8-Mavzu: Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi


-bob. Xalq ta’limi tizimining asosiy maqsad va rivojlanish yo‘nalishlari



Yüklə 40,55 Kb.
səhifə5/6
tarix11.11.2022
ölçüsü40,55 Kb.
#68637
1   2   3   4   5   6
CUOtRTpmZgit7ErJb0ylpkKrfrTWEEfZ11m3ZSMs (1)

3-bob. Xalq ta’limi tizimining asosiy maqsad va rivojlanish yo‘nalishlari
6. Xalq ta’limi tizimining rivojlanishi mazkur Konsepsiya ilovasida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishga asoslanadi.
7. Quyidagilar xalq ta’limi tizimining strategik maqsadlari hisoblanadi:
umumta’lim tizimida iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishi, ilg‘or xalqaro tajriba va jamiyatning zamonaviy talablariga muvofiq sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini yaratish;
inson kapitalini mehnat bozorida va umuman mamlakatda o‘quvchining raqobatbardoshlik darajasini belgilovchi asosiy omil sifatida rivojlantirish.
8. Uzoq istiqboldagi maqsadli vazifalardan kelib chiqib, xalq ta’limi tizimini rivojlantirish quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga asosan amalga oshiriladi:
a) ta’lim tizimi mazmunini sifat jihatidan yangilash, shuningdek malakali professional pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish:
pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarini ta’limning kredit tizimiga bosqichma-bosqich o‘tkazish, pedagogika, didaktika, amaliy pedagogik psixologiya, metodika kabi fanlarga alohida e’tibor qaratgan holda, o‘quv materiallarini va pedagogik baholashni ishlab chiqish orqali pedagog kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish;
ta’lim berishning zamonaviy nazariyalarini o‘zlashtirishni, pedagogik psixologiyani tushunish, ta’lim berishga kompetentlik hamda shaxsga yo‘naltirilgan yondashuvlar asoslarini egallashni ko‘zda tutgan holda pedagoglarni tayyorlash va qayta tayyorlash markazlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish;
bo‘lajak pedagoglar uchun pedagogik faoliyatga moyillik va ijodkorlik qobiliyatlarini aniqlash va baholash imkoniyatini beruvchi metodlarni ishlab chiqish;
umumta’lim muassasalarida o‘qituvchilarning sifat tarkibini, xususan magistrlik darajasiga ega bo‘lgan pedagoglar sonini bosqichma-bosqich oshirish;
xalq ta’limi tizimi uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini, shu jumladan ta’lim sohasiga yosh kadrlar kirib kelishini rag‘batlantirishni qo‘llab-quvvatlash;
avvalo chekka hududlarda joylashgan, o‘quvchilar soni kam bo‘lgan umumta’lim maktablari o‘qituvchilariga qo‘shimcha yangi ixtisosliklar va malakalarni o‘zlashtirishga imkon beradigan ta’lim infratuzilmasini shakllantirish;
uzluksiz ta’lim sifatini mustaqil baholash tizimini shakllantirishga ko‘maklashish va qo‘shimcha pedagogik ta’lim xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish;
xalq ta’limi sohasida rahbar kadrlar tayyorlash bo‘yicha standartlashtirilgan dastur ishlab chiqish hamda “Xalq ta’limi sohasida boshqaruv” yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish va uni tugatib, imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan barcha tinglovchilarga ta’lim muassasalari rahbarlari lavozimlarini egallash imkonini beruvchi uch yil muddatli maxsus sertifikat berish tizimini yaratish;
umumta’lim muassasalari rahbar xodimlari lavozimiga nomzodlar o‘rtasida tanlov asosida saralash amaliyotini joriy qilish va ularni rag‘batlantirishni kuchaytirish;
pedagoglarning masofadan malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimi samaradorligini oshirish va qamrovini kengaytirish;
malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarida o‘qitish mazmuni va metodlarini yangilash, baholash tizimini qayta ko‘rib chiqish;
pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining sirtqi ta’lim yo‘nalishlari uchun qabul kvotalarini oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tavsiyasi asosida pedagog xodimlarga ehtiyoji katta bo‘lgan chekka tog‘li va cho‘l hududlardagi abituriyentlar uchun imtiyozli qabul kvotalarini belgilash mexanizmini joriy etish;
xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish maqsadida o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholashga yo‘naltirilgan PISA (The Programme for International Student Assessment) umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini baholashning milliy tizimini yaratish;
