Alisher Navoiy jahonga tanilgan she`riyat mulkining sultoni



Yüklə 67,5 Kb.
tarix02.01.2022
ölçüsü67,5 Kb.
#37400
Alisher Navoiy jahonga tanilgan she`riyat mulkining sultoni


Alisher Navoiy jahonga tanilgan she`riyat mulkining sultoni

Alisher Navoiyning kichik zamondoshi, shogirdlaridan biri tarixchi olim Xondamir o`zining «Makorim ul-axloq» asarida shunday deb yozgan edi: «Xitoy va Xo`tan mamlakatlarining chegaralari boshlab to Rum va Mag`ribzamin mamlakatlarining oxirigacha shoh va gado, yosh va qari, musulmon va g`ayridin, yaxshi va yomon og`zidan ul hazratning go`zal nazmlari mashhur va butun xalk ommasi va ayrim tabakalarning ko`ngil sahifalarida va qalb lavhalarida muborak she`rlari naqshlangandir»

Navoiy she`riyatining bundan besh asr ilgariyoq jahonni zabt etganligidan guvohlik beruvchi bu haqqoniy so`zlarning qadri hozir ham zarracha kamaygan emas.

Ulug` shoir dilida ardoqlangan ezgu aqidalar, adolat va ijtimoiy farovonlik, insoniy baxt haqidagi orzular, san`atkor tafakkurining qudrati, bilimi, ruhiy-ma`naviy olami, shalola kabi toshqin tuyg`ulari bu besh dostonda yorqin tarannum etilgan. Unda qadim Sharqning ko`p asrlik badiiy-estetik tajribalari, adabiy ananalari, hikmat va zakovati aks etgan. Qomusiy mazmun kasb etgan «Xamsa» ayni paytda so`z san`atining bebaho xazinasidir. Jahonni hayratda qoldirgan o`tkir nigoh, nozik ta`b, bemisl iste`dod nurlari bu asarda butun borlig`i bilan jilolangan.

Akademik Abduqodir Haytmetov «Xamsa»ning yaratilish tarixi haqida quyidagilarni hikoya qiladi: «1483 yili ulug` o`zbek shoiri Alisher Navoiy ijodida buyuk burilish yuz berdi. Shu vaqtga qadar lirik she`rlar, xususan g`azal yozib nom chiqargan, devonlar tuzgan shoir dostonchilikka yuz o`girdi. Shoir o`z qalbidagi ulug` g`oya va his-tuyg`ularini atroflicha keng va chuqur ifodalashga lirik janr torlik qilayotganini e`tirof etishga majbur bo`ldi:

G`arazqim, chu nazm o`ldi tuhmat manga,

Yoyildi jahon ichra shuhrat manga...

Vale qone` o`lmay ushoq ishga hech,

Dimog`imda erdi ulug` pech-pech.

Buyuk san`atkorning bu paytdagi ijodiy rejalarini amalga oshirish uchun eng qulay janr «Xamsa» edi. Shuning uchun Navoiy yana bir bor bu sohada undan avval qalam tebratgan ulug` ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy (1141-1206), uning hindistonlik izdoshi Amir Xusrav Dehlaviy (1253-1325) «Xamsa»larini qayta o`qishga, mutolaa qilishga, ularning eng yaxshi ijodiy tajribalari asosida o`z «Xamsa»sini yaratishga kirishdi.

Bu vaqtda Alisher Navoiy Husayn Boyqaro davlatining vaziri, mamlakatni boshqarish, asosan, uning zimmayeida edi. Shuning uchun Navoiy bu davrda «Yo`k edi bosh qashigali fursatim» deb, ijodiy ishga fursati kamligidan shikoyat qilib, ijod bilan asosan kechalari, uyqu hisobiga shug`ullanganini («Ki aylab yarim tunlar uyqu harom») xabar qilar ekan, buni o`z ma`nosida to`g`ri tushunish kerak.

Lekin shunga qaramay ish nihoyatda tez bordi. 1485 yil. «Xamsa» yozib tugallandi. Bu turkiy tildagi birinchi «Xamsa» edi. Uni yozishga hammasi bo`lib ikki yil sarflangan. Navoiy bu ulug` asarning ikki yil ichida yozilganini ta`kidlab, agar boshqa ishlar xalaqit bermaganida uni 6 oyda yozishi ham mumkinligiga, aslida ham bu besh dostonni yozishga ketgan muddat«yig`ishtirsa» 6 oydan oshmasligiga ishora qiladi:

Bu mehnatlar ichra chekib so`zga til,

Zamondin kamu besh o`tib ikki yil,

Chekib xoma bu noma itmomig`a;

Yeturgaysen og`ozin anjomiga,

Ki ahli muhosib shitob aylasa,

Deyilgan zamonin hisob aylasa,

Yig`ishtirsa bo`lmas bori olti oy...

Bu - inson aql-zakovati va talantining buyuk tantanasi, mislsiz yutuqlaridan biri edi. Bu xil voqea jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam sodir bo`lgan».

Navoiy «Xamsa»si besh doston - «Hayratul-abror», «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Sab`ai sayyor», «Saddi Iskandariy»dan iborat bo`lib, 25620 baytga yaqin she`rdan tashkil topgan.

Navoiy «Xamsa»sining xalqimiz tarixidagi eng katta fazilatlaridan yana biri uning o`zbek tilida yozilganidir. Bu asari bilan Navoiy o`zbek tilida ham buyuk asarlar yozish mumkin ekanini o`z tajribasida ko`rsatib, bu til taraqqiyotiga mislsiz yangi hissa qo`shdi. Bu tomoni bilan Navoiy «Xamsa»si barcha turkiy xalqlar adabiyotining keyingi rivojida ham muhim rol o`inadi.

Alisher Navoiy «Xamsa» dostonlarini ko`zda tutib:

Shuhratin olam ichra paydo qil,

Olam ahlin alarga shaydo qil! -degan edi.

Chindan ham «Xamsa» yozilishi bilanoq O`rta Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlarida tez shuhrat topib, uni o`sha zamonlardan boshlaboq har bir xalq, har bir avlod sevib o`qiy boshladi.

«Xamsa» faqat Navoiy ijodining emas, butun o`zbek adabiyotining eng yuksak cho`qqisi bo`lib, hamma avlodlar uchun tabarruk, adabiy barhayot she`riy yodgorlikdir.

Jahon xalqlari Alisher Navoiyning qo`lyozma kitoblari bilan u hayot chog`larida tanishgan edilar. 1557 yili esa Venetsiyada Xristofor Tabriziyning «Sarandip shohning uch navqiron o`g`illari ziyorati» asari italyan tilida bosilib chiqdi. Tadqiqotchilarning ta`kidlashlaricha, asarning ikkinchi qismi Navoiyning «Sab`ai sayyor» dostoni syujetidan foydalanib yaratilgan ekan. Tabriziyning asari italyan, fransuz, nemis, ingliz, golland tillarida XVI asrda ham to`rt marta, XVII asrda ham to`rt marta, XVIII asrda uch marta, xullas, 1828 yilgacha hammasi bo`lib o`n besh marta nashr etilgan. Binobarin, Alisher Navoiy ijodidan o`rta asrlardayoq jahondagi turli mamlakatlar xalqlari bahra topganlar...



Genial shoirning shoh asarlari, qutlug` nomi yillar va asrlar o`tgani sayin haqqoniy so`z muxlislarning dilidan tobora chuqurroq o`rin olib kelayotir.
Yüklə 67,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin