«aholi statistikasi» fanining predmeti, uslubiyati va vazifalari-fayllar.org
1.4. «Aholi statistikasi» fanining o‘rganish uslubiyatlari Har qanday fanda o‘rganish uslubiyatlari yig‘indisi shu fanning metadologiyasini tashkil etadi. «Aholi statistikasi» tarmoq statistikasi bo‘lgani uchun, uning asosiy uslubiyati «Statistika»ning umumiy uslubiyatlari bilan mos keladi. Statistika uslubiyatining asosiy usullaridan biri – statistik kuzatish bo‘lib, u o‘rganayotgan hodisa-voqealar ko‘rinishida ma’lumotlar to‘playdi. Bu usul ham joriy statistikada, shuningdek, aholini ro‘yxatga olishda, monografik va tanlama o‘rganishida asos hisoblanadi. Bunda “Statistika”ning umumiy nazariyasi tomonidan ishlab chiqilgan kursning obyekt va birligi, ro‘yxatdan o‘tkazish kuni va vaqti, davri, kuzatishning tashkiliy masalalari, tanlangan me’yorlarni iziga tushirish va ularni ta’minlovchi ma’lumotlarni chop etish uslubiyatlaridan to‘liq foydalaniladi. Ijtimoiy-iqtisodiy voqealarni statistik o‘rganishning keyingi bosqichi, ularning turlarini aniqlashdan iborat. Bunda gap guruhlash va tasniflash (klassifikatsiyalash) haqida boradi. Aholi tarkibini bilish uchun avvalo uni guruhlash belgisini aniq belgilab olish lozim. Kuzatishga jalb etilgan har qanday belgi guruhlash belgisi ham bo‘lishi mumkin. Masalan, so‘rov varaqasida birinchi bo‘lib yozilgan shaxsga munosabati bo‘lgan aholini bir necha guruhga ajratish mumkin. Bu aniqlovchi (atributiv) belgi bo‘lib, so‘roq varaqalarini guruhlashda, avvalo tasnif tahlili uchun zarur belgilarni aniq ajratib olishda lozim bo‘ladi. To‘lgan yoshiga qarab aholini taqsimlash, aholining miqdoriy belgi bo‘yicha guruhlarga ajratish imkonini beradi. Bunda guruhlar soni, ularning oralig‘ini aniqlashi lozim. Masalan, mehnat tarkibini o‘rganish uchun aholi uch guruhga ajratiladi. Bunda har bir guruh chegarasini aniqlash va ma’lumotlarni tanlash zarur. Kombinatsion va ko‘p o‘lchovli guruhlashni amalga oshirishda, ya’ni bir belgi bo‘yicha emas, balki ko‘p belgilar bo‘yicha guruhlashda muhim muammolar kelib chiqadi. Bunda umumiy to‘plamni guruhlarga ajratishda guruhlar soni tez o‘sib ketadi. Masalan, ikki belgi bo‘yicha uchta guruhga ajratilsa, 238 ta guruh va guruhlar hosil bo‘ladi, uch belgi bo‘yicha esa, guruhlar soni 3327 taga etadi va bu holda guruhlash asosida tuzilgan jadvallarning analik xususiyatlarini o‘rganish umumiylashtiriladi. Miqdoriy belgilar bo‘yicha guruhlab, tarkibini o‘rganishda o‘rtacha, moda, mediana, yoyilish o‘lchovlari yoki variatsiya ko‘rsatkichlari kabi statistik jamlovchi ko‘rsatkichlarni aniqlash aholi tavsifini har tomonlama 13 belgilash imkoniyatini beradi. Hodisalar tarkibini o‘rganish ular orasidagi bog‘lanishni aniqlashga imkoniyat yaratadi. Statistika nazariyasidan ma’lumki, aloqalar funksional va statistik bo‘lishi mumkin. Statistik bog‘lanishlarni qo‘llashni guruhlarga ajratmasdan turib o‘rganib bo‘lmaydi. Undan keyin natijaviy belgini solishtirish mumkin bo‘ladi. Omilli belgi bo‘yicha guruhlash va natijaviy belgi o‘zgarishi bilan solishtirish bog‘lanish yo‘nalishini aniqlash imkoniyatini beradi: to‘g‘ri yoki teskari bog‘lanish, shuningdek, sinash regressiyasini tuzish, bog‘lanish shakli haqida fikr yuritish imkoni tug‘iladi. Guruhlash ma’lumotlari tenglamalar tizimini tuzish, regressiya