Hamshiralik ishi degani bu — avvalom bor davlatning iqtisodiy, ijtimoiy va geografik joylashuvi bilan bog'liq mavjud sog'liqni saqlash tizimi va uning rivojlanish darajasiga nisbatan funktsional majburiyatlari aniq belgilangan hamshiralarning, tibbiyot xodimlari va jamoaning hamshiralik ishiga munosabati va inson shaxsiy dunyoqarashining yig'indisidir. 1980- yillarda JSSTning ekspertlari «Hamshiralik ishi» tushunchasiga quyidagicha ta'rif berishgan: «Hamshiralik ishi — bu insonlar o'rtasidagi munosabatning amaliyotidir, tibbiy hamshira esa, har bir bemorni individual shaxs sifatida o'rganib, kasallik tufayli ularda yuzaga kelgan ehtiyojlarni aniqlay bilishi lozim».
1859- yilda ushbu yunalishning asoschisi Florens Naytingeyl o'zining mashhur «Bemorlar parvarishi to'g'risidagi yozuvlar» kitobida hamshiralar ishiga quyidagicha ta'rif bergan: «Hamshiralik ishi — bemorni qurshab turgan muhitni, uning sog'ayishi yo'lida qollash uchun yo'naltirilgan harakatidir. Hamshiraning vazifasi bemorga shunday sharoit yaratib berishdan iboratki, bunda tabiat o'zining davolovchi qudratini namoyon qilsin».
Agar shifokor o’z amaliy faoliyatida, davolash ishi, barcha bilim va harakatlarini ma'lum bir bemorning aniq bir kasalligini davolashga qaratsa. Hamshiralarning etiborlari kasallikdan ko'ra ko'proq bemorga yoki odamlar guruhiga, jamoaga, oilaga qaratilgan bo'lib, aholi sog'lig'i bilan bogliq bo'lgan muammo va ehtiyojlarni hal qilishga yo'naltirilgan bo’ladi va shu bilan ularning faoliyati shifokorlar faoliyatidan ajralib turadi.
Jamoada hamshiralik ishi fanining rivojlanishiga Viktorian davridagi eng ma'lumotli va noyob shaxslardan biri, ko’zga ko’ringan ingliz hamshirasi F.Naytingeyl (1820-1910) katta hissa qo’shgan. Inson tabiati haqidagi o’zining chuqur va ko’p tomonlama bilimlarini u bemorlarni parvarishlash amaliyotlarida qo’llagan, uni hamshiralik ishiga aylantirgan hamda buni nazariy bilimlar va ilmiy prinsiplarga asoslangan kasb darajasigacha olib chiqa olgan.
Naytingeyl o’z g’oyalarini kasbiy tayyorgarlik va ilmiy uslublardan foydalanish, harbiy tibbiy shifoxonalarni tashkil qilish va tuzish sohalarida rivojlantirdi. Uning qarashlari va maslahatlari hamshiralar kasbi haqidagi jamoatchilikning fikri va tasavvurini qat’iy o’zgartirgan holda, ko’p mamlakatlardagi tibbiyot hamshiralari orasida keng tarqalgan va tan olingan. O’z kuzatuvlarini Florens Naytingeyl 150 ta pamflest (broshura), 6 ta kitob va 13 mingdan ko’proq maktublarida yozib qoldirgan.
F.Naytingeylning asosiy merosi hozirgi kunda ham o’z dolzarbligini yo’qotmagan asari „Bemorlar parvarishi haqida qaydlar" kitobidir, u 1860-yilda nashr etilgan va shu vaqtgacha dunyoning o’nlab tillariga tarjima qilingan. Naytingeyl o’zining ushbu amaliy qo’llanmasida „Har bir ayol bolalar va kattalarni ularning sog’lik va bemorlik damlarida yanada yaxshiroq parvarish qilishni o’rganishi shart", deb yozadi.
Naytingeyl ushbu asrni yozganda u o’quv quroli o’rnini egallashi to’grisida o’ylamagan, lekin shunga qaramasdan bu kitob asosida ko’plab yuqori malakali tibbiyot hamshiralari yetishib chiqdi va shakllandi. „Qaydlar" kitobi butun Yevropa bo’ylab tezda tarqalib ketdi. Ushbu kitob chiqqan yilning o’zidayoq Italyancha tarjimasi bir vaqtning o’zida Turin, Milan va Florensiyada nashr qilingan. Rus tiliga V.D.Volfson 1905-yilda ingliz tilidagi nashrdan tarjima qilgan va u „Bemorlarni qanday parvarish qilish kerak?" deb atalgan.
Bugungi kunda, zamonaviy ilm - fan nuqtayi nazaridan qaraganda F.Naytingeylning bundan qariyb bir yarim asr oldin yozilgan bu kitobi xuddi sodda asardek tuyuladi. Shunday bo’lsa-da uni o’qir ekansiz, muallifming iqtidori, kuzatuvchanligi, ziyrakligi va o’z ishiga fidoyiligini ko’rib, hayratga tushasiz.
Xalqaro hamshiralar kengashi tomonidan 1971-yildan boshlab, 12- may Florens Naytingeyl tugilgan kuni munosabati bilan uning xotirasi uchun „Hamshiralar kuni" deb e'lon qilindi. Aynan Naytingeylning zamonida ham bir nechta pog’onani bosib o’tgan bu soha bugunga kelib ancha rivojlandi.
O’zbekistonlik xalqimiz, shu jumladan, ,,Qizil yarim oy" jamiyatining 17 mingta a'zosi urush yillari front orqasidagi yaradorlarga, 4 mingta hamshirasi va sandrujinachisi esa bevosita frontdagi jangchilarga yordam ko’rsatdilar. Ulardan ko’plari mardlik va qahramonliklari uchun orden hamda medallar bilan taqdirlandilar. O’zbek hamshiralari Rixsi Mo’minova, Salima Kubanova, Matluba Eshonxo’jayevalar Xalqaro „Qizil Xoch"ning oliy mukofoti „Florens Naytingeyl" medaliga sazovor bo’lganliklari buning yaqqol dalilidir. Urushdan keyingi davrda ana shu mukofot mehr - shafqat hamshirasi, Samarqandlik Antonina Pixteyevaga ham berilgan edi.
Amerikalik hamshira, o’qituvchi va tadqiqotchi Virdjiniya Xenderson 1958 yilda Halqaro hamshiralar kengashi iltimosiga ko’ra “Bemorni parvarish qilish asoslari” to’grisida kitob yozgan. Ushbu kitob 25 tilga tarjima qilingan, unda muallif hamshiralik ishi tushunchasiga o’z ta’rifini berib o’tgan. Virdjiniya Xenderson hamshiraning asosiy vazifasi kasal yoki sog’lom shahsga o’z sog’ligini saqlab qolishga bor kuchini, bilimini va irodasini ishga solgan holda yordam berishdan iboratdir deb takidlagan. Ushbu hamshiralik ishi asoschilari tomonidan hamsiralik ishiga bergan ta’rifi hozirgi kungacha o’z dolzarbligini yoqotmagan.
Respublikamizning mustaqilligidan keyin Prezidentimiz I.A.Karimov tomonidan ushbu sohaga katta e'tibor qaratilganligini tibbiyot oliygohlarida „Oliy ma'lumotli hamshira" fakulteti ochilishi misolida ko’rishimiz mumkin. Bundan ko’zlangan maqsad hamshiralik ishini yanada chuqurroq takomillashtirirsh va tibbiyot sohasida oliy darajadagi bilimlarga ega bo’lgan kadrlarni yetkazib berishdan iboratdir.
2007-yil 19 sentabrdagi davlatimiz rahbarining „Sog'liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va unu rivojlantirish Davlat dasturini amalga oshirishning asosiy yo’nalishlari to’g'risida"gi farmoni va sog’liqni saqlash tizimidagi barcha islohotlar tibbiyot sohasining yanada rivojlanishiga keng yo’l ochib berdi, bu hamshiralar uchun katta imkoniyat demakdir.
Mustaqillikka erishgandan keyin respublikamizda tibbiyot sohasida hamshiralik ishiga e'tibor kuchaytirilib borilmoqda, ularning chet davlatlarda o’tkazilayotgan anjumanlarda ishtirok etishi va malakalarini oshirishi, tibbiyot institutlarida oliy ma'lumotli hamshiralik ishi bo’limlarining ochilishi, Respublikada O’rta tibbiyot va dorishunos xodimlar assotsiatsiyasining tashkil etilishi, tibbiyot amaliyotini keng ko’ lamda yo’lga qo’yilishi tibbiy ta' lim tizimini isloh qilishni taqozo etadi. Respublikada hamshiralik ishini rivojlantirish, O’rta tibbiyot xodimlarining nazariy va amaliy bilim, g’oyaviy va umum madaniy darajasini ko’tarishga ko’maklashish, ularning amaliy ishlarni tashkil etishining sifat darajasini oshirish maqsadida O’rta tibbiyot xodimlaridan iborat hamshiralar maslahat kengashi tuzilgan.