pedagog xodimlarning malaka talablarini, shuningdek yangilangan ta’lim standartlarini joriy etish uchun egallanadigan ko‘nikmalarni aniqlashning yangi usullarini joriy etish;
yosh o‘qituvchilarni, ularning xizmat mavqeyi o‘sishini hisobga olgan holda, kasbiy qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikda ishlash mexanizmini takomillashtirish;
b) iqtidorli bolalar va iste’dodli yoshlar bilan aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni amalga oshirish tizimini yaratish:
fan olimpiadalarini o‘tkazish mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish va eng qobiliyatli, bilimli o‘quvchilarni aniqlashda shaffoflikni ta’minlash, baholash mezonlarini mos ravishda tegishli xalqaro olimpiada va tanlovlar mezonlariga moslashtirish;
oliy ta’lim muassasalarining tadqiqot va innovatsion faoliyati ko‘lamini kengaytirish, ular negizida biznes-inkubator va texnoparklarni tashkil etgan holda innovatsion infratuzilmani rivojlantirish hamda ularning ta’lim faoliyatini kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablarida tashkil etilgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualariga tatbiq etish;
tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda mahalliylashtirish va import o‘rnini bosish dasturiga alohida e’tibor qaratgan holda umumta’lim muassasalari negizida kasbiy malaka o‘quv markazlari (resurs markazlari)ni tashkil qilish;
oliy ta’lim muassasalari va ular qoshidagi akademik litseylar bilan hamkorlikda xorijiy tillar, matematika, fizika, kimyo, biologiya kabi muhim va talab yuqori bo‘lgan fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan ixtisoslashgan umumta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish;
2019 — 2021-yillar davomida respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich STEAM (fan, texnologiya, injiniring, san’at va matematika) yo‘nalishlariga ixtisoslashtirilgan “Prezident maktablarini” tashkil etish;
oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatga ega pedagogik jamoasini umumta’lim maktablarida iqtidorli bolalar bilan ishlashga va ta’lim sifatini baholashga jalb qilish;
nodavlat umumta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, zarur hollarda iqtidorli bolalar va iste’dodli yoshlarga manfaatdor jamoat tashkilotlari, tijorat tashkilotlarining yordami va homiyligi orqali yakka tartibda grantlar ajratish yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlagan holda, ularning kelgusida ta’lim olishlariga imkoniyat yaratish;
yuqori natijalarga erishgan yuqori sinf (10-11-sinflar) o‘quvchilariga rivojlangan xorijiy davlatlarda hamkorlik dasturlari orqali maqsadli ta’lim olish tartibini joriy etish;
v) o‘qitish usullarini takomillashtirish, ta’lim-tarbiya jarayoniga individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich tatbiq etish:
kichik yoshdan o‘quvchilarda o‘qishga sog‘lom, kuchli va ta’sirchan motivatsiyani shakllantirish hamda kasb tanlash, kasbiy o‘sishini mustaqil rejalashtirish, zamonaviy kasblarni egallash qobiliyatini rivojlantirish;
zamonaviy darsliklar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etgan holda multimedia ilovalarini yaratish;
kasb-hunarga o‘qitishni takomillashtirish va ishlab chiqarishning ko‘plab jarayonlarini avtomatlashtirish tendensiyalarining rivojlanayotganligini inobatga olgan holda o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida foydalaniladigan kasb-hunar ta’limining o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqish;
davlat ta’lim standartlarida ko‘zda tutilgan kompetensiyalar va o‘quv jarayonini interaktiv boshqarish mahorati tamoyillariga asoslangan pedagogik faoliyatni baholash mezonlarini ishlab chiqish;
umumta’lim maktab kutubxonalarini o‘quvchilar mustaqil tayyorlanadigan zamonaviy (smart) markazlarga aylantirish maqsadida ularning foydali maydonlarini kengaytirish va moddiy-texnik jihozlash, yagona axborot tizimiga birlashtirish, shuningdek O‘zbekiston Milliy kutubxonasi elektron resurslariga ulanish orqali ularning rolini oshirish;
ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish maqsadida yangi, shu jumladan muqobil yondashuvlarni o‘rganishga va ilmiy asoslashga yo‘naltirilgan amaliy xarakterdagi ilmiy izlanishlarni rivojlantirish;
o‘quv muddatlarini o‘zgartirmagan holda o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirish kompetentligini kengaytirishni ta’minlovchi zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish;
zamonaviy innovatsion iqtisodiyot talablariga muvofiqlikni ta’minlash maqsadida umumta’lim davlat ta’lim standartlari tizimini muntazam takomillashtirib borish;
bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lmagan fanlar asosida tuzilgan o‘quv dasturidan bosqichma-bosqich voz kechish va o‘quv fanlari sonini optimallashtirish;
o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan motivatsiyasini oshirish maqsadida hamda qiziqishlari va talablarini e’tiborga olgan holda yuqori sinflarda majburiy va tanlov asosidagi fanlarni joriy qilish;
10-11-sinf o‘quvchilari uchun ixtisoslashtirilgan, shu jumladan ijtimoiylashuvga, iqtidor va kompetentligini rivojlantirishga qaratilgan o‘quvchilarning kasbiy o‘qitish imkoniyatlarini kengaytirgan holda ta’lim berishni rivojlantirish;
kasbiy ta’lim jarayonini tashkil etishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida hamda xalqaro bozorda talab katta bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha yirik tijorat tashkilotlarini jalb qilish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kelajak kasblar uchun zarur bo‘ladigan malakali bitiruvchilarni tayyorlashda ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rgangan holda umumta’lim muassasalarida informatika fanini o‘qitish dasturini qayta ko‘rib chiqishga yo‘naltirilgan “IT-Nation” dasturini joriy etish;
chet tillari, informatika, matematika, fizika, kimyo, biologiya fanlarini chuqur o‘rganishga e’tibor qaratgan holda, ixtisoslashtirilgan sinf va maktablarni yaratish amaliyotini kengaytirish usuli bilan maktablarda ta’lim sifatini tubdan yaxshilash;
ta’lim muassasalarining axborot ochiqligi asosida kasb-hunar ta’limi sifatini baholash va doimiy jamoatchilik monitoringi mexanizmini joriy qilish, hududlarda sertifikatlashtirish va kasb-malaka toifalarini beruvchi integrallashtirilgan markazlarni tashkil etish;
umumta’lim muassasalarini boshqarish va ta’lim sifatini nazorat qilishda jamoatchilik va yirik tijorat tashkilotlarining ishtirokini ta’minlash;
g) o‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashni ta’minlash, bolaning jismonan sog‘lom va baquvvat shakllanishi:
umumta’lim maktab o‘quvchilari uchun sog‘lom ovqatlanish tamoyillarini ommalashtirish;
umumta’lim muassasalarida sport to‘garaklarini tashkil qilish;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan tarbiyasida muammolari bo‘lgan o‘quvchilarning ota-onalari bilan tushuntirish ishlarini olib borish;
rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rgangan holda umumta’lim muassasalarida o‘quvchilar o‘rtasida zo‘ravonlik (buling)ning oldini olishga qaratilgan dasturlarni joriy etish;
d) imkoniyati cheklangan bolalarga ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini yaxshilash:
imkoniyati cheklangan bolalar ta’lim oladigan ta’lim muassasalari binolariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
imkoniyati cheklangan bolalar o‘qitiladigan ta’lim muassasalarini zarur adabiyotlar, metodik qo‘llanmalar, turli kasblarga o‘qitish uchun bo‘ladigan uskuna va jihozlar bilan ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
imkoniyati cheklangan bolalarni o‘qitish uchun inklyuziv ta’lim tizimini tashkil etish, umumta’lim muassasalarini maxsus moslamalar (ko‘tarish qurilmasi, pandus, tutqich, boshqalar), shuningdek tegishli kadrlar (pedagog-defektolog, bolalarni ruhiy-pedagogik kuzatish bo‘yicha mutaxassislar) bilan ta’minlash;
jamoatchilik o‘rtasida imkoniyati cheklangan bolalarning bilim olish huquqi, inklyuziv o‘qitishning mazmun-mohiyati haqida tushuntirish ishlarini olib borish;
ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni tarbiyalashning muqobil shakllarini keng joriy etish;
o‘quvchilarning jismoniy va aqliy talab-ehtiyojidan va ta’lim muassasalarining geografik joylashuvidan kelib chiqqan holda maxsus maktab-internatlarni optimallashtirish;
imkoniyati cheklangan bolalarning moslashishi va integratsiyasi uchun maktab-internatlarni bosqichma-bosqich maxsus jihozlar bilan ta’minlash;
