Manba: O’zR Davlat statistika qo’mitasi. Uy xo’jaliklari byudjetlarini tahlil qilish materiallari.
Aholi turmush darajasi tushunchasini ularning hayot kechirishi uchun zarur bo’lgan moddiy va ma`naviy ne`matlar bilan ta`minlanishi hamda kishilar ehtiyojining bu ne`matlar bilan qondirilishi darajasi sifatida aniqlash mumkin. Aholi turmush darajasining BMT tomonidan tavsiya etilgan ko’rsatkichlari tizimi o’z ichiga quyidagi guruhlarni oladi:
Tug`ilish va o’lish darajasi hamda boshqa demografik ko’rsatkichlar.
Hayot kechirishning sanitar-gigiena jihatidan sharoitlari.
Oziq-ovqat tovarlarini iste`mol qilish.
Turar joy sharoitlari.
Ma`lumot va madaniyat.
Mehnat qilish va bandlik sharoitlari.
Aholining daromadlari va xarajatlari.
Hayot kechirish qiymati va iste`mol narxlari.
Transport vositalari.
Dam olishni tashkil etish.
Ijtimoiy ta`minot.
Inson erkinligi.
Bu asosiy ko’rsatkichlardan tashqari yana ba`zi bir axborotga oid ko’rsatkichlar ham ajratib ko’rsatiladi: aholi jon boshiga to’g`ri keluvchi YaIM, aholi jon boshiga to’g`ri keluvchi milliy daromad, aholi jon boshiga to’g`ri keluvchi iste`mol hajmi va boshqalar.
Kishilar hayot faoliyati uchun zarur ne`matlar to’plami mehnat sharoiti, ta`lim, sog`liqni saqlash, oziq-ovqat va uy-joy sifati kabi xilma-xil ehtiyojlarni o’z ichiga oladi. Kishilar ehtiyojlarini qondirish darajasi jamiyat a`zolarining alohida olgan va oilaviy daromadlari darajasiga bog`liq. Turmush darajasini mamlakat darajasida (butun aholi uchun) va tabaqalashgan mikrodarajada (aholining alohida guruhi uchun) qarab chiqish mumkin. Birinchi yondoshuv turli mamlakatlarda aholining turmush darajasini aholi jon boshiga to’g`ri keladigan yalpi ichki mahsulot ko’rsatkichi bo’yicha aniqlab, qiyosiy tahlil qilish imkonini beradi.
O’zbekistonda aholi jon boshiga to’g`ri keladigan YaIM ko’rsatkichining o’sish sur`atlari 2000 yilda - 2,5 foizni, 2003 yilda 3,2 foizni, 2004 yilda 6,7 foizni tashkil qilgan. 2004 yilda mazkur ko’rsatkichning yuqori bo’lishi aholi o’sishi soniga nisbatan (1,1%) real YaIMni (7,7%) yuqori sur`atlarda o’sishi hisobiga ta`minlandi. O’zbekistonda real YaIM 2004 yilda 1995 yilga nisbatan 42,2 % ga o’sdi.