«Adabiyot» 5-sinflar uchun 20 yil Mavzu adabiyot so‘z san’ati-fayllar.org
O’tgan mavzuni so’rash. a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
Yangi mavzu: Ertak aytuvchilarni qadimda «ertakchi», «matalchi» deb atashgan. Ertaklarning xarakterli xususiyati shundaki, ularda fantaziyaga keng o‘rin beriladi, mubolag‘a, giperbola kabi tasviriy vositalardan foydalaniladi. E’tibor bersangiz, ertaklarda ijobiy qahramon albatta yovuzlik, adolatsizlik, zulm ustidan g‘alaba qozonadi, yaxshilik tantana qiladi Chunki ertak qahramonlari xalq orzu-umidlarini, manfaatini ifodalaydilar. Ertaklar azaldan xalqni, ayniqsa, yosh avlodni insonparvarlik, vatanga muhabbat, rostgo‘ylik va halollik, mehnatsevarlik, xushmuomalalik va kamtarlik ruhida tarbiyalab kelgan. Ertaklar turli mavzularda bo‘lishi mumkin. Ular shartli ravishda hayvonlar haqidagi ertaklar, sehrli ertaklar, hayotiy-maishiy ertaklar, hajviy ertaklarga bo‘linadi. Hayvonlar haqidagi ertaklar barcha qiziqadigan fantastik hikoyalardir. Ulardagi asosiy mazmun majoziy, ya’ni ko‘chma ma’noga ega. Masalan, ayyorlik va munofiqlik tulki, qonxo‘rlik, laqmalik bo‘ri orqali ifoda etiladi. «Bo‘ri bilan tulki», «Echkining o‘ch olishi», «Ochko‘z bo‘ri», «Ayiqpolvon» kabi ertaklar ana shunday asarlardir.
Sehrli ertaklar ham Siz sevib va qiziqib o‘qiydigan fantastik hikoyalardir. Ularda voqealar sehr-jodu, fantastik uydirmalar asosiga qurilgan, asar qahramonlari har narsa qo‘lidan keladigan mo‘jizakor kimsalar («Yalmog‘iz», «Devbachcha») yoki jonlantirilgan narsa yoxud hayvonlar («Ur to‘qmoq», «Ochil dasturxon», «Semurg‘», «Susambil» ertaklari)dan iborat. Bu ertaklarning maqsadi ham turU g‘ayriinsoniy illatlar: yolg‘onchilik, johillik, ikkiyuzlamachilikni la’natlash, aql-farosatlilik, tadbirkorlik, jasurlik, rahmdillik, ahillik kabi chin insoniy xislatlarni targ‘ib qilishdir.
Xalqimiz yaratgan xayoliy hikoyalar orasida shunday turkum ertaklar borki, ularni biz hayotiy-maishiy ertaklar deb ataymiz. Bunday ertaklardagi voqealarning aksariyati hayotga yaqin, hayotdan olingan. «Zumrad va Qimmat», «Oygul bilan Baxtiyor», «Ziyod botir», «Tohir va Zuhra», «Ozodachehra», «Farhod va Shirin», «Malikayi Husnobod», «Uch og‘a-ini botirlar» ana shunday ertaklar sirasidandir. Biz yuqorida tilga olgan hayotiy-maishiy ertaklar kishida jiddiy fikr-mulohazalar uyg‘otadigan, muayyan tarbiyaviy yo‘nalishga ega bo‘lgan asarlardir. Siz ular bilan tanishgach, botirlik, yurtga fidoyilik, odamgarchilik, vafodorlik, himmat va saxovat haqida aniq tasavvurga ega bo‘lasiz, o‘zingizda ham ertaklar qahramonlaridagi yaxshi fazilatlarni bo‘lishini xohlab qolasiz, shunga intilasiz.
Bolalar, ertaklarning yaratilishiga ko‘ra yana bir turi — yozma ertaklar ham mavjudki, u jahon adabiyoti, xususan, o‘zbek yozma adabiyotining katta qismini tashkil etadi. Keyingi ikki-uch yuz yillikda fransuz ertakchisi Sharl Perro (1628-1703), nemis ertaknavislari Ernst Teodor Amadey Gofman (776-1822), aka-uka Yakob Grimm (1785-1863) va Velgelm-Karl Grimm (1786-1859)lar, Vilgelm Gauf (1802-1877), daniyalik Hans Kristian Andersen (1805-1875), angliyalik Oskar Uayld (1854-1900), rus ertakchilari A. S. Pushkin (1799—1837) ijodining roppa-rosa o‘n yilini faqat bolalar uchun hikmatli hikoyalar va ertaklar yaratishga bag‘ishlagan L. N. Tolstoy (1828-1910), K. D. Ushinskiy (1824-1870) yozma ertakchilikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shdilar. O‘zbek yozma ertakchiligi ham katta tarixga ega. Jadid bobolarimiz Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Siddiqiy-Ajziy o‘zlari tuzgan maktab darsliklari uchun ko‘plab ibratli ertaklar yaratdilar. O‘tgan asr o‘rtalarida Hamid Olimjonning «Oygul bilan Baxtiyor», «Semurg‘», Sulton Jo‘raning «Zangori gilam», Shukur Sa’dullaning «Ayyor chumchuq», «No‘xat polvon», «Laqma it» she’riy ertaklari, «Yoriltosh», «Afsona yaratgan qiz» ertak-pyesalari, «Kachal polvon» ertak-qissasi mashhur bo‘ldi. Adiblarimizning ertakchilik sohasidagi an’analarini keyinchalik X. To‘xtaboyev, A. Obidjon, T. Adashboyev, O‘. Imonberdiyev kabi ertaknavis mualliflarimiz davom ettirdilar.