imkoniyati cheklangan har bir bolaning inklyuziv ta’lim olishiga bo‘lgan huquqini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash;
e) innovatsion iqtisodiyot sharoitida yoshlarni tarbiyalash hamda ularning bandligini ta’minlashda maktabdan tashqari ta’limning zamonaviy metodlari va yo‘nalishlarini keng joriy etish:
respublikada mavjud “Barkamol avlod” bolalar markazlarini maktabdan tashqari ta’lim yagona markaziga birlashtirish;
xalq ta’limi tizimining maktabdan tashqari ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha choralar ko‘rish;
hududiy “Barkamol avlod” bolalar markazlari va axborot-resurs markazlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
hududiy “Barkamol avlod” bolalar markazlarida davr talabi hamda o‘quvchilarning qiziqishlarini hisobga olgan holda dolzarb kasblarning birlamchi asoslarini o‘rgatish uchun to‘garaklar, shu jumladan robototexnika, dasturlash bo‘yicha yo‘nalishlar sonini ko‘paytirish;
maktabdan tashqari ta’lim muassasasi rahbarlarini o‘qitish maqsadida oliy ta’lim muassasalarida ta’lim yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
maktablarni tashqi xavflardan himoyalash hamda bolalar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha umumta’lim muassasalari bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hamkorligini kuchaytirish;
sanoat korxonalari, ilmiy muassasalar, tashkilotlar hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning maktabdan tashqari ta’lim muassasalari bilan hamkorlik tizimini yaratish;
j) xalq ta’limi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalarni joriy etish:
barcha umumta’lim maktablarini yagona ma’lumotlarni uzatish tarmog‘iga birlashtirish hamda foydalanish uchun ruxsat etilgan internet tarmog‘i resurslarini avtomatik filtrlash orqali “xavfsiz maktab interneti” konsepsiyasini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish;
ichki lokal tarmoqlarni yaratish, o‘quv sinflarini, o‘qituvchilar hamda maktab ma’muriyatini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va vositalari, xususan kompyuter texnikasi, interaktiv doska, planshet va boshqa jihozlar bilan ta’minlash;
davlat-xususiy sheriklik asosida ta’lim jarayonini avtomatlashtirish bo‘yicha axborot tizimini joriy etish, barcha darslik va metodik materiallarning elektron shakllarini eduportal.uz portalida joylashtirish va muntazam yangilab borish;
davlat-xususiy sheriklik asosida sog‘lom qadriyatlarga asoslangan ta’lim tizimining milliy kontentini ishlab chiqish;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatining boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, hudud va umuman mamlakat miqyosidagi yuz beradigan xavf-xatarlar va muammolarga o‘z vaqtida munosib ravishda e’tibor qaratish uchun axborot almashinuvining samarali tizimini shakllantirish;
mavjud darslik va o‘quv-uslubiy adabiyotlarni elektron ko‘rinishga o‘tkazish;
umumta’lim muassasalarida o‘quvchilarning davomati monitoringini ta’minlovchi biometrik tizimni joriy etish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishining zamonaviy tendensiyalarini hisobga olgan holda ta’lim jarayonida kompyuterlashtirish darajasini ko‘tarish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda yangi avlod darslik va o‘quv-uslubiy adabiyotlarini tayyorlash va chop etishni tashkillashtirish;
ta’limda multimedia mahsulotlarini ishlab chiqish va ularni qo‘llash jarayonini tizimli tashkil etish choralarini ko‘rish;
“Barkamol avlod” bolalar markazlari to‘garaklari o‘quvchilarining ijodiy ishlarini sotish uchun elektron do‘konlar (artshop) tashkil qilish;
elektron kitoblarni mobil uskunalarga yuklab va ko‘chirib olish maqsadida bolalar kutubxonalarida QR-kod yordamida elektron kitoblar haqidagi axborotlarni joylashtirish tizimini yaratish;
z) xalq ta’limi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning ta’sirchan mexanizmini yaratish:
xalq ta’limi tizimi davlat xizmatchilarining professional korpusini yaratish maqsadida davlat xizmatini tashkil etish, shu jumladan davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi, klassifikatsiyasi, xizmatga qabul qilishning shaffof mexanizmlari (tanlov asosida), kadrlar zahirasini shakllantirish, odob-axloq normalariga rioya etilishini ta’minlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;
