1936-yil
O‘G‘RI
(O‘tmishdan)
Otning o‘limi itning bayrami.
Maqol
Kampir tong qorong‘isida xamir qilgani turib ho‘kizidan xabar oldi. O!.. Ho‘kiz yo‘q, og‘il ko‘cha tomondan teshil- gan... Dehqonning uyi kuysa kuysin, ho‘kizi yo‘qolmasin. Bir qop somon, o‘n-o‘n beshta xoda, bir arava qamish – uy, ho‘kiz topish uchun necha zamonlar qozonni suvga tashlab qo‘yish kerak bo‘ladi.
Odamlar dod ovoziga o‘rganib qolgan: birovni eri uradi, birovning uyi xatga tushadi... Ammo kampirning dodiga odam
tez to‘plandi. Qobil bobo yalang bosh, yalang oyoq, yaktak- chan og‘il eshigi yonida turib dag‘-dag‘ titraydi, tizzalari bukilib-bukilib ketadi; ko‘zlari javdiraydi, hammaga qaraydi, ammo hech kimni ko‘rmaydi. Xotinlar o‘g‘rini qarg‘aydi, it huradi, tovuqlar qoqoqlaydi. Kimdir shunday kichkina teshikdan ho‘kiz sig‘ishiga aql bovar qilmasligi to‘g‘risida kishilarga gap ma’qullaydi.
Qobil boboning qo‘shnisi – burunsiz ellikboshi kirdi. U og‘ilga kirib teshikni, ho‘kiz bog‘langan ustunni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi; negadir ustunni qimirlatib ham ko‘rdi, so‘ngra Qobil boboni chaqirdi va pang tovush bilan dedi:
Ho‘kizing hech qayoqqa ketmaydi, topiladi!
Uning og‘ilga kirib qilgan taftishi Qobil boboga bir umid bag‘ishlagan edi, bu so‘zi haddan ziyoda sevintirdi. Chol yig‘lab yubordi.
Xudo xayr bersin... Ola ho‘kiz edi...
Odamlar, o‘g‘ri devorni qachon va qanday asbob bilan teshgani, ho‘kizni qaysi tomonga olib ketgani, uni qaysi bozorda sotishi mumkin ekanligi to‘g‘risida bahslasha- bahslasha tarqaldi. G‘ovur bosildi. Qobil boboning kampiri yig‘idan to‘xtab, ellikboshini duo qila ketdi.
Ellikboshi o‘g‘ri teshgan yerni yana bir ko‘rdi. Qobil bobo, qo‘l qovushtirib, uning ketidan yurar va yig‘lar edi.
Yig‘lama, yig‘lama, deyman! Ho‘kizing oqposhsho qo‘l ostidan chiqib ketmagan bo‘lsa topiladi.
Ellikboshi ho‘kizni juda naqd qilib qo‘ydi – go‘yo u ko‘chaga chiqsa bas – ho‘kiz topiladi. Bu «xudo yallaqag‘ur» shunchalik qilgandan keyin bir nima berish lozim-da. Tekinga mushuk oftobga chiqmaydi. Bu odam ellikboshi bo‘lish uchun ozmuncha pul sochganmi? Mingboshining bir o‘ziga yetti yuz bog‘ beda, bir toy bergani ma’lum. Poshsholikdan oylik yetmasa! Qobil bobo hamyonini qoqishtirib, borini ellikboshiga berdi, yana qancha duo qildi. Ellikboshi beto‘xtov aminga xabar qilmoqchi bo‘lib chiqib ketdi.
Kechqurun Qobil bobo aminning oldiga boradigan bo‘ldi. Quruq qoshiq og‘iz yirtadi, aminga qancha pul olib borsa bo‘ladi? Berganga bitta ham ko‘p, olganga o‘nta ham oz. Chol-kampir kengashib shunday qarorga kelishdi: bu chiqim
oxirgi va ho‘kizni bo‘ynidan bog‘lab beradigan chiqim, shuning uchun pulning yuziga qarash aqldan emas.
Qobil bobo ro‘para bo‘lganda amin og‘zini ochmasdan qattiq kekirdi, keyin bag‘baqasini osiltirib kuldi.
Ha, sigir yo‘qoldimi?
Yo‘q... sigir emas, ho‘kiz, ola ho‘kiz edi.
Ho‘kizmi?.. Ho‘kiz ekan-da! Himm... Ola ho‘kiz? Tavba!..
Bori yo‘g‘im shu bitta ho‘kiz edi...
