9-mavzu: tafakkurning mantiqiy shakllari : tushuncha, hukm. Xulosa chiqarish reja
9-MAVZU: TAFAKKURNING MANTIQIY SHAKLLARI : TUSHUNCHA, HUKM. XULOSA CHIQARISH
Reja: 1.Tushuncha tafakkur shakli sifatida.
2.Hukm tafakkur shakli sifatida.
3.Hukm va uning turlari.
4.Xulosa chiqarishning umumiy mantiqiy tavsifi.
5.Xulosa chiqarishning turlari
Tayanch so‘z va iboralar:tushuncha, hukm va xulosa chiqarish, taqqoslash, mavhumlashtirish. tushunchaning mazmuni va hajmi, umumiy tushuncha, yakka tushuncha. ayiruvchi tushuncha, to‘plovchi tushuncha, abstrakt tushuncha, konkret tushuncha, nisbatsiz tushuncha, nisbatdosh tushuncha, ijobiy tushuncha, salbiy tushuncha, tushunchaning mantiqiy tavsifi, taqqoslanadigan tushunchalar, taqqoslanmaydigan tushunchalar, sig‘ishadigan tushunchalar va ular o‘rtasidagi munosabatlar, sig‘ishmaydigan tushunchalar va ular o‘rtasidagi munosabatlar, hukm, gap, sub’ekt, predikat, bog‘lovchi, oddiy hukm, murakkab hukm, xulosa chiqarish, deduktiv, induktiv, analogik, sillogizm, to‘liq induksiya, to‘liqsiz induksiya,ilmiy induksiya, ommabop induksiya, aylantirish, almashtirish. Tushuncha tafakkur shakli sifatida.Tushuncha predmet va xodisalarning umumiy, muhim belgilarini aks ettiruvchi tafakkur shaklidir.
Belgilar deb, predmetlarni bir-biridan farq kiluvchi hamda ularning bir-biriga o‘xshashligini ifoda kiluvchi tomonlarga, xususiyatlarga aytiladi. Har bir predmet olamdagi boshqa predmetlar bilan (bevosita yoki bilvosita) aloqada bo‘lganligi uchun ko‘p belgilarga ega. Ularning ba’zilari faqat bitta predmetga xos bo‘lgan, uning individal, yakkalik belgilarini tashkil qilsa, boshqalari predmetning ma’lum bir guruhiga tegishli bo‘lib, umumiy belgilar hisoblanadi. Masalan, har bir kishi faqat o‘zigagina xos bo‘lgan ruhiy kechinmalar va shu kabi individual belgilarga ega. Shuning bilan birga kishilarning ma’lum bir guruhiga (mehnat jamoasi, millat va elat kabilarga tegishli) yoki barcha kishilarga (mehnat qilish, fikr yuritish qobiliyatlari, ijtimoiy munosabatlarda ishtirok qilishi va shu kabilar) xos bo‘lgan umumiy belgilarga ega.
Individual va umumiy belgilarning ba’zilari predmetning mavjud bo‘lishi uchun zarur bo‘lib, uning tabiatini, mohiyatini ifodalaydi. Bunday belgilar predmetning muhim belgilari deyiladi. Masalan, davlatning mavjud bo‘lishi uning o‘z maydoni, aholisi, hokimiyat organlariga ega bo‘lishini taqozo etadi.