xalq ta’limi tizimida davlat xizmatining jozibadorligini oshirish, korrupsiyaning yuzaga kelish xavfi va mansab suiiste’molchiligini kamaytirish imkonini beradigan davlat xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash va ijtimoiy ta’minotining zamonaviy tizimini yaratish;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va uning xududiy bo‘linmalari faoliyatining shaffofligi va ochiqligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarga axborot taqdim etishning zamonaviy shakllarini joriy qilish orqali jamiyat va biznes bilan o‘zaro hamkorlik qilishda ortiqcha ma’muriy sarf-xarajatlarga barham berish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning yangi, samarali mexanizm va uslublarini joriy etish;
ish vaqti va moddiy ishlab chiqarish resurslaridan oqilona foydalanish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlarini keng joriy etish hisobiga xalq ta’limi tizimi xodimlarining mehnat unumdorligini oshirish;
i) xalq ta’limi muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularni budjetdan moliyalashtirish samaradorligini oshirish:
xalqaro ilg‘or tajribani hisobga olgan holda bosqichma-bosqich qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlarida ilg‘or texnologiyalar va muhandis yechimlariga tayanish;
“Zamonaviy maktab” davlat dasturi doirasida umumta’lim maktablari uchun xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda yangi turdagi maktablarni barpo etish va muqaddam qurilgan yangi binolarni zamonaviy maktab namunasiga moslashtirishni ta’minlash;
umumta’lim maktablarining o‘quv xonalari va laboratoriyalarini zamonaviy mebel, jihozlar, o‘quv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia texnikalari, videokuzatuv tizimlari bilan jihozlashni ta’minlash;
ta’lim muassasalarini moliyalashtirish mexanizmini takomillashtirish maqsadida bir nafar o‘quvchiga xarajatlarning bazaviy normativlaridan kelib chiqqan holda “mablag‘ o‘quvchi ortidan” tamoyili asosida (vaucher tizimi) bosqichma-bosqich moliyalashtirish tizimiga o‘tish. Bunda har bir hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini inobatga olish;
umumta’lim muassasalarida pullik xizmatlarni ko‘rsatish, shuningdek homiylik va xayriya mablag‘lari orqali budjetdan tashqari jamg‘armalarni shakllantirish amaliyotini joriy etish;
k) xalq ta’limini boshqarishda strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllarini yaratish, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar, sohada xalqaro tajribadan kelib chiqib ilg‘or yutuqlardan foydalanish amaliyotini kengaytirish:
xalq ta’limi tizimini innovatsion rivojlantirishning kelajak modelini shakllantirishga, mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini ko‘tarishga yordam beruvchi uzoq muddatli ssenariy asosida strategik rejalashtirish tizimini yaratish;
konferensiya, ko‘rgazma va boshqa tadbirlar yordamida mamlakatning xalq ta’limi sohasidagi yutuqlarini xalqaro darajada keng yoritish, xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash;
xalq ta’limi boshqaruvi sohasiga ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatning zamonaviy yutuqlarini joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish;
budjetdan tashqari manbalardan, homiylardan mablag‘lar tushishi va taqsimlanishini nazorat qilish maqsadida raqamli onlayn-platformalarni yaratish;
zamonaviy innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda virtual ta’lim metodlarini joriy etish;
ma’muriy va ta’lim jarayonlarini optimallashtirish uchun zamonaviy blokcheyn texnologiyalarini joriy etish;
l) davlat-xususiy sheriklik asosida umumta’lim tarmog‘ini rivojlantirish hisobiga xalq ta’limi tizimida raqobat muhitini kengaytirish:
nodavlat umumta’lim maktablariga davlat subsidiyalarini berish mexanizmini yaratish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
xalq ta’limi sohasida davlat-xususiy sheriklikning yangi turlarini joriy etish;
m) yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish:
yoshlarni madaniyat va san’at muassasalariga keng jalb etish;
yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish;
yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish;
yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish;
o‘quvchi-qizlarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish.

Yüklə 40,55 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin