9-mavzu. Jamiyat va inson falsafasi. Reja: Jamiyat tushunchasining mohiyati va rivojlanish bosqichlari. Sivilizatsiya tushunchasi va uning tiplari



Yüklə 137,16 Kb.
səhifə7/49
tarix21.10.2023
ölçüsü137,16 Kb.
#158457
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   49
9-mavzu

Marksizm. K.Marks (1818-1883) va F.Engels (1820-1895) jamiyatni o‘z-o‘zidan rivojlanadigan, iqtisodiy rivojlanishning bir bosqichidagi barcha mamlakatlar uchun umumiy bo‘lgan o‘ta murakkab tizim sifatida tavsiflaydi. Jamiyatning ziddiyatli birlikni tashkil etadigan barcha tarkibiy qismlari moddiy ishlab chiqarish munosabatlari bilan belgilanadi. Mazkur munosabatlar majmui bazisni, ya’ni jamiyatning iqtisodiy negizini tashkil etadi. Shu asosda jamiyatning o‘ziga xos ijtimoiy munosabatlar amal qiladigan muayyan-tarixiy tipi shakllanadi. Jamiyatning umumiy iqtisodiy asosda shakllanadigan va «alohida, o‘ziga xos xususiyat»ga ega bo‘lgan tipini Marks ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya deb belgilaydi. Ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalarning o‘zgarishiga Marks pirovard natijada ishlab chiqarish kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlarining dialektikasi bilan belgilanadigan qonuniy, tabiiy-tarixiy jarayon sifatida qaraydi.
G.Spenser (1820-1903) jamiyatga individlar birlashmasi sifatida yondashadi. Uning fikricha, mazkur individlarning rivojlanishidagi farqlar jamiyat evolyusiyasining dastlabki shartlari hisoblanadi. Jumladan, ibtidoiy qabilalar rivojlanishda oqsaganini Spenser ularning qobiliyatlari rivojlanish darajasining pastligi bilan tushuntiradi. Eng moslashuvchan jamiyatlarning yashash uchun kurashini ijtimoiy taraqqiyotning asosiy qonuni deb hisoblaydi. U iqlim, tabiiy sharoitning ijtimoiy jarayonlarga ta’sirini o‘rgangan. Spenser yaratgan ta’limotni keyinchalik sotsiologiyadagi geografik oqimlarning vakillari rivojlantirgan.
E.Dyurkgeym (1858-1917), jamiyatni tushunishni qadriyatlar tizimi bilan bog‘lagan, faqat shu yo‘l bilan tarixni uning o‘ziga xos xususiyatiga muvofiq tarzda o‘rganish mumkin, deb hisoblagan. E.Dyurkgeym ham qadriyatlarni jamiyat tuzilishini belgilovchi muhim omil deb bilgan. Jamiyat tuzilmasini o‘rganishga nisbatan u strukturaviy funksionalizm nuqtai nazaridan yondashgan. Jamiyat borliqning alohida sohasi bo‘lib, u o‘z qonunlariga muvofiq rivojlanadi. Noijtimoiy xususiyatga ega bo‘lgan omillar jamiyat hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishga qodir emas. Jamiyat tuzilmasiga Dyurkgeym o‘zaro ta’sirga kirishadigan va bir-birini vujudga keltiradigan ijtimoiy dalillar majmui sifatida qaraydi. Ijtimoiy dalillar sababini ongdan emas, balki bundan oldingi ijtimoiy dalillardan qidirish lozim. Ijtimoiy tuzilma dalillarning ikki guruhidan tarkib topadi: birinchidan, u moddiy va ma’naviy qadriyatlarni, ikkinchidan, ijtimoiy jamoalarni o‘z ichiga oladi. Ijtimoiy jamoalarni tahlil qilar ekan, Dyurkgeym oila, kasbiy guruh kabi jamoalarni, shuningdek mehnat taqsimotiga muvofiq vujudga keladigan, ijtimoiy birlik (axloq, din)ni ifoda etadigan ijtimoiy institutlarni farqlaydi. Ijtimoiy jarayonda sababiyat ijtimoiy muhitning yuqorida zikr etilgan elementlarining u yoki bu hodisani vujudga keltiradigan o‘zaro ta’siridir.
Dyurkgeym ijtimoiy evolyusiya mavjudligini qayd etadi va uni mehnat taqsimoti bilan bog‘laydi. U rivojlangan mehnat taqsimoti, ixtisoslashuv va kooperatsiyani yuksak darajada uyushgan jamiyatning belgisi deb hisoblaydi. Mazkur jamiyat mehnat taqsimoti mavjud bo‘lmagan arxaik jamiyatlardan ayni shu belgiga ko‘ra farq qiladi. Mehnat taqsimoti individlar o‘rtasidagi farqlarni belgilaydi va shaxs shakllanishining omili hisoblanadi. U odamlarni o‘zaro aloqadorlik tizimi bilan birlashtirib, ijtimoiy aloqalarga uyg‘un tus beradi.
Dyurkgeym shaxs va jamiyatning uzviy aloqasini qayd etadi. Uning fikricha, jamiyatning tubanlashuvi muqarrar tarzda shaxsning tubanlashuviga sabab bo‘ladi. Ne’matlar va xizmatlarni ayirboshlashning buzilishi natijasida yuzaga keladigan tengsizlik, shuningdek shaxs o‘z kasbiy roliga moslashmagani jamiyatda sinfiy kurashni keltirib chiqaradi. Mehnat taqsimotini muvofiqlashtirishning maqbul vositalarini topish, imkoniyatlar tengligini ta’minlaydigan qoidalarning aniq majmuini belgilash talab etiladi. Dyurkgeym bu jarayonda sotsiologiya fan sifatida ayniqsa muhim rol o‘ynaydi deb hisoblagan.

Madaniyat” tushunchasi turli tillarda turli so’zlar, jumladan ingliz tilida “culture”, rus tilida «kultura» so’zlari bilan ataladi. O’zbek tilidagi «madaniyat» so’zi arab tilidagi «madina», ya’ni shahar so’zidan kirib kelgan bo’lib, «shaharga xos», «shaharga oid» degan lug’aviy ma’noni ifodalaydi.


G’arbiy mamlakatlarda keng ishlatiladigan «kultura» so’zi asli lotincha so’z bo’lib, qadimgi Rimda dehqonchilikka oid «ishlov berish», «parvarish qilish» degan ma’noni bildirgan. Tuproqqa ishlov berish – qishloq madaniyati – dehqonchilik madaniyati bilan bog’liq tushunchadir.
Sharq faylasuf olimlarining asarlarida madaniyat tushunchasi va madaniy taraqqiyotning aniq ilmiy talqinlarini hamda chegaralarini ko’ramiz. XIV asrda yashagan arab faylasuf olimi Ibn Xaldunning madaniyat bosqichlariga oid ilmiy tahlili diqqatga sazovordir. Uningcha, insoniyat dastlab yovvoyilik holatida bo’ladi. Keyin u tabiiy olamdan ajralib chiqadi va ijtimoiylik kasb etadi. Ibn Xaldunning ko’rsatishicha, insoniyat jamiyati doimo o’zgarib borib, taraqqiyot jarayonida ikki bosqichni bosib o’tadi: 1. Bidava. 2. Xidara. Bu ikkala bosqich “insonlar yashashi uchun qanday vositalar topishi”ga ko’ra, bir–biridan farq qiladi. Birinchi – bidava bosqichida odamlar asosan, dehqonchilik va chorvachilik bilash shug’ullanadi. Ikkinchi – xidara bosqichida yuqoridagi mashg’ulot turlariga hunarmandchilik, savdo, fan va san’at qo’shiladi. Har ikkala bosqich bir hudud doirasida bo’lishi mumkin.5 Ibn Xaldunning fikricha, shaharda yo’q, kundalik ehtiyojni qondiradigan hayot tarzi – dehqonchilik va chorvachilik ibtidoiy hayotni, hashamatli hayot kechirish va shuning uchun harakat qilish, dabdabali hayot kechirish uchun intilish, shaharlar barpo qilish sivilizatsiyani keltirib chiqardi.6
XVIII –XIX asrlarda evropaliklar “kultura” so’zini ma’naviy–ruhiy ma’noda ishlata boshlaganlar. Bu so’z insoniy sifatlarning mukammalligini anglatadigan bo’ldi.
Vaqtlar o’tishi bilan “madaniyat” tushunchasining hajmi kengayib, ta’rifi va tavsifi ko’payib borgan. Amerikalik madaniyatshunos olimlar A. Kreber va K. Klakxonning 1952 yildagi ma’lumotlariga ko’ra, madaniyat tushunchasiga berilgan ta’rif 164 ta bo’lgan, so’nggi adabiyotlarda esa madaniyatning ta’rifi 500 dan ortiq7 deb ta’kidlanadi.
“Madaniyat” tushunchasini ta’riflash uchun juda ko’p iboralar ishlatiladi. Jumladan, qatorida “insoniyatning yashash tarzi”, “insonning jamiyatdagi to’laqonli faoliyati”, «inson o’zining yashashi uchun yaratgan muhit», «yaxlit ijtimoiy organizm», “insoniyat yaratgan moddiy va ma’naviy qadriyatlar majmui”, “ikkilamchi, ya’ni sun’iy tabiat”, “insonning ijodiy faoliyati mahsuli”, “jamiyatning ma’naviy holati”, “shartli belgilar yig’indisi”, “me’yor va andozalar majmui” va hokazo.