Amin chinchalog‘ini ikkinchi bo‘g‘inigacha burniga tiqib kuldi.
Yo‘qolmasdan ilgari bormidi? Qanaqa ho‘kiz edi.
Ola ho‘kiz...
Yaxshi ho‘kizmidi yo yomon ho‘kizmidi?
Qo‘sh mahali...
Yaxshi ho‘kiz birov yetaklasa keta beradimi?
Bisotimda hech narsa yo‘q...
O‘zi qaytib kelmasmikin?... Birov olib ketsa qaytib kela ber, deb qo‘yilmagan ekan-da! Nega yig‘lanadi? A? Yig‘lanmasin!
Qobil bobo yerga qarab tek qoldi.
Qidirtirsakmikin-a? – dedi amin chinchalog‘ini etigining ostiga artib,– suyunchisi nima bo‘ladi? Suyunchidan chashna olib kelinmadimi?
Aminning bu gapi Qobil boboga «Ma, ho‘kizingni» degan- day bo‘lib ketdi.
Kam bo‘lmang, – dedi pulni uzatib, – yana xizmatin- gizdaman.
Men beto‘xtov pristavga xabar beraman. O‘zi chaqirtiradi. Bir hafta o‘tdi. Bu bir hafta ichida kampir «duoning zo‘ri bilan qulf ochadigan» azoyimxonga obdasta-gardon qildirgani qatnab yarim qop jiyda, uch yelpish tovoq jo‘xori, ikki kalava ip eltdi, ammo ish chiqmadi.Sakkizinchi kuni Qobil bobo yana
aminning oldiga bordi. Aminning tepa sochi tikka bo‘ldi:
Ha, ho‘kizni uylariga eltib berilsinmi?! Axir, borilsin, arz qilinsin-da! Fuqaroning arzga borishi arbobning izzati bo‘ladi!
Qobil bobo yor-do‘stlari bilan kengashdi – pristavga puldan boshqa nima olib borsa bo‘ladi? Ma’lum bo‘ldiki, uni begim deguncha kishining beli sinar ekan.
Uchta tovuq, garchi biri kurk bo‘lsa ham, Qobil boboning o‘zidan chiqdi. Yuzta tuxumni qo‘ni-qo‘shni, yor-birodarlar o‘zaro yig‘ib berdi. Ammo bu tortiq bilan tilmochdan nari o‘tib bo‘lmadi. Tilmoch tortiqni oldi va beto‘xtov pristavga yaxshilab tushuntirishni va’da qildi. Cholning butun bo‘g‘inlari bo‘shashib ketdi, keyin tutaqishdi, ammo go‘rda bir narsa deya oladimi! «O‘ynashmag‘il arbob bilan – seni urar har bob bilan».
«Yaxshilab tushuntirilgan» pristav bitta kulangir, bitta farangi tovuq, uch so‘m pulni olganidan keyin, Qobil boboning baxtiga,
«beto‘xtov hokimga xabar beraman», demasdan, «aminga bor», deb qo‘ya qoldi. Amin «ellikboshiga borilsin», dedi.
Gumoningizni ayting bo‘lmasa! – dedi ellikboshi tajang bo‘lib, – kim olganini men bilmasam, avliyo bo‘lmasam! Olgan odam allaqachon so‘yib saranjomladi-da! Uzoq demasangiz, erinmasangiz ko‘nchilikka borib terilarni bir qarab chiqing. Ammo terisi ko‘nchilikka tushgan bo‘lsa, allaqachon charm bo‘ldi, xudo biladi, kavush bo‘lib bozorga chiqdimi...
Endi bizga juda qiyin bo‘ldi-da. Peshonam sho‘r bo‘lmasa... – dedi chol yerga qarab.
Ey, yosh bolamisiz! Nega yig‘laysiz? Kap-katta odam... Bitta ho‘kiz bo‘lsa bir gap bo‘lar, xudo ajalga to‘zim bersin! Men qaynatamga aytayin, sizga bitta ho‘kiz bersin. Bitta ho‘kiz odamning xunimi?
Ertasiga ellikboshi Qobil boboni boshlab qaynatasi – Egamberdi paxtafurushning oldiga olib bordi. Paxtafurush cholning holiga ko‘p achindi va yerini haydab olgani bitta emas, ikkita ho‘kiz berdi, lekin «kichkinagina» sharti bor. Bu sharti kuzda ma’lum bo‘ladi...
Dostları ilə paylaş: |