Teotsentrizm nuqtai nazaridan insonning mohiyatini anglab etish, masalan, qadimgi yunon faylasuflari yoki keyingi materialistik falsafiy konsepsiyalardagi kabi oqilona fikrlash yo‘li bilan emas, balki Muqaddas Kitobda ta’riflangan vahiylar yordamida amalga oshiriladi. Bu vahiylarni faqat Injil aqidalariga e’tiqod qilish orqali tushunib etish mumkin. Teotsentrizm nuqtai nazaridan e’tiqod nuridan charog‘on bo‘lgan aql dunyodagi ilohiy tartibning tarkibiy qismi sanalgan va «Xudoning timsoli» sifatida amal qiladigan insonning o‘zini emas, balki uning ba’zi bir jihatlarinigina aniqlashga yordam beradi. Ayni shu sababli xristianlik, Xudoni oliy mohiyat deb e’tirof etadigan va insonga U yaratgan banda sifatida qaraydigan boshqa teotsentrik falsafiy tizimlar kabi, insonni Xudoning o‘zi singari tagiga etish mumkin bo‘lmagan sir, jumboq deb e’lon qiladi.
Teotsentrizm falsafasini boshqa falsafiy nuqtai nazarlar – antropotsentrizm va kosmotsentrizm siqib chiqara boshlagan Uyg‘onish davrida insonga doir qarashlarda jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. O‘rta asrlarda inson u yoki bu korporatsiya vakili sifatida amal qilgan bo‘lsa, Uyg‘onish davrida u o‘zlikni anglash tuyg‘usi va ijtimoiy nuqtai nazari o‘sishi natijasida o‘z manfaatlarini ifoda eta boshladi. Inson shaxs sifatida kamol topdi. U o‘zini o‘z shaxsiy hayoti va taqdirining bunyodkori sifatida tobora kuchliroq anglay boshladi. Inson mustaqillikka va tabiatni o‘ziga bo‘ysundirishga harakat qildi, o‘z ijodiy imkoniyatlari cheksiz ekanligiga ishona boshladi. Mazkur qarashlar italyan faylasufi Piko della Mirandolaning «Inson qadr-qimmati haqida so‘z» deb nomlangan mashhur asarida o‘z aksini topdi. Tasviriy san’at, me’morchilik, axloq, estetika, adabiyot va pedagogikani yaxshi tushunadigan har tomonlama komil inson o‘sha davrning idealiga aylandi. Uyg‘onish davri bu idealga to‘la mos keladigan Leonardo da Vinchi, Alberti Bottichelli, Rafael kabi atoqli shaxslarni dunyoga berdi.
Falsafa tarixida inson to‘g‘risidagi ta’limotlarda biologizm, sotsiologizm, psixologizm kabi yo‘nalishlar vujudga kelgan.