Muslaqil hamkorlik davlatlari hamshiralarining „Sog’liqni saqlash tizimining islohoti, birinchi tibbiy sanitariya yordamini ko’rsatish va hamshiralik ishi" bo’yicha IV yig’ilishining O’zbekistonda o’tkazilishi, bu sohada erishilgan yutuqlardan biridir. Jahon sog’liqni saqlash tizimida Jamoada hamshiralik ishi alohida o’ringa ega.
1999-yil may oyida O’zbekiston O’rta tibbiyot va dorishunos xodimlari assotsiatsiyasiga 50 mingga yaqin O’rta tibbiyot xodimlari a'zo bo’lib, uyushma viloyatlarda o’zining bo’limlarini ochdi. U yil davomida 10 dan ziyod seminarlar o’tkazib, hisobot bulutenlari va amaliy qo’llanmalar joriy etdi. Qisqa vaqt ichida assotsiatsiya xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar o’rnatib, xalqaro hamshiralar kengashiga a'zo bo’ldi. 1999-yil Londonda o’tkazilgan xalqaro hamshiralar kengashining 100 yilligiga bag’ishlangan seminar-kengashda O’zbekistondan ham vakillar ishtirok etdi.
Hamshiralik ishini jahon andozalari darajasiga ko’tarish maqsadida tezis dasturi orqali Isroil davlati hamshiralarining ish tajribalari, o’quv jarayonlarini o’rganish uchun joriy yilning noyabr oyida Respublika kurslari tashkil etildi. Hamshiralik ishini sifat jihatidan yaxshilash, ko’p mutaxassislikka ega bo’lgan hamshiralar safini kengaytirish maqsadida O’rta Osiyo davlatlarining muvofiqlashtiruvchi kengashi tuzildi. O’zbekistondan 7 nafar tajribali hamshira kengashga a'zo bo’lib kirdi. U 2001-yilda O’zbekistonda yig’ilib o’z ish faoliyatini respublikamizda davom ettirdi.
Jamoada hamshiralik ishi bo’yicha o’tkazilgan anjumanlarda hamshiralik assotsiatsiyasi a'zolari Amerika, Angliya va Yaponiya davlatlarida ishtirok etib, ularning ish faoliyati bilan tanishib qaytdilar. Va ortirb kelgan tajribalari, ko’rgan bilganlari bo’yicha viloyatlardagi bosh mutaxassislarni chaqirib bir necha marta o’quv seminarlari o’tkazdilar.
1999-yilning sentabr oyida Bishkekda bo’lib o’tdgan O’rta tibbiyot xodimlarining seminarida Qozog’iston, Tojikiston, Qirg’iziston va O’zbekistonning Jamoada hamshiralik ishi bo’yicha vakillari ishtirok etishdi. Ushbu anjumanning asosiy maqsadi hamshiralik ishidagi, birinchi tibbiy sanitariya yordamidagi islohotlar, oliy ma'lumotli hamshiralar tayyorlash, hamshiralar mavqeyini ko’tarish uchun hamshiralik ishlari bo’yicha muovinlik vazifalarini kiritish, O’rta tibbiy va dorishunos xodimlar assotsiatsiyasining faoliyatini kuchaytirish, malakali hamshiralar tayyorlashga e'tiborni jalb qilish oilaviy hamshiralar foliyatini yo’lga qo’yishga qaratildi. Seminarda O’rta tibbiyot xodimlari faoliyatini yanada yaxshilash bo’yicha dekloratsiya qabul qilindi.
