Ro’yxatlar ustida bajariladigan amallar. Bog’lamli ro’yxatlar Biz shu paytgacha faqat statik dasturiy ob‘ektlarni qaradik. Ularning tarkibi va elementlar soni o‘zgaruvchan bo‘lsada, eng katta o‘lchami (elementlar sonining mumkin bo‘lgan eng katta qiymati) oldindan aniq berib qo‘yiladi va bu miqdor dastur bajarilishi davomida o‘zgarishi mumkin emas. Dasturlashda bunday ob‘ektlarning ishlatilishi hamma vaqt ham yetarli emas va bundan tashqari, eng samarali mashina dasturini hosil qilish nuqtai nazaridan qaraganda ba‘zi bir qiyinchiliklarga ham olib keladi. Gap shundaki, ba‘zi dasturiy ob‘ektlarning o‘lchamini, hatto uning mavjud bo‘lishi yoki bo‘lmasligini ilgaridan aniq bilib bo‘lmaydi. Dastur bajarilishi davomida ob‘ekt ishlatilishiga ehtiyoj paydo bo‘lishi yoki bo‘lmasligi ham mumkin. Uning o‘lchami ham dastur bajarilishi davomida aniqlanadi va o‘zgarib turadi. Bunday ob‘ektlar dinamik ob'ektlar deyiladi. Dinamik ob‘ektlarni modellashtirish uchun ma‘lumotlarning dinamik tuzilmalari ishlatiladi.
Ma‘lumotlarning dinamik tuzilmasi 2 ta asosiy xususiyatga ega:
tuzilmadagi elementlar soni dastur bajarilishi vaqtida o‘zgarishi mumkin;
dinamik tuzilma elementlari qat‘iy chiziqli tartiblanmagan va xotira bo‘ylab tarqoq joylashgan bo‘lishi mumkin.
Dinamik tuzilma elementlarini o‘zaro bog‘lash uchun ularning tarkibiga ma‘lumotlar maydonlaridan tashqari ko‘rsatkichlar maydonlari (bog‘lamlar) ham kiritiladi.
P1 va P2 ushbu element bog‘langan elementlar adreslarini aniqlab, slot nomeridan iborat bo‘ladi.
Dinamik tuzilmalarning eng ko‘p qo‘llaniladigan turi bog‘lamli ro‘yxatlardir. Mantiqiy taqdim etish nuqtai nazaridan qaraganda bog‘lamli ro‘yxatlar chiziqli va chiziqli bo‘lmagan turlarga bo‘linadi.
CHiziqli ro‘yxatlarda bog‘lanish o‘z tartibiga ega: oldingi elementning ko‘rsatkichi keyingi elementning adresini saqlab turadi yoki aksincha.
CHiziqli ro‘yxatlar bir bog‘lamli va ikki bog‘lamli kabi turlarga bo‘linadi. CHiziqli bo‘lmagan ro‘yxatlar esa ko‘p bog'lamli deyiladi.
Umumiy holda ro‘yxat elementi o‘zida yozuv maydoni va bir yoki bir nechta ko‘rsatkichlarni saqlab turadi.