3. Individuallik. Har qaysi inson betakror o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Shaxsning o‘ziga xos qirralarining mujassamlashuvi individuallikni vujudga keltiradi. Individual shaxsning intellektual, emotsional va irodaviy sohalarida namoyon bo‘ladi.
Sobiq sovet psixologiyasida eng ko‘p tarqalgan shaxsning tuzilishiga oid materiallar bilan qisqacha tanishib o‘tamiz. S.L.Rubinshteyn bo‘yicha shaxs quyidagi tuzilishga ega:
1. Yo‘nalganlik - extiyojlar, qiziqishlar, ideallar, e’tiqodlar, faoliyat va xulqning ustuvor motivlari hamda dunyoqarashlarda ifodalanadi.
2. Bilimlar, ko‘nikmalar, malakalar, hayot va faoliyat jarayonida egallanadi.
3. Individual tipologik xususiyatlar temperament, xarakter, qobiliyatlarda aks etadi.
K. K. Platonov ta’limotiga ko‘ra, shaxs tuzilishi quyidagi shaklga ega:
I. Yo‘nalganlik osttuzilishi shaxsning axloqiy qiyofasi va munosabatlarini birlashtiradi, Undan harakatchanlik, barqarorlik, jadallik, ko‘lam (hajm) darajalarini farqlash lozim.
II. Ijtimoiy tajriba osttuzilishi - ta’lim vositasida, shaxsiy tajribada egallangan bilimlar, ko‘nikmalar va odatlarni qamrab oladi.
III. Psixologik aks ettirish shakllari osttuzilishi - ijtimoiy turmush jarayonida shakllanuvchi bilish jarayonlarining individual xususiyatlari.
IV. Biologik shartlangan osttuzilish - miya morfologik va fiziologik xususiyatlariga muayyan darajada bog‘liq bo‘lgan patologik o‘zgarishlarni, shaxsning yosh, jins xususiyatlarini va uning tipologik xosiyatlarini birlashtiradi.
A. G. Kovalev talqiniga binoan, shaxs mana bunday tuzilishga ega:
1. Yo‘nalganlik - voqelikka nisbatan inson munosabatini aniqlaydi, unga o‘zaro ta’sir etuvchi har xil xususiyatli g‘oyaviy va amaliy ustanovkalar, qiziqishlar, ehtiyojlar kiradi. Ustuvor yo‘nalganlik shaxsning barcha psixik faoliyatini belgilaydi.
2. Imkoniyatlar - faoliyatning muvaffaqiyatli amalga oshishini ta’minlovchi tizim. O‘zaro ta’sir etuvchi va o‘zaro bog‘liq bo‘lgan turlicha qobiliyatlar.
3. Xarakter. Ijtimoiy muhitda shaxsning xulq-atvor uslubini aniqlaydi. Odamning ruhiy hayoti shakli va mazmuni unda namoyon bo‘ladi. Xarakter tizimidan irodaviy va ma’naviy sifatlar ajratiladi.
4. Mashqlar tizimi. Hayot va faoliyat, harakat va xulq-atvorni tuzatish (korreksiyalash), o‘zini o‘zi nazorat qilish, o‘zini o‘zi boshqarishni ta’minlaydi.
Jahon psixologiyasi to‘plagan nazariy va amaliy ma’lumotlarga ko‘ra, yosh, jinsiy va individual-tipologik xususiyatlar sensor (subsensor, subseptiv), mnemik (xotira), verbal (so‘z orqali) va mantiq psixofiziologik funksiyalarining dinamikasi hamda organiq ehtiyojlar tuzilishini aniqlaydi. Individning bu xususiyatlarini ikqilamchi deb atab, ularning integratsiyasi temperament xususiyatlarida va tug‘ma mayllarda ifodalanishini ta’kidlab o‘tish maqsadga muvofiq. Chunki yuqoridagi sifatlar ontogenetik evolyutsiya jarayondan iborat bo‘lib, ular filogenetik dasturga asoslanib hukm suradi. Yosh davrga oid va individual o‘zgaruvchanlik insoniyatning ijtimoiy-tarixiy taraqqiyoti ta’siri ostida har xil ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi mumkin. Individning dinamik xususiyatlariga shaxsning ijtimoiy muhitda vujudga kelgan sifatlari ta’sir etib, uning individual o‘zgaruvchiligi omilini yanada kuchaytiradi.