Olmata shahrida esa 2-4 fevral 2000-yilda Jamoada hamshiralik ishi bo’yicha O’rta Osiyo mamlakatlarini muvofiqlashtiruvchi kengashning navbatdagi yig’ilishi bo’lib o’tgan edi. Ushbu kengashda O’rta Osiyo davlatlari hamshiralari O’rtasida o’zaro tajriba almashish, hamshiralik xizmatida tashkilotchilik ishlarini yo’lga qo’yish, fan yangiliklarini keng joriy qilish, Jamoada hamshiralik ishi bo’yicha muallimlar tayyorlash, hamshiralaming milliy jamoatchilik birlashmalari assotsiatsiyalari O’rtasida o’zaro hamkorlikni rivojlantirish eng asosiy vazifa ekanligi alohida uqdirilib, shu vazifalar yuzasidan muhim qarorlar qabul qilindi.
2001-yil fevral oyida Toshkentda o’tkazilgan anjumanda „Oila hamshirasi"ni tayyorlash -masalasi ko’rildi. 2002-yil 23-26 aprel kunlari Olmata shahrida „O’rta Osiyo respublikalarida birlamchi tibbiy sanitariya yordami hamshirasi" mavzusida xalqaro anjuman bo’lib o’tdi. Anjumanda Jamoada hamshiralik ishi bo’yicha O’rta Osiyo mamlakatlarini muvofiqlashtiruvchi kengash a'zolari, xalqaro ekspertlar va Jamoada hamshiralik ishi bo’yicha amerikalik mutaxassislar, O’rta Osiyo tibbiyot kollejlari direktorlari, tibbiyot bilim yurti va sog’liqni saqlash xodimlari ishtirok etdilar. Bunda eng asosiy masala sifatida O’rta Osiyo respublikalarida oila hamshiralarini tayyorlash ishlari o’rganib chiqildi. Shu maqsadda, O’rta Osiyo Respublikalarida „Hamshiralik ishi" dasturi asosida „Oila hamshirasi" qo’llanmasini ishlab chiqish va oila hamshiralarini tayyorlovchi o’quv kurslarini tashkil qilish rejalashtirildi. Ushbu anjumanning asosiy vazifalari quyidagilar edi: - O’rta Osiyoni oila hamshiralarini tayyorlovchi hududga aylantirish; - mavjud masala yuzasidan tajriba almashish; - mutaxassislar yordamida oila hamshirasini tayyorlash borasida zarur o’quv dasturlarini ishlab chiqish; - oila hamshiralarini tayyorlash va hamshiralar malakasini oshirish uchun 10 oylik kurslarni tashkil qilish markazlarini ochish.
«Jamoada hamshiralik ishi» fani sog’liqni saqlash jarayonida hamshiralar o’rnini o’rganuvchi fandir. U asosan, aholi salomatligini mustahkamlash, qariyalar salomatligini himoya qilish, reproduktiv yoshdagi ayollar, bolalar va o’smirlar salomatligi, atrof muhitning salomatlikka ta'siri, ish joyida insonlar salomatligini himoya qilish hamda aholi o’rtasida tarqalayotgan yuqumli va boshqa kasalliklarni bartaraf etish kabi quyidagi muammolarni o’rganadi. 1. Kasalliklarning oldini olish va aholi salomatligini ta'minlash. 2. Oilaviy poliklinikalar (OP), qishloq vtachlik punktlari (QVP) lar va boshqa muassasalarda ayollar, ayniqsa tug’ish qobiliyatiga ega bo’lgan ayollar, salomatligini muhofaza qilish, ayollarda uchraydigan ekstragenital kasalliklarning oldini olish. 3. Maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar sog’lig’ini himoya qilish va bolalarning o’ziga xos xususiyatlari, ularda kasalliklarning oldini olish, profilaktik emlashlar, ular salomatligidagi muammolarda hamshiralik jarayonlari. 4. Kattalar va qariyalarning o’ziga xos ruhiy va jismoniy xususiyatlari, ular salomatligidagi muammolar va ularga sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish. 5. Ishlab chiqarish korxonalarida ishchilar uchun maxsus tibbiy xizmatni tashkillashtirish, kasbga aloqador kasalliklar va ularning oldini olish. 6. Aholining ruhiy salomatligini saqlash va himoya qilish. 7. Jamoada yuqumli kasalliklar klinikasi, tarqalish yo’ llari va ularga qarshi kurashish chora - tadbirlarida hamshiraning vazifalari. 8. Favqulodda vaziyatlar kelib chiqishining omillari, manbalari, sabablari va ularda yordam ko’rsatish turlari, favqulodda vaziyatlarda aholini himoya qilish.