tenglamasi parametirlarini aniqlash va korrelyaatsiya koeffitsientlarini hisoblab, uning tezligini aniqlash imkonini beradi. Tasniflash va guruhlashlar dinamik tahlilning asosi hisoblanib, ular aholining harakati va unga ta’sir etuvchi omillar orasidagi bog‘lanishlarni aniqlash imkoniyatini yaratadi. Aholini har tomonlama o‘rganishda dinamika qatorlari, grafik usuli, indeks usuli, tanlama va balans usullaridan keng foydalaniladi. Aytish mumkinki, aholi statistikasini o‘rganishda statistikaning boy hazinasidagi hamma usullardan keng foydalaniladi. Bundan tashqari, faqat aholi statistikasini o‘rganishda qo‘llaniladigan usullar ham mavjud. Bu aniq avlod (kogort) va shartli avlod usulidir. Birinchi usul aholining tengdosh qismi bir yilda tug‘ilgan tabiiy harakatdagi o‘zgarishlarni – kesma tahlilni amalga oshirish; ikkinchisi – tengdoshlarning tabiiy harakatini (bir vaqtda yashayotganlarni) – tepadan pastga tahlilini amalga oshirish imkonini beradi. Demografiya fani doirasidagi usullar umumilmiy va demografik usullarga bo‘linadi, ular takror barpo bo‘luvchi odamlar jamlanmasini, aholining ko‘payish xususiyatini o‘zida aks ettiradi. Demografik va migratsion o‘tish konsepsiyalari fanning nazariy asosi hisoblanadi. Aytish joizki, inson rivoji va mavjudligining u yoki bu shartlari o‘zgaruvchandir, chunki bu aholining bir turini ikkinchisi tomonidan takror barpo bo‘lishini taqozo qiladi, shuning uchun demografik tadqiqot uslubiyotida tarixiylik tamoyili muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda tarixiy yondashuv nafaqat demografiya fanining predmetini o‘rganishda, balki demografik bilimlar evolyasiyasini ham o‘rganishda juda zarur. Demografiyada tadqiqotning umumilmiy uslublari keng qo‘llaniladi, ularga ilmiy abstratsiya va abstratsiyadan konkretlikka ko‘tarilish, qiyoslash, tahlil va sintez, induksiya va deduksiya, gipotezalarni ilgari 14 surish va ularni tekshirish, ekstropolyasiya va modellashtirish usullari kiradi. Demografiyaning xususiy usullari demografik tafakkur etish predmetiga mos keladi, jumladan, aholining jins-yosh va nikoh tarkibi hamda yosh va jins xususiyatlariga bog‘liq demografik jarayonlardir. Ular quyidagilar: kogort usuli, bu usul avlod davomida u yoki bu jarayonni o‘rganishda qo‘llaniladi. Shuningdek, uni real (mavjud) avlod usuli yoki tik (bo‘ylama) tahlil usuli deb ham atashadi. Unda demografik jarayonlar, masalan, tug‘ilish va o‘lim darajasi, nikoh va ajralishlar bir vaqtning o‘zida demografik holatga kirgan insonlar jamlanmasida tahlil qilinadi, ushbu usulning vazifasi aholining ushbu kogorti uchun kogorni vujudga kelish vaqti oralig‘iga bog‘liq bo‘lgan va demografik hodisaning u yoki bu jarayonga kirishini aks ettirgan demografik jarayonlar xususiyatlarini o‘rganishdan iborat. ko‘ndalang tahlil usuli, ya’ni shartli yoki gipotetik avlod usuli, uning yordamida demografik hodisalar chastotasi ko‘rsatkichlarini tasavvur etish asosida demografik jarayonlarni o‘rganish yotadi, ular avlodlar hayoti davomida ushbu holatlar chastotalari ketma-ketligining yig‘indisi sifatida nisbatan qisqa davr oralig‘ida qiyosiy demografik holatlarning tegishli uzunligi oraliqlarini o‘rganish orqali olinadi. Bu ham kogort usuli bo‘lib, avlodlar hayotiy chizig‘ini ko‘ndalang kesuvchi hodisalarning