Inson psixikasi bilan eng yuksak taraqqiy etgan hayvon psixikasi o`rtasida katta farq bor. Hayvonlar “tili” bilan inson tilini hech (qanday) bir jihatdan taqqoslab bo`lmaydi. Hayvon o`z to`dasidagi boshqa o`ziga o`xshash hayvonlarga ayni choqdagi bevosita vaziyat bilan cheklangan hodisalar haqida faqatgina signal berolsa, inson til yordami bilan boshqa odamlarga o`tgan, hozirgi va kelgusi zamondagi narsalar haqida axborot berishi va ularga ijtimoiy tajriba o`tkazishi mumkin.
Hayvon va odam tafakkurining bir - biridan farq qilishi ular tili o`rtasidagi farqqa bog`liqdir. Inson abstrakt tafakkurga - hayvon esa amaliy tafakkurga ega. Odam zaruriyatga mos ravishda ongli suratda ish ko`rish qobiliyatiga ega. Qurol yasash va uni asrash qobiliyatiga egalik odamni ajratuvchi ikkinchi muhim farq hisoblanadi. Konkret vaziyatdan tashqarida hayvon hech vaqt qurolni boshqa narsalardan farqlab, qurol sifatida ajratmaydi va uni keyinchalik foydalanish uchun saqlab qo`ymaydi. Biron vaziyatda qurol o`z rolini o`tab bo`lgach, shu zahotiyoq, hayvon uchun qurollik sifatini yo`qotadi.
Odam ilgaridan o`ylab qo`yilgan reja bilan qurol yasaydi, quroldan tegishli maqsadlarda foydalanadi, hamda uni saqlab qo`yadi. Odam nisbatan doimiy buyumlar olamida yashaydi. Odam quroldan foydalanish tajribasini boshqalardan o`rganadi va o`zi bu tajribani boshqalarga o`rgatadi. Odam psixik faoliyatining hayvonlar psixikasidan uchinchi farqi shuki, inson o`zidan keyingi avlodlarga ijtimoiy tajriba qoldiradi. Odam bilan hayvon o`rtasidagi to`rtinchi, g`oyat muhim farq hissiyoti o`rtasidagi farqdir.
Rivojlanish sharoitlarining turlicha bo`lishi odam psixikasining hayvon psixikasidan ajratuvchi muhim farqlardan hisoblanadi. Agar odam insoniyat tajribasini o`zlashtirmas ekan, o`ziga o`xshagan odamlar bilan munosabatga kirishmas ekan, shaxs sifatida tarkib topmaydi. Inson ongining rivojlanishiga asosiy omil mehnat faoliyati bo`lgan, ya`ni odamlarning birgalikda qurol yasash va undan foydalanish faoliyatlari bo`lgan.
Mehnat faoliyati ijtimoiy munosabatlar taraqqiyotiga ta`sir qiladi, ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishi esa mehnat faoliyatining takomillashuviga ta`sir ko`rsatadi.Inson ongi mehnatda rivojlanadi. Inson ongi evolyutsion taraqqiyot jarayonida aks ettirishning eng yuksak shakli sifatida maydonga kelib, ong tufayli odam moddiy dunyodagi narsalarning ob`ektiv barqaror xususiyatlarini ajrata oladi va shu asosda tevarak -atrofdagi voqelikni o`zgartira oladi. Demak, inson psixikasini - ong deb atash mumkin.
Shuningdek, "ontogenez" tushunchasining ruhiy xususiyatlarini tushuntirish uchun ikkala omilni - irsiy va ijtimoiy omillarni birlashtirishga urinishlar qilingan. Bu psixologiyada uchinchi yo'nalish - ikki omil nazariyasi paydo bo'ldi. Birinchi tadqiqotchi V. Shtern bo'lib, u ikki omilning yaqinlashish printsipini shakllantirgan. Ushbu printsipga ko'ra, shaxsning rivojlanishidagi irsiy chiziq uning ijtimoiy muhiti tomonidan belgilanadigan chiziq bilan kesishadi Shunga ko'ra, inson psixologiyasining ontogenezi psixika faoliyatining ichki va tashqi sharoitlarini birlashtirish jarayonida amalga oshiriladi. Masalan, bola qanday va qachon o'ynashni boshlashini tug'ma instinkt belgilaydi. O'z navbatida, moddiy va jarayon sharoitlari haqiqiy tashqi muhit bilan belgilanadi.