Madaniyatga berilgan ta’riflar orasida mashhur ingliz etnografi, antropologiyaning asoschilaridan biri Eduard Taylor (1832–1917) ta’rifi eng mukammal deb hisoblanadi. Uningcha, madaniyat – insonning axloqi, kuch–qudrati, baxt–saodati taraqqiy etishiga bir vaqtning o’zida ko’maklashish maqsadida alohida shaxsning va butun jamiyatning yuksak darajada tashkil qilinishi yo’li bilan insoniyatning kamol topishidir8. E.B. Taylorning mazkur ta’rifi mukammal bo’lsa ham, bugungi kunda madaniyatning yangi qirralari kashf qilinmoqda. Shu bois E. Taylorning madaniyatga bergan ta’rifi mohiyatini saqlagan holda, quyidagicha ta’rif berish mumkin:
Madaniyat – inson jamiyat a’zosi sifatida o’zlashtirgan bilimlarni, inonch–e’tiqodlarni, san’atni, axloq va qonunlarni, urf–odatlarni, shuningdek, uning boshqa qobiliyati va ko’nikmalarini o’z ichiga olgan majmuadir.
G’arbiy Evropada madaniyat tushunchasi XVIII asrning oxiridan e’tiboran yuqoridagi ta’rifday mazmun kasb etdi. Ammo bu tushuncha faqat XX asrga kelib ijtimoiy va gumanitar fanlar tizimidan mustahkam o’rin oldi. Kishilik jamiyatining beqiyos ko’lamga ega bo’lgan, doimiy ravishda o’zgarib boruvchi ma’lumotlarni tartibga solishga yordam beradigan, umumlashtiruvchi tushunchalarni ifodalashga bo’lgan ehtiyoji madaniyat tushunchasining keng tarqalishiga sabab bo’ldi.
Qadimgi Rimda «madaniyat» tushuncha­si bora–bora «hayotni ma’naviy jihatdan yanada yaxshilash va takomillashtirishga qaratilgan g’amxo’rlik» degan ma’noda ishlatila boshlagan edi. Ma’lumotlarga ko’ra, mashhur Rim faylasufi, Tsitseron ham «ruhiy madaniyat» terminini ishlatgan. Evropa xalqlarida esa XVIII asrning oxirlarigacha «madaniyat» termini aqliy, axloqiy tushunchalar bilan bir qatorda ishlatilgan. Ko’rinib turibdiki, «madaniyat» tushunchasi turli tushunchalarni ifodalashiga qaramay, qadimdan hozirgi kungacha o’z mohiyatini o’zgartirmagan9.
Hozirgi davrda madaniyatga berilgan ilmiy ta’riflar insoniyat tomonidan yaratilgan va yaratilishi davom etayotgan ma’naviy, ruhiy jarayonning o’ziga xosligini anglash natijasida vujudga keldi. Insoniyat «tabiiy» turmush tarzi asosida yashagan davrda – ov qilish, baliq tutish, ilk chorvachilik va dehqonchilik bilan shug’ullangan davrlarda bugungi singari madaniyat to’g’risida fikr yuritgani gumon, aniqrog’i, ilmiy tahlil bo’lmagan. Oddiy, bir maromda rivojlanuvchi jamiyatda inson o’z madaniyati bilan hamroh bo’lib yashagan. Urf–odatlar, e’tiqodlar, hayotning moddiy va ijtimoiy shakllari madaniyatning alohida ko’rinishi sifatida alohida ajralmagan edi.

Yüklə 137,16 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   49




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin