib, tilshunoslik fani uchun ikkinchi darajali hodisadir[5].
F. de Sossyurning shogirdlari ham tilning ijtimoiy xususiyatiga katta ahamiyat berishdi. Jumladan, A. Meye, Sossyur singari tilga tizim sifatida qaradi va uni tilshunoslik fanining obyekti, deb hisobladi. A. Meyening fikricha, til – jamiyat hayoti bilan bevosita aloqada bo‘lgan ijtimoiy hodisa. Shundan kelib chiqqan holda, u til rivojlanishida kuzatiladigan ikki jarayon: differensiatsiya va unifikatsiyani ko‘rsatib berdi. Differensiatsiya biror dialekt so‘zlashuvchilarining turli hududlarda joylashuvi yoki biror jamiyat ichidagi tafovutlar natijasida yuz beradi. Unifikatsiya xalqlarni bosib olish oqibatida g‘oliblar tilining mag‘lublar tilini siqib chiqarishi tufayli umumiy bir tilning shakllanishidir[6].
Tilning ijtimoiy roliga e’tibor qaratgan fransuz tilshunoslaridan yana biri Moris Grammon edi. U o‘zining tadqiqotlarida fransuz talaffuzining to‘g‘riligini aholining ijtimoiy guruhlari bilan bog‘laydi. Yaxshi talaffuz – qadimgi burjuaziya oilalarining vakillaridan tarkib topgan Parijning oliy tabaqasining talaffuzi. Talaffuzda xatolarning ko‘p kuzatilishi esa viloyatlarda yashovchilarning nutqiga xosdir (Grammont 1950, 13).
Keyinchalik lingvistik sotsiologiya, deb nomlangan yo‘nalish Ferdinand Bruno (Brunot 1905-1939), Alber Doza (Dauzat 1930, Dauzat 1939, Dauzat 1940), Jozef Vandries (Vandries 1937) va XX asrning birinchi yarmidagi boshqa qator tilshunoslarning ishlarida rivojlantirilib, til va jamiyat hodisalari orasidagi o‘zaro aloqa ta’kidlandi.
Olimlar Fransiyada sotsial lingvistikaning haqiqiy asoschisi A. Meyening shogirdi M. Koen, deb hisoblashadi. M. Koen marksizm falsafasini o‘zining nazariyasiga asos qilib oladi va dialektika qonunlarining ta’sirini til hodisalari misolida ko‘rsatib berishga harakat qiladi. Shuningdek, u til hodisalarining ijtimoiy omillariga bog‘liq ekanligini isbotlashga urinadi. M. Koenning fikricha, aloqa quroli bo‘lgan til lingvistik vositalar bilan tasvirlanishi kerak, biroq u g‘oya va xohish-istaklarning tashuvchisi bo‘lgani uchun insonning ruhiy qobiliyati va ayni paytda jamiyatda yuz berayotgan jarayonlarni e’tiborga olmasdan, unga faqat mexanizm sifatida qaramaslik kerak. M. Koen tilga “jamiyatdagi insonlar orasidagi o‘zaro muloqot vositasi” sifatida qaragan[7].
XX asrning ikkinchi yarmidagi fransuz tilshunosligining sotsiologik yo‘nalishiga salmoqli hissa qo‘shgan tilshunoslardan biri Andre Martinedir. U tilning ijtimoiy mohiyatini alohida qayd qilgan. Tilni har bir jamiyat uchun xos bo‘lgan muloqot ehtiyojidan kelib chiqqan ijtimoiy institut va muloqot ehtiyoji tufayli o‘zgaradigan aloqa vositasi sifatida ta’riflagan. A. Martine har qanday tilning: jargon, bilingvizm, shevalar, dialektlar va h.k. paydo bo‘lishini ijtimoiy sabablarini tushuntirib bergan. Shuningdek, A. Martinening sotsial lingvistikaning rivojlanishidagi eng katta hissasi hozirgi dunyo tillarining funksional tasnifini berishi bo‘lgan[8].
Yuqorida ko‘rib chiqilgan lingvistik sotsiologizm sohasidagi tadqiqotlardagi qarashlarni quyidagicha umumlashtirish mumkin: 1) tilga bir butun tizim sifatida qarash; 2) til ijtimoiy mahsulot sanaladi; 3) til hodisalari va ijtimoiy omillar orasidagi o‘zaro aloqani belgilash.
Fransiyada bevosita sotsiolingvistikaga kelganda, J. Sumf o‘zining “Lingvistika va sotsiologiya” deb nomlangan maqolasida Amerikadan farqli ravishda Fransiyada sotsiolingvistika yo‘q, ya’ni mazkur muammo hali ko‘tarilmagan, degan xulosaga kelgan. Muallifning fikricha, til hodisalarining ijtimoiy hodisalar bilan aloqasi faqat bevosita kuzatishlar darajasidagina o‘rganilmoqda, buni ayni paytda ham amaliy va mavhum, ham global va xususiy darajaga olib chiqish lozim (Sumf 1968, 16).
1978-yilda Fransiya (Parij)da birinchi marta sotsiolingvistika muammolariga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman ishtirokchilari tomonidan mazkur fanning obyekti belgilandi. Unda diskurs tahlili, til me’yori va variantlilik muammolarini o‘rganish lozimligi qayd qilindi. Anjuman qatnashchilari Fransiya tashqarisidagi sotsiolingvistika, ko‘p tillilik va diglossiya, diskurs tahlili, so‘zlashuvchilarning ijtimoiy mavqeyiga ko‘ra qo‘llaydigan grammatik kategoriyalar va nutq bo‘laklari orasidagi o‘zaro aloqa, tillarni o‘qitish, dialektlarni va sotsiolingvistik epistemologiya kabi masalalarni muhokama qildilar.
Bugungi kunda fransuz tadqiqotchilarini hozirgi jamiyatdagi fransuz tilining vazifalari bilan bog‘liq masalalar, xususan, til maqomi, turli hududlardagi fransuz tilining ijtimoiy funksiyalari, lisoniy aloqa shakli bo‘lgan bilingvizm, lisoniy to‘qnashuvlar va ularning hal qilish yo‘llari, til siyosati, tilni rejalashtirish va h.k. muammolar qiziqtiradi.