grafik tasvirini ko‘rishga yordam beradi. Tik (bo‘ylama) va ko‘ndalang tahlillar bir qator avlodlar takror barpo bo‘lish xususiyatlarini solishtirish imkonini beradi, bu ayniqsa tarixiy demografiya uchun juda zarurdir, chunki bu ham ijtimoiy, ham demografik prognozlarni amalga oshirish va ijtimoiy siyosatni ishlab chiqish uchun foydalaniladi. Real va shartli avlod usullari odamlarning yoshini va ularning hayoti davomida sodir bo‘layotgan u yoki bu demografik hodisalarni bilish bizga aholining yosh tarkibi haqida tasavvurga ega bo‘lish, shuningdek, qaysi yoshlarda u yoki bu hodisalar bo‘lishini bilishga yordam beradi. Yosh tarkibida aholi bir yillik, besh yillik va nisbatan katta yoshlar guruhlari bo‘yicha taqsimlanadi. Demografik tahlilda “avlod” tushunchasi muhim rol o‘ynaydi, chunki u ma’lum bir davrda tug‘ilgan (ko‘p hollarda taqvim yiliga teng) odamlar jamlanmasi xususiyatlarini ko‘rsatib beradi. Odatda, real avlodni tarkib toptiruvchi tengdoshlar jamlanmasi va gipotetik avlod deb nomlanuvchi avlodni tarkib toptiruvchi turli yoshdagi zamondoshlar jamlanmasi farqlanadi. 15 Avlodlar uzunligi (davomiyligi) ota-onalar tug‘ilishi bilan ularning bolalari tug‘ilishi o‘rtasidagi vaqt oralig‘i bilan ifodalanadi. Insoniyat rivojlanishining turli tarixiy davrlarida avlodning umr ko‘rish davomiyligi – doimo bir xil bo‘lmagan. Hozirgi davrda ma’lum bir shartlilik asosida u 32-35 yilga to‘g‘ri keladi, deb olinadi. Sof demografiya nazariyasida takror barpo bo‘lish jarayoni aholining tabiiy harakati natijasida avlodning doimiy yangilanishini aks ettiradi. Demografik koeffitsientlarni standartlashtirish usullari demografik koeffitsientlarni u yoki bu demografik jarayonga ta’sirini qiyoslash, uning holati haqida tasavvur hosil qilishga yordam beradi. Shuning uchun umumiy koeffitsientlar standartlashtirgandan so‘nggina qiyoslanadi. Bunda jarayonning jadalligi va solishtirilayotgan demografik jamlanma standart deb hisobga olinadi, qolganlari uchun esa har birining standartga nisbatan o‘ziga xos indeksi hisoblab chiqiladi. Ushbu indeksni standart ko‘rsatkichlariga ko‘paytirish orqali solishtirilayotgan demografik jamlanmalar uchun standartlashtirilgan demografik koeffitsientlar hisoblab chiqiladi. Modellashtirish usullari aholining takror barpo bo‘lish jarayonlarini tahlil qilish va prognozlashtirishda keng qo‘llaniladi. Ular aholining umumiy o‘zgarishini yoki uning rivojlanish komponentlarining o‘zgarishini tavsiflab beradi. Aholi stasistikasida statsionar aholi modellari ham keng yoyilgan usullardan hisoblanadi, shuningdek, demografik jadvallar ko‘rinishidagi gipotetik avlod uchun demografik jarayonlarning sonli modellari, stoxastik (ehtimoliy) modellar ham keng qo‘llaniladi. Demografik bilimlar rivojlanishining hozirgi zamon bosqichi unda matematik modellashtirish usullari va uslubiyotining tez rivojlanishi bilan tavsiflanadi, jumladan, ijtimoiy boshqarish amaliyotida ushbu bilimlardan foydalanish imkoniyatlari rivojlanib bormoqda. Ushbu usullarning barcha ma’lum bir demografik hodisalarning umumiylaridagi ta’siriga asoslanadi. Shuning uchun demografiya uslubiyotida demografik hodisalarning miqdoriy o‘lchovlariga nisbatan tahlil va o‘rganish usullari, stastik va matematik usullar muhim ahamiyat kasb etadi. Aholining