Individning ijtimoiy mavjudot sifatida shaxsga aylanishida irsiyat, ijtimoiy muhit va tarbiya muhim ahamiyat kasb etadi. Ular ta’siridagina individ shaxs sifatida rivojlanib boradi.
Bola shaxsining rivojlanishi shaxs ijtimoiy mavjudotdir degan falsafiy ta’limotga asoslanadi. Ayni vaqtda inson tirik biologik mavjudot hamdir. SHaxs tarbiyasiga ta’sir etuvchi omillar. Pedagogika, psixologiya va faosafa fanlarida individning shaxs sifatida rivojlanishiga irsiyat (biologik omillar), muhit (ijtimoiy omillar) hamda tarbiya kabi omillarning ta’siri o’rtasidagi munosabatni belgilashga oid munozara ko’pdan buyon davom etadi.
Insonning shaxs sifatida rivojlanishida ijtimoiy hodisalarning ta’siri kuchli bo’ladimi yoki biologik (tabiiy) omillar yetakchi o’rin tutadimi? Balki tarbiyaning ta’siri yuqoridir?
O’z davrida ulug’ mutafakkir Abu Rayhon Beruniy ilk bor ilgari inson kamolatida uch narsa – irsiyat, muhit hamda tarbiya muhim rol o’ynaydi degan qarashni ilgari surgan bo’lsa, Aristotel, Platonlar tabiiy-biologik omillarni yuqori qo’yadi. Ular tug’ma xususiyatlar, taqdir, tole har kimning hayotdagi o’rnini belgilab bergan, deydilar.
Biologik oqimga qarshi falsafiy oqim vakillari shaxs rivojlanishini ijtimoiy omil bilan belgilaydilar. Bu oqim vakillari bola shaxsining jismoniy, ruhiy rivojlanishi u yashaydigan muhitga bog’liq deb ko’rsatadilar. Muhit deganda odam yashaydigan sharoitdagi barcha tashqi ta’sir tushuniladi. SHu nuqtai nazardan tarbiya tufayli bolani o’zi yashaydigan ijtimoiy sharoitga moslashtirish mumkin, degan xulosa kelib chiqadi. Ular ijtimoiy muhitning rolini hal qiluvchi omil deb hisoblaydilar. Demak, odam bolasining shaxs sifatida rivojlanib, taraqqiy etib borishi, uning shaxs bo’lib kamolga yetishida nasl (biologik omil), ijtimoiy muhit (bola yashaydigan sharoit), shuningdek, maqsadga muvofiq amalga oshadigan tarbiya ham birdek ahamiyatga ega. Bu omillarning ta’sirini aniqlashda ilg’or pedagogik olimlar, psixolog va faylasuflar ta’limotiga suyaniladi.
SHaxs mehnat faoliyati zaminida rivojlanadi, kamolga yetadi. Inson sharoitni, sharoit esa shaxsni yaratadi. Bu esa o’z navbatida inson faolligini namoyon etadi. SHaxs ma’lum ijtimoiy tuzum mahsulidir.
Faylasuflar shaxsni tabiatning bir bo’lagi deb baholaydilar. Bu insondagi layoqat kurtaklari bo’lib, uning rivojlanishi uchun tarbiya kerak, degan g’oyani ifodalaydi. Jamiyat taraqqiyoti shaxs rivojlanishi uchun keng imkoniyatlarni yaratadi. Demak, shaxs va jamiyat o’rtasida uzviy aloqa mavjud.
SHunday qilib, shaxsning jamiyatdagi rivojlanishi tabiat, muhit va inson o’rtasidagi murakkab aloqa ta’siri ostida ro’y beradi; inson ularga faol ta’sir etadi va shu yo’l bilan hayoti va o’z tabiatini o’zgartiradi.
SHaxs rivojlanishini ta’minlashda ijtimoiy muhit tomonidan ko’rsatiladigan ta’siri tarbiya tizimi orqali amalga oshiriladi. Ya’ni: 1) tarbiya ta’sirida muhit bera olmagan bilim, ma’lumot egallanadi, mehnat va texnik faoliyat bilan bog’liq ko’nikma va malakalar hosil bo’ladi; 2) tarbiya tufayli tug’ma kamchiliklar ham o’zgartirilib, shaxs kamolga yetadi; 3) tarbiya yordamida muhitning salbiy ta’sirini ham yo’qotish mumkin; 4) tarbiya kelajakka qaratilgan maqsadni belgilaydi.