yosh-jins tarkibini yaqqol namoyon etish uchun yosh-jins piramidasi qo‘llaniladi. Uni tuzish uchun vertikal o‘qda yosh, chapda erkak aholi yoshlari bo‘yicha taqsimlanadi, o‘ngda esa ayol aholi taqsimlanadi (bir xil miqyoslarda). O‘lchov birligi sifatida besh yil olinadi. Demografik holatlar va jarayonlarni hududlar bo‘yicha qiyoslash kartografik usul yordamida amalga oshiriladi. Bunda xaritalardan 16 foydalaniladi: hududiy tarqalish bo‘yicha aholi zichligi, yosh-jins tarkibi, shuningdek, aholining tabiiy va mexanik harakati; ijtimoiy-madaniy, jumladan, ijtimoiy-kasbiy, sinfiy, etnomadaniy tarkibi; demografik jamlanmalarning madaniy, maishiy, antropologik va lingvistik xususiyatlari; aholining tarqalish xususiyatlari, jumladan, shahar va qishloq aholisi xususiyatlari, hududlar va aholi manzillarining har xil turlari aniqlanadi. Aholi xususiyatlari va demografik jarayonlarni tadqiq etishda demografik setka usuli muhim ahamiyat kasb etadi, uning geometrik shakllari yordamida turli-tuman xususiyatlarni, shu jumladan, bevosita ko‘zga tashlanmaydigan va vaqt o‘tishi davomida tahlil qilish murakkab sanalgan avloddagi demografik jarayonlarni ko‘rish mumkin bo‘ladi. Demografik prognozlashtirish usullari aholining istiqboldagi tarkibi va miqdoriga ta’sirini qiyoslash orqali aholi o‘zgarishining u yoki bu komponentlari rolini baholash imkonini beradi. Aholini prognozlashtirishda ekstropolyasiya, ekspert baholash, ekonometrik modellashtirish, imitatsion modellashtirish, yoshni siljish va boshqa qator usullardan foydalaniladi. Masalan, odamlarning demografik xulq-atvorini o‘rganar ekanmiz, biz mavjud ijtimoiy-psixologik me’yorlarni aniqlaymiz va shundan kelib chiqqan holda ularning harakati ushbu masalalar orqali vujudga keladi, deb hisoblaymiz. Shu narsa muhimki, nafaqat oila nechta bola bo‘lishini xohlashini bilish, balki nima uchun ularning bo‘lishini xohlashi (yoki xohlamasligi) va nima uchun bitta yoki ikkita, ko‘p emasligini aniqlash ham kerak; mavjud sharoitlarda oila nechta farzandni (kutilayotgan bolalar miqdori) ta’minlay olishini va mavjud turmush sharoit, shaxsiy imkoniyatlarni e’tiborga olmagan holda qancha xohlashini aniqlash muhim. Bunday tadqiqotlar asosida demografik qadriyatlarning shakllanishi va aholining o‘sish zahiralarini belgilab olish maqsadi yotadi, ularning echilishi esa demografik siyosat tadbirlarini ishlab chiqish uchun zarurdir. Aholi ko‘pgina fanlar uchun umumiy va universal tadqiqot obyekti hisoblanadi. Lekin, ularning har biri aynan aholida ushbu fanni qiziqtiradigan jihatlar va munosabatlarni ajratadi hamda o‘zining ta’rifini beradi. «Aholi statistikasi» boshqa ko‘p fanlar bilan bog‘liq bo‘lib, o‘z obyektini o‘rganish uchun ularning usullarini ham statistikaga moslab qo‘llash mumkin. Demografiya va aholi statistikasining tadqiq etish predmeti jamiyat va turli ijtimoiy hodisalar hisoblangan sotsiologiya fani bilan uzviy bog‘liqlikka ega. Sotsiologiyadagi kabi, Aholi statistikasida ham tadqiqot 17 obyekti inson hisoblanadi, lekin ushbu fanlar ijtimoiy jihatdan insonga o‘zlarining yondashuvi bo‘yicha bir-biridan farq qiladi. Sotsiolog insonni shaxs va individ sifatida, umumiy holda jamiyat a’zosi yoki uning alohida guruhlarining a’zosi sifatida ko‘rib chiqadi va jamiyat hamda insonning o‘zaro ta’sirini o‘rganadi. Aholi statistikasida esa inson yashovchi shaxs sifatida, aholi jamlanmasining elementi sifatida ko‘rib chiqib, unda har bir inson umumiylikda o‘zining individual jihatlarini yo‘qotgan holda qorishib ketadi. Demografiya iqtisodiyot nazariyasining bir qator qonuniyatlaridan foydalanadi, chunki aholi ishchi kuchini takror barpo etadigan muhim unsurlardan biri hisoblanib, jamiyatning tabiiy asosini tashkil qiladi. Demografiyaning tarix fani bilan bog‘liqligi shundan kelib chiqadiki, bunda barcha demografik jarayonlar tarixiy hodisalar jabhasida o‘rganiladi, ya’ni demografik qonuniyatlar ma’lum bir tarixiy tavsifga ega va tarixiy hodisalar hamda dalillarning oqibatlarini o‘zida aks ettiradi. Demografiya huquqshunoslik fani bilan ham uzviy aloqadorlikka ega. Qonuniy hujjatlar aholi va davlatning o‘zaro munosabatlarini tartibga soladi hamda demografik jarayonlarning sodir bo‘lishiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Demografiya fanining etnografiya bilan aloqadorligi shu bilan belgilanadiki, etnografiya turli xalqlar turmush tarzi va madaniyatining o‘ziga xos xususiyatlarini, demografik jarayonlarga ta’sirini ochib berishga yordam beradi. Ijtimoiy psixologiya demografiya bilan demografik xulq-atvorni o‘rganishda, uning demografik jarayonlarni ijtimoiy boshqarish mexanizmlaridagi rolini va h.k.larni o‘rganishda yaqinlashadi. Gerontologiya insonning keksayish qonuniyatlarini o‘rganadi. Demografiyaning ijtimoiy gigiyena bilan bog‘liqligi o‘lim darajasiga, aholi salomatligiga, ijtimoiy shart-sharoitlarning ta’sirini o‘rganish zaruratidan kelib chiqadi. Demografiya tibbiyot bilan ham uzviy aloqadorlikka ega. O‘z navbatida, bu aloqadorlik o‘limning ayrim sabablarini o‘rganishni amalga oshirishda yordam beradi. Demografiyada statistika nazariyasining tamoyillari juda ham keng qo‘llaniladi. Demografiya juda ko‘p miqdordagi kuzatuvlar bilan, ijtimoiy hayotdagi ommaviy hodisalar bilan bog‘liq, ularning qonuniyatlari esa katta sonlar qonunida o‘z aksini topadi. 18 Shunday qilib, demografiya fani tarkibiy jihatdan qator tarmoqlarga bo‘linadi hamda iqtisodiyot nazariyasi, tarix, huquqshunoslik, etnografiya, tibbiyot, statistika va boshqa fanlar bilan uzviy aloqadorlikka ega. Qisqacha xulosalar Ushbu mavzuni o‘rganish talabalarga «Aholi statistikasi»ning predmeti, kuzatish obyekti va birligini aniqlash, statistikaning keng uslubini o‘rganish imkonini beradi.
«Aholi statistikasi» bo‘yicha asosiy ma’lumotlarni to‘plashda foydalaniladigan kuzatish usullari mohiyatini ochish va ularni anglash imkonini yaratadi. Nazorat va muhokama uchun savollar
1. «Aholi statistikasi»ning predmeti va uslubiyati nima?
2. «Aholi statistikasi»ning vazifalari?
3. «Aholi statistikasi»ning boshqa ijtimoiy fanlar bilan aloqasi.
4. Aholi yashash qonuniyatlari qanday?
5. Demografiya atamasi qaysi tildan olingan va qanday ma’noni anglatadi?
6. Aholi qaysi fanlarning tadqiqot obyekti hisoblanadi?
7. Demografiya fan sifatida qachon shakllangan?
8. Fanning asosiy vazifalarini sanab bering.
9. Demografiya fanining predmetini aytib bering.
10. Aholi statistikasi fanini o‘rganishda qanday usullardan foydalaniladi?
11. Demografiya fanining asoschisi kim?
12. Demografiya fanining rivojlanish tarixini aytib bering
http://fayllar.org